Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati bundan buyon “Tomonlar” deb ataladi,
iqtisodiy, sanoat hamda fan-texnika sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni barqaror va uzoq muddatli asosda rivojlantirishning muhim va zarur jihati ekanligini anglab,
oʻz davlatlari ishlab chiqarish va fan-texnika salohiyati oʻrtasida qaror topgan oʻzaro texnologiya aloqalarini hisobga olib,
Tomonlar davlatlari xoʻjalik faoliyati subyektlarining bozor munosabatlari negizida umumiy iqtisodiy makonni vujudga keltirishda bevosita oʻzaro ishlab chiqarish aloqalarining hal qiluvchi ahamiyatini eʼtirof etib,
korxonalar va tarmoqlar oʻrtasidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro foydali tarzda rivojlantirish uchun qulay sharoitni taʼminlashga intilib,
ikkala mamlakat oʻrtasida oʻzaro iqtisodiy aloqada erishilgan darajasiga tayanib,
ogʻishmay iqtisodiy yuksalishni taʼminlash, oʻz fuqarolari turmush darajasini yaxshilash, ish bilan taʼminlashni kengaytirish, moddiy resurslardan va ishchi kuchidan samarali foydalanish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlari amal qilib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, tarmoqlar va tarmoqlararo majmualar oʻrtasidagi kooperatsiyani bevosita ishlab chiqarish aloqalari asosida amalga oshirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar xalqaro ixtisoslashishni va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, bu ishlarni roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitni taʼminlash, sanoat tarmoqlarida ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, qoʻshma loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida zarur chora-tadbirlar koʻradilar.
3-modda
Tomonlar:
kooperatsiya boʻyicha tovarlar yetkazib berish deganda xomashyo, materiallar, uzellar, detallar, ehtiyot qismlar, yarim tayyor, butlovchi mahsulotlarni hamda texnologiya jihatidan oʻzaro bogʻliq boʻlgan va tayyor mahsulotni birgalikda tayyorlash uchun zarur boʻlgan tarmoqda va tarmoqlararo foydalanishga moʻljallangan boshqa buyumlarni yetkazib berish tushuniladi,
xizmat koʻrsatish deganda loyiha, tuzatish ishlari, texnik xizmat koʻrsatish va texnologiya operatsiyalari tushuniladi,
bojxona tartibi doirasida qayta ishlash mahsulotlarini yetkazib berish deganda Tomonlar davlatlari boj qonunlarida belgilab qoʻyilgan shartlarga muvofiq tovarlar yetkazib berish tushuniladi, deb kelishib oldilar.
4-modda
Tomonlar tegishli tarmoq va tarmoqlararo bitimlar asosida xoʻjalik faoliyati subyektlari tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri tuziladigan shartnomalar (kontraktlar)ni ishlab chiqarish kooperatsiyasi va bevosita aloqalarning asosiy shakli deb biladilar.
5-modda
Tomonlar quyidagi tarmoqlarda ishlab chiqarish kooperatsiyasi boʻyicha Bitimlar tuzishni ustuvor yoʻnalish deb hisoblaydilar:
yonilgʻi — energetika kompleksi ;
metallurgiya, kimyo, neft-kimyo sanoati;
mashinasozlik sanoati;
transport va aloqa;
tibbiyot va farmakologiya sanoati;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati;
yengil sanoat ;
ilmiy va qidiruv ishlari;
tabiatdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish.
6-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi tarmoq va tarmoqlararo bitimlarda kooperatsiya ishtirok etayotgan va mahsulot ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) ixtisosini saqlab qolayotgan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati, shuningdek, kooperatsiya asosida mahsulot yetkazib berish (xizmat koʻrsatish) turlari va hajmlari aniqlanadi.
7-modda
Ushbu Bitimning 4-moddasida koʻzda tutilgan shartnomalar (kontraktlar) mahsulotlarni bojxonalarda rasmiylashtirish va davlatlarning boj chegaralari orqali oʻtkazish uchun asosdir.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan mahsulotlarni (xizmatni) deklaratsiyalash va hisobga olish tomonlarning bojxona organlari tomonidan ularning qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Qayta ishlab berish uchun beriladigan xomashyodan kooperatsiya asosida ishlab chiqarilgan mahsulotni yetkazib berish Tomonlar mamlakatlarida amal qilayotgan qayta ishlab berish uchun yuboriladigan xomashyo operatsiyalariga doir qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar yetkazib berilgan hudud tomoni organlarining olindan bergan tegishli yozma holdagi roziligi boʻlmasa, uchinchi mamlakatga takroriy eksport qilinmaydi.
10-modda
Tomonlar ishlab chiqarish sohasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatlari milliy qonunlarining xoʻjalik faoliyati subyektlari korxonalar va tarmoqlar kooperatsiya aloqalarini tartibga solish qismi meʼyorlarini muvofiqlashtirish va bir-biriga yaqinlashtirish boʻyicha izchil ish olib borishga kelishdilar.
11-modda
Tomonlar zarur hollarda fan bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish va eksportga moʻljallangan tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishni, shuningdek, chetdan keltiriladigan mahsulotlar oʻrnini bosadigan tovarlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantiruvchi kreditlar va sarmoyalar berish shartlarini kelishib oladilar.
12-modda
Tomonlar quyidagi muammolarni birgalikda ishlab chiqishni tashkil etib, ularni hal qilishni manfaatdor vazirliklar va idoralarga topshiradilar:
marketing, lizing tadqiqotlari oʻtkazish va koʻrgazmalar tashkil qilish, xizmatlarni bajarish;
mamlakatlar oʻrtasida mijozlarni qidirib topishda, shartnomalar (kontraktlar)ni tayyorlash, tuzish va ularni bajarishda koʻmaklashadigan zamonaviy aloqalarni rivojlantirish;
mutaxassislar tayyorlash boʻyicha birgalikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
13-modda
Mazkur Bitim tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
Mazkur Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar qarorlar bilan rasmiylashtirib qoʻyiladi, ular mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
14-modda
Mazkur Bitimni talqin etish yoki qoʻllanish bilan bogʻliq bahslar avvalo Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal qilinadi.
15-modda
Mazkur bitim 10 yil muddatga tuziladi va uni imzolangan kundan kuchga kiradi. Uning amal qilish muddati agar tomonlardan biri navbatdagi davr tugashidan kamida olti oy oldin Bitim harakatlarini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatini yozma xabar berish yoʻli bilan bayon etmasa keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
1996-yil 4-sentabrda Toshkent shahrida, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida, ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)