Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Mahalliy hokimiyatlar hamkorligi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Polsha Respublikasi oʻrtasida doʻstona hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaning 8-moddasidan kelib chiqib,
1980-yilning 21-mayidagi hududiy tuzilmalar va hokimiyatlar oʻrtasida transchegara hamkorligi toʻgʻrisidagi Yevropa Umumiy Konferensiyasi qoidalarini nazarda tutib,
ikkala davlat mahalliy hokimiyatlararo hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi bilan Polsha Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qilishini hisobga olib,
bunday hamkorlikni astoydil qoʻllab-quvvatlashga va shu tariqa ikkala Davlatning iqtisodiy va ijtimoiy ravnaqiga koʻmaklashishga tayyor holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlari oʻrtasida munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, texnikaviy, ilmiy, madaniy va boshqa turdagi har qanday tashabbuslar boʻyicha kelishib, tegishli bitimlar tuzishga ham koʻmaklashadilar.
2. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun unda sanab oʻtilgan tushunchalar quyidagi maʼnolarga ega:
“mahalliy hokimiyatlar aro hamkorlik” — iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, texnikaviy, maʼmuriy, ilmiy, madaniy va boshqa turdagi ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan barcha kelishilgan tashabbuslarni, shuningdek, ikkala Davlat milliy qonunchiligiga muvofiq boshqa bitimlar tuzishni bildiradi;
“mahalliy hokimiyatlar” — ikkala Davlat milliy qonunchiligiga muvofiq mahalliy vazifalarni amalga oshiradigan hududiy hokimiyatlarni bildiradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar “mahalliy hokimiyatlar” tushunchasini yanada aniqlashtirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni bir-birlariga yetkazadilar.
2-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mahalliy hokimiyatlarini boshqa Davlat mahalliy hokimiyatlari bilan hamkorlik sohasidagi faoliyatlari imkoniyatlaridan xabardor qilib turadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuvlar asosida mahalliy hokimiyatlarning oʻzaro hamkorligini amalga oshirish uchun tegishli sharoitlar yaratib beradilar.
3. Ushbu Bitim ikki Davlat hamkorligini tartibga soluvchi kuchda boʻlgan, xususan, boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi qoidalarni buzmaydi.
4. Ushbu Bitim ikki Davlatdan har birining milliy qonunchiligi bilan belgilangan mintaqaviy va mahalliy hokimiyatlar vakolatlarini buzmaydi.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri istagan vaqtda oʻz Davlatining ushbu Bitim amal qilmaydigan hududining qismini, hamkorlikning predmeti va shakllarini belgilashi mumkin.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar mahalliy hokimiyatlar hamkorligini qiyinlashtiradigan nizoli masalalarni hal etishga bor kuch-gʻayratlarini ishga soladilar.
4-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlarining sanoat, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqatni qayta ishlash, savdo va maishiy xizmat, dengiz va quruqlik naqliyoti, aloqa, joylarni rejalashtirish va qurilish, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan foydalanish, moliya va bank faoliyati, sayohat, sport, madaniyat, maorif va fan sohasida hamkorlik olib borishlari uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
2. Tumanlar, shaharlar va qishloq joylari, xususan, quyidagilar bu hamkorlikning predmeti hisoblanadi:
joylarni rejalashtirish va oʻzlashtirish,
kommunal xoʻjaligi,
naqliyot va aloqa,
tabiatni va atrof muhitni muhofaza qilish,
savdo,
qishloq xoʻjaligi,
maorif va fan, shuningdek boshqa Davlatning tilini oʻrgatish,
sogʻlikni saqlash,
madaniyat va sanʼat,
sayohat, boʻsh vaqtni oʻtkazish va sport,
jinoyatchilikka qarshi kurashish,
tabiiy falokat va ofatda oʻzaro yordam,
oʻzaro manfaatli boshqa sohalar.
5-modda
Xoʻjalik faoliyatining subyektlari, ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlari hududida amalda boʻlgan mulk shakllaridan qatʼiy nazar, milliy qonunchilikka rioya qilgan holda ushbu Bitim 1-moddasining 2-bandi va 4-moddasida belgilangan sohalar boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzadilar. Ushbu bitimlar, xususan, yetkazib berish va xizmat koʻrsatish, qoʻshma korxonalar, aksionerlik jamiyatlari, birlashmalar va fondlarni barpo qilishga taalluqli boʻladi.
6-modda
1. Ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlari oʻz miqyoslarida mahalliy hokimiyatlar hamkorligi boʻyicha qoʻshma muvofiqlashtiruvchi idora tuzadilar.
2. Ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlari oʻz miqyoslarida ushbu Bitim 1-moddasining 1-bandi va 4-moddasida belgilangan hamma sohalarda hamkorlikni dasturlashtiradilar va tashkil etadilar. Agar bu hamkorlik ikkala Davlatdan birortasi markaziy idoralarining vakolatiga taalluqli boʻlsa, mahalliy hokimiyatlarning takliflari bu idoralar tomonidan maqullanishi talab etiladi.
7-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar Mahalliy Hokimiyatlar Hamkorligi boʻyicha Oʻzbek-Polyak Hukumatlararo Muvofiqlashtiruvchi Hayʼatni, bundan keyin “Hayʼat” deb ataluvchi, idorani tashkil etishlari mumkin.
2. Hayʼatni vazifasiga ikkala Davlat mahalliy hokimiyatlari hamkorliklari dasturlari va shakllarining umumiy yoʻnalishlarini belgilash va muvofiqlashtirish hamda hamkorlikni qiyinlashtiradigan nizoli masalalarni koʻrib chiqish kiradi. Hayʼat, shuningdek, mahalliy miqyosdagi qoʻshma muvofiqlashtiruvchi idoralarni tashkil etish shuningdek ushbu organlar tomonidan tayyorlanadigan qarorlar boʻyicha tavsiyanomalar ham ishlab chiqadi.
3. Hayʼatning majlislari ehtiyojga koʻra, lekin kamida bir yilda bir marta oʻtkazib turiladi.
4. Hayʼatning majlislarida mahalliy miqyosdagi qoʻshma muvofiqlashtiruvchi idoralarning vakillari maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.
5. Hayʼat alohida masalalarni oʻrganish uchun ekspertlarni taklif qilishi mumkin.
8-modda
1. Hayʼat va mahalliy miqyosdagi muvofiqlashtiruvchi idoralar oʻzlarining nizomlari asosida faoliyat olib boradilar. Hayʼat Nizomi Ahdlashuvchi Tomonlar tomonidan tasdiqlanadi. Mahalliy miqyosdagi qoʻshma muvofiqlashtiruvchi Nizom Hayʼat tomonidan tasdiqlanadi.
2. Qoʻshma muvofiqlashtiruvchi idoralar majlislarida qatnashish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni bu majlislarga oʻzining vakillarini yuborgan mahalliy idoralar qoplaydi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar qoʻshma muvofiqlashtiruvchi idoralarga 1980-yil 21-maydagi hududiy tuzilmalar va hokimiyatlar oʻrtasida transchegara hamkorligi toʻgʻrisida Yevropa Umumiy Konvensiyasiga ilova boʻlgan bitim va nizomlarning namunalaridan foydalanishni tavsiya etadilar.
10-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi bilan bogʻlik har ikkala Davlat milliy qonunchiligida koʻzda tutilgan huquqiy tadbirlarni bajarish haqida oʻzaro notalar bilan almashadilar. Mazkur Bitimning kuchga kirish muddati boʻlib oxirgi nota olingan muddat hisoblanadi.
2. Ushbu Bitim 10 yil muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni Bitimni bekor qilish toʻgʻrisida tegishli muddat tugashidan olti oy ilgari nota yuborish yoʻli bilan ogohlantirmasa, uning kuchi, oʻz-oʻzidan, har safar yana keyingi besh yillik muddatga uzaytiriladi.
Varshava shahrida 1995-yil 11-yanvarda ikki nusxada, har biri oʻzbek, polyak va rus tillarida tuzildi, bunda uchala matn ham bir xil kuchga ega. Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matnga amal qilinadi.
(imzolar)