Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
jinoyatchilik, xususan, uning uyushgan shakllari rivojlanishining miqyoslari va tamoyillaridan tashvishlanib,
kishilar hayoti, huquqi va erki, obroʻyi va qadr-qimmati, jamiyat va davlat manfaatlariga tajovuz qilishdan puxta himoya qilishni taʼminlashga intilishdan kelib chiqib,
umum tan olingan inson huquqlari va erkinliklariga amal qilish borasida xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga alohida eʼtibor berib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov amalga oshirish borasidagi hujjatlari qoidalarini hisobga olib,
1993-yil 22-yanvarda qabul qilingan fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyani, shuningdek, 1993-yil 12-martda MDH hukumatlari boshliqlari Kengashi qarori bilan tasdiqlangan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va jinoyatning boshqa xavfli turlariga qarshi kurash boʻyicha qoʻshma tadbirlar Dasturini eʼtiborga olib,
1992-yil 25-avgustda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina oʻrtasida davlatlararo munosabatlar asoslari, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnoma hamda 1995-yil 20-iyundagi oʻzbek-ukrain hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi Deklaratsiya qoidalariga tayanib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik qatʼiyatlaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimni qoʻllash miqyosi va subyektlari
Bitimni qoʻllash miqyosi va subyektlari
1. Tomonlar oʻzlarining markaziy mutasaddi idoralari orqali ushbu Bitim qoidalariga muvofiq ravishda va oʻz davlatlari qonunchiligi hamda xalqaro majburiyatlariga amal qilgan holda jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha hamkorlik qiladilar.
2. Ushbu Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va ushlab berish masalalariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitim maqsadlari uchun markaziy mutasaddi idoralari boʻlib:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati;
Ukraina uchun — Bosh Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Ukraina davlat chegarasini himoya qilish ishlari boʻyicha davlat qoʻmitasi hisoblanadi.
4. Tomonlardan har biri ikkinchi Tomonni oʻz markaziy mutasaddi idoralari roʻyxati oʻzgarganligi haqida xabardor qilib boradi.
5. Markaziy mutasaddi idoralar ushbu Bitimni bajarish maqsadida bir-birlari bilan bevosita muloqot oʻrnatadilar. Agar manfaatdor markaziy mutasaddi idoralar shu tartib haqida oʻzaro kelishsalar. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan hamkorlik tadbirlari mahalliy darajada ham olib borilishi mumkin.
2-modda
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar jinoyatni oldini olish, aniqlash, toʻxtatish va ochish, xususan, quyidagi xatti-harakatlar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
shaxs hayoti, salomatligi, erki va qadr-qimmatiga qarshi qaratilgan, shuningdek, mulkka qarshi kuch ishlatib qilingan jinoyatlar;
terrorizm aktlari, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya;
qonunsiz ravishda qurol, oʻq-dori, portlovchi va zaharli moddalar, shuningdek, radioaktiv ashyolar ishlatish;
odamlarni oʻgʻirlash, garov tariqasida ushlab turish;
fohishabozlikni bilan bogʻlik jinoyatlar;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, shuningdek, ularni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan moddalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish;
ekologik jinoyatlar;
iqtisod sohasidagi jinoyatlar, shu jumladan, valyuta boyliklari bilan qonunsiz operatsiyalar, qonunsiz xalqaro moliyaviy va eksport operatsiyalari, jinoiy faoliyatdan topilgan daromadlarni qonunlashtirish, soxta pul belgilari va moliyaviy hujjatlar, qimmatbaho qogʻozlar va benaqd toʻlov vositalari yasash va oʻtkazish;
kontrabanda;
madaniy va tarixiy boyliklarga jinoiy tajovuz qilish;
naqliyotdagi jinoyatlar;
avtonaqliyot vositalarini oʻgʻirlash;
2. Tomonlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ham hamkorlik qiladilar:
naqliyot va yoʻl harakatida xavfsizlikni taʼminlash;
jinoiy jazolarni ijro etishni tashkil etish;
pasport-viza ishlari, kelish, ketish, tranzit poyezdlar va xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar turishini nazorat qilish;
qimmatbaho va maxsus yuklarni kuzatib borish va qoʻriqlash;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash;
nomaʼlum jasadlar, oʻzi haqida maʼlumot berolmaydigan bemorlar va bolalar shaxsini aniqlash.
3. Tomonlar quyidagi sohalar boʻyicha ham hamkorlik qiladilar:
oʻz mutasaddi idoralari faoliyatini moddiy-texnikaviy tarafdan taʼminlash;
kadrlar tayyorlash va ular malakasini oshirish;
jinoyatchilikka qarshi kurash manfaatlariga xizmat qiladigan, shu jumladan, axboriy tizimlar, aloqa vositalari va maxsus texnika boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Ushbu Bitimning 2-moddasi qoidalarini hayotga tatbiq etish maqsadida Tomonlar markaziy idoralari, jumladan, quyidagi shakllarda hamkorliklar olib boradilar:
tayyorlanayotgan yoxud sodir etilgan jinoyatlar va ularga aloqador jismoniy va huquqiy shaxslar hamda tashkilotlar haqida qiziqish uygʻotuvchi axborotlar almashlash;
tezkor qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrovlarni bajarish;
jinoiy qidiruv yoki jazoni oʻtashdan yashirinib yurgan, shuningdek, bedarak yoʻqolgan shaxslarni izlash;
qonunsiz tarzda muomalada boʻlgan giyohvand vositalar va psixotrop moddalarning yangi turlari, ularni ishlab chiqarish texnologiyasi va bunda ishlatiladigan moddalar, shuningdek giyohvand vosita va psixotrop moddalarni tadqiq etish hamda aniqlashning yangi usullari toʻgʻrisida axborotlar almashish;
tartib raqami yoki maxsus belgisi mavjud predmetlar, shu jumladan, avtonaqliyot va oʻq otar qurol, shuningdek, tartib raqamli qimmatbaho qogʻoz va pasportlar (shaxs guvohnomasi)ni izlash;
ish tajribasi bilan almashish, shu jumladan, stajirovkalar, mashvaratlar, seminarlar va oʻquv kurslari oʻtkazish;
qonunchilik va boshqa meʼyoriy-huquqiy aktlar almashish, oʻquv va tadrijiy adabiyotlarga ega boʻlish sohasida oʻzaro yordamlashish;
oʻzaro manfaatli muammolar boʻyicha hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
oʻzaro foydali asosda ilmiy-texnikaviy adabiyotlar va axborot ayirboshlash.
4-modda
Yordam koʻrsatish haqida soʻrovlar
Yordam koʻrsatish haqida soʻrovlar
1. Ushbu Bitim doirasida hamkorlik Tomonlar mutasaddi idoralarining yordam koʻrsatish haqida soʻrovlari asosida olib boriladi.
2. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov yozma ravishda joʻnatiladi. Shoshilinch holatlarda soʻrovlar teletayp, telefaks, telegraf orqali yuborilishi mumkin, biroq ular oʻn kun ichida yozma ravishda tasdiqlanishi kerak.
Yordam koʻrsatish haqida soʻrovning haqiqiyligi yoki mazmuniga shubha tugʻilsa, uning tasdigʻi soʻralishi mumkin.
3. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
a) yordam soʻrayotgan mutasaddi idoraning va soʻrov bilan murojaat qilinayotgan idoraning nomi;
b) soʻrov mazmuni va uni bajarish uchun zarur maʼlumot;
v) ishga aloqador shaxslar ismi va nasabi, fuqaroligi, ularning yashash va qoʻnim joyi, shuningdek boshqa maʼlumotlar.
4. Joʻnatilgan yoki yozma shaklda tasdiqlangan yordam koʻrsatish haqida soʻrov soʻrayotgan mutasaddi idora rahbari yoki uning muovini tarafidan imzolanadi va ushbu Bitim 1-moddasi 5-bandida koʻzda tutilgan tartibda joʻnatiladi.
5-modda
Yordam koʻrsatishni rad etish
Yordam koʻrsatishni rad etish
1. Agar soʻrov olgan Tomon soʻrovni bajarish uning davlati manfaatlariga ziyon yetkazadi yoxud uning qonunchiligiga yoki xalqaro majburiyatlariga zid keladi deb hisoblasa, ushbu Bitim doirasida yordam koʻrsatish butunlay yoki qisman rad etiladi.
2. Agar soʻrov kelishiga sabab boʻlgan xatti-harakat soʻrov olgan Tomon davlatida amalda boʻlgan qonunchilik boʻyicha jinoyat hisoblanmasa, yordam koʻrsatish rad etilishi mumkin.
3. Soʻrovni bajarishni rad etish haqida qaror qabul qilingan taqdirda soʻrov yuborgan Tomon rad etishning sabablari koʻrsatilgan holda xabardor qilinishi kerak.
6-modda
Soʻrovning bajarilishi
Soʻrovning bajarilishi
1. Agar soʻrovni bajarish soʻrov olgan idora kompetensiyasiga kirmasa, bu idora uni tezda mutasaddi idoraga joʻnatadi va bundan soʻrov yuborgan Tomonni xabardor qiladi.
2. Ehtiyoj tugʻilgudek boʻlsa, soʻrov olgan Tomon soʻrovni bajarish uchun zarur deb hisoblangan taqdirda qoʻshimcha maʼlumotlar soʻrash huquqiga ega.
3. Soʻrov olgan Tomon markaziy mutasaddi idoralari soʻrovning tez, imkon qadar toʻla va sifatli bajarilishini taʼminlovchi barcha chora-tadbirlar koʻradi.
Soʻrovni bajarishga xalaqit qiladigan yoki uni jiddiy toʻxtatib turadigan vaziyatlar yuzaga kelsa, bu haqda zudlik bilan soʻrov yuborgan mutasaddi idora xabardor qilinadi.
4. Soʻrovni bajarishda soʻrov olgan Tomon davlati qonunchiligi qoʻllanadi, lekin soʻrov yuborgan Tomon iltimosiga koʻra, agar soʻrov olgan Tomon davlati qonunchiligi yoki uning xalqaro majburiyatlariga zid kelmasa, soʻrov yuborgan Tomon davlati qonunchiligi qoʻllanishi mumkin.
5. Agar soʻrov olgan Tomon soʻrovni bajarish jinoiy qidiruv yoki boshqa oʻz davlatida amalga oshirilayotgan boshqa ishlarga xalaqit qiladi deb hisoblasa, u soʻrovni bajarishni toʻxtatib turishi yoki uni soʻrov yuborgan Tomon mutasaddi idoralari bilan mashvaratlar oʻtkazganidan keyin muayyanlashadigan shartlarga rioya qilingan taqdirdagina bajarishini bildirishi mumkin. Agar soʻrov yuborgan Tomon shunday shartlar asosida yordam berilishiga koʻnsa, bu shartlarga amal qilishni zimmasiga olishi kerak.
6. Soʻrov olgan Tomon, soʻrov yuborgan Tomon iltimos qilgudek boʻlsa, soʻrov va uning mazmunini maxfiy tutishning barcha chora-tadbirlarini koʻradi. Agar soʻrovni maxfiy tutmasdan bajarishning iloji boʻlmasa, soʻrov olgan Tomon mutasaddi idorasi bu haqda soʻrov yuborgan Tomon mutasaddi idorasini xabardor qiladi va u soʻrovni ana shunday sharoitda bajarish kerakmi-yoʻqligini hal etadi.
7. Soʻrov yuborgan Tomon mutasaddi idorasi iltimos qilgan taqdirda soʻrov olgan Tomon mutasaddi idorasi uni soʻrovning bajarilishi qanday borayotgani haqida xabardor qiladi.
8. Soʻrov olgan Tomon mutasaddi idorasi imkon qadar qisqa muddatda soʻrov yuborgan Tomon mutasaddi idorasini soʻrovning bajarilishi natijalari haqida xabardor qiladi.
7-modda
Soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishni chegaralash
Soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishni chegaralash
1. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonga soʻrov olgan Tomon mutasaddi idorasi bilan oldindan kelishib olmay turib ushbu Bitimga muvofiq olingan soʻrov natijalaridan soʻrovda qayd etilgan maqsadlardan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik haqida iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Bunday xollarda soʻrov yuborgan Tomon soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishda koʻrsatilgan cheklanishga amal qiladi.
2. Soʻrov olgan tomon soʻrov yuborgan Tomonga ushbu Bitimga muvofiq olingan soʻrovni bajarish natijalarini yoymaslik yoki faqat u bilan oʻzaro kelishilgan shart-sharoitlardagina foydalanish haqida iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Agar soʻrov yuborgan Tomon soʻrovni bajarish natijalarini shu shart bilan qabul qilsa, u ana shu shartlarga imkoni qadar amal qilishga intilishi lozim.
3. Ushbu modda mazmuni, agar soʻrov yuborgan Tomon davlati qonunchiligida albatta shunday ish koʻrish koʻzda tutilgan boʻlsa, soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanish yoki oshkor qilishni man etmaydi. Soʻrov yuborgan Tomon soʻrov olgan Tomonni oldindan ana shunday foydalanish va oshkor qilish mumkinligi va moʻljallanayotganligi haqida xabardor qiladi.
8-modda
Nazorat qilinuvchi joʻnatmalar
Nazorat qilinuvchi joʻnatmalar
1. Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi va oʻz imkoniyatlari doirasida har qanday uchinchi Tomon bilan qonunsiz ravishda predmet va narsalar bilan muomalada boʻlgan shaxslarni topish va ularni jinoiy qidiruv maqsadida bitim va shartnomalarni ichiga olgan holda muomalada boʻlishi taʼqiqlangan predmet va narsalarni ikki taraflama shartnoma asosida nazorat qilinuvchi joʻnatmalar usulidan foydalanishni koʻzda tutadigan zarur chora-tadbirlar koʻradilar.
2. Ikkala Tomon mutasaddi idoralari tarafidan nazorat qilinuvchi joʻnatmalar usulini qoʻllash haqida qaror har bir alohida hodisada jamoat tartibini saqlashni hisobga olgan holda, zarurat tugʻilsa, moliyaviy shartnomalar va Tomonlar qabul qilgan yurisdiksiya boʻyicha oʻzaro tushunish ham inobatga olinishi mumkin.
3. Nazorat qilinuvchi joʻnatmalar imzolangan shartnomalarga muvofiq, shu jumladan, xar qanday uchinchi tomon ishtirokida oʻtkaziladigan qonunsiz predmet va narsalar partiyalari qoʻlga olinishi va jinoyat-protsessual qonunchilikka asosan qayta joʻnatish uchun uni toʻliq yoki qisman ushlab qolinishi yoxud toʻla yoki qisman almashtirilishi mumkin.
9-modda
Jinoiy jarayon qatnashchilari va boshqa shaxslarni muhofaza qilish
Jinoiy jarayon qatnashchilari va boshqa shaxslarni muhofaza qilish
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi asosida tegishli holatlarda shaxslar xavfsizligini, zarurat tugʻilib qolgan holatlarda koʻrsatmalari yoki xatti-harakatlari uyushgan jinoyatchi guruhlar faoliyatidan xabardor qilish yoki unga qoʻshilish yoxud jinoiy ishlarni qidirish yoki koʻrib chiqish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini taʼminlashning xam oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarini koʻradilar.
10-modda
Mutasaddi markaziy idoralar oʻrtasida bitim
Mutasaddi markaziy idoralar oʻrtasida bitim
Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida manfaatdor Tomonlar markaziy mutasaddi idoralari muassasalararo bitimlar tuzishlari mumkin.
11-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Agar har bir muayyan hodisa uchun boshqa tartib kelishib olinmagan boʻlsa, Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish jarayonida zarur boʻladigan xarajatlarni mustaqil ravishda oʻzlari toʻlaydilar.
2. Tomonlar, zarurat tugʻilgudek boʻlsa, bir-birlariga beminnat yordam qiladilar, jumladan, jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha muayyan vazifalarni hal etish uchun zarur uskuna va ashyolar yetkazib beradilar.
12-modda
Tillar
Tillar
Tomonlar mutasaddi idoralari ushbu Bitim asosida hamkorlikni amalga oshirishda oʻzbek, ukrain tillaridan uning rus tilidagi, tarjimani amalga oshirgan organning imzosi va muhri bilan tasdiqlangan tarjimasidan foydalanadilar.
13-modda
Ish yuzasidan uchrashuvlar va mashvaratlar
Ish yuzasidan uchrashuvlar va mashvaratlar
1. Tomonlar yoki ularning markaziy mutasaddi idoralari vakillari, zarurat tugʻilgudek boʻlsa, ushbu Bitim asosidagi hamkorliklarni mustahkamlash va samaradorligini oshirish masalalarini koʻrib chiqish maqsadida ish yuzasidan uchrashuvlar va mashvaratlar oʻtkazadilar.
2. Tomonlar va ularning markaziy mutasaddi idoralari ushbu Bitim qoidalarini talqin etish va koʻllash bilan bogʻliq barcha bahsli masalalarni mashvaratlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
14-modda
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlarning oʻzlari aʼzo boʻlgan boshqa xalqaro Shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15-modda
Yakunlovchi qoidalar
Yakunlovchi qoidalar
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uni toʻxtatish niyati borligi haqida yozma ravishda ikkinchi Tomonning bildirishnomasini olgan kunidan keyin olti oy oʻtganigacha amal qiladi.
Toshkent shahrida 1995-yil 20-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim moddalarini talqin etishda tafovutlar yuzaga kelganda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)