Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Cheklanmagan erkinharakat qilishhaqida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlarning oʻrnatilishi ikkala davlat oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashgani va bundan keyin ham koʻmaklashishini taʼkidlab,
bir davlatda ikkinchi davlatning diplomatik vakillarining boʻlishi ikkala davlat xalqlari oʻrtasida oʻzaro tushunishga koʻmaklashishini tan olib,
1961-yil 18-apreldagi diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining qoidalariga qatʼiy amal qilishga oʻz burchlarini tasdiqlab,
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha Tashkilot doirasida zimmalariga olgan erkin harakatga tegishli majburiyatlarni hayotga tatbiq qilishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining 26 moddasiga munofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon diplomatik missiyasi hamma xodimlarining oʻz hududida cheklanmagan erkin harakat qilishini taʼminlashi kerak.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar safarlarga oldindan ruxsat olish yoki xabarnoma yuborishni talab qilmaydilar.
3. Kirishni cheklash yoki taqiqlash faqat maxsus obyektlarga yoki harbiy bazalarga, shuningdek, davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yoki bemalol kirish uchun yopiq boʻlgan boshqa obyektlarga taalluqli boʻladi.
4. 3-bandning qoidalariga qaramay Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasining boshqa fuqarolariga ham, jumladan siyosiy tashkilotlarning vakillari, madaniy muassasalarda ishlash uchun yuborilgan yoki alohida maxsus topshiriqlar bilan yuborilgan mutaxassislar, ilmiy-madaniy yoki pedagogika sohasida yoki rasmiy topshiriq bilan texnikaviy hamkorlik doirasida ishlovchi, shuningdek boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida istiqomat qiluvchi yoki u yerda safar qilayotgan fuqarolik yoki kasaba tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, ekspertlar, olimlar va boshqa ilmiy mutaxassislari va insonparvarlik yordami koʻrsatish tashkilotlari xodimlari, jurnalistlar va sayyohlarga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning butun hududida boʻlishlariga ruxsatnomalar beriladi.
2-modda
Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining 11 moddasiga qaramasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyasi xodimlarining sonini cheklamaydi va Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati esa Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi diplomatik missiyasi xodimlarining sonini cheklamaydi.
3-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻz hududiga kirish uchun viza tartibini oʻrnatish huquqini cheklamaydi.
4-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning uchinchi davlatlarga nisbatan qabul qilgan majburiyatlariga taʼsir qilmaydi va ularga qarshi qaratilmaydi.
5-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan vaqtdan kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim aniq boʻlmagan muddatga tuzildi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ushbu Bitimni xabar berish yoʻli bilan bekor qilishi mumkin. Ushbu holda Bitim boshqa Ahdlashuvchi Tomon bekor qilish toʻgʻrisidagi xabarni olgandan uch oy oʻtganidan soʻng oʻz kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida, 1995-yil 11-aprelda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, nemis va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar kuchga ega. Oʻzbek va nemis matnlarini talqin etishda kelishmovchiliklar boʻlsa, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)