O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IBN SINO XALQARO JAMG‘ARMASINI TASHKIL ETISH VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ibn Sino xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 1999-yil 6-yanvardagi PF-2171-son Farmonini bajarish hamda Ibn Sinoning tibbiy ta’limotini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ma’rifiy ishlarni amalga oshirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ko‘maklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ibn Sino xalqaro jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.
Jamg‘arma xodimlarining cheklangan soni (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) 10 kishidan iborat etib tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ibn Sino xalqaro jamg‘armasi Ustavini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
2. Ibn Sino xalqaro jamg‘armasining Vasiylik kengashi tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Belgilab qo‘yilsinki:
amaldagi qonunchilikka muvofiq Vasiylik kengashi jamg‘armaning, uning ijro etuvchi organlari va mansabdor shaxslarining butun faoliyatini nazorat qilishni amalga oshiruvchi yuqori boshqaruv organi hisoblanadi;
jamg‘arma boshqaruvi raisi o‘z funksiyalarini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Fanlar akademiyasi Ibn Sino xalqaro jamg‘armasiga xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatishda va samarali hamkorlik qilishda har tomonlama ko‘maklashsinlar.
4. O‘zbekiston Qizil Yarim oy Jamiyati Ibn Sino xalqaro jamg‘armasi bilan birgalikda kam ta’minlangan fuqarolar uchun birgalikdagi xayriya tibbiy faoliyatni olib borish bo‘yicha aniq tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin.
5. Toshkent shahar hokimligi Ibn Sino xalqaro jamg‘armasini joylashtirish uchun bir oy muddatda alohida joy ajratsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Jamg‘arma bo‘limlarini tashkil etish uchun joylar ajratsinlar.
6. O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Ibn Sino xalqaro jamg‘armasi boshqaruvini shahar va hukumat telefon aloqasi bilan ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari Ibn Sino xalqaro jamg‘armasi faoliyatini muntazam yoritib borsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 25-yanvar,
36-son
Ibn Sino xalqaro jamg‘armasining
TUZILMASI
Jami: Markaziy apparat — 10 kishi
Ibn Sino xalqaro jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari
TUZILMASI
Jami: 4 kishi.