O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida
Bitim
Xalqaro avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashish aloqasi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati keyingi o‘rinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataladi,
savdo va iqtisodiy munosabatlarni o‘zaro manfaatli rivojlantirishga xohish bildirib,
teng huquqlilik va o‘zaro manfaatli asosda har ikki davlat o‘rtasida hamda ular hududlari orqali tranzit tarzda xalqaro avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashishni yengillashtirish va tartibga solish maqsadida,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Qo‘llanish sohasi
Qo‘llanish sohasi
1. Ushbu Bitim qoidalari ikki davlatdan birining hududida ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari orqali O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida bevosita, ular hududlari orqali tranzit tarzda bajariladigan yo‘lovchilar va yuk tashishlarga, shuningdek, uchinchi mamlakatlarga yoki uchinchi mamlakatlardan tashishlarga nisbatan qo‘llanadi.
2. Ushbu Bitim tegishli Tomon uchun amal qiladigan xalqaro avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashishlar sohasidagi boshqa ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama bitimlarga asoslangan Ahdlashuvchi Tomonlarning huquqlari va majburiyatlariga taalluqli bo‘lmaydi.
2-modda
Ta’riflar
Ta’riflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1) “tashuvchi” atamasi ostida asosiy manzili O‘zbekiston Respublikasi yoki Turkmanistonda bo‘lgan, davlatda amal qilayotgan avtotransport vositasini ro‘yxatga olishning milliy qonunchiligiga muvofiq tijorat asosida yoki hisobiga xalqaro yo‘lovchi yoki yuk tashishlarni bajarish vakolatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy yoki huquqiy shaxs tushuniladi;
2) “ avtotransport vositasi” termini ostida quyidagilar tushuniladi:
a) qurilgan va haydovchini ham qo‘shib hisoblaganda to‘qqiz kishidan ziyod yo‘lovchini yoki yuklarni tashishga qo‘llanadigan, ikki davlatdan birining hududida ro‘yxatga olingan mexanik kuch bilan ishlaydigan har qanday avtotransport vositasi;
b) yuklarni tashishga mo‘ljallangan mexanik kuch bilan ishlaydigan har qanday avtotransport vositasi, shu jumladan, bitta shatakchi avtomobil va tirkama yoki yarim tirkama birikmasi, ayni paytda shatakchi avtomobil har ikki davlatdan biri hududida ro‘yxatga olingan bo‘lishi kerak.
3) “ruxsatnoma” atamasi ostida Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining amaldagi qonunchiligiga muvofiq yig‘imlarni to‘lab yoki yig‘imlarni to‘lashdan ozod qilib foydalanish uchun berilgan muayyan shakldagi hujjat tushuniladi va u amal qilish muddati davomida yuk tashuvchilari uchun tashuvchiga bevosita yo‘nalish bo‘yicha u yoqqa va orqaga yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi bo‘ylab bitta tashish huquqini beradi, yo‘lovchilar tashish uchun esa tashuvchiga muayyan davr davomida tashishlarni amalga oshirish huquqini beradi;
4) “maxsus ruxsatnoma” atamasi ostida tashuvchiga Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi ichki qonunchiligiga muvofiq tashish amalga oshirilayotgan hudud bo‘ylab yirik gabaritli, og‘ir yuk tortuvchi transport vositasida tashishlarni bajarish, shuningdek, xavfli yuklarni tashishlarni bajarish huquqini beradigan hujjat tushuniladi.
Yo‘lovchilarni tashish
3-modda
Muntazam tashishlar
3-modda
Muntazam tashishlar
1. Avtobuslarda yo‘lovchilarni muntazam tashishlar kelishilgan jadval va tariflar bilan, yo‘lovchilarni boshlang‘ich va oxirgi punktlarda, shuningdek, oldindan kelishilgan boshqa to‘xtash punktlarida chiqarish va tushirishni amalga oshirish huquqi bilan muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha bajariladi.
2. Muntazam avtobus aloqasi milliy qonunchilik talablariga muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi (14-modda) uning hududidan o‘tadigan yo‘nalishlar oldindan ma’qullashgan holda tashkil etilishi mumkin. Ma’qullashni vakolatli organlarning muntazam qatnovlarni ochish to‘g‘risidagi qarori asosida 1 yildan 5 yilgacha muddatga taqdim etish mumkin.
3. Ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq ma’qullash uchun talabnomalar yozma tarzda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organiga beriladi.
Talabnomada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: tashuvchining familiyasi, ismi va manzili hamda tashishlarni tashkil etayotgan firmaning nomi, tariflar, yo‘nalish, harakat jadvali, tashishlarni bajarishning belgilangan davri va tezligi, yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish punktlari, avtotransport vositasidan foydalanish muddati, shuningdek, ro‘yxatga olish raqami va sig‘imi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining vakolatli organlari ikki tomonning roziligi yoki ushbu Bitimning 15-moddasida ko‘rsatilgan aralash komissiya qarori bilan quyidagi masalalarni belgilaydilar:
a) yangi avtobus yo‘llarini ishga tushirish;
b) avtotransport vositalarining harakat jadvali;
v) tariflar;
g) tashish shartlari (yurish yo‘nalishlari);
d) ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam avtobus aloqalarini qisqartirish, rivojlantirish yoki to‘xtatish;
e) ruxsatnomalar miqdori va turi;
j) muntazam aloqalarga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalar.
4-modda
Nomuntazam tashishlar
Nomuntazam tashishlar
1. Nomuntazam tashishlarni Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tashuvchilari faqat boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organi oldindan bergan ruxsatnomalar asosida amalga oshirishlari mumkin, ushbu Bitimning 6-moddasida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasnodir.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ruxsatnomalar olish uchun talabnomalar yozma tarzda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organiga oldindan beriladi va unda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: tashuvchining familiyasi, ismi va manzili, tashishlarni tashkil etuvchi firmaning nomi va manzili, tashishlarning yo‘nalishi, ularni amalga oshirish davri, shuningdek, avtotransport vositasining ro‘yxatga olish raqami va sig‘imi.
5-modda
Ruxsatnomalar olishdan ozod qilingan tashishlar
Ruxsatnomalar olishdan ozod qilingan tashishlar
Kuyidagilar ruxsatnomalar olishdan ozod etilgan va yo‘lovchilar ro‘yxati mavjud bo‘lganda bajariladigan bevosita yo‘nalishdagi yo‘lovchilar tashish hisoblanadi:
Avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan davlatda boshlanadigan va tugallanadigan, tegishli Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan tashqarida tashish va to‘xtash vaqtida hech qanday chiqarish va tushirish amalga oshirilmaydigan butun yurish davrida bir guruh yo‘lovchilarning o‘zini bitta avtotransport vositasi bilan tashish (“yopiq eshikli transport”).
Yuklarni tashish
6-modda
Ruxsatnomalar
6-modda
Ruxsatnomalar
1. Ikki davlat o‘rtasida bevosita aloqa bo‘yicha yoki tranzit tarzda yuk avtotransporti vositalarida yuklarni tashish yoki yuksiz yurish ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi, ushbu Bitimning 8-moddasida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasnodir.
2. Ruxsatnoma avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan davlatning Ahdlashuvchi Tomoni vakolatli organi tomonidan tashuvchi nomiga beriladi. Bu ruxsatnomani boshqa tashuvchiga berish yoki undan boshqa avtotransport vositasi uchun foydalanish man etiladi.
3. Ruxsatnoma tashuvchiga bevosita aloqa bo‘yicha yuklarni tashish, shuningdek, agar bu yuklar avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan davlatga mo‘ljallangan bo‘lsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan yuklarni ortish, orqaga qaytishda tashish huquqini beradi.
4. Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari yo‘l va tranzit yig‘imlariga haq to‘lab yoki to‘lamay o‘zarolik asosida ruxsatnomalar turlari va miqdorini kelishadilar hamda ularni ayirboshlaydilar.
7-modda
Ruxsatnoma olishdan ozod qilingan tashishlar
Ruxsatnoma olishdan ozod qilingan tashishlar
1. Tegishli hujjatlar mavjud bo‘lganda bevosita va tranzit aloqada yuk avtotransporti vositalari bilan bajariladigan quyidagi tashishlar ruxsatnomalardan ozod qilinadi:
a) shikastlangan yoki avariyaga uchragan avtotransport vositalarini almashtirish uchun bo‘sh avtotransport vositalari, shuningdek, ularni shatakka olish va tuzatish maqsadidagi texnik yordam avtomobillari;
b) vafot etganlarning jasadlari va xoki;
v) yoyma bozorlar, ko‘rgazmalar yoki boshqa madaniy tadbirlar uchun mo‘ljallangan buyumlar va san’at asarlari;
g) qaytarib olib ketish sharti bilan reklama maqsadlarida foydalaniladigan buyumlar va uskunalar;
d) ko‘chayotgandagi ko‘char mulk;
e) teatr, kinoteatr, sport va musiqa tadbirlari, yoyma bozorlar, ko‘rgazmalar uchun va sirk tadbirlari, shuningdek kino, radio- va tele-yozuv uchun mo‘ljallangan apparatlar, buyumlar va hayvonlar;
j) tez tibbiy yordam ko‘rsatishga, xususan, tabiiy ofat ro‘y berganda zarur bo‘ladigan buyumlar, shuningdek, insonparvarlik yordami doirasidagi yuklar uchun;
z) umumiy foydalanishdagi pochta tashishlari.
2. Ushbu Bitimning 15-moddasida ko‘rsatilgan aralash komissiya mazkur moddada keltirilgan ro‘yxatni to‘ldirish vakolatiga egadir.
Umumiy qoidalar
8-modda
Kabotaj
8-modda
Kabotaj
Ahdlashuvchi Tomondan birining tashuvchisiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida ikki punkt o‘rtasida yo‘lovchi yoki yuk tashishga ruxsat etilmaydi.
9-modda
Uchinchi davlatlardan va uchinchi davlatlarga tashishlar
Uchinchi davlatlardan va uchinchi davlatlarga tashishlar
Ahdlashuvchi Tomonlar birining tashuvchilari yuk tashishlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidan uchinchi davlatlarga, shuningdek, boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organi ruxsatnomasini olgandan keyin uchinchi davlatdan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga amalga oshirishlari mumkin.
10-modda
Avtotransport vositalarining og‘irligi va gabaritlari
Avtotransport vositalarining og‘irligi va gabaritlari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hududida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan avtotransport vositalarining og‘irligi, gabaritlari va o‘qiga bosim normalari milliy qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
2. Agar avtotransport vositasi og‘irligi, gabaritlari va o‘qiga bosimi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida yo‘l qo‘yilgan chegaradan ortiq bo‘lgan holda tashish uchun ana shu Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma talab etiladi.
Agar ushbu ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishini nazarda tutsa, unda tashish faqat shu yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak.
3. Maxsus ruxsatnoma ushbu Bitimning 6-moddasi 1-bandida ko‘rsatilgan tashish uchun ruxsatnoma olish zaruratini istisno etmaydi.
11-modda
Xavfli yuklarni tashish
Xavfli yuklarni tashish
1. Xavfli yuklarni tashish yo‘nalish davlat hududidan o‘tgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq va tegishli vakolatli organ bergan maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Agar bu ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishini nazarda tutsa, unda tashish faqat ana shu yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak.
2. Maxsus ruxsatnoma ushbu Bitimning 6-moddasi 1-bandida ko‘rsatilgan tashish uchun ruxsatnoma olish zaruratini istisno etmaydi.
12-modda
Hujjatlarni nazorat qilish
Hujjatlarni nazorat qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari milliy qonunchilikka muvofiq ushbu Bitim qoidalariga asosan bajariladigan tashishlar ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon o‘z hududida har ikkala mamlakat vakolatli organlari bergan ro‘yxatga olish hujjatlarini va transport vositalariga berilgan nomer belgilarini, shuningdek, avtotransport vositasini boshqarish huquqini beradigan malaka guvohnomalarini tan oladi.
3. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar ular taalluqli bo‘lgan avtotransport vositasida bo‘lishi va vakolatli nazorat qiluvchi organlar talabi bo‘yicha taqdim etilishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida ro‘yxatga olingan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida xalqaro tashishlarni bajaradigan avtotransport vositalarining haydovchilari milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalariga, avtotransport vositalariga tegishli milliy hujjatlarga va xalqaro normalarga muvofiq boshqa hujjatlarga ega bo‘lishlari kerak.
13-modda
Bojxona qoidalari
Bojxona qoidalari
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat hududida ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari, shuningdek, ushbu Bitimda ko‘rsatilgan tashishlar uchun foydalaniladigan tirkamalar yoki yarim tirkamalar ular qaytariladigan bo‘lsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boj poshlinalari to‘lashdan ozod qilingan holda vaqtincha qo‘yiladi.
Xuddi shunday tartib transport faoliyati uchun zarur bo‘lgan, ushbu avtotransport vositalari bilan olib kirilgan va ular bilan birga qaytarilgan ehtiyot qismlar, buyumlar va odatdagi uskunaga ham taalluqli bo‘ladi.
2. Avtotransport vositalariga o‘rnatilgan va ularni tayyorlagan zavod tomonidan ko‘zda tutilgan baklardagi yonilg‘i, shuningdek, tashishning tegishli davrida avtotransport vositasining faoliyat ko‘rsatishi uchun talab qilinadigan miqdordagi moylash materiallari olib kirish uchun boj poshlinalari to‘lashdan ozod qilinadi.
3. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga vaqtincha qo‘yilgan avtotransport vositasini tuzatish uchun ehtiyot qismlarni olib kirish boj poshlinalari to‘lashdan ozod qilinadi.
Asboblar, almashtirilgan yoki ishlatilmagan detallar avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan davlatga qaytariladi.
4. Chegaradan o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan chegara, sanitar, fitosanitar va bojxona nazoratiga nisbatan ushbu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan milliy qonunchilik qoidalari, shuningdek, Ahdlashuvchi Tomonlar qatnashchilari bo‘lgan xalqaro Bitimlar qoidalari qo‘llaniladi.
14-modda
Vakolatli organlar
Vakolatli organlar
Kuyidagilar ushbu Bitim qoidalarini bajarishga vakolat berilgan vakolatli organlar hisoblanadilar:
O‘zbekiston hududida O‘zbekiston Avtomobil transporti vazirligi, soliq solish borasida O‘zbekiston avtomobil transporti davlat-aksionerlik korporatsiyasi, va
Turkmaniston hududida Turkmaniston Avtomobil transporti vazirligi, soliq solish borasida Turkmaniston Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli vakolatli organlar nomlarining har qanday o‘zgarishi haqida bir-birlarini o‘zaro xabardor qiladilar.
15-modda
Aralash komissiya
Aralash komissiya
1. Ushbu Bitimni talqin etish va qo‘llashdan kelib chiqadigan masalalarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun aralash komissiya tuziladi, uning tarkibida har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari vakillari bo‘ladi.
2. Aralash komissiya majlislari vakolatli organlardan birining iltimosiga ko‘ra har bir Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlati hududida navbati bilan o‘tkaziladi.
16-modda
Yig‘imlar va to‘lovlar
Yig‘imlar va to‘lovlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tashuvchilari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq bajargan yo‘lovchilar va yuklarni tashishdan olingan daromadlar, shuningdek, bunday tashishlar amalga oshirilgan avtotransport vositalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida daromaddan olinadigan soliqlardan va mulkdan olinadigan soliqlardan o‘zaro ozod qilinadilar.
2. Ushbu Bitimni qo‘llashdan kelib chiqadigan barcha to‘lovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlar o‘rtasida to‘lovlar haqida shartnoma tuzilgan hollarda uning qoidalari qo‘llanadi.
3. Avtotransport vositalarini xalqaro aloqada foydalanish natijasida olingan daromadlarga transport korxonasini boshqarish haqiqiy joylashgan davlat hududida soliq solinadi. Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish to‘g‘risida Bitim tuzgan hollarda, ana shu Bitim qoidalari qo‘llanadi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar eksport/import soliqlaridan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ishlayotgan avtomobil transporti soliqlardan ozod qilinadilar, quyidagilar bundan mustasnodir:
a) yo‘llardan foydalanganlik uchun yig‘im (pulli yo‘llar va ko‘priklardan o‘tish);
b) yo‘llarni saqlash va transportni boshqarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yig‘im;
v) yonilg‘iga ichki va xalqaro narxlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun yig‘im;
g) avtomobil vositasining og‘irligi, gabaritlari, yuk ko‘tarishining ortiqligi uchun normalarga muvofiq yig‘im va Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari qonunchiligi bilan belgilangan boshqa yig‘imlar.
17-modda
Milliy qonunchilikni qo‘llash
Milliy qonunchilikni qo‘llash
Ushbu Bitim yoki har ikkala davlat ishtirok etayotgan xalqaro bitimlar, kelishuvlar yoki bitimlar qoidalari bilan tartibga solinmagan barcha hollarda har bir Ahdlashuvchi Tomonning uning hududida amal qiluvchi milliy qonunchiligi qo‘llanadi.
18-modda
Jarimalar
Jarimalar
1. Ahdlashuvchi Tomondan birining tashuvchisi yoki avtotransport vositasiga xizmat ko‘rsatadigan xodimi boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qiladigan qonunchilikka yoki ushbu Bitim qoidalariga rioya etmagan hollarda hududida qoidabuzarlik ro‘y bergan davlatning vakolatli organi quyidagi choralarni ko‘rishi mumkin:
a) tashuvchini yo‘l qo‘ygan qoidabuzarligi uchun ogohlantirish;
b) tashuvchini qoidabuzarlik ro‘y bergan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida tashuvlarni bajarish huquqidan vaqtincha, qisman yoki to‘la mahrum etish.
2. Bunday choralarni ko‘rgan vakolatli organ bu haqda boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organini xabardor qiladi.
3. Bu modda qoidalari qoidabuzarlik ro‘y bergan davlat sudi yoki ma’muriy organi tomonidan ichki qonunchilikka muvofiq ko‘rishi mumkin bo‘lgan choralarni istisno etmaydi.
19-modda
Avariyalar yoki baxtsiz hodisalar ro‘y berganda yordam ko‘rsatish
Avariyalar yoki baxtsiz hodisalar ro‘y berganda yordam ko‘rsatish
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon transport vositalari yoki ekipaj a’zolari bilan avariya yoki baxtsiz hodisa ro‘y berganda zarur yordam ko‘rsatadi, og‘ir avariyalar yoki baxtsiz hodisalar ro‘y berganda esa bu haqda boshqa Ahdlashuvchi tomonni xabardor qiladilar va tekshirish natijalari haqida axborot beradilar.
20-modda
Bahs
Bahs
Ushbu Bitimni talqin etish yoki qo‘llashga oid har qanday bahs Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari o‘rtasidagi bevosita muzokaralar olib borish yo‘li bilan hal etiladi.
Agar bu vakolatli organlar bitimga kelisholmasalar, har qanday bahs diplomatiya yo‘li bilan tartibga solinishi kerak.
21-modda
Kuchga kiritish
Kuchga kiritish
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar notifikatsiya orqali bir-birlarini zarur rasmiyatchiliklar har ikki davlatda ichki qonunchilikka muvofiq bajarilgani haqida xabardor qilgan kundan boshlab 30 kundan keyin kuchga kiradi.
22-modda
Bitimni o‘zgartirish
Bitimni o‘zgartirish
Ushbu Bitimga kiritiladigan har qanday o‘zgartirish Ahdlashuvchi Tomonlarning muzokaralari orqali kelishib olinadi va 21-modda qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
23-modda
Bitimning haqiqiyligi
Bitimning haqiqiyligi
Ushbu Bitim 5 yil muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amal qilish muddati tugashidan kamida 90 kun oldin o‘zining ushbu Bitim amal qilishini to‘xtatish haqidagi niyatini ma’lum qilmasa, har safar navbatdagi 5 yilga o‘z-o‘zidan uzaytirilaveradi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjo‘y shahrida, ikki nusxada, har biri o‘zbek, turkman va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitimni talqin etishda anglashilmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda rus tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)