Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb yuritiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi,
har ikkala davlat uchun oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istagida,
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat investorlari investitsiyalari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida qulay sharoitlar yaratish va ularni saqlash maqsadida chet el investitsiyalarini ragʻbatlantirish va himoyalash zaruratini eʼtirof etib,
har ikkala davlatning iqtisodiy taraqqiyotiga koʻmaklashish maqsadida chet el investitsiyalarini ragʻbatlantirish va himoyalash zaruratini tan olib,
quyidagilar xususida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim tushunchasidagi:
1. “Investor” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlardan har biriga nisbatan:
a) ushbu Ahdlashuvchi Tomonning davlat fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxslarni;
b) yuridik shaxslarni, xususan jamiyatlar, korporatsiyalar, savdo shirkatlari va oʻzlari hududida joylashgan va xoʻjalik faoliyati yuritayotgan davlat qonunchiligiga muvofiq boshqa koʻrinishdagi tegishli tarzda tuzilgan yoki barpo etilgan oʻzga tashkilotlarni bildiradi.
2. “Investitsiya” atamasi har qanday-mulkni, xususan:
a) mol-mulk va koʻchmas mulk hamda ipoteka, garov kabi boshqa tegishli mulkiy huquqlarni;
b) aksiyalar, paylar, ulushlar va obligatsiyalar yoki korxonalardagi boshqa ishtirok turlarini;
v) pul talabnomalari va iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan boshqa xizmatlar boʻyicha talabnomalarni;
g) intellektual, patentlar, foydali modellar, sanoat andozalari va modellar, tovar nishonlari, firma nomlari, ishlab chiqarish va tijorat sirlari, texnologiyalar, “nou-xau” va “gud vil” mualliflik, savdo va sanoat mulkiga boʻlgan huquqlarni;
d) iqtisodiy faoliyat, shu jumladan tabiiy resurslarni topish, qazib chiqarish yoki ulardan foydalanish huquqini amalga oshirish tadbirlarini anglatadi.
3. Boyliklar toʻplash shaklining oʻzgarishi ularning investitsiya sifatidagi kvalifikatsiyasiga taʼsir koʻrsatmaydi.
4. “Daromad” atamasi mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq ravishda investitsiyalash natijasida foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziyali komission tushumlar, gonorarlar yoki mukofotning oʻzga shakllarida olingan pul summalarini bildiradi.
5. “Hudud” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasida Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻzlarining suveren huquqlari hamda yurisdiksiyani amalga oshiradigan tegishli hududlarni anglatadi.
2-modda
Qoʻllash doirasi
Qoʻllash doirasi
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan birining amaldagi qonunchiligi va boshqa normativ hujjatlarga muvofiq ravishda uning davlat hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat investorlari tomonidan ushbu Bitim 1992-yil 1-sentabrdan soʻng amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi.
3-modda
Investitsiyalar uchun ijozat berish va ularni ragʻbatlantirish
Investitsiyalar uchun ijozat berish va ularni ragʻbatlantirish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat investori investitsiyalarini ragʻbatlantiradi va bunday investitsiyalarga ruxsat beradi.
2. Oʻz davlati hududida investitsiyalar uchun ijozat bergan Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq bunday investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan tegishli ruxsatnomalar beradi.
4-modda
Investitsiyalarni himoyalash va ularning rejimi
Investitsiyalarni himoyalash va ularning rejimi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz qonunchiligiga muvofiq ravishda boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini toʻliq va soʻzsiz huquqiy himoya qilishga kafolat beradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari va daromadlari hamda istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun yaratilgandan koʻra kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli rejim yaratadi.
3. Mazkur Bitimning yanada qulayroq shart-sharoitlar yaratish xususidagi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birini boshqa Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan:
a) mavjud yoki amalga oshirilishi mumkin boʻlgan bojxona uyushmalari, erkin savdo zonalari, umumiy bozor yoki mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning oʻzga shakllari;
b) ikki tomonlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisidagi har qanday bitim yoki soliq solish masalalari boʻyicha boshqa xalqaro bitimlardan kelib chiqqan holda imtiyozli preferensiya rejimi yoki yengilliklar yaratishga majburlovchi asos sifatida talqin etilmasligi lozim.
5-modda
Pul oʻtkazishlar
Pul oʻtkazishlar
1. Hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning har biri ana shu investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlarni hech qanday moneliksiz oʻtkazilishini taʼminlaydi, xususan:
a) foizlar, dividendlar, foyda va boshqa joriy daromadlar;
b) zayomlar pulini qaytarish summalari;
v) investitsiyalarni boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplovchi summalar;
g) litsenziyali tushumlar va mazkur Bitimning 1-moddasidagi 2-bandining v/, g/ va d/ bandlarida qayd etilgan huquqlardan kelib chiquvchi boshqa toʻlovlar;
d) sarmoya summasi va investitsiyalarning yoʻnalishi hamda rivojlantirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha summalar;
z) investitsiyalarni tasarrufdan chiqarish, qisman yoki toʻliq ravishda tugatish, shu jumladan sarmoyalarning orta borishidan kelgan tushumlar;
i) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida amalga oshirilgan investitsiyalar munosabati bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari oladigan ish haqi.
2. Pul oʻtkazish investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon hududida pul oʻtkazish paytida amal qilinayotgan erkin muomaladagi valyuta kursi boʻyicha zudlik bilan hamda oʻsha Tomonning qonunchiligida koʻzda tutilgan rasmiy tartiblarga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
6-modda
Muomaladan chiqarish va tovon toʻlash
Muomaladan chiqarish va tovon toʻlash
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita muomaladan chiqarish, natsionalizatsiya qilish yoki shunga oʻxshash harakatlarni yoxud boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyasiga taʼsiri shunday oqibatlarga olib keladigan tadbirlarni qoʻllamaydi. Bu kabi xatti-harakatlarning jamoat manfaatlari yoʻlida va huquqiy kamsitishsiz hamda qonunchilikda belgilangan tartibga koʻra, adolatli va foydali tovon toʻlash asosida amalga oshirilishi hollari bundan mustasno. Bunday tovon toʻlash investitsiyani muomaladan chiqarishgacha yoki muomaladan chiqarish xususidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtda (bundan avval qanday hol yuz berganligiga bogʻlik ravishda) belgilangan bozor narxiga muvofiq boʻladi va muomaladan chiqarilgan investitsiya qiymatining muomaladan chiqarilgan kundan eʼtiboran foiz hisobidagi toʻlovlarini qamrab oladi hamda erkin ravishda istalgan joyga oʻtkaziladi. Tovon toʻlovlari muomaladagi erkin valyutada belgilanadi va qonuniy huquqqa ega boʻlgan shaxsga uning manzili hamda yashash joyidan qatʼi nazar, hech qanday kechikishsiz, oʻz vaqtida toʻlanadi. “Ortiqcha kechikishsiz” tarzida oʻtkazilgan pul — ana shu pul oʻtkazish bilan rasmiy tadbirlarni amalga oshirish uchun meʼyor talabidagi vaqtni taqozo etuvchi pul hisoblanadi. Bu davr boʻyicha hisob buyurtma berilgan kundan boshlanadi va u uch oydan oshmasligi kerak.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorining investitsiyasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida sodir boʻlgan urush yoki qurolli toʻqnashuv, fuqarolar oʻrtasidagi tartibsizliklar, favqulodda vaziyat va shunga oʻxshash boshqa voqealar oqibatida yetkazilgan zararni tiklash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, zararni qoplash, tovon toʻlovi yoxud 4-moddaning 1, 2-bandlarida qayd etilgan talofot qiymati kabi toʻlovlar toʻlanadi.
7-modda
Yanada qulay rejim prinsiplari
Yanada qulay rejim prinsiplari
Agar qonunchilik yoki Ahdlashuvchi Tomonlarning normativ hujjatlari yoxud xalqaro qonunchilikka muvofiq Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida yuzaga kelgan vaziyat qoʻshimcha tartibot talab etsa va bu tartibot umuman yoki qisman investitsiyalarga taalluqli boʻlib, boshqa Ahdlashuvchi Tomon amalga oshirayotgan, mazkur Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra yanada qulayroq rejim boʻlsa, u holda shu tartibot oʻsha hajmda ushbu Bitimga nisbatan birmuncha ustun hisoblanadi.
8-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon Hududidagi oʻz investorining sarmoyalariga nisbatan tijorat xavfidan qandaydir moliyaviy kafolat bergan boʻlsa, birinchi Ahdlashuvchi Tomon oʻsha kafolatga koʻra toʻlovlarni bajargan holda ikkinchi Tomon subrogatsiya prinsiplari asosida investor huquqlari birinchi Ahdlashuvchi Tomonga oʻtishini tan olishi lozim.
2. Agar investor Ahdlashuvchi Tomon yoki uning istalgan instituti tomonidan vakil etib tayinlanmasa, ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan subrogatsiya holatida u talabnoma bilan chiqishga haqli emas.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
1. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash xususida Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida yuzaga kelgan nizolar diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar nizo paydo boʻlgan vaqtdan boshlab oʻn ikki oy mobaynida murosaga kelolmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga koʻra, nizo, koʻrib chiqish uchun uch aʼzodan iborat tarkibdagi arbitraj sudiga topshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bittadan arbitr tayinlaydi. Tayinlangan arbitrlar saylaydigan rais esa har ikkala Ahdlashuvchi Tomon bilan ham diplomatik munosabatda boʻlgan uchinchi davlat fuqarosi boʻladi.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri arbitr tayinlamasa va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning ikki oy muddat mobaynida arbitr tayinlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozi boʻlmasa, arbitr shu Ahdlashuvchi Tomonning iltimosiga koʻra Xalqaro Sud Raisi tomonidan tayinlanadi.
4. Har ikkala arbitr tayinlangan kundan boshlab ikki oy muddat mobaynida rais saylashda murosaga kelolmagan holda, rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga binoan Xalqaro Sud Raisi tomonidan tayinlanadi.
5. Ushbu moddaning 3 va 4-bandlarida qayd etilgan Hollarda Sud Raisi belgilangan vazifalarni bajara olmasa yoki, basharti u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, bunday tayinlanish Rais oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi, bordi-yu u ham tegishli vazifalarni bajarolmasa yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, u holda tayinlanish Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan Xalqaro Sudning eng yuqori darajali sudyasi tomonidan tayinlanadi.
6. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi qarorlarni buzmagan holda sud oʻz tartib-qoidalarini belgilaydi. Sud koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi.
7. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz sud aʼzolari uchun sarflangan xarajatlarni, shuningdek arbitraj tadbiridagi oʻz ulushiga muvofiq xarajatlarni toʻlaydi. Rais uchun sarflanadigan va boshqa xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlar teng miqdorda toʻlaydilar. Biroq, sud oʻz qarorida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun koʻproq ulush belgilashi mumkin. Bunday qaror esa har ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun majburiydir.
8. Sud qarorlari Ahdlashuvchi Tomonlarning har ikkalasi uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomon va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon
Davlati investori oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomon va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon
Davlati investori oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomon va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati investori oʻrtasidagi investitsiyaga oid nizolarni hal etish maqsadida mazkur Bitimning 9-moddasi qoidalari ahamiyatini saqlagan holda manfaatdor Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
2. Agar nizolar konsultatsiyalar boshlash xususida yozma ravishda taklif etilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida hal etilmasa, nizolashuvchi tomonlar quyidagicha ish tutishlari mumkin;
a) agar nizo ushbu Bitimning 5 va 6-moddalariga oid majburiyatlarga tegishli boʻlsa, investorning iltimosiga koʻra u hal etish uchun arbitraj sudiga havola etiladi;
b) ushbu moddaning 2-a) bandida qayd etilgan nizo har ikkala tomonning roziligiga binoan arbitraj sudiga topshiriladi.
3. Har bir individual ish uchun alohida arbitraj sudi tuziladi. Nizoda ishtirok etuvchi Tomonlar boshqa tarzda kelishmasalar, ularning har biri bittadan arbitr tayinlaydi. Tayinlangan arbitrlar esa uchinchi davlat fuqarosi boʻlgan raisni saylaydilar. Arbitrlar nizo arbitraj sudida koʻrib chiqish uchun talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy mobaynida tayinlanishi lozim.
4. Agar ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan muddatlar bajarilmasa, boshqa tarzdagi kelishuvga ega boʻlmagan holda istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlov oʻtkazish xususida Parijdagi Xalqaro Savdo Palatasi qoshidagi Arbitraj sudi Raisiga iltimos qilishga haqli. Basharti, Rais bu vazifani bajarolmasa yoki Ahdlashuvchi Tomon Davlatining fuqarosi boʻlsa, mazkur Bitimning 9-moddasi, 5-bandining mutatis mutandis qoidalari qoʻllanadi.
5. Agar tomonlar boshqa tarzda kelishmagan boʻlsalar, sud oʻzining tegishli tartib-qoidalarini belgilaydi. Qarorlar tugal va majburiy hisoblanadi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri arbitraj qarorlarining tan olinishi va bajarilishini taʼminlaydi.
6. Nizolashuvchi Tomonlarning har biri oʻz sud aʼzosi uchun sarflangan xarajatlarni va arbitraj tadbiridagi oʻz ulushiga muvofiq tarzdagi xarajatlarni toʻlaydi. Ahdlashuvchi Tomonlar Rais uchun sarflanadigan va boshqa xarajatlarni nizolashuvchi Tomonlar sifatida teng miqdorda toʻlaydilar. Ammo sud oʻz qarorida xarajatlarni taqsimlash borasida Tomonlar uchun oʻzgacha nisbatni ham qoʻllashi mumkin.
7. Nizolashuvchi Tomon hisoblanuvchi Ahdlashuvchi Tomon hakamlik tadbirining yoki sud qarori bajarilishini istalgan bosqichida investor tomonidan sugʻurta shartnomasiga koʻra koʻrilgan zararlarni toʻlaligicha yoki qisman ravishda qoplovchi mablagʻ olinganligi toʻgʻrisidagi faktga havola qilishi mumkin emas.
8. Agar har ikkala Ahdlashuvchi Tomon ham davlatlar va chet ellik shaxslar oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisidagi 1965-yil 18-martdagi Konvensiyaga aʼzo tomon boʻlsa, ushbu moddaning 2-a) bandida qayd etilgan nizolar investor talabiga koʻra,
mazkur moddaning 2-6) bandida qayd etilgan nizolar esa hal etish uchun manfaatdor Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan investitsion nizolarni tartibga soluvchi Xalqaro markazga yoʻllanadi.
11-modda
Yakunlovchi qoidalar
Yakunlovchi qoidalar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro bitimlarning qonuniy kuchga kirishi xususida har bir Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligida koʻzda tutilgan huquqiy tartib-qoidalarning bajarilishi toʻgʻrisida nota almashadilar. Soʻnggi nota olingan kun ushbu Bitim qonuniy kuchga kirgan sana hisoblanadi.
2. Mazkur Bitim oʻn yil mobaynida amalda joriy boʻladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni belgilangan muddat tugashidan oʻn ikki oy avval oʻzining ushbu Bitimni harakatdan toʻxtatish xususidagi qaroridan ogoh qilmasa, Bitimning amalda joriy boʻlish muddati avtomatik tarzda navbatdagi besh yillik davrlarga surilib boradi.
3. Mazkur Bitim bekor qilingan taqdirda 1 — 10-moddalarda qayd etilgan qoidalar keyingi oʻn yil mobaynida ushbu Bitim harakatdan toʻxtatilgunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbu Bitim 1995-yil 11-yanvarda, Varshava shahrida ikki asl nusxada tuzilgan, har bir nusxa oʻzbek, polyak va rus tillarida tuzildi, bunda uchala matn ham bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimda qayd etilgan qoidalarni talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar rus tilidagi Bitimni dastur qilib oladilar.
(imzolar)