Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Supa yassi togʻida Xalqaro radioastronomik observatoriyasini barpo etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladilar,
ixtiyoriylik va teng huquqlilik asosida,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlar, doʻstlik va hamkorlik asoslari toʻgʻrisida 1992-yil 30-maydagi Shartnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish toʻgʻrisida 1994-yil 2-martdagi Deklaratsiyasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisida 1994-yil 2-martdagi Shartnomaga amal qilib,
kosmik fazoni tinch maqsadlarda tadqiq qilish va undan foydalanishdan umumiy manfaatdorlikni eʼtiborga olib,
Yer va Koinotni fundamental ilmiy tadqiq qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar birgalikdagi kuch-gʻayratlari, oʻzlarining moddiy va moliyaviy resurslari, ilmiy va texnikaviy potensiallarini birlashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasidagi Supa yassi togʻida radioastronomik observatoriya majmuini barpo etish va kelgusida undan foydalanishga doir ishlarni davom ettiradilar.
2-modda
Shu maqsadda Tomonlar (bundan keyin Radioobservatoriya deb ataladigan) xalqaro subyekt huquqiga ega boʻlgan boshqa davlatlarning qoʻshilishi uchun ochiq boʻlgan “Supa” Xalqaro radioastronomik observatoriyasi” deb nomlanuvchi xalqaro hukumatlararo ilmiy-tadqiqot tashkilotini taʼsis etadilar.
Radioobservatoriya yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi.
3-modda
1. Radioobservatoriya kosmik fazoning birgalikdagi fundamental ilmiy tadqiqotlarini bajarish va ushbu sohadagi xalqaro dasturlar boʻyicha samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun barpo etiladi.
2. Radioobservatoriya majmui quyidagilardan iborat boʻladi: RT-70 radioteleskopi, sunʼiy yoʻldosh aloqa stansiyasi, ilmiy axborotlarni toʻplash va ishlov berish tizimi, bino va inshootlar, Oʻzbekiston Respublikasi Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Supa yassi togʻida joylashgan turar joy shaharchasi; Toshkent, Moskva shaharlarida va Zomin shaharchasida maʼmuriy, laboratoriya va xoʻjalik binolari; Jizzax viloyatining Ulyanovo temir yoʻl stansiyasi yaqinida baza.
4-modda
Radioobservatoriya oʻz faoliyatini ushbu Bitimga, uni rivojlantirish boʻyicha tuzilgan boshqa hukumatlararo bitimlar va shartnomalarga hamda oʻz Ustaviga muvofiq amalga oshiradi.
Radioobservatoriya Tomonlardan har birining va uchinchi mamlakatlarning manfaatlariga qarshi bevosita yoki bilvosita qaratilgan faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas.
5-modda
1. Radioobservatoriyaning yuqori organi Muxtor Vakillar Qoʻmitasi (bundan keyin Qoʻmita deb ataladi) hisoblanadi.
Har bir Tomon qoʻmitaga bittadan Muxtor Vakil va ularning bittadan oʻrinbosarlari tayinlandi.
Har bir Tomon hal qiluvchi ovozga ega boʻladi. Qoʻmita qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi. Qoʻmita oʻzining xususiy tartib-qoidalarini qabul qiladi.
Qoʻmitaning birinchi majlisi ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab bir oydan kechikmay oʻtkaziladi.
Tomonlarning Muxtor Vakillari rotatsiya tartibida Qoʻmita Raisi vazifasini amalga oshiradi.
2. Qoʻmita:
Radioobservatoriya Ustavini tasdiqlaydi;
Radioobservatoriyani barpo etish va uning ilmiy faoliyatining kelishilgan siyosatini belgilaydi;
Radioobservatoriyani barpo etish boʻyicha qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarining, ilmiy va ishlab chiqarish faoliyatining yillik rejalarini, shuningdek, Radioobservatoriya ushbu rejalarning bajarilishi haqidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
Radioobservatoriya budjet va xarajatlar smetasini, ularning bajarilishi haqidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
ushbu Bitimni rivojlantirishga doir hukumatlararo bitimlar va shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi va koʻrib chiqadi;
Radioobservatoriyani barpo etish va uning ishlashini taʼminlash uchun Tomonlar yoʻnaltiradigan mablagʻlar va mulklarni tasarruf etish tartibini belgilaydi;
Radioobservatoriyaning ijro etuvchi va maslahatlashuv organlarini shakllantiradi va ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Radioobservatoriyaning Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hamda uchinchi mamlakatlar tashkilotlari, shuningdek, xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan xalqaro hamkorligini rivojlantirish sohasiga taalluqli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, milliy ilmiy tashkilotlar hamda uchinchi davlatlar jismoniy shaxslarining Radioobservatoriyaga qabul qilish haqidagi murojaatlarini koʻrib chiqadi va ular boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.
6-modda
1. Qoʻmita uning maslahatlashuv organi hisoblangan Ilmiy-dasturiy kengashni (bundan keyin Kengash deb ataladi) tuzadi.
2. Kengash Radioobservatoriyaning ilmiy va ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish va ular boʻyicha Qoʻmitaga oʻz tavsiyanomalarini taqdim etish huquqiga egadir.
7-modda
Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasidan hamda Rossiya Federatsiyasidan teng miqdordagi vakillaridan iborat Moliya qoʻmitasini tuzadi.
Moliya qoʻmitasi har yillik budjet loyihasi boʻyicha xulosa tayyorlaydi va Radioobservatoriyaning moliyaviy faoliyatini nazorat qiladi.
Moliya qoʻmitasining majlislarida ikkala Tomon vakillari navbat bilan raislik qiladilar.
8-modda
1. Radioobservatoriya faoliyatiga kundalik rahbarlikni amalga oshiradigan Direksiya Radioobservatoriyaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
2. Radioobservatoriya direktori Qoʻmita tomonidan tayinlanadi.
3. Direksiya Toshkent shahrida joylashadi. Moskva shahrida Direksiyaning boʻlimi boʻladi.
9-modda
Quyidagilar Tomonlarning Radioobservatoriya bilan hamkorlik qilish boʻyicha bosh ilmiy tashkilotlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi kosmik tadqiqotlar Davlat Agentligi;
Rossiya Tomonidan — Rossiya Fanlar akademiyasi.
10-modda
1. Qoʻmita ushbu Bitim imzolangandan keyin olti oy muddatda Tomonlarga quyidagi hukumatlararo protokollar loyihalarini taqdim etadi:
Oʻzbekiston Tomoni Radioobservatoriyaga beradigan Supa yassi togʻidagi, Zomin shaharchasidagi va Jizzax viloyatining Ulyanovo temir yoʻl stansiyasidagi yer uchastkalari oʻlchamini, chegarasini va ulardan foydalanish shartlarini belgilash toʻgʻrisida;
Tomonlarning Radioobservatoriyaga beradigan mulklari roʻyxat va Tomonlarning dastlabki qoʻshadigan ulushlari miqdori toʻgʻrisida;
Supa yassi togʻida Radioobservatoriya barpo etish boʻyicha ishlarning texnik-iqtisodiy asoslashlari, loyiha-smeta hujjatlari va dasturlarini, shuningdek, Radioobservatoriya ishga tushirilgandan keyingi davr uchun uning yillik budjeti loyihasini kelishib olish toʻgʻrisida.
Koʻrsatib oʻtilgan hukumatlararo protokollar imzolangandan keyin ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib qoladi.
2. Shuningdek, belgilangan muddatda Radioobservatoriya bilan, tegishli ravishda Oʻzbekiston Tomoni va Rossiya Tomoni bilan Radioobservatoriyaning huquqiy maqomi hamda uning ikkala davlat hududlaridagi faoliyati shartlari toʻgʻrisidagi bitimlar loyihalarini tayyorlaydi.
11-modda
Ushbu Bitimning 10-moddasida koʻrsatilgan qoʻshma hujjatlarni tayyorlashda Qoʻmita quyidagilarni tushunishdan kelib chiqishi zarur:
1. Oʻzbekiston Tomoni oʻzining dastlabki qoʻshadigan ulushi sifatida Radioobservatoriyaga quyidagilarni beradi:
Supa yassi togʻida ishlab chiqarish binolari va inshootlari, ichki kommunikatsiyalar, aloqa, energiya va suv taʼminoti tizimlari;
Supa yassi togʻida turar joy shaharchasi binolari va inshootlari;
Supa yassi togʻida va Zomin shaharchasida RT-70 radioteleskopining umumsanoat va maxsus asbob-uskunalari, metall konstruksiyalari;
Zomin shaharchasida maʼmuriy va omborxona binolari;
Ulyanovo stansiyasida temir yoʻl tarmogʻi boʻlgan baza;
Direksiyani joylashtirish uchun Toshkent shahrida maydoni 3000 kvadrat metr boʻlgan bino.
2. Rossiya Tomoni oʻzining dastlabki qoʻshadigan ulushi sifatida Radioobservatoriyaga quyidagilarni beradi:
loyiha-smeta va konstruktorlik hujjatlari;
RT-70 radioteleskopining radiotexnika tizimi, maxsus asbob-uskunalari va metall konstruksiyalari;
Rossiya Fanlar akademiyasi P. N. Lebedev nomidagi fizika institutining RT-70 Radioastronomik observatoriyasi mulklari;
Direksiya boʻlimini joylashtirish uchun Rossiya Fanlar akademiyasining Moskva shahridagi binolaridan maydoni 1000 kvadrat metr boʻlgan joy.
3. Tomonlar oʻz davlatlari hududida Radioobservatoriya obyektlarini qoʻriqlashni taʼminlaydilar.
12-modda
Rossiya Tomoni Radioobservatoriyaga RT-70 radioteleskopi tizimini va umuman radioastronomik observatoriya majmuini ishlab chiqish va barpo etish uchun zarur boʻlgan oʻzidagi mavjud nou-xau ilmiy-texnikaviy vositalarni beradi.
13-modda
1. Radioobservatoriyaning unga Tomonlar dastlabki qoʻshilgan ulush sifatida bergan, shuningdek, oʻz faoliyati mobaynida Tomonlarning mablagʻ bilan taʼminlashi yoki boshqa manbalar hisobiga oʻzi yaratgan yoki sotib olgan mulki Radioobservatoriyaning mulki hisoblanadi.
2. Rossiya Tomoni Supa yassi togʻidagi radioastronomik observatoriya majmuini qurish va foydalanishga topshirishga doir ishlarni mablagʻ bilan taʼminlaydi.
Bunda haqiqatda jalb qilingan mablagʻlarni hisobga olgan holda Tomonlarning Radioobservatoriya mulkiga qoʻshgan ulush hissalarining miqdori aniqlanadi. Bu mazkur Bitimning tarkibiy qismi boʻlgan Hukumatlararo protokol orqali tasdiqlanadi.
3. Dastlabki kuzatishlar boshlanadigan vaqt bilan belgilangan radioastronomik observatoriya majmuini foydalanishga topshirishgacha boʻlgan davrda Radioobservatoriyaning Oʻzbekiston Respublikasi milliy xavfsizligi va atrof muhitni muhofaza qilish masalalariga taalluqli boʻlmagan faoliyati boʻyicha kelishmovchiliklar tugʻilganda Rossiya Tomoni Muxtor Vakilining fikri ustunlikka ega boʻladi.
Mazkur davr uchun Radioobservatoriya Direktori Rossiya Tomoni Muxtor Vakilining Oʻzbekiston tomoni Muxtor Vakili bilan Kelishuvi boʻyicha taqdimnomasiga binoan tayinlanadi.
14-modda
1. Tomonlarning Muxtor Vakillari Radioobservatoriyani boshqarishda teng huquqqa egadirlar.
2. Kuzatishlar vaqti Radioobservatoriyaning uzoq muddatli dasturlarini amalga oshirish hamda Tomonlar va uchinchi mamlakatlar ilmiy tashkilotlari va jismoniy shaxslarining har yilgi buyurtmanomalari boʻyicha ishlarni bajarish uchun ajratiladi.
Rossiya Tomonining ilmiy tashkilotlari va jismoniy shaxslariga har yilgi buyurtmanomalar boʻyicha ajratiladigan vaqtning kamida 51 foizi beriladi.
Oʻzbekiston Tomonining ilmiy tashkilotlari va jismoniy shaxslari koʻrsatilgan vaqtning qolgan qismi boʻyicha ustun huquqqa egadirlar. Ushbu shartlar faqat Tomonlar Muxtor Vakillarining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
3. Radioobservatoriya majmui ishga tushirilgandan keyingi davrda uning yillik budjetiga Tomonlarning ulushlari kuzatishlar vaqti taqsimotiga qarab qoʻshiladi.
15-modda
Radioobservatoriyada oʻtkaziladigan tadqiqotlarning ilmiy natijalari ham unga, ham ushbu natijalarni bevosita olgan ilmiy tashkilotlarga va/yoki jismoniy shaxslarga teng darajada tegishlidir.
Ushbu natijalar albatta ochiq matbuotda eʼlon qilinishi kerak, shundan keyingina u ijtimoiy boylikka aylanadi.
16-modda
Oʻzbekiston Tomoni, Radioobservatoriya ishining majburiy sharti sifatida radioshovqinlarning kam darajada boʻlishini taʼminlash maqsadida, oʻz hududida 50 kilometr radiusli zonada ushbu shovqinlar manbalarining joylashtirilishini bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻradi.
17-modda
Zaruratga qarab Qoʻmita ushbu Bitim maqsadlarini amalga oshirish va Tomonlar uchun nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni taʼminlash uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha tadbirlarga doir tavsiyanomalarni ishlab chiqadi va Tomonlarning koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi.
18-modda
Tomonlar oʻzaro kelishgan holda ushbu Bitimga tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
19-modda
Bitim Tomonlar, Tomonlarning tashkilotlari oʻrtasidagi yoki Radioobservatoriya va Tomonlardan biri oʻrtasidagi ushbu Bitim boʻyicha huquq va majburiyatlar bilan bogʻliq yuridik bahslar, agar ular olti oy muddat mobaynida oʻzgacha tartibda hal etilmagan boʻlsa, uchta hakam tarkibida tuziladigan hakamlik sudida koʻrib chiqishga taqdim etiladi. Bunda Tomonlardan har biri bitta hakam tayinlaydi, hakamlik sudiga raislik qiladigan uchinchi hakam esa dastlabki ikki hakam tomonidan tanlanadi, biroq u Bitimga qatnashchi davlat fuqarolaridan boʻlmasligi kerak. Agar dastlabki ikki hakam uchinchi hakam masalasida bahsni hakamlik sudida koʻrib chiqishga berish toʻgʻrisida bildirilgan kundan boshlab ikki oy mobaynida kelisha olishmasa, uchinchi hakam Xalqaro Sud Raisi tomonidan tanlanadi.
Hakamlarning koʻpchilik ovozi uzil-kesil va bajarilishi majburiy boʻlgan qaror qabul qilish uchun yetarli boʻladi. Uchinchi hakam barcha rasmiy tartibot masalalarini (ular boʻyicha kelishmovchiliklar boʻlganda) hal etishga vakolatlidir.
Tomonlar tayinlaydigan hakamlar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni har qaysi Tomon mustaqil ravishda toʻlaydi. Raisning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni Tomonlar teng ulushlarda toʻlaydi.
20-modda
Radioobservatoriya qurilishining borishiga, uning ilmiy va ishlab chiqarish faoliyatiga daxldor fors-major holatlari vujudga kelgan taqdirda Tomonlar qisqa muddatda mansabdor shaxslar, xodimlar va ular oila aʼzolarining hayoti uchun xavfsiz sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, asbob-uskunalarni, mulklarni saqlash va Radioobservatoriya faoliyatini tezkorlik bilan tiklash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻradilar.
21-modda
Radioobservatoriyaning ilmiy-tadqiqot faoliyatida xalqaro tashkilotlar, shuningdek, uchinchi davlatlarning milliy ilmiy tashkilotlari va jismoniy shaxslari har bir holatda Radioobservatoriya va manfaatdor tomon oʻrtasidagi bitim boʻyicha belgilanadigan shartlarda qatnashishlari mumkin.
22-modda
1. Bitim 99 yil mobaynida amalda boʻladi va Tomonlarning kelishuvi boʻyicha uzaytirilishi mumkin.
2. Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish boʻyicha Tomonlarning vakolatli vakillaridan tugatish komissiyasi tuziladi, u Radioobservatoriya barcha majburiyatlarini bajargach, Tomonlarga ularning mulkini qaytarish, shuningdek, Radioobservatoriya faoliyati vaqtida yaratgan yoki sotib olgan mulkni Radioobservatoriya faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlashga Tomonlar qoʻshgan ulushlarga mutanosib ravishda taqsimlash haqida qaror qabul qiladi. Tomonlarning kelishuvi boʻyicha Radioobservatoriya barpo etilayotganda ularning dastlabki ulush sifatida qoʻshgan mulki, shuningdek, uning faoliyati davomida yaratilgan mulk pul kompensatsiyasi holida qaytarilishi mumkin.
23-modda
Ushbu Bitim imzolangan kunidan boshlab vaqtinchalik qoʻllanadi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat rasmiy tartibotlarini bajarganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi bildirishnoma berilgan kunda kuchga kiradi.
1995-yil 27-iyulda Toshkentda har biri oʻzbek va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)