OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLAShTIRISh, MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 51-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 17-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2314-2]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2019-yil 18-fevraldagi 01/10-10/42-sonli “Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2314-5, 04.03.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2011-yil 9-dekabrdagi 01/09-18/13-son qarori (roʻyxat raqami 2314, 2012-yil 13-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 2-son, 25-modda) bilan tasdiqlangan Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 51-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“51. Gʻolib gʻoliblik bayonnomasini yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomani imzolashdan bosh tortgan yoki rad etgan taqdirda:
auksion komissiyasi tomonidan gʻoliblik bayonnomasiga tegishli belgi qoʻyiladi va gʻolib tomonidan taklif etilgan narxdan bir bosqich past narxni taklif etgan qatnashchi bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzishni taklif qiladi;
agar ushbu qatnashchi ham shartnomani imzolashni rad etsa, auksion komissiyasi savdolar natijalarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Auksion komissiya tomonidan savdolar natijalarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda savdo tashkilotchisi mazkur Nizomga muvofiq yer uchastkasi boʻyicha takroriy auksion savdosini tashkillashtiradi. Bunda yer uchastkasiga boʻlgan huquqning boshlangʻich narxi uni dastlabki auksion savdosiga chiqarishda belgilangan boshlangʻich narx hisoblanadi.”.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais D. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-mart,
01/27-26/08-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 11-son, 131-modda)