Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Axborot sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati, quyida birgalikda “Ahdlashuvchi Tomonlar” va har biri alohida “Ahdlashuvchi Tomon” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud aloqalarni mustahkamlash zarurligini eʼtirof etgan holda,
axborot sohasida tenghuquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida hamkorlikni rivojlantirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlarida hozirgi vaqtda amalda boʻlgan qonun-qoidalariga muvofiq oʻzaro manfaatdorlik asosida ikki mamlakat oʻrtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishni va ragʻbatlantirishni oʻz zimmalariga oladilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Milliy Axborot Agentligi va Malayziyaning BERNAMA Milliy Axborot Agentligi oʻrtasida yangiliklar va axborotlar almashuviga koʻmaklashadilar. Shu maqsadda bu tashkilotlar oʻzaro kelishuvga muvofiq shu kabi ayirboshlash dasturlarini rivojlantiradilar.
3-modda
1-moddada qayd etilgan hamkorlik mavjud jamgʻarmalar va resurslar asosida hamda orttiriladigan tajriba, olinadigan foyda eʼtiborga olingan holda, oʻzaro kelishuvga muvofiq quyidagi sohalarni qamrab olishi mumkin:
a) Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladigan yangilik va axborotlar bilan almashish;
b) radio va televizion reportajlar bilan almashish hamda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot tomonlarini audio va video yoritish;
v) milliy bayramlarning nishonlanishiga bagʻishlangan radio, televizion dasturlar va hujjatli filmlar bilan almashish;
g) jurnalistlar tashriflari va ularni milliy ahamiyatga molik voqealarga oid yangiliklarni yoritish va reportajlar tayyorlash bilan bogʻliq faoliyatlari uchun zarur vositalar bilan taʼminlash;
d) ommaviy axborot vositalarining vakillari, jumladan texnik xodimlar, tarjimonlar, yozuvchilar, shuningdek televideniye, radio va nashriyot jurnalistlari va muxbirlarining tashriflari;
e) filmlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik, shuningdek ular bilan bogʻliq filmlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar va har ikki mamlakatda film Haftaliklarini tashkil etish kabi oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashish.
4-modda
Ushbu Bitimning amalga oshirilishi maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning har biridan teng sonli aʼzolardan iborat (quyida Komissiya deb nomlanuvchi) qoʻshma Komissiya tashkil etiladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning Axborot vaziri navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Malayziyada uchrashib turadigan Komissiya aʼzolarini tayinlaydi.
Komissiya quyidagilarga masʼuldir:
a) Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli vakolatli organlariga ushbu Bitimning ijro etilishiga koʻmaklashadigan tavsiyalarni berish;
b) Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida axborot sohasidagi hamkorlikning yangi uslublarini tavsiya etish;
v) Ushbu Bitimning amalga oshirilishi uchun dasturlar, budjetlar va boshqa moliyaviy jihatlar tafsilotlarini tayyorlash;
g) Tomonlardan biron-birining iltimosiga binoan ushbu Bitim qoidalarini vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqish.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ushbu Bitimning yoki unga muvofiq erishilgan boshqa har qanday bitimning amalga oshirilishi davrida olingan hujjatlar,axborotlar yoki boshqa maʼlumotlarning sir tutilishini yoki maxfiyligini saqlashga rioya etishni oʻz zimmasiga oladi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri yozma ravishda ushbu Bitimga butunlay yoki qisman oʻzgarish yoki tuzatish kiritilishini iltimos qilishi mumkin. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishilgan har qanday oʻzgarish yoki tuzatish yozma ravishda boʻlishi hamda ushbu Bitimning bir qismi boʻlib hisoblanishi lozim. Bunday oʻzgarish yoki tuzatish Ahdlashuvchi Tomonlar belgilagan kundan boshlab kuchga kiradi.
7-modda
Ushbu Bitimning moddalarini qoʻllashda yoki sharhlashda kelib chiqadigan har qanday kelishmovchiliklar yoki nizolar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida doʻstona tarzda maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri diplomatik yoʻllar orqali yozma ravishda ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni Bitimning amal etish muddati tugashidan kamida olti oy ilgari uni toʻxtatish niyati toʻgʻrisida xabardor qilmagunga qadar Bitimning amal qilishi davom etaveradi.
Buning tasdigʻi sifatida oʻz Hukumatlari tomonidan vakolatga ega boʻlganlar quyida ushbu Bitimni imzoladilar.
Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi, u amalda boʻlgan davrda qabul qilingan yoki kuchga kirgan har qanday bitim yoki majburiyatning oʻz qoidalariga muvofiq bajarilishi zaruratiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Ushbu Bitimni imzolaganlar oʻz Hukumatlarining tegishli vakolatlariga egadirlar.
Ushbu Bitim 1993-yil 1-aprel kuni Toshkent shahrida toʻrt nusxada, oʻzbek va ingliz tillarida tayyorlandi va barcha matnlar teng kuchga ega. Matnlarda tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvorlik qiladi.
(imzolar)