Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Savdodan tashqari toʻlovlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Moldova Respublikasi oʻrtasida savdodan tashqari toʻlovlarni amalga oshirishda pul mablagʻlari erkin oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar.
1-modda
Tomonlar Tomonlardan birining hududiga doimiy ravishda yoki vaqtincha keluvchi jismoniy shaxslarga, shuningdek Tomonlardan birining hududida rasmiy ravishda roʻyxatga olingan yuridik shaxslarga savdodan tashqari toʻlovlarning quyidagi turlari boʻyicha pul mablagʻlarining erkin oʻtkazilishini taʼminlaydilar:
1. Ijtimoiy-ahamiyatli toʻlovlar
1.1. Pensiyalar, alimentlar, davlat nafaqalari, toʻlovlar va kompensatsiyalarni oʻtkazish, xodimlar tomonidan mehnat vazifalari bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan mayib boʻlish, kasb kasalligi yoki salomatligiga boshqa shikast yetishi natijasida yetkazilgan ziyonni qoplash boʻyicha toʻlovlar ham shu jumlaga kiradi.
1.2. Sud va tergov organlarining hukmlari, qarorlari, ajrimlari va hal qiluv qarorlari asosida toʻlanadigan summa.
1.3. Fuqarolarning vafot etishi bilan bogʻliq toʻlovlar (transport xarajatlari va dafn etish xarajatlari).
1.4. Sud, tergov, hakamlik, notarial va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarining xarajatlarini qoplash boʻyicha toʻlovlar, shuningdek bu organlar tomonidan koʻrib chiqiladigan ishlar boʻyicha davlat poshlinasi.
1.5. Siyosiy qatagʻonlar qurbonlari, ularning oila aʼzolari va merosxoʻrlariga pul kompensatsiyalari oʻtkazish.
2. Boshqa toʻlovlar
Tomonlar quyidagi pul joʻnatmalari boʻyicha toʻlovlarni vakil qilingan banklar va tashkilotlar korrespondent schyotlarida tegishli valyuta bor boʻlgan taqdirda amalga oshiradilar.
2.1. Tomonlarning davlatlararo bitimlar boʻyicha korxonalarga, muassasalarga, oʻquv yurtlariga ishlash yoki oʻqish uchun kelgan fuqarolariga toʻlanadigan ish haqi, stipendiyalar, sutkaliklar va boshqa pul toʻlovlari;
2.2. Tomonlarning kelishuvi boʻyicha diplomatik, konsullik, savdo, transport vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalarga sarflanadigan xarajatlar, shuningdek delegatsiyalarni xizmat safariga yuborish xarajatlari;
2.3. Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha badallar;
2.4. Davlat muassasalari ehtiyojlari uchun binolar sotib olish va qurish;
2.5. Mualliflik huquqi boʻyicha mualliflik qalam haqlari va toʻlovlari berish.
2.6. Cheklar, pul akkreditivlari va joʻnatmalarning pulini toʻlashdan hosil boʻlgan pul mablagʻlari qoldigʻi, shuningdek boʻlgan mamlakatidan olib kelingan naqd valyuta qoldigʻi;
2.7. Tomonlardan birining fuqarolari ikkinchi tomonning oʻquv yurtlarida oʻqiganligi uchun toʻlanadigan haq;
2.8. Tomonlardan birining fuqarolarini ikkinchi Tomonning davolash muassasalarida davolash, zarur tibbiy yordam koʻrsatilganligi uchun toʻlovlar;
2.9. Jamoat tashkilotlariga beriladigan badallar;
2.10. Koʻrgazmalar va yarmarkalar oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar, erkin almashtiriladigan valyutadagi toʻlovlar, ular boʻyicha hisob-kitoblar tartibi Tomonlarning kelishuvi boʻyicha belgilanadigan kapital qoʻyilmalarga xarajatlar va boshqa moddiy xarajatlar bundan istisno;
2.11. Tomonlarning banklaridagi omonatlar, depozitlar va ular boʻyicha daromadlar koʻrinishida mulk huquqi bilan fuqarolarga tegishli boʻlgan mablagʻlarni oʻtkazish;
2.12. Meros qilib qoldirilgan summalarni, meros qilib qoldirilgan mol-mulkni sotishdan olingan summalarni oʻtkazish;
2.13. Transport va aloqa xizmatlariga haq toʻlash;
2.14. Xalqaro kongresslar, simpoziumlar, konferensiyalar, sport tadbirlari va madaniy tadbirlarni, shuningdek boshqa xalqaro uchrashuvlarni oʻtkazish;
2.15. Uyushtirilgan va uyushtirilmagan turizm;
2.16. Artistlarning gastrollari va kinofilmlar ijarasi;
Tomonlar Tomonlarning Moliya vazirliklariga savdodan tashqari toʻlovlarning ushbu moddada koʻrsatilgan roʻyxatiga oʻzgartirish va aniqliklar kiritish vakolatini beradilar.
2-modda
Savdodan tashqari operatsiyalar boʻyicha toʻlovlar toʻlovchi mamlakatning valyutasida amalga oshiriladi.
Savdodan tashqari operatsiyalar boʻyicha pul mablagʻlari joʻnatmalarini toʻlash oluvchi mamlakatning valyutasida amalga oshiriladi.
Mazkur Bitimning 1-moddasida keltirilgan toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar tomonlarda amalda boʻlgan kurslari boʻyicha amalga oshiriladi.
Tomonlar mazkur Bitimning 1-moddasi 1-bandida koʻrsatilgan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan savdoga tegishli boʻlmagan toʻlovlarni amalga oshiruvchi vakolatli banklar va tashkilotlarga ularning korrespondent schyotlaridagi passiv qoldiqlarini erkin almashtiriladigan valyutaga almashtirishni kafolatlaydilar.
Tomonlardan biri milliy valyutasining ikkinchi Tomon milliy valyutasiga nisbatan rasmiy kursi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moldova Milliy banki tomonidan belgilanadi.
3-modda
Tomonlarning aloqa vazirliklari savdodan tashqari toʻlovlar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama bitimlar tuzadilar. Bitimlar Tomonlarning Moliya vazirliklari va Markaziy (Milliy) banklari bilan kelishiladi.
4-modda
Tomonlarning har biri, zaruriyat tugʻilganda, Davlatlararo Bitimlar va har ikkala davlatning milliy qonunchiligi doirasida ikkinchi Tomonni, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarni oʻtkaziladigan toʻlovlarning toʻxtatilishi yoki yuqorida qayd etilgan toʻlovlarni amalga oshirish amaliyotida kelgusida boʻladigan oʻzgarishlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida, kamida 3 oy oldin xabardor qilgan holda cheklashlar joriy etishlari mumkin.
5-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra alohida protokol bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Koʻrsatib oʻtilgan protokol ushbu Bitimning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.
6-modda
Ushbu Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq nizoli masalalar maslahatlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
7-modda
Mazkur Bitim uni qabul qilish uchun zarur boʻlgan davlat ichidagi tartiblar Tomonlar tomonidan bajarilishi toʻgʻrisida yozma holda oxirgi xabar olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisida oʻz niyatini ikkinchi tomonga diplomatik kanallar orqali xabar qilmagunga qadar amalda boʻladi.
Ushbu holda Bitim Tomonlardan biri tomonidan bunday bildirish xati olingan sanadan boshlab uch oy oʻtgandan keyin oʻz kuchini yoʻqotadi.
1995-yil 30-martida Kishinev shahrida har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi.
Ushbu Bitimning biror-bir moddasini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn maʼlumotnoma matn hisoblanadi.
(imzolar)