Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGAShINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINI TAN OLGAN MAMLAKATLAR DAVLAT RAHBARLARIGA VA PARLAMENTLARIGA MUROJAATNOMASI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini tan olgan mamlakatlar davlat rahbarlariga va parlamentlariga Murojaatnomasi qabul qilinsin (matn ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi ushbu Murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligini tan olgan davlat rahbarlari va parlamentlariga belgilangan tartibda topshirilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 4-yanvar,
493-XII-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGAShINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MUSTAQILLIGINI TAN OLGAN MAMLAKATLAR DAVLAT BOShLIQLARI VA PARLAMENTLARIGA
MUROJAATNOMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini tan olgan mamlakatlarining davlat boshliqlari va parlamentlariga minnatdorchilik izhor etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining, Xelsinkida tuzilgan Yakunlovchi hujjatning, Parij xartiyasining va Yevropa hamda Osiyoda xavfsizlik va hamkorlikka doir tuzilgan boshqa asosiy hujjatlarining maqsad va prinsiplarga sodiq qolib, tinchlik, demokratiya va qonuniylik yoʻlidan qatʼiy borish, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasiga qattiq amal qilish, oʻzining xalqaro majburiyatlariga ogʻishmay rioya etish niyatida ekanligini bayon qiladi.
Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatiga aʼzo boʻlgan barcha mamlakatlar bilan ijobiy davlatlararo munosabatlar oʻrnatilishini, oʻzaro manfaatli asoslarda teng huquqli mustahkam iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlantirilishini, umumiy ekologiya muammolari birgalikda hal etilishini maʼqullaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro miqyosda xavfsizlik mustahkamlanishini ustuvor vazifasi deb bilib, harbiy sohada masʼuliyatli vazmin siyosat yuritish istagida ekanligini maʼlum qiladi va Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi Shartnomaga qoʻshilishga tayyor ekanligini tasdiqlaydi.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGAShI
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 3-son, 143-modda)