OʻZBEKISTON “OʻZKOMMUNXIZMAT” AGENTLIGI BOSH DIREKTORINING
buyrugʻi
Aholi punktlaridagi suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlaridan foydalanishda ishlar xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 20-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2650]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi va 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv bilan taʼminlash tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Aholi punktlaridagi suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlaridan foydalanishda ishlar xavfsizligi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor v. b. O. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2014-yil 26-dekabr,
140-son
Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2014-yil 26-dekabrdagi 140-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Aholi punktlaridagi suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlaridan foydalanishda ishlar xavfsizligi
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-sonli “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi hamda 2013-yil 6-noyabrdagi 300-sonli “Respublikaning issiqlik va suv bilan taʼminlash tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, aholi punktlaridagi suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlaridan foydalanish tashkilotlari xodimlari uchun ishlar xavfsizligi qoidalarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar aholi punktlaridagi suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimlari tashkilotlari (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlash hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Xavfsizlikka qoʻyiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya sogʻlomlashtirish boʻyicha qoidalarni oʻz ichiga olgan jamoa shartnomasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarni oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar.
6. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan korxonalarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega boʻlgan korxonalarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
9. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
10. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
11. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi. Tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
13. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yoʻl qoʻyiladigan chiqarishlarini oʻrnatish qoidalari” boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchov natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
15. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
16. Tashkilotlar oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim.
17. Lavozim yoʻriqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan rezervuarlar, elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar oʻta xavfli kasblar roʻyxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar oʻta xavfli ishlar roʻyxatiga kiritilishi zarur.
18. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirishlari shart.
19. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini meʼyorlashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik elektr toklar urishidan hamda uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratidan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
24. Tashkilot xodimlari Uy-joy-kommunal xoʻjaligi xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalarini bepul berishning namunaviy normalariga (roʻyxat raqami 2275, 2011-yil 6-oktabr) muvofiq yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining nomenklaturasi va zarur miqdori;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularning degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarini oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
29. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq zarur maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
30. Bosim ostida va boshqa oʻta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi shart.
31. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud boʻlgan ishlarga jalb qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq, ayollar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud boʻlgan ishlarga jalb qilinmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish shart-sharoitlari
33. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyenaga, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish, unga yoʻl-yoʻriq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi va xodimlarning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
34. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) talablari asosida amalga oshirilishi kerak.
35. Tibbiy koʻriklar tashkilotga tibbiyot xizmati koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular boʻlmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlari natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Tashkilot rahbariyati oʻz xodimlarining majburiy tibbiy koʻriklardan oʻz vaqtida oʻtishi uchun va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni ishga qoʻyish natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar boʻladilar.
38. Xodimlarni sogʻligʻining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qoʻyish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qoʻyiladigan talablar
39. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
40. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorugʻligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga muvofiq boʻlishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi;
Keyingi tahrirga qarang.
yoritish asboblari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega boʻlishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi.
41. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarini gigiyenik jihatdan toza saqlash va xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qoʻyiladigan talablar tegishli normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
43. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talablariga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining koʻrinarli qismiga osib qoʻyilishi zarur.
45. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Maydonlardagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
46. Yozgi mavsumda yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan boʻlishi kerak.
47. Qishki mavsumda yoʻlkalar va oʻtish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
48. Yoʻlovchilar uchun moʻljallangan yoʻlaklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m boʻlib, yon tomonlari devorcha va toʻsiqlarga ega boʻlishi kerak.
49. Tashkilot hududida har kuni tozalab, dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar boʻlishi shart.
50. Tashkilotning hududi chegara boʻylab toʻsilgan boʻlishi va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan boʻlishi lozim.
11-§. Bino va inshootlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
51. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga, yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
52. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda yordamchi binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
53. Muntazam ishlashga moʻljallangan xonalarning pollariga yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi, mazkur pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan boʻlishi zarur.
54. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
55. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan boʻlishi kerak.
56. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq boʻlishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq boʻlishi zarur.
57. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
58. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Texnik koʻrik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari koʻrsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
59. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ish jarayoni halokat bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
60. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari va omborxonalari yongʻindan xabar beruvchi va yongʻinlarni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
61. Kirish va chiqish yoʻllari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yoʻllarining barcha eshiklari binodan chiqish yoʻnalishi boʻyicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qoʻyiladigan talablar
62. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yoʻl qoʻyilgan darajasining sanitariya meʼyorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya meʼyorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
63. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qoʻllanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga oʻzgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni toʻsuvchi qobiqlar oʻrnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush soʻndirgichlar qoʻllash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) toʻsilgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga oʻrnatish.
64. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni boʻlmasa, eshitish aʼzolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
65. Shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
66. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
67. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari oʻtish yoʻlaklarining kengligiga qoʻyilgan talablarni buzmasligi zarur.
68. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21o S, oʻrtacha ogʻir ishda 17o S va ogʻir ishda 16o S dan past boʻlmasligi kerak.
69. Xodimlarning isinishi uchun moʻljallangan xonalardagi havo harorati 22o S dan kam boʻlmasligi kerak.
70. Xodimlarning isinishi uchun moʻljallangan xonalargacha boʻlgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
14-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
71. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
72. Ichimlik suvi OʻzDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq boʻlishi, uning harorati 8o S dan 20o S gacha boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda maxsus idishlarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
73. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar oʻrnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
15-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
74. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
75. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi zarur. Yorugʻlik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marta tozalanishi lozim.
76. Yorugʻlik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak.
77. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
78. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi boʻlgan gaz va chang konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli mavjud boʻlsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida oʻrnatilishi kerak.
79. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
80. Koʻchirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall toʻr bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa koʻchirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr oʻtkazgichlar qoʻllanilishi zarur.
81. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, oʻlchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajratilib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
82. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qoʻyiladigan talablar
83. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
84. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlar, ichimlik suvi taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng koʻp xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
85. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
86. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorongʻi paytida yoritilgan boʻlishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qoʻyiladigan talablar
87. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
88. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitni oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
89. Tashkilotlarda chiqindilarni yigʻish uchun atrofi oʻralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan taʼminlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar boʻshatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
18-§. Mehnat va dam olishga qoʻyiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
90. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(90-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3-bob. Ishlab chiqarish (texnologiya) jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Ish jarayonlariga qoʻyiladigan xavfsizlikning umumiy talablari
91. Texnologik jarayonlar GOST 12.3.002-75 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Ishlab chiqarish jarayonlari. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar”ga muvofiq tashkil etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
92. Ishlab chiqarish xonalaridagi texnologik jarayonlarning xavfsizligi quyidagi talablarni amalga oshirish orqali taʼminlanishi lozim:
ishlab chiqarish uskunalariga xizmat koʻrsatish tartibidagi ish turlari va usullarini qoʻllash;
xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tarqalishini cheklovchi vositalarni qoʻllash;
texnologik jarayonlar natijasida atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishi va zararli omillarning tegishli meʼyorlaridan ortiq darajada tarqalishining oldini olish.
93. Texnologik jarayonlarni amalga oshiruvchi uskunalar ketma-ketligi blokirovka (avtomatik toʻxtatib qoʻyish) tizimi bilan taʼminlangan boʻlishi zarur.
94. Uskuna avtomatlashtirilgan tarmoqlarda ular ishga tushirilganligini bildiruvchi ovozli va yorugʻlik signallari boʻlishi kerak. Signal elementlari (elektr qoʻngʻiroq, oʻchib-yonuvchi lampa) mexanik buzilishlardan himoyalangan va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar eshitadigan darajada boʻlishi lozim.
95. Avtomatlashtirilgan liniyalar ogohlantiruvchi yorugʻlik signali berish moslamasiga ega boʻlishi kerak.
Avtomatlashtirilgan liniya toʻxtatilgandan soʻng, uni ovozli va yorugʻlik signali bermasdan ishga tushirish taqiqlanadi.
96. Texnologik jarayonlarni amalga oshiruvchi uskunalar ular ishga yaroqli, nazorat-oʻlchash asboblari va blokirovka (avtomatik toʻxtatib qoʻyish) tizimi soz holatda boʻlganida ishga tushirilishi zarur.
97. Barcha tarmoqlarda texnologik jarayonlar xavfsiz bajarilishi lozim.
98. Tashkilotlarda texnologik jarayonlarni amalga oshiruvchi barcha uskunalarning texnik hujjatlari (pasporti, chizmasi va ishlatishga doir qoʻllanmasi) boʻlishi kerak.
99. Texnologik uskunalarga tashkilot rahbari tomonidan mazkur ishni bajarish topshirilgan xodim tomonidan xizmat koʻrsatilishi lozim. Begona shaxslarning ishlab chiqarish joylarida boʻlishlariga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
100. Ishlab chiqarish joylaridagi yoʻlaklarga xom ashyo, tayyor mahsulot va chiqindilarni joylashtirish (qoldirish) taqiqlanadi.
101. Barcha ishlab chiqarish joylarida mexanizmlarni tozalash va ish joylarini tartibga keltirish uchun zarur jihozlar boʻlishi lozim. Uskuna ishlab turganda uni artish, sozlash, taʼmirlash va chiqindilarni olib tashlash taqiqlanadi.
102. Ishlab turgan uskunalar joylashgan joylar zarur toʻsiqlar, himoya va saqlovchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Ish joylari va ishlab chiqarish binolariga begona shaxslarning kirishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
103. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yongʻin va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga muvofiq taʼminlanishi lozim.
104. Belgilangan tartibda sinovdan oʻtkazilmagan yongʻin va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qoʻllash taqiqlanadi.
105. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan SHNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarni portlash, yongʻin va yongʻin xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
106. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yongʻinlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
107. Shamollatish tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi kerak.
108. Yongʻin suv manbai yoʻlaklari hamda yongʻinni oʻchirish vositalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak.
109. Yongʻin va portlash xavfi mavjud boʻlgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiruvchi belgilar boʻlishi zarur.
110. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga yongʻinning oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
111. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatishda va ulardan foydalanishda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
112. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim tayinlangan boʻlishi va bu xodim elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli malaka guruhiga ega boʻlishi zarur.
113. Elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr uskunalarga xizmat koʻrsatishi uchun elektr xavfsizligi boʻyicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uskunalarga xizmat koʻrsatish uchun esa IV malaka guruhiga ega boʻlishi talab etiladi. Masʼul xodim davriy ravishda va oʻrnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi boʻyicha komissiyada sinovdan oʻtishi lozim.
114. Elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma va tarmoqlarda rejali taʼmirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda oʻtkazilishini;
elektr energiya sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yongʻinga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazib turilishini taʼminlashi kerak.
115. Elektr toki oʻtkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va oʻlchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
116. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa, suyuqlik sachrashidan himoyalangan boʻlishi kerak.
117. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
118. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qoʻllaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang oʻtkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
119. Kabellar va elektr simlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi koʻrikdan oʻtkazilishi va oʻlchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
120. Elektr apparatlari va agregatlarining nollash va yerga ulash simlari butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
121. Quyidagi elektr qurilmalari nollanishi yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V undan yuqori boʻlgan oʻzgaruvchan elektr tok hamda 440 V va undan yuqori boʻlgan oʻzgarmas elektr tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past boʻlgan oʻzgaruvchan elektr tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past oʻzgarmas elektr tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
122. Nominal kuchlanishi 42 V gacha boʻlgan oʻzgaruvchan elektr tokda va 110 V gacha boʻlgan oʻzgarmas elektr tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nollash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga oʻrnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi boʻlgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi choʻlgʻamalari bundan mustasno.
123. Bitta elektr shtepseliga bir nechta isteʼmolchilarni ulash taqiqlanadi.
124. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning gʻiloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan boʻlishi lozim.
125. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall toʻr bilan oʻralgan va toʻr yerga ulangan boʻlishi lozim.
126. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar oʻrnatilgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri yashin urishidan himoyalangan boʻlishi zarur.
127. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Xlordan foydalanishda qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
128. Xlorni ishlatadigan har bir obyekt boʻyicha xlorning kelib tushishini hisobga olish, xlorni tekshirish, avariyali vaziyatlarni lokallashtirish boʻyicha mashq mashgʻulotlarini oʻtkazish daftarlari yuritilishi zarur.
129. Suv taʼminoti va suvni chiqarish tizimlarining har bir ishlab chiqarish tashkilotlarida xlordan foydalanishga masʼul xodim buyruq asosida tayinlanishi zarur.
130. Suyuq xlordan foydalanuvchi uni saqlovchi har bir tashkilotda rejali-ogohlantiruv taʼmirlash ishlari jadvali, xlordan foydalanish uskunalarining texnik kuzatuvlari va sinov ishlari qatʼiy va oʻz vaqtida bajarilishi kerak.
Texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalarda xlorning chiqib ketishi bilan bogʻliq ehtimoliy avariya holatlarini bartaraf etish, bunday hollarda xodimlarning harakatlari toʻgʻrisida aniq koʻrsatmalar boʻlishi lozim.
131. Xlor omboriga, shuningdek xlorlagich xonaga kirish oldidan navbatchi xodim shamollatish tizimi ishlashining sozligi va xonalarda gaz yoʻqligiga ishonch hosil qilishi lozim.
132. Ombordan bochka va ballonlar, xlordozator xonalariga maxsus zambillarda yoki tegishli idish uchun qirqimi bor boʻlgan taglikli aravalarda tashiladi. Ballonlarni xlordozator xonalariga qoʻlda tashish, shuningdek bochka va ballonlarni dumalatishga ruxsat etilmaydi.
133. Xlorli ballonlar va bochkalardan dozalash tizimiga oʻtkazishdan oldin jihozning tayyorligini, shu jumladan bugʻlatgichlarni (tegishli haroratdagi suvning sizib oʻtish imkoniyati borligini) tekshirish, suyuq va gazsimon xlorni qabul qilish uchun xlordozator xonasidagi xodimlarning hammasi xlor uzatilayotganidan ogohlantirilganligiga ishonch hosil qilish kerak.
134. Xlorni bugʻlatgichga uzatadigan liniyadagi xlor joʻmragini asta-sekinlik bilan xlor tarmogʻidagi ortiqcha bosimni 4 atmosfera sigʻimidan oshirmasdan ochish kerak.
135. Xlor ishlatib boʻlinganidan keyin uning ballonlar va bochkalarda qolganligi ogʻirlikni tortish orqali aniqlanadi. Ishlatilgan ballonlarda xlorning qoldiq bosimi 0.5 atmosferadan kam boʻlmasligi kerak.
136. Xlorli ballonlar va bochkalarni almashtirish, qopqoqlarni, kranlar maxoviklarini ochish, ishlatilgan ballonlar va bochkalardan trubkalarni olish, xlorli yangi idishlarni oʻrnatishda va gaz sizib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa holatlardagi ishlarni gazniqobda amalga oshirish lozim.
137. Xlordan foydalanishda avariya holati yoki xlorning sizib chiqishi aniqlangan taqdirda, tovushli signaldan foydalangan holda bu haqda atrofdagi barchani xabardor qilish kerak.
5-§. Kuchli taʼsir qiluvchi zaharli moddalarni saqlashda xavfsizlik talablari
138. Suv taʼminoti tizimlarining tozalash inshootlarida qoʻllanadigan kuchli taʼsir qiluvchi zaharli moddalarga quyidagilar kiradi:
bosim ostida saqlanadigan — suyuq uchuvchan ammiak va xlor;
bugʻlanadigan kislotalar — sulfat, xlorid kislotalari.
139. Oqova suvni chiqarish tizimlarining tozalash inshootlarida faqat xlor qoʻllanadi.
140. Suyuq xlor va ammiak ularni yetkazib beruvchi zavodlardan poʻlat ballonlar, bochkalar, konteynerlar va temir yoʻl sisternalarida, kislotalar esa temir yoʻl yoki transport vositalari sisternalarida keltirilishi lozim.
141. Xlor, ammiak va kislota zaxiralari maxsus jihozlangan omborlarda saqlanishi zarur.
142. Kuchli taʼsir qiluvchi zaharli moddalarni saqlash uchun sarflash omborlarini suv yetkazish tarmoqlari maydonchasiga joylashtirish QMQ 2.04.02-97 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar. Amaldagi sanitariya qoidalarini loyihalashtirish meʼyorlari” talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda xavfli zona doirasi ballonlarda suyuq xlor saqlash omborlari uchun 150 m, konteynerlarda saqlanadigan omborlar uchun 500 m qilib belgilanishi kerak.
143. Loyihalashtirilayotgan suyuq xlor omborlari boshqa binolar va inshootlarga nisbatan pastroq joylarda hamda yaqin aholi punktlari joylashgan joyga nisbatan shamollar koʻp boʻlgan yoʻnalishlarning asosan shamoldan pana tomonida joylashtirilishi kerak.
144. Suyuq xlor saqlanadigan ombor hududiga begona kishilarning kirishiga yoʻl qoʻymaslik uchun balandligi kamida 2 m boʻlgan bir tekis, avariya holatda gaz toʻlqinlari oʻtmaydigan hamma tomoni berk toʻsiq oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Toʻsiqni ombor binolari va inshootlaridan kamida 10 m uzoqlikda oʻrnatish kerak.
Toʻsiq temir-beton, tikanli sim yoki temirdan ishlanib, ustidan balandligi 0,5 m dan kam boʻlmagan temir asoslar 4 qatorli tikanli sim bilan oʻralishi lozim. Toʻsiqqa qulflanadigan darvoza va eshiklar oʻrnatilishi kerak.
145. Suyuq xlor omboriga yongʻin oʻchirish transport vositalari va gazdan qutqarish xizmati transport vositalarining kirishi qulay boʻlishi kerak.
146. Suyuq xlorli idishlar va quvurlardan foydalanilganda ularga namlik va harorat, bosimni oshirishga yoki xlor bilan birikib portlash xavfini yuzaga keltiradigan moddalarning aralashishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
147. Xlor quyish-toʻkish, bugʻlanish, undan foydalanish va uni saqlash maydonlari xlorni joyidan soʻrib olish va yutish uchun koʻchma qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
6-§. Ochiq manbalardan suv olish va foydalanishda xavfsizlik talablari
148. Suv olish inshootlarini choʻkmalardan tozalash, muzni yorish, oqim liniyalarini yuvish, suvni toʻplash hovuzlarida joylashgan setkalarni tozalashda ishlar xavfsizligi taʼminlanishi kerak.
149. Sohil boʻyi quduqlaridagi soʻrib oladigan va oqim liniyalarida oʻrnatilgan qurilmalar (zulfinlar, shiberlar, koʻtaruv mexanizmlari, qabul qopqoqlari va boshqalar) ularni taʼmirlash uchun qulay joylashgan boʻlishi kerak. Zulfinlar maxoviklari sirtga bostirmadan 0,7 m dan kam boʻlmagan balandlikka chiqqan boʻlishi kerak.
150. Sohil boʻyi qudugʻining har bir seksiyasida taʼmirlash va tuzatish ishlarini olib borish uchun qulay shart-sharoit yaratilgan boʻlishi kerak. Suv qabul qilish joyining suvni soʻrib oladigan kamerasida quvurlardan devorgacha boʻlgan masofa odam oʻtishi uchun qulay boʻlishi hamda oraliq masofasi 0,9 m dan kam boʻlmasligi lozim.
Quduqqa tushish uchun pastdan va yuqoridan puxta mahkamlangan metall zinalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
151. Suv soʻrish liniyalarida kirish panjaralarini koʻzdan kechirish, taʼmirlash va tozalash ishlari faqatgina nasos stansiyalari toʻxtatilgan holda amalga oshirilishi lozim.
152. Qayiqlardagi qoʻl xaskashlari bilan kirish panjaralarini tozalash faqatgina suv oqimi kuchsiz boʻlganda (0,6 m/sek), kanal chuqurligi sayoz boʻlganda (2 m gacha) hamda kam ifloslanishda ruxsat etiladi.
Panjaralarga xizmat koʻrsatayotgan xodim suvda suzishni bilishi lozim. Tez oqimga ega boʻlgan chuqur daryolarda panjaralarni faqat gʻavvoslar, gʻavvoslik ishlarini amalga oshirayotganda texnika xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda tozalashlari lozim.
153. Suvni qabul qilish joyining kallagi panjaralarini bugʻ yoki issiq suv bilan qizdirishda suv yoki bugʻ yetkazib beruvchi shlangning zarur bosimga chidamliligi tekshirilib koʻriladi hamda xodimlarning kuyib qolishining oldini olish maqsadida shlanglar birlashtirilgan joylar mahkam qotiriladi. Ushbu ishlarni bajarayotganda xodimlar qoʻlqoplar va muhofaza maskalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
154. Panjaralarni isitish ishlari suv olish inshootlaridan foydalanish uchun masʼul boʻlgan xodimning bevosita kuzatuvi va rahbarligida amalga oshirilishi lozim.
155. Suv toshqinlari vaqtida toʻgʻonlarda kecha-kunduz navbatchilikni oʻrnatish kerak. Navbatchilar qutqaruv qayrilma qoziqlari, xodalar va boshqa moslamalar bilan taʼminlanishi kerak.
156. Suv qabul qiladigan quduqlar choʻkmadan tozalanganda va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning quduqqa tushishida quduqlar hamda suv taʼminoti va oqova suvni chiqarib yuborish tizimlari kollektorlarida texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi kerak.
Xodimlarning suv qabul qilish hovuzlariga tushishi bilan bogʻliq ishlar faqatgina suv nasos stansiyalari ishdan toʻxtatilganda va suv olish inshootlaridan foydalanish uchun masʼul boʻlgan xodimning kuzatuvida amalga oshirilishiga ruxsat etilishi lozim.
7-§. Quduqlardan suv olishda xavfsizlik talablari
157. Suv quduqlari ustidagi pavilyonlar nasos stansiyalari qurilmalari uchun belgilangan texnika xavfsizligi talablariga javob berishi kerak.
158. Yer osti pavilyoniga ega nasos stansiyalarida montaj ishlarini yer ustida bajarishi lozim. Xodimlar nasoslarni koʻtarish va tushirishda xavfsizlikni taʼminlaydigan tartibda joylashtirishlari kerak.
159. Quduqlarning suv koʻtarish jihozlarini taʼmirlash boʻyicha ishlarni amalga oshirayotgan xodimlar maxsus kiyimda, qoʻlqop va kaskalarda boʻlishi zarur.
160. Chuqur kameralarga tushish texnika xavfsizligi talablariga muvofiq bajarilishi, kameraning gazlanganligi tekshirilishi hamda uni shamollatish taʼminlanishi kerak. Ish qutqaruv belbogʻlari taqilganda va quduqni yoritish lampasi yonib turganda ishlarni amalga oshirish lozim. Kameralarga tushish bilan bogʻliq ishlarda brigada tarkibi kamida toʻrt kishidan iborat boʻlishi kerak.
4-bob. Suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish tizimlari inshootlariga avtomatik qurilmalar va nazorat-oʻlchov asboblarini oʻrnatishda xavfsizlik talablari
161. Suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish tizimlarida alohida inshootlar va umuman tizim ustidan markazlashtirilgan nazorat hamda masofali (dispetcherlik) boshqaruv tashkil qilinishi kerak. Suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborishning asosiy inshootlari nazorat-oʻlchov asboblari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
162. Nasos stansiyalari va tozalash inshootlarining boshqaruvida avtomatik va telemexanik boshqarilish bilan birga avtomatika va telemexanika uskunalarining ishdan chiqishi holatida ularning uzluksiz foydalanilishini taʼminlaydigan qoʻl bilan boshqarilishi ham nazarda tutilishi kerak.
163. Avtomatika va masofali (dispetcherlik) boshqaruvi tizimlari jadvalda belgilangan muddatlarda va zaruratga qarab, biroq bir yilda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
164. Avtomatika apparaturasi va masofali (dispetcherlik) boshqaruvi, klemmali yigʻmalar, predoxranitellar va ikkilamchi kommunikatsiyaning boshqa apparaturasidan foydalanishda texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinishi kerak.
5-bob. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Nasos stansiyalari uskunalarining tuzilishi va joylashtirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
165. Nasos stansiyalarining tuzilishi va jihozlanishi, isitilishi, yoritilishi havo almashishi va xonalarning yongʻinga qarshi uskunalari QMQ 2.04-02-97 “Suv taʼminoti tashqi tarmoqlar va inshootlar”ning talablariga javob berishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
166. Boshqa suv inshootlari bilan blokirovka qilingan suv nasos stansiyalari, yonmaydigan konstruksiyalar bilan ajratilishi shart va toʻgʻri tashqariga chiqish yoʻliga ega boʻlishi kerak.
167. Yer sathidan pastda joylashgan nasos stansiyalari sizot suvlardan ishonchli ajratilgan va yer usti suvlari bosimidan himoyalangan boʻlishi shart.
168. Nasos stansiyalarining mashina zallarida uskunani taʼmirlash uchun montaj maydonchasi va yuk koʻtaruvchi mexanizmlar boʻlishi kerak.
169. Mashina zalining polidan shiftigacha boʻlgan balandligi koʻtarma uskunalari boʻlmaganda 3 m dan kam boʻlmasligi kerak. Mashina zalidagi uskunalar montaj maydonchasi balkoni yoki xizmat koʻrsatish maydonidan oʻtish yoʻlagi devorigacha 2,4 m dan kam boʻlmasligi kerak.
170. Nasos stansiyasining poli suv ketishi uchun nishab qilib qurilgan boʻlishi kerak.
171. Pavilyonlarda asosiy elektr yoritqichlardan tashqari koʻchma akkumulyator fonarlari yordamida favquloddagi holatlarda yoritish nazarda tutilishi kerak.
172. Nasos stansiyasi agregatlari, taqsimlash shitlari, quvurlar, armaturalar, yordamchi uskunalar va boshqa mexanizmlar shunday joylashishi kerakki, ular oldiga bemalol oʻtish mumkin boʻlishi kerak.
173. Nasos stansiyasi agregatlari va boshqa mexanizmlarni sozlash, rostlash, moylash, profilaktik kuzatish va taʼmirlash faqatgina elektr asboblar oʻchiqligida va ular rejali-ogohlantiruv taʼmirlash jadvaliga muvofiq toʻliq toʻxtatilganda amalga oshirilishi lozim.
174. Nasos stansiyalari navbatchi xodimlariga alohida xonalar ajratilib, aloqa vositalari bilan taʼminlangan boʻlishlari kerak.
2-§. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
175. Nasos stansiyasi agregatlari yoki boshqa jihozlarni dispetcher yoki smena boʻyicha boshliqning ruxsatisiz oʻchirish, yoqish yoxud zaxiradan chiqarish taqiqlanadi. Xodimlar xavfsizligiga yoki jihozning butligiga tahdid soladigan hollar bundan mustasno.
Murakkab oʻchirib yoqishlar yoki xavfli ishlar bajarilishi zarurati bilan bogʻliq, shuningdek nasos stansiyasi ishi rejimining oʻzgarishi tufayli jihoz yoki zaxiraning ishdan oʻchirilishi uchun bosh muhandis yoki boshqarmaning boshqa mansabdor xodimi tomonidan tasdiqlangan maxsus ish dasturlari tuzilishi kerak.
176. Nasos va kompressor qurilmalari ishlayotgan vaqtda himoya qoplamasi va boshqa himoya moslamalarini yechib qoʻyish, moy oʻtkazgich tizimini kavsharlash lampasi va ochiq olovli moslamalar bilan isitish, yoritish maqsadida mashʼaladan foydalanish, agregatlarni ular ishlayotgan vaqtda taʼmirlash va ularning harakatlanayotgan qismlarini qoʻl bilan toʻxtatish qatʼiyan taqiqlanadi. Yogʻlash uchun ishlatiladigan moylar, artib tozalanadigan va boshqa yengil oʻt oladigan materiallarni kompressorlar va elektr dvigatellariga yaqin joyda saqlashga ruxsat etilmaydi.
177. Barcha kompressor qurilmalarida plombalangan manometrlar boʻlishi lozim.
178. Har qanday agregatni ishga tushirishdan oldin navbatchi mashinist ularning barcha qismlari va himoya qurilmalarini ishga shayligiga ishonch hosil qilishi lozim.
Agregatni ishga yaroqsizligi aniqlansa, u holda zudlik bilan bartaraf etish choralarini koʻrish hamda agregatning nosozligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni kitobchaga qayd etib, rahbariyatni xabardor qilish lozim.
179. Smenali ish vaqtida mashinist, u bilan smena almashuvchi xodim kelib navbatchilikni qabul qilib olmaguncha, oʻz ishini tugatmasligi zarur.
180. Avariyalarni bartaraf etish navbatchi dispetcherning ruxsati va tezkor ishtirokida amalga oshirilishi lozim.
181. Suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish tizimlari trassasini tashqi tomondan quduqlar qopqogʻini ochmasdan, signalli nimcha, ilgak va toʻsiq belgisiga ega boʻlgan bir xodim koʻzdan kechirishi kerak.
182. Tarmoqlar trassasini quduqlar qopqogʻini ochgan holda koʻzdan kechirishni quduq sirtini tozalash uchun moslamalar (lom, belkurak), toʻsiq belgisi, ilgaklar, signalli nimcha bilan taʼminlangan, kamida 2 xodimdan iborat brigada amalga oshiradi. Ochiq quduq yoki kamera lyuklari oldida tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish, quduqni koʻzdan kechirish maqsadida yoqilgan gugurt yoki mashʼala tashlash qatʼiyan man etiladi.
183. Texnik (atroflicha) koʻzdan kechiruv va xodimning quduqqa tushishi bilan bogʻliq ishlarda brigadada kamida 3 ta xodim boʻlishi kerak: bir xodim quduqda ishlaydi, ikkinchisi — yer yuzasida, uchinchisi — quduqdagi ishni maxsus kuzatib turadi hamda zarurat tugʻilganda quduqda ishlayotgan xodimga yordam beradi. Quduqda ishlayotgan xodim yer yuzasiga chiqib olmagunga qadar kuzatuvchini boshqa ishlarga chalgʻitish man etiladi.
Kameralarda ishlash vaqtida brigadada kamida 4 ta xodim boʻlishi kerak.
184. Quduqqa yoki kameraga tushish oldidan ularda gaz toʻplanmaganligiga ishonch hosil qilish lozim, buning uchun uzoqdan yorituvchi maxsus lampadan uni ishlab chiqargan zavod va suv taʼminoti hamda oqova suvni chiqarish tashkilotlari yoʻriqnomalariga muvofiq foydalanish kerak, shuningdek skobalar yoki narvonlarning mustahkamligiga xoda yordamida ishonch hosil qilish lozim.
Tekshiruv natijalari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, xodimning quduq yoki kameraga tushib, himoya belbogʻisiz va maxsus lampani yoqmasdan ishlashi man etiladi.
185. Quduq ichidagi gazni chiqarib yuborishda quyidagilarni amalga oshirish zarur:
ishlatilayotgan quduq qopqogʻi va suvni chiqarib yuborish quvuridagi 2 ta tutash (yuqorida va quyida turuvchi) kuzatuv quduqlar qopqogʻini ochish orqali tabiiy shamollatish yoxud suv taʼminoti tarmoqlaridagi faqatgina foydalanilayotgan quduqning qopqogʻini ochish;
qoʻl ventilyatori yoki maxsus transport vositalarga oʻrnatilgan havo purkash moslamasi yordamida havoni haydash;
suv quvuri qudugʻini unda joylashgan oʻt oʻchirish yongʻin gidrantidan keyinchalik chiqarib tashlanadigan suv bilan toʻldirish.
186. Xodimning ortga tashlanadigan shlangli niqobda turib quduqda tanaffussiz ishlashiga 10 daqiqadan koʻp vaqtga ruxsat etilmaydi.
187. Suv chiqarib yuborish tizimining oʻtish kanalini texnik koʻzdan kechirish oldindan tayyorgarlik koʻrgandan soʻng bajarilishi kerak.
Buning uchun ish boshlanishidan 6 — 8 soat oldin kanal suyuq oqovadan tozalanishi va kanalning havosini almashtirish maqsadida kuzatuv quduqlarining qopqoqlari ochilishi lozim hamda quduqlarga panjaralar oʻrnatiladi yoki navbatchilik posti tashkil etilishi zarur.
188. Suv chiqarishni oʻtkazish kanalini koʻzdan kechirish boʻyicha brigadada kamida 7 kishidan iborat boʻlishi, shu jumladan foydalanish xizmatining 2 nafar masʼul xodimi (bosh muhandis, tarmoq xizmati boshligʻi, navbatchi muhandis) hozir boʻlishi lozim. Brigada ikki guruhga boʻlinishi, birinchi guruh (kamida 3 ta xodim) katta mutaxassis rahbarligida kanal boʻylab yurishi, ikkinchi guruh (kamida 3 ta xodim) boshqa katta mutaxassis rahbarligida yer yuzasida turishi va birinchi guruhning harakatini kuzatishi kerak. Ikkinchi guruh gaz analizatori, gaz indikatori hamda maxsus lampa yordamida quduqlarda gaz borligini tekshirishi va zarurat tugʻilganda kanalda ishlayotgan guruhga yordam koʻrsatishi zarur.
189. Quduqlar, kameralar va oʻtish kanallarida ish bajarayotgan brigadada maxsus transport vositalari va quyidagi muhofaza va himoyalanish moslamalari boʻlishi kerak:
brigadaning har bir aʼzosiga yoʻriqnomaga muvofiq tekshirilgan himoya tasmasi va arqonlari mavjud boʻlgan yakka tartibdagi xavfsizlik kamarlari;
uzunligi quduq chuqurligidan kamida 2 m uzun boʻlgan arqon;
karabinli arqon;
signalli nimcha, himoya kaskasi;
quduq chuqurligidan 2 m dan uzun boʻlgan, lekin umumiy uzunligi 12 m dan oshmaydigan shlangli izolyatsiyalaydigan gazniqob (kanallarda ishlayotganda 2 ta gazniqob). Izolyatsiyalaydigan gazniqobni filtrlaydigan gazniqob bilan almashtirish qatʼiyan man etiladi;
12 V dan koʻp boʻlmagan kuchlanishdagi akkumulyatorli fonar (kanallarda ishlayotganda 2-3 ta fonarlar). Akkumulyatorli fonarni ochiq olovli yorugʻlik manbai bilan almashtirish taqiqlanadi;
qoʻl yoki mexanik ventilyator;
belgilangan namunadagi koʻchma toʻsish belgilari;
quduqlar qopqogʻini ochish uchun changaklar va lomlar;
skobalarning mahkamligini tekshirish maqsadidagi xoda yoki yigʻiladigan lineyka.
190. Quduqlar va kameralarning qopqoqlari changak va lom bilan ochilishi lozim.
Qopqoqlarni qoʻl bilan ochish taqiqlanadi. Ochilgan qopqoq quduqdan transport vositasi harakatining yoʻnalishi boʻyicha joylashtirilishi kerak.
191. Suv chiqarib yuborish tizimini profilaktik tozalash quvur tarmoqlari diametri, oʻtish joylarida harakatning intensivligi va qoʻllaniladigan moslama vositalaridan kelib chiqib, 3 — 5 nafar xodimdan iborat boʻlgan brigada tomonidan amalga oshirilishi kerak.
192. Tarmoqni sharlar va boshqa moslamalar bilan tozalaganda lebedkalardan foydalanish kerak. Agar lebedkalar bilan ishlayotgan vaqtda koʻtarilayotgan yukdan chekkada turishning iloji boʻlmasa, quduq yoki kameralar ichida boʻlish, poʻlat arqonni lebedka barabaniga qoʻl bilan yoʻnaltirish taqiqlanadi. Lebedkalarning tishli gʻildiraklari maxsus qoplama bilan yopilgan boʻlishi zarur. Poʻlat arqon yechilganda lebedka barabanida arqonning kamida toʻrt buramasi qolishi kerak. Har kuni ish tugaganidan keyin quduqni darhol qopqoq bilan yopish lozim.
193. Xodimlar ishlayotgan quduqni suv bilan toʻlib qolishini oldini olish uchun yirik tirgagichli toʻrlarda yigʻilib qolgan iflosliklarni tozalashda yuqoridagi quduqda tiqin (probka) oʻrnatilishi zarur.
6-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
194. Mazkur Qoidalar talablariga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
195. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(195-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
7-bob. Yakuniy qoida
196. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2014-yil 26-dekabr
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 26-dekabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 26-dekabr
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
2014-yil 26-dekabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 26-dekabr
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. QURBANOV
2014-yil 26-dekabr
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2014-yil 26-dekabr
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIGMATULLAYEV
2014-yil 26-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 3-son, 34-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.03.2026-y., 10/26/3793/0256-son)