Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning normativ metodiga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va parametrlari prognozi toʻgʻrisida” 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondidan yanada samarali va oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida, xizmat koʻrsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklarning yoʻnalishlari boʻyicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodini 2015-yil 1-maydan boshlab eksperiment tariqasida joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Xizmat koʻrsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda, markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklarning yoʻnalishlari boʻyicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodi tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2015-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining yangi shtat normativlari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin;
ushbu qarordan kelib chiqadigan maqsadlar va vazifalarni nazarda tutgan holda, birinchi navbatda tuman (shahar) darajasida, statsionar xizmat koʻrsatish boʻyicha yangi statistika hisobi va hisobotlari shakllarini 2015-yil mobaynida qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2016-yil 1-maygacha eksperiment natijalarini umumlashtirsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, xizmat koʻrsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda, koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklar yoʻnalishlari boʻyicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodini respublikaning barcha markaziy tuman (shahar) shifoxonalariga tarqatish yuzasidan takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 21-aprel,
95-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 21-apreldagi 95-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xizmat koʻrsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklarning yoʻnalishlari boʻyicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodi tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xizmat koʻrsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarining markaziy tuman (shahar) shifoxonalariga (keyingi oʻrinlarda MTSHSH deb ataladi) eksperiment tariqasida tatbiq etiladi.
Ushbu Nizomning amal qilishi pulli asosda tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan budjetdan tashqari tushumlar hisobiga taʼminlanadigan MTSHSHning koykalar fondini shakllantirishga tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
koykalar fondi — umuman MTSHSH boʻyicha ham, profillar (yoki shahar, tumanning barcha jami tibbiyot tashkilotlari) boʻyicha ham statsionar tibbiy yordam koʻrsatadigan tibbiyot tashkilotlaridagi (reanimatsiya koykalaridan tashqari) smetadagi koykalar soni;
koykalardan bir yildagi foydalanish normativi — koykalarning bir yilda band boʻladigan kunlarining cheklangan sonini belgilovchi koʻrsatkich;
bemorning koykada boʻladigan kunlarining oʻrtacha soni — koykaning bir nafar bemor tomonidan oʻrtacha band boʻlishini xarakterlovchi koʻrsatkich;
statsionarda davolangan bemorlar soni — ushbu tibbiyot tashkilotida hisobot davrida joylashtirilgan bemorlarning umumiy sonini aniqlovchi koʻrsatkich;
profilli koykalar — profillar boʻyicha kasalliklarning asosiy guruhlariga koʻra bemorlarni joylashtirish uchun moʻljallangan koykalar.
II. Kasalliklarning yoʻnalishlari boʻyicha koykalar fondini hisoblash va profilli koykalar diapazonini belgilash tartibi
4. Kelgusi yil uchun MTSHSHning koykalar fondini aniqlashning normativ metodida quyidagilardan foydalaniladi:
MTSHSHning hisobot davrida (yilida) koykalar fondidan foydalanish, profillar boʻyicha koʻrsatilgan statsionar tibbiy yordamning aniq hajmi toʻgʻrisidagi, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi rahbari tomonidan tasdiqlangan hisobot maʼlumotlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi organlarining tuman (shahar) aholisining soni hamda jinsi va yoshi boʻyicha tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
5. MTSHSHning koykalar fondini aniqlash quyidagi izchillik boʻyicha amalga oshiriladi:
MTSHSHning profilli koykalari sonining hisobi;
profilli koykalarning hisoblangan sonidan kelib chiqqan holda umuman MTSHSH boʻyicha koykalar fondining hisobi.
Kelgusi yil uchun MTSHSHning hisoblab chiqilgan koykalar fondining tarkibi ushbu Nizomning 1-ilovasiga* muvofiq namunaviy shakl boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
6. MTSHSHning profilli koykalari sonini hisoblash xizmat koʻrsatiladigan aholi sonidan, bemorni joylashtirish koeffitsiyentidan, bemorning koykada boʻlgan oʻrtacha vaqtidan, shuningdek tegishli profildagi koykadan foydalanishning bir yildagi normatividan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Kelgusi yil uchun MTSHSHning profilli koykalari soni quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Fpk — kelgusi yil uchun profilli koykalarning hisoblab chiqilgan soni;
Chon — rejalashtirilayotgan yilning 1-yanvarigacha xizmat koʻrsatiladigan aholining (shahar/tuman) statistika organlari tomonidan tasdiqlangan soni;
Pyed — hisobot yilida tegishli profildagi bitta koykada bemorning boʻladigan kunlarining oʻrtacha soni;
Nkd — tegishli profildagi koykadan bir yildagi foydalanish normativi (ushbu Nizomga 2-ilovaga* muvofiq aniqlanadi);
Kgb — xizmat koʻrsatiladigan har 1000 nafar kishi hisobiga bemorlarni joylashtirish darajasi koʻrsatkichi quyidagi formula boʻyicha hisoblab chiqiladi:
Pbp — tegishli profil boʻyicha hisobot davrida davolangan bemorlar soni.
7. Umuman MTSHSH boʻyicha koykalar fondining hisobi quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Fok = Fpk1 + Fpk2 + FpkN , bunda:
Fok — umuman MTSHSH boʻyicha koykalarning hisoblab chiqilgan soni;
Fpk1, Fpk2,FpkN, — kelgusi yil uchun profilli koykalarning ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan formula boʻyicha hisoblab chiqiladigan soni.
Markaziy shahar shifoxonasining koykalar fondini hisoblab chiqishga misol ushbu Nizomning 3-ilovasida* keltirilgan.
8. Taʼmirlash-qurish ishlarining amalga oshirilishi sababli bir oydan koʻp vaqtda koykalardan foydalanilmagan (boʻsh turgan) holatlarda, MTSHSHning koykalar fondini hisoblab chiqishda ushbu foydalanish vaqti koykaning bir yildagi foydalanish normativlaridan chiqarib tashlanadi.
III. Markaziy tuman (shahar) shifoxonasining profilli boʻlimlarini tashkil etish tartibi
9. MTSHSHning profilli boʻlimlari koykalarning quyidagi minimal soni mavjud boʻlgan taqdirda tashkil etiladi:
rejali jarrohlik (jarrohlik, oftalmologiya, LOR) va tugʻruq (ginekologiya, homiladorlar patologiyasi) boʻlimi — kamida 15 ta koyka mavjud boʻlganda;
terapiya (terapiya, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya), bolalar va yuqumli kasalliklar boʻlimi — kamida 20 ta koyka mavjud boʻlganda.
Bunda har qaysi profildagi boʻlimda koykalarning cheklangan soni 40 tadan oshmasligi kerak.
Bir profildagi koykalar 40 ta va undan koʻp boʻlgan taqdirda, har bir boʻlimda kamida 20 ta koyka boʻlishini hisobga olgan holda, bir profildagi ikkita va undan koʻp boʻlimlar tashkil etilishiga yoʻl qoʻyiladi.
10. Profilli koykalar sonini hisoblab chiqishda yakuniy raqamlar quyidagi tartibda 5 (besh)gacha yiriklashtiriladi yoki 0 (nol) gacha chiqarib tashlanadi:
1 va 2 yakuniy raqamlari 0 gacha chiqarib tashlanadi;
3 va 4 raqamlari 5 raqamigacha yetkaziladi;
6 va 7 raqamlari 5 raqamigacha chiqarib tashlanadi;
8 va 9 raqamlari keyingi oʻn sonigacha yetkaziladi.
11. Toʻliq hajmdagi shoshilinch yordamni taʼminlash, shuningdek terapiya, pediatriya va tugʻruqqa yordam berish profilidagi boʻlimlarning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida, aholi sonidan va hisoblab chiqish natijalaridan qatʼi nazar, har bir boʻlimda kamida 15 ta koyka boʻlishi kerak.
Qurilma va jihozlashning alohida elementlari mavjud boʻlishini talab qiladigan alohida nozologiya shakllari boʻyicha izolyatorlar tashkil etilishini hisobga olgan holda yuqumli kasalliklar koykalari soni, aholi sonidan va hisoblab chiqish natijalaridan qatʼi nazar, kamida 20 ta boʻlishi kerak.
12. MTSHSH rahbari kasalliklarning turlariga va aholi ehtiyojiga koʻra, MTSHSHning umumiy fondi doirasida boʻlimlardagi koykalar sonini koʻpaytirish yoki kamaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga takliflar kiritishga haqlidir.
13. MTSHSHning koykalar fondini hisoblashda viloyatdagi barcha MTSHSHning koykalari jami sonining kelgusi davr boshidagi sonidan oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Istisno holatlarda, MTSHSHning geografik joylashishiga, tuman (shahar)ning mahalliy sharoitlariga koʻra, shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarining koykalarni koʻpaytirishga (80 tadan koʻp) ehtiyojini aniqlashda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, ushbu boʻlimlar bazasida, MTSHSH boʻlinmasining maqomini saqlab qolgan holda, alohida yuridik shaxslar tarzida shoshilinch tibbiy yordam xizmati muassasalarini tashkil etishga haqlidir.
15. MTSHSHda anesteziologiya, reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimlarini (palatalarini) tashkil etish yoki yopish, shuningdek ulardagi smetadagidan tashqari koykalar sonini belgilash masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan reglamentlanadi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
16. Ushbu Nizom normalarini hisobga olgan holda, koykalar fondini aniqlash uchun har bir markaziy tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida tashkiliy-metodik boʻlim mudiridan, barcha profilli boʻlimlar mudirlaridan, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati rahbaridan va tuman (shahar) moliya organi xodimidan iborat boʻladigan maxsus ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshligʻi — MTSHSH rahbari maxsus ishchi guruhning rahbari hisoblanadi.
17. Quyidagilar maxsus ishchi guruhning vazifalari hisoblanadi:
aholining shifoxonaga joylashtirishga boʻlgan ehtiyojiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bevosita taʼsir koʻrsatadigan oʻzaro bogʻliq omillarni oʻrganish va baholash;
mintaqa boʻyicha MTSHSHning koykalar fondini belgilash normativini hisoblashda hisoblashning tasdiqlangan normativlariga rioya etish;
boʻlimlarning profillari boʻyicha zarur koykalar fondini hisoblab chiqish va MTSHSHning koykalar fondi tarkibini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun vazirlik belgilaydigan muddatlarda kiritish.
18. MTSHSHning zarur koykalar fondini aniqlash va profilli koykalari diapazonini belgilash normativlariga rioya etilishi uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi rahbari javob beradi.
MTSHSHning zarur koykalar fondini normativ boʻyicha hisoblab chiqishda va profilli koykalari diapazonini belgilashda foydalaniladigan taqdim etiladigan dastlabki maʼlumotlarning ishonchliligi uchun MTSHSHning tashkiliy-metodik boʻlimi mudiri javob beradi.
19. Xizmat koʻrsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda, kasalliklarning yoʻnalishlari boʻyicha profilli koykalar diapazoni belgilanishini nazarda tutuvchi MTSHSHning koykalar fondi normativlarini koʻrib chiqish va aniqlash, shuningdek normativlar maʼlumotlarini tasdiqlash uchun kiritish maxsus ishchi guruhning protokol qarori bilan rasmiylashtiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 16-son, 196-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)