Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOREYA RESPUBLIKASI HUKUMATINING AKADEMIK LITSEYLAR VA KASB-HUNAR KOLLEJLARINI JIHOZLASH UCHUN BERILAYOTGAN KREDITIDAN FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Koreya Respublikasi Hukumatining Iqtisodiy rivojlanish boʻyicha hamkorlik jamgʻarmasi (YEDCGʻ) tomonidan 150 litsey va kasb-hunar kollejini zamonaviy oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash uchun berilayotgan imtiyozli kreditdan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiy rivojlanish boʻyicha hamkorlik jamgʻarmasi 25 yil muddatga, shu jumladan, 7 yil imtiyozli davrga yillik foydasi 2,5 foiz boʻlgan 35,0 mln AQSH dollariga teng miqdorda Koreya vonidagi imtiyozli kredit ajratishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kredit boʻyicha qarz oluvchi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha moliyaviy agent hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi markazi ijro etuvchi agent hisoblanadi;
asosiy qarzni qaytarish, kredit boʻyicha vositachilik haqi va foizlar toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri kredit olishga rozilik notasini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Koreya Respublikasi Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Iqtisodiy rivojlanish boʻyicha hamkorlik jamgʻarmasi krediti ajratilishi toʻgʻrisidagi bitimni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Eksport-import banki oʻrtasidagi Kredit bitimini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Koreya Hukumati tomonidan ajratilayotgan kredit mablagʻlaridan foydalanish, unga xizmat koʻrsatish va uni qaytarish yuzasidan Koreyaning Eksport-import banki bilan agentlik bitimi tuzsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi markazi Kredit bitimi imzolangandan keyin ikki hafta muddatda mazkur Bitim doirasida asbob-uskunalar yetkazib berish yuzasidan belgilangan tartibda kontraktlar tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi oʻn kun muddatda koʻrsatib oʻtilgan kredit bitimi doirasidagi import kontraktlar belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Koreya Respublikasining Eksport-import banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oʻrtasidagi kredit bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
8. Mazkur kredit bitimi doirasida yetkazib berilayotgan oʻquv-koʻrgazmali qoʻllanmalar, oʻqitishning texnik vositalari va laboratoriya asbob-uskunalari bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin, bojxona yigʻimlari bundan mustasno.
9. Kreditni qaytarish jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi
10. Jalb qilinayotgan kreditdan va uning hisobiga sotib olinayotgan asbob-uskunalardan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga yuklansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ijro etuvchi agentliklarning buyurtmanomalari boʻyicha mazkur loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy tashkilotlarning vakillari va fuqarolarga toʻlov undirilmasdan viza berilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasida yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimlari toʻlashdan ozod qilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va K.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 28-yanvar,
30-son