OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLASHTIRISH, MONOPOLIYADAN CHIQARISH VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISH DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (3-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 3-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2652]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 10-maydagi 129-son “Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 6-iyuldagi 01/19-10/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 2652-1, 27.07.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 753-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (3-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais D. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,
01/27-26/30-son
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 31-dekabrdagi 01/27-26/30-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (3-son RXMS)
“Koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilish”
“Koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilish”
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (3-son RXMS) “Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish” (keyingi oʻrinlarda standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 10-maydagi 129-son “Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish orqali amalga oshiriladigan rieltorlik faoliyatiga qoʻyiladigan umumiy talablarni belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 6-iyuldagi 01/19-10/11-sonli qarori (roʻyxat raqami 2652-1, 27.07.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 753-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Asosiy tushunchalar
1. Mazkur standart maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
auksion — shartnoma tuziladigan talabgor musobaqalashish asosida aniqlanadigan savdo shakli boʻlib, unda koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlarga eng yuqori narxni taklif qilgan ishtirokchi shartnoma tuzish huquqini oladi. Auksionlar ochiq yoki yopiq boʻlishi mumkin;
auksionchi — rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
boshlangʻich narx — koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarni savdolarga qoʻyish uchun sotuvchi tomonidan belgilangan narx;
vakolatli vakil — ishtirokchi (talabgor) tomonidan ishonchnomaga asosan buyurtma berish hamda auksionda va tanlovda ishtirok etish uchun vakolat berilgan shaxs yoki qonuniy vakillar;
yopiq auksion — sotuvchi tomonidan oldindan belgilangan mezonlar asosida maxsus taklif qilingan yuridik va/yoki jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin boʻlgan auksion turi;
yopiq tanlov — sotuvchi tomonidan oldindan belgilangan mezonlar asosida tanlab olingan, maxsus taklif qilingan yuridik va/yoki jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin boʻlgan tanlov turi;
ishtirokchi — tanlov yoki auksionda ishtirok etishga kiritilgan talabgor yoki uning vakolatli vakili
ochiq auksion — koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritish niyati toʻgʻrisida maʼlum qilgan istalgan yuridik va/yoki jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin boʻlgan auksion turi;
ochiq tanlov — koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritish hamda tanlov shartlarini bajarish niyati toʻgʻrisida maʼlum qilgan istalgan yuridik va/yoki jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin boʻlgan tanlov turi;
savdolar tashkilotchisi — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi asosida koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilishni amalga oshiradigan rieltorlik tashkiloti;
Keyingi tahrirga qarang.
sotuvchi — koʻchmas mulk obyektining mulkdori yoki mulkiy huquq egasi;
talabgor — savdolarda qatnashish niyati toʻgʻrisida maʼlum qilgan yuridik yoki jismoniy shaxslar;
tanlov — shartnoma tuziladigan talabgor tanlov hujjatlarining mezonlari va shartlariga ishtirokchilar tomonidan muvofiq taqdim etilgan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlanadigan savdo shakli. Tanlovlar ochiq yoki yopiq boʻlishi mumkin;
tanlov taklifi — tanlov hujjatlarida belgilangan shartlarda shartnoma tuzishga boʻlgan taklif;
tanlov hujjatlari — tanlovni oʻtkazish qoidalari, tanlov takliflarining shakllarini oʻz ichiga olgan, koʻchmas mulk obyektining va unga boʻlgan huquqlarning texnik, tijorat, tashkiliy va boshqa tavsiflari toʻgʻrisida dastlabki axborotni, shuningdek savdolar tashkilotchisi tomonidan talabgorlarga taqdim qilinadigan tanlov shartlari va tartibotlarini oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami;
tanlov shartlari — sotuvchi tomonidan belgilanadigan tanlov oʻtkazish tartibi va joyi, taklif narxi, koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlari, miqdori va hajmi, cheklovlari hamda ishtirokchilarga boʻlgan boshqa talablar boʻyicha shartlar.
2-bob. Umumiy qoidalar
2. Standartning maqsadi savdolar tashkilotchilari tomonidan koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilish, shu jumladan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarni sotish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishning shartlari va tartibini belgilab berishdan iborat.
3. Standartning vazifasi koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishda rieltorlik xizmatlari isteʼmolchilari uchun lozim darajadagi sifatni taʼminlab beradigan yagona talablarni belgilab berish hisoblanadi.
4. Standart koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar bilan savdolarni tashkil qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishda savdolar tashkilotchilari uchun qoʻllashga majburiydir.
Standart Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son qarori bilan tasdiqlangan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida avtomototransport vositalari va koʻchmas mulkni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan tartibga solingan munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Savdolar tashkilotchisi auksion oʻtkazish jarayonini, tanlov takliflari boʻlgan konvertlarni ochishni hamda ularni baholash jarayonini videotasvirga oladi. Savdolar tashkilotchisi videotasvirlarni yonmaydigan seyfda ular tayyorlangan vaqtdan boshlab uch yil davomida saqlashi lozim.
6. Savdolarni tashkil qilish va oʻtkazish savdolar tashkilotchisi tomonidan uning mablagʻlari hisobiga sotuvchi va savdolar tashkilotchisi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlarni auksionda sotish
7. Auksion oʻtkazish uchun sotuvchi:
savdolar tashkilotchisi bilan koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlarni sotishga xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzadi, unda quyidagilar boʻlishi shart: tomonlarning rekvizitlari, shartnoma predmeti, savdolar tashkilotchisi va sotuvchining huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan sotiladigan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisida savdolar tashkilotchisini zarur hujjatlar va axborot bilan taʼminlash boʻyicha, hisob-kitoblar tartibi va tomonlarning javobgarligi, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar;
Keyingi tahrirga qarang.
auksionning sanasini va turini (ochiq yoki yopiq) belgilaydi.
8. Savdolar tashkilotchisi sotuvchi bilan tuzilgan shartnomaga va sotuvchining tasarruf etuvchi hujjatlariga muvofiq:
auksionda ishtirok etish uchun buyurtmalar berish muddatini belgilaydi;
ochiq auksion oʻtkazish sanasidan oʻttiz kun oldin respublika va mahalliy gazetalarda, shuningdek oʻzining veb-saytida ochiq auksion toʻgʻrisida xabarnoma chop etadi;
talabgorlarning auksionda ishtirok etishga buyurtmalarini roʻyxatga oladi;
yopiq auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnomalarni tarqatadi va ushbu xabarnomada koʻrsatilgan yuridik hamda jismoniy shaxslardan buyurtmalarni oladi;
talabgorlarni taqdim etiladigan hujjatlarning namunalari bilan taʼminlaydi va ularni rasmiylashtirish boʻyicha yordam beradi;
mazkur standartga muvofiq talabgorlar ichidan auksion ishtirokchilarining roʻyxatini shakllantiradi;
ochiq auksion toʻgʻrisida xabarnoma chop etilishi bilan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning soʻrovlari boʻyicha sotiladigan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisida qoʻshimcha axborotni taqdim qiladi;
ochiq auksion natijalari toʻgʻrisida axborotni muqaddam ochiq auksion toʻgʻrisida xabarnoma chop etilgan ommaviy axborot vositalarida, shuningdek oʻzining veb-saytida auksion oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida chop etadi;
sotuvchining vakillari hamda savdolar tashkilotchisi xodimlaridan iborat besh kishidan kam boʻlmagan tarkibda doimiy yoki vaqtinchalik auksion komissiyasini shakllantiradi. Auksion komissiyaga sotuvchining vakili boshchilik qiladi;
tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
9. Auksion komissiya oʻz reglamentini mustaqil ravishda tasdiqlaydi. Komissiya qarori komissiyaning jami aʼzolari sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda auksion komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Auksion komissiya qarorlari uning yigʻilishida aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda qonuniy hisoblanadi.
10. Auksion toʻgʻrisida xabarnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
savdolar tashkilotchisining nomi va pochta manzili, uning aloqa telefoni, telefaks, elektron pochta manzili;
auksionga qoʻyilgan koʻchmas mulk obyektlarining nomi, miqdori, tavsifi hamda ularning joylashgan joyi;
sotiladigan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarning boshlangʻich narxi;
savdoni oʻtkazish tartibi;
ishtirok qilishni rasmiylashtirish tartibi;
auksionni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi;
zakalat miqdori, kiritish muddati va tartibi, uni kiritish uchun bank rekvizitlari;
buyurtmalarni qabul qilishning oxirgi muddati (sanasi va vaqtini koʻrsatgan holda);
qoʻshimcha axborot olish mumkin boʻlgan manzil va aloqa telefoni.
11. Yopiq auksionni oʻtkazishda sotuvchi oldindan yuridik va jismoniy shaxslarning roʻyxatini belgilaydi, savdolar tashkilotchisi ularga auksion boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin yopiq auksion toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi. Yopiq auksion toʻgʻrisida xabarnoma ommaviy axborot vositalarida chop etilmaydi hamda auksion taklif etilgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida oʻtkaziladi.
12. Auksionda ishtirok etish uchun talabgor yoki uning vakolatli vakili auksion toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddatda shaxsan yoki aloqa vositalari orqali savdolar tashkilotchisiga auksionda qatnashishga ikki nusxada buyurtmani taqdim qiladi va unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma, buyurtmani vakolatli vakil topshirganda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda;
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslar uchun — pasport nusxasi, buyurtmani vakolatli vakil topshirganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma yoki qonuniy vakilligini tasdiqlovchi hujjat, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda.
Keyingi tahrirga qarang.
Taqdim qilingan hujjatlarning barcha varaqlari talabgorning imzosi bilan (jismoniy shaxslar uchun) hamda talabgorning imzosi va muhri bilan (yuridik shaxslar uchun) tasdiqlanishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Savdolar tashkilotchi hujjatlar roʻyxati koʻrsatilgan buyurtmaning ikkinchi nusxasida topshirilgan hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida sanasi va vaqtini koʻrsatib belgi qoʻyadi, uni talabgorga yoki vakolatli vakilga topshiradi yoki aloqa vositalari orqali yuboradi. Olingan buyurtmalar tartib raqamlari qoʻyilgan sahifali, ip oʻtkazib tikilgan maxsus jurnalda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
14. Auksionni oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnomada koʻrsatilgan qabul qilish muddati oʻtib ketgandan keyin kelib tushgan yoki mazkur standartning 12-bandida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan buyurtmalar savdolar tashkilotchisi tomonidan qabul qilinmaydi.
Hujjatlarning kelib tushgan sanasi savdolar tashkilotchisining roʻyxatga olish belgisi boʻyicha aniqlanadi.
Boshqa asoslar boʻyicha buyurtmani qabul qilishni rad qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Savdolar tashkilotchisi qabul qilmagan buyurtmalar shu kunning oʻzida ularni talabgorga yoki uning vakolatli vakiliga tilxat orqali topshirish bilan yoki koʻrsatilgan hujjatlarni pochta bilan (buyurtma xat topshirilganligi haqidagi xabarnoma bilan) yuborish orqali qabul qilishni rad etish sabablarini yozma koʻrsatgan holda qaytariladi.
16. Auksionda ishtirok qilish uchun talabgor zakalat toʻgʻrisida shartnoma tuzishi va xabarnomada koʻrsatilgan muddatda koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarning boshlangʻich narxining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda majburiyatlarni bajarishni taʼminlashning kafolati sifatida zakalat kiritishi shart. Zakalatning aniq miqdori sotuvchi tomonidan belgilanadi.
17. Auksionda ishtirok qilishga savdolar tashkilotchisi tomonidan buyurtmalari qabul qilingan va xabarnomada koʻrsatilgan miqdorda zakalatni kiritgan talabgorlarga yoʻl qoʻyiladi.
Talabgorlarni auksion ishtirokchilari deb topish toʻgʻrisidagi auksion komissiyasining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada barcha qabul qilingan, chaqirib olingan va rad etilgan buyurtmalarning roʻyxati keltiriladi, talabgorlarning familiyasi, ismi va otasining ismi (nomi) hamda tegishli asoslantirishlar koʻrsatiladi.
18. Auksion oʻtkaziladigan kunda ishtirokchilarga ularning raqamlari hamda auksionga qoʻyilgan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarning nomi koʻrsatilgan auksion ishtirokchisining bileti hamda auksion davomida foydalaniladigan maxsus raqamli belgilar beriladi.
19. Auksion ishtirokchisi oʻzining buyurtmasini auksion oʻtkazishning belgilangan sanasiga qadar savdolar tashkilotchisini yozma xabardor qilgan holda qaytarib olishi mumkin. Savdolar tashkilotchisi koʻrsatilgan xabarnomani uning kelib tushgan kuni roʻyxatga olishi shart. Bu holda auksion ishtirokchisidan kelib tushgan zakalat xabarnoma kelib tushgan sanadan besh bank kunidan kechiktirmagan muddatda qaytarilishi lozim.
20. Auksionda ishtirok qilishga buyurtmalarni qabul qilish auksion toʻgʻrisida xabarnoma chop etilgan kuni boshlanadi va auksion toʻgʻrisida xabarnomada belgilangan kunda va vaqtda tugaydi.
21.Agar buyurtmalarni qabul qilish yakunlanadigan sanada birorta ham buyurtma kelib tushmasa yoki faqat bitta buyurtma tushsa, auksionga faqat bitta ishtirokchi kelsa yoki hech kim kelmasa, auksion boʻlib oʻtmagan deb eʼtirof etiladi.
Bunda savdolar tashkilotchisi bu haqda auksion komissiyani, sotuvchini va bitta buyurtmani bergan ishtirokchini xabardor qiladi.
22. Auksion boshlangʻich narxni bosqichma-bosqich oshirgan tarzda savdolashish koʻrinishida oʻtkaziladi.
23. Auksionni savdolar tashkilotchisi tomonidan tayinlanadigan auksionchi oʻtkazadi. Auksion auksionchi tomonidan savdo predmeti, koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarning nomi, qisqacha tavsifi va boshlangʻich narxini, uni oshirish bosqichi (auksion bosqichi) eʼlon qilingan holda boshlanadi. Bunda ishtirokchilar koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarni ushbu narxda sotib olishga tayyorliklarini oʻz maxsus raqamli belgilarini koʻtargan holda xabar qiladilar.
24. Auksionning boshlangʻich bosqichi auksion komissiya tomonidan belgilanadi.
25. Boshlangʻich narxda ishtirokchilarga hisob-kitob uchun qiyinchilik tugʻdiradigan raqamlar boʻlgan holda auksionchiga boshlangʻich narxni uning bir foizidan oshmagan summaga koʻtarib yaxlitlash huquqi beriladi.
26. Auksion davomida har uchta bosqichdan keyin auksionchi auksion bosqichini oshirish tomonga oʻzgartirish mumkin.
27. Bir nechta ishtirokchilar biletni koʻtarganda auksionchi biletni koʻtargan bitta ishtirokchi qolgunga qadar auksion bosqichiga mos tarzda keyingi narxni eʼlon qiladi. Agar bilet koʻtargan bitta ishtirokchi qolsa, auksionchi navbatdagi eʼlon qilingan narxni uch marotaba qaytaradi. Bunda, agar ushbu narx uchinchi marotaba eʼlon qilingunga qadar ishtirokchilardan birortasi oʻz biletini koʻtarsa, auksionchi auksion bosqichiga mos tarzda narxni oshirib navbatdagi narxni eʼlon qiladi. Agar ushbu narxni uch marotaba eʼlon qilgunga qadar ishtirokchilardan birortasi ham oʻz biletini koʻtarmasa, savdolar yakunlanadi.
Auksionchi oxirgi narxni eʼlon qilgan paytda biletini koʻtargan holda qolgan ishtirokchi gʻolib hisoblanadi. Auksionchi auksion savdolariga qoʻyilgan koʻchmas mulk obyekti yoki unga boʻlgan huquqlar sotilganligini, auksion savdolari gʻolibining narxi va uning bilet raqamini eʼlon qiladi.
28. Auksionda yutib chiqqan shaxs va savdolar tashkilotchisi auksion oʻtkazilgan kunda auksion natijalari toʻgʻrisida bayonnomani imzolaydi.
Auksion natijalari toʻgʻrisida bayonnomada quyidagilar koʻrsatilishi shart:
auksion komissiyaning tarkibi;
auksion natijalari;
oldi-sotdi shartnomasini imzolash muddati.
4-bob. Koʻchmas mulk obyektlarini va ularga boʻlgan huquqlarni tanlovda sotish
29. Tanlov oʻtkazish uchun sotuvchi:
savdolar tashkilotchisi bilan koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlarni sotishga xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzadi, unda tomonlarning rekvizitlari, shartnoma predmeti, savdolar tashkilotchisi va sotuvchining huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan sotiladigan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisida savdolar tashkilotchisini zarur hujjatlar va axborot bilan taʼminlash boʻyicha, hisob-kitoblar tartibi va tomonlarning javobgarligi, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar boʻlishi shart;
Keyingi tahrirga qarang.
tanlovning sanasi, sharti va turini belgilaydi.
30. Sotuvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq va sotuvchining tasarruf etuvchi hujjatlariga muvofiq savdolar tashkilotchisi:
xaridorlarni qidirishni tashkil qiladi va talabgorlarning sotiladigan koʻchmas mulk obyekti va ularga boʻlgan huquqlar bilan tanishishi uchun sharoit yaratadi;
tanlov hujjatlarini tayyorlaydi;
tanlovda ishtirok qilish uchun buyurtma berish muddatlarini belgilaydi;
tanlov takliflari boʻlgan konvertlar ochiladigan sanadan oʻttiz kun oldin respublika va mahalliy gazetalarda hamda oʻzining veb-saytida ochiq tanlov oʻtkazilishi haqida xabarnoma chop etadi;
talabgorlarga ularning soʻrovlari boʻyicha konkurs hujjatlarini taqdim qiladi;
tanlovda ishtirok qilish uchun talabgorlarning buyurtmalarini roʻyxatga oladi va ularning maxfiyligi hamda saqlanishini taʼminlaydi;
yopiq tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma tarqatadi hamda ushbu xabarnomada koʻrsatilgan yuridik va jismoniy shaxslardan buyurtmalarni qabul qiladi;
talabgorlarni taqdim qilinadigan hujjatlarning namunalari bilan taʼminlaydi va ularni rasmiylashtirish boʻyicha yordam beradi;
ochiq tanlov natijalari toʻgʻrisida axborotni muqaddam ochiq tanlov toʻgʻrisida xabarnoma chop etilgan ommaviy axborot vositalarida, shuningdek oʻzining veb-saytida tanlov oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida chop etadi;
koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar yopiq tanlov oʻtkazish orqali sotilganda uning ishtirokchilarini yopiq tanlov natijalari toʻgʻrisida xabardor qiladi;
sotuvchining vakillari hamda savdolar tashkilotchisi xodimlaridan iborat besh kishidan kam boʻlmagan tarkibda doimiy yoki vaqtinchalik tanlov komissiyasini shakllantiradi. Tanlov komissiyaga sotuvchining vakili boshchilik qiladi;
tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
31. Tanlov komissiyasi oʻz reglamentini mustaqil ravishda tasdiqlaydi. Komissiya qarori komissiyaning jami aʼzolari sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda auksion komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Tanlov komissiyasi qarorlari uning yigʻilishida aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda qonuniy hisoblanadi.
Tanlov komissiyasi talablarning yagonaligini va tanlov natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning xolisligini taʼminlaydi hamda oddiy va aniq, ikki xil talqin qilish mumkin boʻlmagan tilda tanlov hujjatlarini tasdiqlaydi.
Talabgorlarni tanlov ishtirokchilari deb topish toʻgʻrisidagi tanlov komissiyasining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada barcha qabul qilingan, chaqirib olingan va rad etilgan buyurtmalarning roʻyxati keltiriladi, talabgorlarning familiyasi, ismi va otasining ismi (nomi) hamda tegishli asoslantirishlar koʻrsatiladi.
32. Tanlov toʻgʻrisida xabarnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
savdolar tashkilotchisining nomi va pochta manzili, uning aloqa telefoni, telefaks, elektron pochta manzili;
Keyingi tahrirga qarang.
tanlovga qoʻyilgan koʻchmas mulk obyektlarining nomi, miqdori, tavsifi hamda ularning joylashgan joyi;
sotiladigan koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarning boshlangʻich narxi;
tanlovni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi;
savdoni oʻtkazish tartibi;
ishtirok qilishni rasmiylashtirish tartibi;
oldi-sotdi shartnomasini tuzishning oxirgi muddati;
zakalat miqdori, kiritish muddati va tartibi, uni kiritish uchun bank rekvizitlari;
buyurtmalarni qabul qilishning oxirgi muddati (sanasi va vaqtini koʻrsatgan holda);
qoʻshimcha axborot olish mumkin boʻlgan manzil va aloqa telefoni.
Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnomaga sotuvchi tomonidan qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Yopiq tanlovni oʻtkazishda sotuvchi oldindan yuridik va jismoniy shaxslarning roʻyxatini belgilaydi, ularga savdolar tashkilotchisi tanlov takliflari boʻlgan konvertlar ochilishi belgilangan sanadan kamida oʻttiz kun oldin yopiq tanlov toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi. Yopiq tanlov toʻgʻrisida xabarnoma ommaviy axborot vositalarida chop etilmaydi hamda tanlovga taklif etilgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida oʻtkaziladi.
34. Tanlovda ishtirok etish uchun talabgor yoki uning vakolatli vakili savdolar tashkilotchisiga tanlov toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddatda shaxsan yoki aloqa vositalari orqali tanlovda qatnashishga ikki nusxada buyurtmani taqdim qiladi va unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma, buyurtmani vakolatli vakil topshirganda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda;
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslar uchun — pasport nusxasi, buyurtmani vakolatli vakil topshirganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma yoki qonuniy vakilligini tasdiqlovchi hujjat, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilingan holda;
Keyingi tahrirga qarang.
tanlov hujjatlariga muvofiq tuzilgan bekitilgan konvertlarda ikki nusxada tanlov takliflari.
Taqdim qilingan hujjatlarning barcha varaqlari talabgorning imzosi bilan (jismoniy shaxslar uchun) hamda talabgorning imzosi va muhri bilan (yuridik shaxslar uchun) tasdiqlanishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Tanlovda ishtirok qilish uchun talabgor zakalat toʻgʻrisida shartnoma tuzishi va tanlovda qatnashishga buyurtmalarni topshirishning belgilangan muddatida koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlarning boshlangʻich narxining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda majburiyatlarni bajarishni taʼminlashning kafolati sifatida zakalat kiritishi shart.
36. Savdolar tashkilotchisi hujjatlar roʻyxati koʻrsatilgan buyurtmaning ikkinchi nusxasiga topshirilgan hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida sanasi va vaqtini koʻrsatib belgi qoʻyadi, uni talabgorga yoki vakolatli vakilga topshiradi yoki aloqa vositalari orqali yuboradi. Olingan buyurtmalar tartib raqamlari qoʻyilgan sahifali, ip oʻtkazib tikilgan maxsus jurnalda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
37. Tanlovni oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnomada koʻrsatilgan qabul qilish muddati oʻtib ketgandan keyin kelib tushgan yoki mazkur standartning 34-bandida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan buyurtmalar savdolar tashkilotchisi tomonidan qabul qilinmaydi. Pochta orqali yuborilgan hujjatlarning kelib tushgan sanasi savdolar tashkilotchisining roʻyxatga olishi boʻyicha aniqlanadi.
38. Savdolar tashkilotchisi qabul qilmagan buyurtmalar shu kunning oʻzida ularni talabgorga yoki uning vakolatli vakiliga tilxat orqali topshirish bilan yoki koʻrsatilgan hujjatlarni pochta bilan (buyurtma xat topshirilganligi haqidagi xabarnoma bilan) yuborish orqali qaytariladi. Bunda kiritilgan zakalat besh bank kuni ichida qaytariladi.
39. Tanlovda ishtirok qilishga savdolar tashkilotchilari tomonidan buyurtmalari qabul qilingan va xabarnomada belgilangan miqdorda zakalatni kiritgan talabgorlarga yoʻl qoʻyiladi.
40. Talabgor oʻzining buyurtmasini konvertlar ochilishi belgilangan sanaga qadar savdolar tashkilotchisini yozma xabardor qilgan holda qaytarib olishi mumkin. Savdolar tashkilotchisi koʻrsatilgan xabarnomani uning kelib tushgan kuni roʻyxatga olishi shart. Bu holda talabgordan kelib tushgan zakalat xabarnoma kelib tushgan sanadan boshlab besh bank kunidan kechiktirmagan muddatda qaytarilishi lozim.
41. Ochiq tanlovda ishtirok qilishga buyurtmalarni qabul qilish ochiq tanlov toʻgʻrisida xabarnoma chop etilgan kuni boshlanadi va ochiq tanlov toʻgʻrisida xabarnomada belgilangan kunda va vaqtda tugaydi.
42. Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnomada belgilangan konvertlarni ochish sanasida birorta ham buyurtma kelib tushmasa yoki faqat bitta buyurtma tushsa, tanlov boʻlib oʻtmagan deb eʼtirof etiladi.
Bunda savdolar tashkilotchisi bu haqda tanlov komissiyasini, sotuvchini va bitta buyurtmani bergan ishtirokchini xabardor qiladi.
Bu holda, agar rieltorlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisida shartnomada boshqacha belgilanmagan boʻlsa, tanlov komissiyasi tanlovni takroran tashkil qilish va oʻtkazish haqida qaror qabul qiladi.
43. Tanlov takliflari boʻlgan konvertlarning birinchi ekzemplyarlarini ochishni tanlov komissiyasi amalga oshiradi. Konvertlarning ikkinchi ekzemplyarlari savdolar tashkilotchisida seyfda saqlanadi va tanlov takliflarining mazmuni boʻyicha nizo kelib chiqqan taqdirda ochiladi.
44. Bitta ishtirokchining tanlov takliflari boʻlgan konvert ochilmaydi. Bunday konvert ishtirokchiga (uning vakolatli vakiliga) tanlov oʻtkazilgan kundan uch kundan kechiktirmasdan tilxat orqali topshiriladi yoki pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Tanlov ishtirokchilari va ularning vakolatli vakillari konvertlarni ochishda qatnashish huquqiga ega.
45. Tanlov takliflari boʻlgan konvertlarni ochishda tanlov komissiyasi tanlovda qatnashishning shartlari va tartibotlariga amal qilinganligini, tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan hujjatlarning mavjudligini tekshiradi.
46. Konvertlarni ochish natijalari boʻyicha kelib tushgan tanlov takliflari hamda ularning tanlov shartlari va tartibotlariga muvofiqligi koʻrsatilgan bayonnoma tuziladi.
Bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
gʻolib va gʻolibdan keyin eng yuqori ballarga ega boʻlgan ishtirokchilarning nomlari;
tanlov komissiyasining tarkibi;
ovoz berish natijalari;
ishtirokchilarning tanlov takliflarining jamlama jadvali;
oldi-sotdi shartnomasini imzolash muddati.
Bayonnoma tanlov komissiyasining qatnashayotgan aʼzolari tomonidan va tanlovda yutib chiqqan shaxs tomonidan imzolanishi kerak.
47. Tanlov takliflarini baholash va tanlov gʻolibini aniqlash tanlov komissiyasi tomonidan baholashning har bir mezoni boʻyicha ball qoʻyish orqali amalga oshiriladi.
48. Tanlovning turidan qatʼi nazar tanlov gʻolibini aniqlash tanlov komissiyasining ochiq yigʻilishida oʻtkaziladi.
49. Tanlov takliflari tanlov shartlariga eng koʻp toʻgʻri keladigan ishtirokchi tanlov gʻolibi deb topiladi.
50. Ikki va undan ortiq tanlov takliflarining tengligida savdolar tashkilotchisi tomonidan taklifi oldinroq roʻyxatdan oʻtkazilgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi.
51. Tanlov natijalari toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida savdolar tashkilotchisi tanlov natijalari haqida uning ishtirokchilarini xabardor qiladi.
5-bob. Auksion va tanlov komissiyasining huquqlari
52. Auksion va tanlov komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
mazkur standart yoki boshqa qonun hujjatlari talablari buzilganda, tanlov/auksion jarayonini buzadigan auksion/tanlov ishtirokchilari oʻrtasida til biriktirish va boshqa oldindan bilib boʻlmaydigan holatlar aniqlangan taqdirda auksion/tanlov oʻtkazilishini toʻxtatish hamda auksion/tanlovni takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli ravishda asoslantirgan holda auksion yoki tanlovni boʻlmagan deb eʼtirof etish hamda auksion yoki tanlovni takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
ilgari ochiq tanlov toʻgʻrisidagi xabarnoma chop etilgan aynan oʻsha ommaviy axborot vositalarida, shuningdek oʻzining veb-saytida tegishli axborotni chop etgan holda (ilgari yopiq tanlov toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli axborotni yuborgan holda) va ishtirokchilarni, ular mavjud boʻlganda, yozma ravishda xabardor qilgan holda, xabarnomada belgilangan tanlov oʻtkazish sanasini ikki oydan ortiq boʻlmagan muddatga kechroqqa koʻchirish;
ilgari ochiq auksion toʻgʻrisidagi xabarnoma chop etilgan aynan oʻsha ommaviy axborot vositalarida, shuningdek oʻzining veb-saytida tegishli axborotni chop etgan holda (ilgari yopiq auksion toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli axborotni yuborgan holda) va ishtirokchilarni, ular mavjud boʻlganda, yozma ravishda xabardor qilgan holda auksionni oʻtkazish sanasini bir oydan ortiq boʻlmagan muddatga kechroqqa koʻchirish;
fors-major holatlarida auksion yoki tanlovni oʻtkazishni bekor qilish hamda bu haqda sotuvchini va ishtirokchilarni tegishli asoslantirishlarni koʻrsatgan holda xabardor qilish hamda auksion yoki tanlovni oʻtkazishning yangi sanasi va vaqtini belgilash.
6-bob. Auksion yoki tanlov natijalarini rasmiylashtirish
53. Auksion yoki tanlov savdolarining natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma shartnomasini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
54. Savdo natijalari toʻgʻrisidagi imzolangan bayonnomaning nusxalari sotuvchiga va gʻolibga taqdim etiladi.
55. Gʻolib bayonnomani yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortgan yoki rad etgan taqdirda:
auksion komissiyasi tomonidan bayonnomaga tegishli belgi qoʻyiladi va gʻolib tomonidan taklif etilgan narxdan bir bosqich past narxni taklif etgan ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzishni taklif qiladi;
tanlov komissiyasi tomonidan bayonnomaga tegishli belgi qoʻyiladi va taklifi tanlov shartlariga eng koʻp muvofiq boʻlgan tanlovning navbatdagi ishtirokchisi bilan oldi-sotdi shartnoma tuzishni taklif qiladi.
Agar ushbu ishtirokchi ham shartnomani imzolashni rad etsa, auksion yoki tanlov komissiyasi savdolar natijalarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda, agar sotuvchi va savdolar tashkilotchisi oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqacha belgilanmagan boʻlsa, auksion yoki tanlov komissiyasi auksionni yoki tanlovni takroran tashkil qilish va oʻtkazish haqida qaror qabul qiladi.
56. Auksion yoki tanlov gʻolibi bayonnomani va (yoki) shartnomani imzolashni rad etgan holda u tomonidan toʻlangan zakalat summasi qaytarilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
57. Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
58. Mazkur standart Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi bilan kelishilgan
Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi ijrochi direktori A. ALIYEV
2014-yil 31-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 5-son, 60-modda; 2017-y., 30-son, 753-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2019-y., 10/19/2652-2/2940-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 17.06.2022-y., 10/22/2652-3/0538-son; 10.06.2025-y., 10/25/2652-4/0501-son)