O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ALKOGOLLI MAHSULOTLAR SIFATI BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASI FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 348-sonli “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Spirt, alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va sotishni davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 23-sentabrdagi 444-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi Nizom hamda uning tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 159-sonli qarori tahririda —O‘R QHT, 2007-y., 31-32-son, 319-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi faoliyati O‘zbekiston standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligi mablag‘lari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 17-yanvar,
13-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-yanvardagi 13-son qaroriga
1–ILOVA
1–ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi to‘g‘risida
(Nizomning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
NIZOM
UMUMIY QOIDALAR
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi ishlab chiqarilayotgan spirt va alkogolli mahsulotlar sifati, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari va tashkilotlarida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarda ularning saqlanishi, transportda tashilishi va sotilishi ustidan nazorat qiluvchi davlat organi hisoblanadi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
2. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi va uning mintaqaviy organlari O‘zbekiston standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasining yagona tizimini tashkil etadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
4. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatini ham bevosita, ham o‘zining mintaqaviy organlari orqali amalga oshiradi.
5. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan o‘z vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda qabul qilingan qarorlar, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, korxonalar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasiga rahbarlik qilish O‘zbekiston standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq zimmasiga yuklanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga ko‘ra ayni bir paytda Standartlar va o‘lchovlarning yagonaligi ta’minlanishini nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat bosh inspektorining alkogolli mahsulotlar va spirt sifatini nazorat qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 159-sonli qarori asosida xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2007-y., 31-32-son, 319-modda)
7. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasining davlat inspektorlari maxsus kimyo-texnologiya ma’lumotiga ega bo‘lishlari kerak va belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilishi shart.
ALKOGOLLI MAHSULOTLAR SIFATI BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASINING ASOSIY VAZIFALARI
8. Quyidagilar Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, sotishda ularning sifatini nazorat qilish, sifatsiz va qalbaki alkogolli mahsulotlarning savdo tarmog‘iga kelib tushishini bartaraf etish;
eksportga mo‘ljallangan alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarishda xalqaro standartlar talablarini joriy etish va ularga erishish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va yordamchi materiallar sifatini nazorat qilish;
oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga me’yoriy-texnika hujjatlarini, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish.
ALKOGOLLI MAHSULOTLAR SIFATI BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASINING FUNKSIYALARI
9. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi va uning mintaqaviy davlat inspektorlari o‘zlariga yuklangan vazifalarga muvofiq:
spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarda ularning sifati yuzasidan, shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarni saqlash va sotish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat nazoratini amalga oshiradilar;
ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan mahsulotlar sifati bo‘yicha iste’molchilar e’tirozlarini tegishli choralar ko‘rish uchun o‘rganadilar;
Oldingi tahrirga qarang.
zarur darajadagi sifatga ega bo‘lmagan, shuningdek, me’yoriy hujjatlarning belgilangan talablaridan chetga chiqqan holda oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulotlarni tayyorlash, ishlab chiqarish, saqlash va sotish hollari va sabablari to‘g‘risidagi materiallarni umumlashtiradilar, tayyorlaydilar va “O‘zstandart” agentligiga taqdim etadilar;
(9-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
amaldagi me’yoriy-texnika hujjatlarini tahlil qiladilar, ularni qayta ko‘rib chiqish, hisob va hisobotni takomillashtirish, ham xomashyo, ham tayyor mahsulotlar va yordamchi materiallarning tabiiy kamayishi me’yorlari bo‘yicha takliflar beradilar, mahsulotlar, ularni sinash usullari yuzasidan yangi me’yoriy hujjatlarni ekspertiza qilishda va ishlab chiqishda qatnashadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda musodara qilingan spirt va alkogolli mahsulotlar sifati to‘g‘risida xulosalar berishadi.
(9-bandga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qaroriga asosan xatboshi qo‘shilgan — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan etil spirtining har bir turkumidan namunalarni ularning sifati normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida sinab ko‘radilar hamda sinab ko‘rish natijalari bo‘yicha etil spirti turkumining muvofiqligi yoxud ishlab chiqarish sikliga uni qo‘shimcha ishlov berish uchun qaytarish zarurligi to‘g‘risida xulosa beradilar.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 159-sonli qarori asosida xatboshi bilan to‘ldirilgan —O‘R QHT, 2007-y., 31-32-son, 319-modda)
ALKOGOLLI MAHSULOTLAR SIFATI BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASINING MAS’ULIYATI
10. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi va uning mansabdor shaxslari ularga mazkur Nizomda va tegishli yo‘riqnomalarda yuklangan o‘z funksiyalarining zarur darajada va o‘z vaqtida bajarilishi uchun javob beradilar.
ALKOGOLLI MAHSULOTLAR SIFATI BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASINING HUQUQLARI
11. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasining davlat inspektorlari belgilangan tartibda:
qonun hujjatlariga muvofiq spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaradigan, ularni saqlaydigan, sotadigan, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlarga tekshirish uchun borish;
oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, ularni saqlash hamda sotishni amalga oshiruvchi tekshirilayotgan korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislaridan tekshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha zarur hujjatlar hamda tushuntirish xatlarini olish;
chakana savdo qilish huquqini beruvchi maxsus ruxsat etish guvohnomasi beruvchi ijro etuvchi hokimiyat organlaridan alkogolli mahsulotlar sotuvchi savdo shoxobchalari ro‘yxatini va ularning joylashgan o‘rnini so‘rash;
zarur bo‘lgan hollarda oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, ularni saqlash hamda sotishni amalga oshiruvchi tekshirilayotgan korxonalar va tashkilotlarning rahbarlariga aniqlangan qoida buzilishlarini belgilangan muddatda bartaraf etish to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar berish;
Oldingi tahrirga qarang.
me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan mahsulotlar sotishni taqiqlash yoki ishlab chiqarishni to‘xtatish to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar tayyorlash. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar va ularning rahbarlariga nisbatan amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralari ko‘rish to‘g‘risida “O‘zstandart” agentligi rahbariyati orqali Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
(11-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
korxonalarning texno-kimyoviy va mikrobiologik nazorat qilish xizmatlarining ahvoli va faoliyatini, texnologiya intizomiga, mahsulotlar namunalarini olish hamda akkreditatsiya qilingan va arbitraj laboratoriyalarda ularni sinovdan o‘tkazish yo‘li bilan tayyor mahsulotlarning sifatiga va xavfsizligiga rioya qilinishini tekshirish;
ishlab chiqariladigan spirt va alkogolli mahsulotlarning sifati bo‘yicha respublika hududida amalda bo‘lgan me’yoriy hujjatlar talablarining joriy etilishi va ularga rioya qilinishini nazorat qilish;
alkogolli mahsulotlar va spirt ishlab chiqarish, ularni saqlash va sotish faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar rahbarlaridan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining va vakolatli vazirliklar va idoralarning spirt va alkogolli mahsulotlar sifatini yaxshilashga doir qarorlari aniq va so‘zsiz bajarilishini talab qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zstandart” agentligi orqali Vazirlar Mahkamasiga etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqiga egadirlar.
(11-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 15-yanvardagi 24-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 30-modda)
ALKOGOLLI MAHSULOTLAR SIFATI BO‘YIChA DAVLAT INSPEKSIYASINING BOShQA ORGANLAR BILAN O‘ZARO HAMKORLIGI
12. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatida o‘ziga yuklangan funksiyalar va vazifalarni bajarish uchun xo‘jalik faoliyati yurituvchi subyektlarni tekshirishlarni, reydlarni va nazorat qilishlarni o‘tkazishni rejalashtirishda, yuqori tashkilotlar uchun materiallar va axborotlarni umumlashtirish va tayyorlashda Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
13. Respublika Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining funksiyalari spirt va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni, soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab chiqilishini hamda o‘z vaqtida to‘lanishini, shuningdek, alkogolli mahsulotlarning saqlanishi va harakatini, ularni sotishdan tushgan pul mablag‘larining maqsadli foydalanilishini nazorat qilishdan iborat ekanligini hisobga olib, tekshirishlar vaqtida amaliy yordam ko‘rsatish uchun zarur hollarda Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi inspektorlari jalb etiladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi bilan belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qiladi. Komissiya yoki ishchi guruh qaroriga ko‘ra Alkogolli mahsulotlar sifati bo‘yicha davlat inspeksiyasi inspektorlari litsenziya talablari va shartlariga litsenziatlar tomonidan rioya etilishini tekshirishga jalb qilinishi mumkin.
(Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 15-yanvardagi 24-sonli qaroriga 14-band bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 30-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 159-sonli qarori bilan chiqarilgan —O‘R QHT, 2007-y., 31-32-son, 319-modda)