Samarqand viloyati xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashining
Qarori
2015-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
2015-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturiga muvofiq yil davomida 4283 ta ish oʻrinlari tashkil qilish koʻzda tutilib, shu jumladan, yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatlarni yangilash sohasida 100 ta, kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil qilish boʻyicha 1255 ta, shundan, sanoatda 305 nafar, qurilish-pudrat ishlarini kengaytirish, jumladan uy-joy qurilishi va taʼmirlash sohasida 283 ta, xizmat koʻrsatish va servis sohasida 677 ta, yakka va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida 890 ta, uy mehnatining barcha shakllarini rivojlantirish evaziga 675 ta, bu borada korxonalar va kooperatsiyada mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirishda 120 ta, fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish (parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va boshqalar) sohasida 930 ta, ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini rivojlantirish evaziga 430 ta, ishlamasdan turgan korxonalarni faoliyatini tiklash boʻyicha 25 ta yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilmoqda.
Bunda, 2191 nafar ayollarni ish bilan taʼminlash, 2293 nafar yoshlarni, shu jumladan 1303 nafar kasb-hunar kollej bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Buning asosiy qismi 3206 nafar qishloq joylarida tashkil etiladi.
Kun tartibidagi masalani muhokama etib, xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashi qaror qiladi:
1. 2015-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Dasturda 2015-yilda tumanda quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha 4283 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi koʻzda tutilganligi:
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatlarni yangilash sohasida 100 ta yangi ish oʻrinlari;
kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil qilish boʻyicha 1255 ta, shundan, sanoatda 305 ta yangi ish oʻrinlari;
qurilish-pudrat ishlarini kengaytirish, jumladan uy-joy qurilishi va taʼmirlash sohasida 283 ta yangi ish oʻrin;
xizmat koʻrsatish va servis sohasida 667 ta yangi ish oʻrinlari;
yakka va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida 890 ta yangi ish oʻrinlari;
uy mehnatining barcha shakllarini rivojlantirish evaziga 675 ta yangi ish oʻrinlari;
bu borada korxonalar va kooperatsiyada mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirishda 120 ta yangi ish oʻrinlari;
fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish (parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va boshqalar) sohasida 930 ta yangi ish oʻrinlari;
ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini rivojlantirish evaziga 430 ta yangi ish oʻrinlari;
ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini tiklash boʻyicha 25 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi eʼtiborga olinsin.
3. Tuman hokimi oʻrinbosari (T. Esirgapov), tuman moliya boʻlimi boshligʻi (H. Samandarov)larga:
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Gʻ. Pardayev) hamda tuman hokimligi Iqtisodiyot boʻlimi (I. Narzullayev) bilan kelishgan holda bir oy muddatda aniq korxonalar boʻyicha 2015-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish tarmoq dasturini, shuningdek koʻp mehnat talab etadigan ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash va texnologik yangilashni, ishchi kuchlariga boʻlgan talab va taklifning mavsumiy oʻzgarishini hisobga olib, ilgari tashkil etilgan ish oʻrinlari saqlab qolinishi va barqaror faoliyat yuritishini soʻzsiz taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Gʻ. Pardayev) va tumandagi kasb-hunar kollejlari bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda kasb-hunar kollejlari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada takomillashtirish, ayniqsa bitiruvchi kurslar oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, moddiy-texnik jihatdan va kadrlar bilan amalda qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklatilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashining deputatlari ishtirokida tuman hokimligining majlislarida 2015-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish dasturi parametrlarining va tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilishining borishini tanqidiy koʻrib chiqilishi, bunda yangi tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash maqsadida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Gʻ. Pardayev) hamda vakolatli tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ish oʻrinlarini invetarizatsiyadan oʻtkazish natijalari asosiy mezonlardan biri deb baholansin.
5. Tuman hokimining oʻrinbosari (T. Esirgapov), tuman Kengashi deputatlari, tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Gʻ. Pardayev), tuman hokimligi iqtisodiyot boʻlimi (I. Narzullayev), tijorat banklari, korxona va tashkilotlar bilan birgalikda:
2014/2015 oʻquv yilida kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish parametrlarini alohida koʻrsatgan holda, ish oʻrinlarni tashkil etish uchun zarur boʻlgan moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarning belgilanishiga alohida eʼtibor qaratib, 2015-yilda tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlarining manzilli roʻyxatlarini;
2015-yilda ish oʻrinlari tashkil etish hududiy dasturini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilii markazi (Gʻ. Pardayev), tuman hokimligi iqtisodiyot boʻlimi (I. Narzullayev), statistika boʻlimi (Z. Ergashov) bilan birgalikda:
dasturning bajarilishi monitoringini tizimli olib borilishini taʼminlash;
ishsizlarni ishga joylashtirish, shu jumladan ularni kasb-hunarga qayta oʻqitish va qayta tayyorlash, xaq toʻlanadigan jamoat ishlariga yoʻllash, shuningdek “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari”ni oʻtkazish orqali ishga joylashtirish tadbirlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar.
7. Tumandagi tijorat banklariga:
bir oy muddatda 2015-yilda tijorat banklari tomonidan banklar, tuman bandlik yoʻnalishlari boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ish oʻrinlari tashkil etishni taʼminlaydigan biznes-loyihalarini moliyalashtirish, shu jumladan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun kredit mablagʻlari ajratish prognoz parametrlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
ish oʻrinlari tashkil etish uchun, ayniqsa kasb-xunar kollejlari bitiruvchilariga ajratilayotgan kredit resurslari boʻyicha keng targʻibot-tashviqot ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish tavsiya etilsin.
8. Tuman hokimi oʻrinbosi (T. Esirgapov) bir oy muddatda tumandagi sanoat hududlarida koʻp mehnat talab qilmay ixcham, kichik ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va joylashtirish boʻyicha masalalarni oʻrganish va takliflar ishlab chiqish uchun tuman hokimligi iqtisodiyot boʻlimi, Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, Davlat soliq inspeksiyasi, arxitektura va qurilish boʻlimi, tijorat banklarining masʼul xodimlaridan iborat tarkibda Maxsus ishchi guruhini tuzsin va tuman hokimligi tasdigʻiga kiritsin.
Maxsus ishchi guruhi tumanda joylarga borgan holda:
tumandagi mavjud sanoat zonalari (maydonchalari)dan foydalanish samaradorligini va ularning ish bilan taʼminlanganligini, shu jumladan ishlab chiqarish infratuzilmasi ahvolini tanqidiy oʻrganib chiqish;
sanoat zonalari (maydonlari)dagi sanoat korxonalarining ishlamayotganligi va tugatilishi sababini chuqur tahlil qilish;
sanoat maydonchalarida foydalanilmayotgan binolar (inshootlar), past likvidli obyektlar, ishlamayotgan korxonalar mavjudligi yuzasidan xatlov oʻtkazish hamda ularning faoliyatini tiklash va moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, 2015-yil mobaynida har bir obyekt boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishning aniq parametrlarini tasdiqlashni amalga oshirsinlar.
9. Tumandagi oʻrta maxsus, kasb-hunar kollejlari, tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Gʻ. Pardayev), tuman hokimligi boʻlim boshliqlari, manfaatdor korxonalar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi kurs oʻquvchilarini ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashini tashkil etish va keyinchalik ishga joylashishiga koʻmaklashish uchun aniq korxonalarga biriktirishni, shuningdek kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni hamda pedagoglar malakasini oshirishni nazarda tutuvchi qoʻshma chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun tuman hokimligiga kiritsinlar.
10. Ushbu qaror 2015-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiya (Gʻ. Pardayev) va tuman hokimining oʻrinbosari (T. Esirgapov) zimmasiga yuklansin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi N. BERDIBOYEV
Oqdaryo t.,
2014-yil 15-dekabr,
XXXII/265-son