Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar”, deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasidagi oʻzaro foydali kengroq iqtisodiy hamkorlikka yordam berishni maqsad qilib,
bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va ularni saqlash maqsadida investitsiyalarni ragʻbatlantirish hamda himoya qilish zarurligini tan olib,
investitsiyalarning barqaror asosi iqtisodiy resurslardan foydalanishda va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishda eng yuqori samaradorlikni taʼminlashiga rozilik bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadida:
1. “Investor” atamasi quyidagilarga tatbiq etiladi va ularni oʻz ichiga oladi:
a) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari;
b) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining yuridik shaxslari;
v) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xalqaro tashkilotlari;
g) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining fuqarolari, fuqarolar birlashmalari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslari;
2. “Investitsiyalar” atamasi har qanday mulkiy boylik va ularga egalik huquqlarini, shuningdek, mualliflik huquqi, patentlar, foydali modellar, sanoat namunalari va modellari, tovar belgilari, firma nomi, ishlab chiqarish va tijorat sirlari, texnologiyalar, “gud vil” va “nou-xau” kabi aqliy, savdo va sanoat mulkiga egalik huquqlarini anglatadi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududida investitsiyalar quyidagi yoʻsinda amalga oshiriladi:
a) toʻliq tarzda investorga tegishli boʻlgan yoki ularda ulushli ishtirok etish asosida xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarni tashkil qilish;
b) mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olish;
v) mol-mulkka egalik huquqlarini, shu jumladan yerga (shu jumladan, ijara asosida) va tabiiy resurslarga egalik va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish;
g) investitsiyalarni joylashtirish joyi boʻyicha Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida amalda boʻlgan qonunchilikka zid boʻlmagan investitsiyalarni amalga oshirishga oid boshqacha faoliyat.
Boyliklarni qoʻyish dastlab yoki takroran amalga oshirilgan shakllardagi hech qanday oʻzgartirish ularni investitsiya sifatida tavsiflashni oʻzgartirishga olib kelmaydi.
4. “Yuridik shaxslar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlat qonunchiligiga koʻra oʻz maqomini olgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan yuridik shaxslarni anglatadi.
5. “Fuqarolar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlat qonunchiligiga koʻra fuqarolikka va huquqiy layoqatga ega boʻlgan, uning hududida yoki chet elda doimiy yashaydigan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan shaxslarni anglatadi.
6. “Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida doimiy yashaydigan, Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun roʻyxatga olingan hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni anglatadi.
7. “Daromadlar” atamasi — mazkur moddaning 2, 3-bandlarida belgilanganidek, investitsiyalar natijasida, ammo mutlaq-summalarnigina emas, foydalar, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik taqdirlash pullari, texnik yordam koʻrsatish, texnik xizmat uchun toʻlovlar, taqdirlashning boshqa shakllari tarzida olinganlarni anglatadi.
8. “Hudud” atamasi Ahdlashuvchi Tomon davlatining mana shu Ahdlashuvchi Tomon davlati xalqaro huquqqa muvofiq oʻz suveren Huquqlarini va yurisdiksiyani amalga oshiradigan hududini anglatadi.
2-modda
Bitimni qoʻllash
Bitimni qoʻllash
Mazkur Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga, ular mazkur Bitim kuchga kirishidan oldin yoki keyin amalga oshirilganligidan qatʼi nazar, qoʻllanadi.
3-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati qonunchiligi beradigan huquqqa muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari investitsiyalarini oʻz davlati hududiga kirib kelishiga yoʻl qoʻyadi va ragʻbatlantiradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati qonunchiligi doirasida oʻzaro investitsiyalarning xilma-xil shakllarini qoʻllab-quvvatlaydi va iqtisodiy hamkorlikni boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investori investitsiyalarini oʻz hududida himoya qilish vositasi bilan taʼminlaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar Ahdlashuvchi Tomon investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga ular Ahdlashuvchi Tomonlar davlati hududlarida hamda istalgan uchinchi davlat hududida toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar qilishni amalga oshirishlarida va koʻp tomonlama iqtisodiy loyihalarni roʻyobga chiqarishlarida yordam berish zarurligidan kelib chiqadilar.
4. Agar Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitim doirasida oʻz davlati hududiga investitsiyalar kirib kelishiga yoʻl qoʻygan boʻlsa, shu Ahdlashuvchi Tomon, oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga ana shunday investitsiyalarga aloqador boʻlgan zarur ruxsatnomalar beradi.
4-modda
Milliy tartib va eng qulay sharoit yaratish tartibi
Milliy tartib va eng qulay sharoit yaratish tartibi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida hamda uning qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari investitsiyalarini huquqiy himoya qilinishini toʻliq va soʻzsiz kafolatlaydi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari investitsiyalari va daromadlariga oʻz investorlari va/yoki har qanday uchinchi davlat investorlari investitsiya hamda daromadlariga beradigan tartibdan noqulayroq boʻlmagan odil va teng huquqli tartibni yaratadi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirayotgan investitsiyalarga nisbatan uning milliy qonunchiligi va mazkur Bitimdan kelib chiquvchi har qanday majburiyatlarga rioya qiladi.
4. Mazkur Bitimning eng qulay sharoitlarni yaratish prinsipiga daxldor qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birini boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga quyidagilardan kelib chiquvchi preferensiyalar yoki ustuvorliklarning imtiyozli tartibini joriy qilishga majburlovchi tarzda talqin qilinmasligi kerak:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qatnashchisi boʻlgan yoki ana shunday boʻlishi kutilayotgan mavjud yoki kelajakda mumkin boʻlgan boj, valyuta va toʻlov uyushmalari, erkin savdo va yagona tariflar zonalari, umumiy bozor yoki mintaqaviy iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi Bitimlarning har qanday boshqa shakllari;
b) soliq solish masalalari boʻyicha ikki tomonlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi bitimlar va boshqa xalqaro bitimlar.
5-modda
Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarni qoʻllash
Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarni qoʻllash
Agar Ahdlashuvchi Tomonlar davlati qonunchiligi qoidalari yoki xalqaro huquqqa aloqador majburiyatlar, mazkur Bitimda mavjud boʻlgan yoki keyinchalik unga qoʻshimcha ravishda yaratilgan majburiyatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari investitsiyalariga mazkur Bitimga beriladigandan tashqari qulayroq umumiy yoki oʻziga xos tusdagi sharoit berilishi toʻgʻrisida qoidalar boʻlsa, bu qoidalar mazkur Bitimga qiyosan qulayroq boʻlgan oʻsha hajmda ustuvorlikka ega boʻladi.
6-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirgan Ahdlashuvchi Tomon shu investorlari tegishli soliq va yigʻimlarni toʻlaganlaridan soʻng Ahdlashuvchi Tomon shu investitsiyalarga aloqador toʻlovlarning toʻsiqsiz oʻtkazilishini taʼminlaydi, ammo beistisno emas, xususan:
a) mazkur Bitimning 1-moddasi, 7-bandida belgilanganidek foizlar, dividendlar, foyda va boshqa joriy daromadlarni;
b) ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar investitsiyalar sifatida tan olgan qarzlarni toʻlash summalarini;
v) investitsiyalarni boshqarishga aloqador xarajatlarni qoplash summalarini;
g) mazkur Bitimning 1-moddasi, 2-bandida nazarda tutilgan Huquqlardan kelib chiquvchi litsenziya tushumlari va boshqa toʻlovlarni;
d) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirilayotgan investitsiyalarni saqlash va rivojlantirish hamda menejment uchun zarur boʻlgan kapital summasi va qoʻshimcha summalarni;
e) investitsiyalarni begonalashtirish, qisman yoki toʻliq tugatishdan, shuningdek kapitalning oʻsishidan tushgan tushumlarni;
j) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirilayotgan investitsiyalar munosabati bilan oladigan ish haqlarini;
z) mazkur Bitim moddalariga muvofiq toʻlanadigan kompensatsiyalar va mazkur Bitim doirasida har qanday investitsiya bahslari bilan bogʻliq toʻlovlarni.
2. Toʻlovlarni oʻtkazish kechiktirishlarsiz investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada yoki erkin muomaladagi valyutada toʻlovni oʻtkazish kunida qoʻllanilayotgan kurs boʻyicha va hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligida nazarda tutilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Mazkur modda qoidalariga qaramay, 1, 2-bandlarni, Ahdlashuvchi Tomon toʻlovlarni oʻz davlati qonunchiligi odilona, kamsitilmagan shartlarda oʻtkazish asoslarini:
a) bankrotlik, toʻlovga qodir emaslik yoki kreditorlar huquqini himoya qilish;
b) qimmatli qogʻozlar emissiyasi, savdosi yoki ular bilan operatsiyalar;
v) jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlik;
g) sud muhokamasi tartibi yoki qaroriga nomuvofiqlikning yuzaga kelishi holatlarda taqiqlab qoʻyishi mumkin.
4. Mazkur moddada koʻrsatilgan har qanday valyutadagi daromadlar va boshqa summalar hamda bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirish natijasida investitsiya qilish joyi boʻyicha manbalardan olinganlar keyingi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning qonunchiligiga muvofiq reinvestitsiya qilinishi yoki foydalanilishi mumkin.
5. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari valyutalarini va boshqa davlatlar valyutalarini, toʻlov hujjatlari, qiymatli qogʻozlarni olib kelish va olib chiqib ketish investitsiyalar amalga oshirilayotgan joy boʻyicha Ahdlashuvchi Tomon davlatining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi.
7-modda
Ekspropriatsiya va yoʻqotishlarni qoplash
Ekspropriatsiya va yoʻqotishlarni qoplash
1. Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga tegishli investitsiyalarga nisbatan tortib olish, natsionalizatsiya qilish yoki shunday tusga yoki teng oqibatga ega boʻlgan boshqa harakatlarni bevosita yoki bilvosita qoʻllamaydilar, agar ular:
a) qonuniy tartibda amalga oshirilayotgan ijtimoiy manfaatlarda qoʻllanilayotgan chora-tadbirlar;
b) kamsitilmaslik tusidagi yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon koʻllagan harakatlarga javob tariqasida qoʻllaniladigan chora-tadbirlar bilan bogʻliq boʻlmasa.
2. Mazkur modda 1-band a, b-kichik bandlarida nazarda tutilgan holatlarga muvofiq investitsiyalarni tortib olishni amalga oshirgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga odil va samarali qoplash berilishini taʼminlaydi. Bunday qoplash tortib olingan investitsiyalarning tortib olinishgacha yoki tortib olish toʻgʻrisidagi qaror barchaga maʼlum boʻlgan vaqtga qadar (qaysi biri oldin sodir boʻlishiga koʻra) boʻlgan bozor qiymatiga muvofiq keladi, tortib olish kunidan boshlab “Libor” stavkasi boʻyicha tortib olingan investitsiyalar qiymatidan foizlarni qamrab oladi va ular erkin oʻtkazilishi lozim boʻladi. Qoplash summalari investitsiyalar amalga oshirilgan yoki erkin muomaladagi valyutada belgilanishi va investorga kechiktirishlarsiz uning qayerdaligi yoki qayerda yashayotganligidan qatʼi nazar, toʻlanishi kerak. Toʻlovni oʻtkazishga aloqador normal talab etiladigan vaqt mobaynida amalga oshirilgan toʻlov “kechiktirmay amalga oshirilgan” toʻlov hisoblanadi. Bu davrni hisoblash talabnoma berilgan kundan boshlanadi va u uch oydan ortib ketmasligi kerak.
3. Investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida sodir boʻlgan urush yoki boshqa qurolli toʻqnashuv, revolyutsiya, favqulodda holat, toʻntarish, fuqarolar tartibsizliklari yoki shunga oʻxshash vaziyatlarda zarar koʻrgan bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga mazkur Bitim 4-modda 1, 2, 3-bandlari shartlariga muvofiq koʻrilgan zarar uchun kompensatsiya, restitutsiya, qoplash yoki boshqa qiymat toʻlovlari beriladi.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida shu Ahdlashuvchi Tomon davlati organlari, mansabdor shaxslarining investitsiya qilish joyi boʻyicha davlat qonunchiligiga zid boʻlgan xatti-harakatlari natijasida, shuningdek, bunday organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan majburiyatlarni tegishlicha bajarmaganliklari yoki bu investitsiyalarga toʻsiqlik qilganliklari oqibatida oʻz investitsiyalariga yetkazilgan zararni, boy berilgan foydani ham qoplatish huquqiga egadirlar.
8-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon yoki vakil qilingan muassasalar oʻz investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalari munosabatida notijorat tavakkalchiliklariga qandaydir moliyaviy kafolatlar bergan va shu kafolatlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlsalar boshqa Ahdlashuvchi Tomon subrogatsiya prinsipi asosida bu investorlar huquqlarini, shu jumladan, talab huquqlarini toʻliq hajmda birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning vakil qilingan muassasalariga bu investorlarning shu yoʻsinda sugʻurta qilingan investitsiyalariga aloqador majburiyatlari munosabatidagi shartlar bilan oʻtishini tan oladi.
2. Mazkur modda 1-bandida belgilangan subrogatsiya sodir boʻlganda investor talabnomalar bilan chiqmaydi, agar u bunga Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakil qilingan muassasasi tomonidan vakil qilinmagan boʻlsa.
3. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investori bilan bahsda tomon hisoblanuvchi Ahdlashuvchi Tomon bahsni hal qilishga aloqador yoki u boʻyicha qarorning bajarilish butun jarayonida himoya vositasi sifatida oʻz immunitetini yoki investor tomonidan keyingi Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakil qilingan muassasalari kafolatlari berilishini nazarda tutmaydigan koʻrilgan zararlar yoki yoʻqotishlar toʻliq hajmini yoki bir qismini qoplaydigan sugʻurta kontrakti boʻyicha tegishli boʻlgan qoplash summasi olinishini bahona qilmasligi kerak.
9-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashayotgan Tomonga mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga aloqador masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishni taklif qilishi mumkin. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday taklifni xayrixohlik bilan qabul qiladi va bunday maslahatlashuvlar uchun tegishli imkoniyatlarni yaratadi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi bahslarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi bahslarni hal qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga daxldor bahslar diplomatik yoʻllar orqali hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar bahs paydo boʻlgan kundan boshlab olti oy mobaynida kelishuvga erisha olmasalar, bahs istalgan Ahdlashuvchi Tomon talabiga koʻra uch aʼzodan tarkib topgan arbitraj Sudiga beriladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri bittadan arbitr tayinlaydi, tayinlangan arbitrlar esa ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan uchinchi davlat fuqarosi hisoblanadigan Raisni saylaydilar.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻz arbitrini tayinlamasa va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning bunday tayinlashni ikki oy mobaynida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik bildirmasa, keyingi Ahdlashuvchi Tomon tegishli tayinlashlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentiga murojaat qilishi mumkin.
4. Agar ikkala arbitr ham tayinlanganlaridan soʻng ikki oy mobaynida Raisni tanlashda kelishuvga erisha olmagan boʻlsalar, istalgan Ahdlashuvchi Tomon xalqaro Sud Prezidentiga Raisni tayinlashni amalga oshirish toʻgʻrisida murojaat qilishi mumkin.
5. Agar Mazkur moddaning 3, 4-bandlarida koʻrsatilgan hollarda Xalqaro Sud Prezidenti koʻrsatilgan vazifani bajara olmasa yoki u Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlaridan birining fuqarosi boʻlsa, bunday tayinlashni Prezidentning oʻrinbosari amalga oshiradi, agar u tegishli vazifani bajara olmasa yoki Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlaridan birining fuqarosi boʻlsa, tayinlashni Xalqaro Sudning Ahdlashuvchi Tomonlardan birortasining fuqarosi boʻlmagan yuqoriroq lavozimdagi aʼzosi amalga oshiradi.
6. Sud qonunni hurmat qilish asosida qaror chiqaradi. Sud qaror chiqarishdan oldin, oʻz ishining istalgan bosqichida Ahdlashuvchi Tomonlarga bahsni doʻstona yoʻl bilan hal etishni taklif qilishi mumkin. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar ana shunday qarorga kelsalar, oldingi qoidalar bahsni hal qilish yoʻliga toʻsiq boʻlmaydi.
7. Sud Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi boshqa kelishuvlarni buzmay, oʻz koʻrib chiqish tartiblarini belgilaydi. Sud qarorni koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi.
8. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri Suddagi oʻz aʼzosi xarajatlarini, shuningdek, arbitraj protsedurasidagi oʻz ulushlariga muvofiq oʻzi qoplaydi. Arbitraj Sudi Raisiga oid xarajatlar va boshqa xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlar teng ulushda qoplaydilar. Ammo Sud oʻz qarorida Ahdlashuvchi Tomonlardan biriga xarajatlarda koʻproq ishtirok etishini belgilashi mumkin va bu qaror Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi.
9. Sud qarori uzil-kesil hisoblanib, har bir Ahdlashuvchi Tomon uchun majburiydir.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi bahsni hal etish
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi bahsni hal etish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu orqali bir Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investori oʻrtasida oʻzi birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirayotgan investitsiyalari munosabatida yuzaga keladigan bahslarni 1965-yil 18-martda Vashington shahrida imzolash uchun tavsiya etilgan “Davlatlar va boshqa davlatlar fuqarolari oʻrtasida investitsiya bahslarini hal etish boʻyicha Konvensiya”ga muvofiq kelishtirish yoki sud yoʻli bilan investitsiya bahslarini hal etish xalqaro markazga berishga roziligini ifodalaydi. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investori yuzaga kelgan bahs boshlanishidan oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investori tomonidan nazorat qilingan boʻlsa, Konvensiya maqsadini bajarish boʻyicha Konvensiya 25-moddasiga (2-b) muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari bilan bir xil huquqqa ega boʻladi.
12-modda
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma holdagi roziligi bilan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Bitimning kuchga kirishi, amalda boʻlishining davomiyligi va toʻxtalishi
Bitimning kuchga kirishi, amalda boʻlishining davomiyligi va toʻxtalishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimni kuchga kiritish masalalarida har bir Ahdlashuvchi Tomon davlati milliy qonunchiligida nazarda tutilgan huquqiy tartiblar bajarilganligi toʻgʻrisidagi notalar bilan almashadilar.
Soʻnggi nota olingan kun Bitimning kuchga kirish kuni hisoblanadi.
2. Mazkur Bitim oʻn yil mobaynida amalda boʻladi. Mazkur Bitimning amalda boʻlishi, agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysi biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonga tegishli muddat tugashidan oʻn ikki oy oldin mazkur Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi maqsadini yozma holda xabar qilmasa, u navbatdagi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytirilaveradi.
3. Mazkur Bitim bekor qilingan hollarda uning qoidalari, 1 — 12-moddalar, mazkur Bitimning amalda boʻlishi toʻxtatilgunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan keyingi oʻn yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Mazkur Bitimni talqin qilish maqsadida ruscha matndan foydalaniladi.
(imzolar)