Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
AFGʻONISTONDAGI VOQEALAR MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING BAYoNOTI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bayonoti qabul qilinsin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-avgust,
662-I-son
Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
BAYoNOTI
Afgʻonistondagi harbiy-siyosiy vaziyat gʻoyat keskinlashganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi chuqur tashvishda ekanligini izhor etadi.
Mamlakatimiz chegaralarining shundoqqina yaqinida bugungi kunda roʻy berayotgan voqealar qoʻshni Afgʻonistondagi birodarkushlik urushining yanada keskinlashuviga, xunrezlikka olib borishi mumkin. Toʻxtovsiz davom etayotgan urush mintaqadagi barqarorlikkagina emas, balki umuman qitʼadagi xavfsizlikka tahdid etmoqda.
Busiz ham qaltis vaziyatni yanada keskinlashtirayotgan hamda harbiy qarama-qarshilikni kuchaytirayotgan tashqi kuchlarning aralashuvi tobora zoʻrayib borayotganligi katta tashvish uygʻotmoqda.
Oʻzbekiston hamisha Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan hal etishning eng izchil tarafdorlaridan biri boʻlib kelgan va hozir ham ana shunday boʻlib kelmoqda.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegaradosh mamlakatlar tariqasida tarixan hamisha tinch hamsoya boʻlib, bizning munosabatlarimiz yaxshi qoʻshnichilik, hurmat va oʻzaro manfaat asosiga qurilgan.
Qoʻshni davlatdagi tinchlik va totuvlik, chegaralarimizdagi barqarorlik Oʻzbekistondagi amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishning hamda xalqimizni urush keltirishi mumkin boʻlgan qashshoqlik va kulfatlardan saqlashning muhim shartidir. Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlaridan kelib chiqib va oʻzining bevosita janubiy sarhadlarida kuchayib borayotgan tahdidni eʼtiborga olib, xavfsizlikni taʼminlash va oʻz chegaralarini mustahkamlash yuzasidan zarur choralar koʻrmoqda.
Oliy Majlis Afgʻonistondagi tanglikni tinch yoʻl bilan bartaraf etish yuzasidan avval Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
BMT va xalqaro hamjamiyatning eng faol yordamidagina bu davlatda uzoq muddatli va puxta tinchlikka erishish mumkin. Quyidagi shartlarni taʼminlash gʻoyat muhimdir:
Birinchidan. Barcha jangovar harakatlarni darhol toʻxtatish.
Ikkinchidan. Bu mamlakatga qurol-yarogʻ yetkazib berishga embargo joriy etish.
Uchinchidan. Tashqaridan boʻladigan aralashishlarni toʻxtatish.
Toʻrtinchidan. Etnik guruhlar va siyosiy oqimlar keng vakilligi ishtirokida koalitsion hukumat tuzish.
Beshinchidan. Tinchlikni taʼminlash jarayonida barcha manfaatdor mamlakatlar, eng avvalo Afgʻoniston bilan qoʻshni mamlakatlarning faol ishtiroki. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning tashabbusi bilan va BMT rahnamoligida tuzilgan “6+2” muloqot guruhiga Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan hal etishga hamkorlik qilishning muhim xalqaro mexanizmi tariqasida qarash mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi xunrezlikka barham berish hamda Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan hal etish yoʻllarini qidirish yuzasidan gʻoyat shoshilinch choralar koʻrish chaqirigʻi bilan BMT va jahon hamjamiyatiga murojaat etadi. 19 yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi Afgʻonistonni xalqaro terrorizm va narkobiznesning, diniy fanatizm va ekstremizm tahdidining xatarli manbaiga aylantirayotganligiga xalqaro jamoatchilik kun sayin ishonch hosil qilmoqda.
Oliy Majlis BMT Afgʻonistondagi jangovar harakatlarni darhol toʻxtatish uchun oʻz obroʻ-eʼtiborini va taʼsir kuchini ishga soladi deb ishonch bildiradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 161-modda)