Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati,
iqlim va tabiiy sharoitlarning oʻxshashligini va koʻp tomonlama yaqin aloqalarni eʼtiborga olgan holda,
atrof muhitni muhofaza qilish va yaxshilash hozirgi va kelajak avlodlarning salomatligi uchun zarurligini va, shu munosabat bilan,
tabiatni uzluksiz ravishda rivojlantirishning muhimligini anglab,
Tomonlar oʻrtasida mintaqa va butun dunyo atrof muhitini muhofaza qilish sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning zarurligini tan olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof Muhitni Rivojlantirish va himoya qilish boʻyicha Konferensiyasida qabul qilingan prinsiplarning muhimligini tan olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar atrof muhitni muhofaza qilish sohasida tenglik asosida, Tomonlarning har birining qonunchiligi doirasida va shu maqsadda tuzilgan jamgʻarma asosida hamkorlik qiladilar. Tomonlarning har biri boshqa kelishuv qabul qilinmaguncha oʻz xarajatlarini oʻzi qoplaydi.
2-modda
Hamkorlik mobaynida Tomonlar faoliyatning quyidagi yoʻnalishlariga alohida eʼtibor beradilar:
1. Atmosferani, shu jumladan kislotali yomgʻirdan va havoning transchegarali ifloslanishidan muhofaza qilish.
2. Suv sifatini, shu jumladan kontinental suv resurslari va transchegarali suv oqimlari; sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonalari va kommunal xizmat korxonalari faoliyati natijalari hisoblanmish oqindi suvlarni muhofaza qilish.
3. Xavfli chiqindilarni yashirin olib oʻtish yoʻllarini berkitish uchun milliy, mintaqaviy va dunyo miqyosida qoʻllanadigan qonunlarni muvofiqlashtirish, chiqindilarni boshqarish va barvaqt xabar qilish mexanizmlarini va axborot mexanizmlarini takomillashtirish.
4. Chiqindilarni yoʻq qilishning, shu jumladan qattiq chiqindilarni va sanoat chiqindilarini qayta ishlashning, tegishli usullarini belgilash va qoʻllash.
5. Bioresurslarni saqlash, shu jumladan flora va faunaning yoʻq boʻlib ketayotgan turlarini, botqoqlikka aylangan yerlar kabi, ekologiya jihatidan oʻta nozik zonalarni va shuningdek alohida qoʻriqlanayotgan joylarni himoya qilish; tabiat resurslarini boshqarish rejalarini tayyorlash.
6. Tuproqlarni himoya qilish va ularni qayta tiklash sifatini yaxshilash boʻyicha informatsiya va tajriba ayirboshlash.
7. Atrof muhitni muhofaza qilishning energiya ishlab chiqarishdan paydo boʻlayotgan muammolarini bartaraf etish uchun yaratilgan texnologiyalarga baho berish borasida maʼlumot va tajriba almashish, shu jumladan yangi va qayta tiklangan energiya resurslari boʻyicha hamkorlik qilish.
8. Atrof muhitni muhofaza qilish siyosatini xoʻjalik faoliyatining boshqa sohalari bilan integratsiyalash.
9. Atrof muhitni muhofaza qilish siyosatini takomillashtirish uchun maʼmuriy, moliyaviy va boshqa bitimlar tuzish va tabiatni muhofaza qilish tartiblarini mustahkamlash.
10. Tekshirish va oʻlchash metodikasini qoʻllash, shu jumladan atrof muhitning axborot sistemalaridan foydalanish.
11. Eng oz chiqindili, chiqindisiz va tozalash texnologiyalarini qoʻllash va oʻrtoqlashish.
12. Qayta tiklanmaydigan tabiiy boyliklarni saqlash.
13. Atrof muhitning ifloslanishini baholash.
14. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof Muhitni Rivojlantirish va himoya qilish Konferensiyasi qoidalariga muvofiq maʼlumot va ish tajribasi bilan almashish.
15. Atrof muhitni himoya qilish boʻyicha qoʻshma xalqaro harakatlarni muvofiqlashtirish va ularni amalda bajarish; mintaqaviy va xalqaro darajadagi qoʻshma harakatlar uchun imkoniyatlardan foydalanish.
16. Orol dengizini muhofaza qilish boʻyicha hamkorlik qilish va Orol dengizi havzasi muammolari boʻyicha Davlatlararo Kengash, Butunjahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit boʻyicha dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rivojlanish dasturi, Dunyo atrof muhit jamgʻarmasi (Butunjahon banki, BMTRD va YuNEP) kabi xalqaro tashkilotlarning kerakli moliyaviy yordami, ilmiy va texnik madadini tashkil qilish.
17. Taʼlim va oʻqitish sohasida hamkorlik qilish.
3-modda
Tomonlar ushbu Bitimning 2-moddasida eslatib oʻtilgan sohalarda quyidagi masalalar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
1. Informatsiya bilan almashish, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, atrof muhitni himoya qilish sohasidagi siyosatni olib borish, qonun chiqarish va tabiatni muhofaza qilish amaliyoti sohasida ish olib borish, tabiatni muhofaza qilish texnologiyalarini ishlab chiqish, tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va faoliyatni monitoring qilish.
2. Ushbu Bitimda eslatib oʻtilgan masalalar boʻyicha Tomonlarning rasmiy shaxslari va ekspertlari ishtirokida qoʻshma kengashlar tashkil qilish.
3. Texnik simpoziumlar, konferensiyalar va seminarlar tashkil qilish.
4. Birga oʻqish dasturlarini tayyorlash va ularni amalga oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va ular bilan almashish.
5. Tomonlar ushbu Bitimning 2-moddasiga muvofiq faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yordamni taʼminlaydilar.
4-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Turkiya Jumhuriyati Atrof muhitni muhofaza qilish vazirligi ushbu Bitimga muvofiq faoliyatni muvofiqlashtiradilar va taʼminlaydilar. Ushbu Bitimga muvofiq Tomonlarning har biri qoʻshma faoliyatning oʻziga taalluqli qismining, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan mamlakatlar Hukumatlari oʻrtasida hamkorlikning boshqa dasturlaridagi kabi, muvofiqlashtirilishini taʼminlaydilar.
2. Tomonlar ushbu Bitimga asosan faoliyatni boshqarishga masʼul boʻlgan qoʻshma Komissiya tuzadilar. Qoʻshma Komissiyaga har bir Tomondan bittadan aʼzo va ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tashkilotlar tomonidan belgilangan vakillar kiradi. Tomonlardan har biri Komissiya “raisdoshi” hisoblanadigan muvofiqlashtiruvchini belgilaydi.
Tomonlar ikkinchi Tomonga yozma ravishda xabar qilish sharti bilan yangi muvofiqlashtiruvchini tayinlashlari mumkin.
Komissiya Tomonlardan birining taklifi boʻyicha Bitimga muvofiq faoliyatni muhokama qilish va kelajak dasturlarini tayyorlash kabi Bitimga aloqasi bor boshqa masalalarni koʻrib chiqish uchun bir yilda bir marta chaqiriladi.
Qoʻshma Komissiya ushbu Bitimga asosan, muvofiqlashtiruvchilar tomonidan imzolanadigan har yillik tadbirlar rejasini tayyorlaydi. Har yillik reja Bitimga ilova qilinadi va uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi. Bu hujjatlar Tomonlardan har birining qonunchiligiga muvofiq kuchga kiradi.
Muvofiqlashtiruvchilar, ularning faoliyatini taʼriflovchi xatlar almashish yoʻli bilan, har yilgi reja doirasida bajariladigan faoliyat toʻgʻrisida kelishib oladilar.
5-modda
Tomonlar Bitimga muvofiq jamoat va akademik tashkilotlarni, xususiy kompaniyalarni va nohukumat tashkilotlarni Tomonlar faoliyatida ishtirok etish uchun taklif qilishlari mumkin.
6-modda
Tomonlardan har biri oʻzaro kelishgan holda, hamkorlik natijalarini uchinchi tomonga berib turishi mumkin. Tomonlar maʼlumot almashganda mamlakatlarning amaldagi qonunchiligini, uchinchi tomonning huquqlarini, va xalqaro majburiyatlarni inobatga oladilar. Himoyalangan va himoyalanishi kerak boʻlgan maʼlumotlarning ishlatilishi alohida tartibga solinishi kerak.
7-modda
Ushbu Bitimda biror narsa Tomonlar oʻrtasidagi yoki uchinchi tomon bilan boʻlgan hamkorlik toʻgʻrisidagi boshqa bitimlarga zarar keltiradi deb talqin qilinmasligi kerak.
8-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan barcha kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
9-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki rasmiyatchiliklari bajarilgani haqida oxirgi marta xabar bergan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi.
2. Agar Tomonlardan birortasi ham tegishli muddatning tamom boʻlishiga uch oy qolganga qadar boshqa Tomonga uni bekor qilish toʻgʻrisida yozma xabar bermasa, ushbu Bitimning amal qilishi har safar oʻz-oʻzidan keyingi bir yillik muddatlarga choʻzilaveradi.
3. Ushbu Bitim amalining toʻxtatilishi uning doirasida boshlangan va ushbu Bitim amalining tamom boʻlishiga qadar toʻla bajarilmay qolgan har qanday faoliyatining oxiriga yetkazilishiga taʼsir qilmaydi.
4. Ushbu Bitimga Tomonlarning yozma ravishda roziligi bilan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Toshkent shahrida 1996-yil 8-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va turk tillarida tuzildi. Har ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)