OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT RAQOBAT QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORINI MUVOFIQLASHTIRISH VA RIVOJLANTIRISH MARKAZI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI HUZURIDAGI SOLIQ, VALYUTAGA OID JINOYATLARGA VA JINOIY DAROMADLARNI LEGALLASHTIRISHGA QARSHI KURASHISH DEPARTAMENTINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI HUZURIDAGI SOLIQ, VALYUTAGA OID JINOYATLARGA VA JINOIY DAROMADLARNI LEGALLASHTIRISHGA QARSHI KURASHISH DEPARTAMENTINING
Qarori
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 15-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2033-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 21-apreldagi PQ-331-sonli “Moliya-iqtisodiy, soliq sohasidagi jinoyatlarga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2009-yil 13-oktabrdagi 2009-43, 38-sonli qarori (roʻyxat raqami 2033, 2009-yil 3-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 45-son, 491-modda) bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktori B. ATAXANOV
Toshkent sh.,
2014-yil 30-dekabr,
2014-33-son
Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi v. b. B. ZILYAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 30-dekabr,
29-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2014-yil 30-dekabrdagi 2014-33 va 29-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlar — Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) rasmiy bayonotlarida xalqaro moliyaviy tizimga xavf tugʻdiruvchi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimlarida strategik kamchiliklari mavjud deb belgilangan davlatlar va hududlar;”;
toʻrtinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi xatboshlar bilan toʻldirilsin:
“tavakkalchilik — mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirish tavakkalchiligi;
Markaz — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi.”.
2. 4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“professional ishtirokchilar faoliyatida, jinoiy faoliyatidan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish tavakkalchiliklarini aniqlash, baholash va kamaytirish;”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 5-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“professional ishtirokchilar faoliyatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish tavakkalchiliklarini aniqlash, baholash va kamaytirish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish.”.
4. 61-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi” degan soʻzlar “Markaz” degan soʻz bilan almashtirilsin.
5. 8-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi” degan soʻzlar “Markaz” degan soʻz bilan almashtirilsin.
6. 9-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ichki nazorat tizimini tashkil etish boʻyicha Departamentning vakolatli vakillari, tashkilotning ichki audit xizmati xodimlari va tashqi auditorlar tomonidan olib borilgan tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha monitoringni amalga oshiradi.”.
7. 11-band quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish boʻyicha tavakkalchiliklarni aniqlash va baholash boʻyicha tegishli choralarni koʻrish, ushbu tavakkalchiliklarni hujjatlashtirish va ularni kamaytirish choralarini koʻrish;”;
toʻqqizinchi xatboshi tegishlicha oʻninchi xatboshi deb hisoblansin.
8. 12-banddagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“eng kam oylik ish haqi miqdorining 500 baravari miqdoridan ortiq boʻlgan qimmatli qogʻozlarga doir bir martalik bitimlar amalga oshirilganda;
shu jumladan, identifikatsiyalash uchun mijoz toʻgʻrisida avval olingan maʼlumotlarning asliyligi va ishonchliligiga shubha tugʻilganda mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha choralarni koʻradilar.”.
9. 13-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mijozlar, shu jumladan mavjud mijozlarni lozim darajada tekshirish operatsiyalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida olib borilishi kerak.”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Agarda operatsiyaning taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda yoxud offshor hududlarda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan, shuningdek tavakkalchilikning yuqori darajasi toifasiga kiritilgan shaxs boʻlganda professional ishtirokchilar mijozlarni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan choralarini koʻrishlari lozim.”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
10. Quyidagi mazmundagi 131-band bilan toʻldirilsin:
“131. Mijozni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan choralariga quyidagilar kiradi:
mijoz haqida qoʻshimcha maʼlumotlar (faoliyat turi, aktivlar miqdori, ochiq maʼlumotlar bazasi orqali olishi mumkin boʻlgan maʼlumot va boshqalar) olish va foydalanuvchi yoki benefitsiar mulkdor boʻyicha maʼlumotlarni yanada tezroq yangilab borish;
mijozdan uning pul mablagʻlari yoki moliyaviy holatining manbasi haqida maʼlumot olish;
rejalashtirilgan yoki oʻtkazilgan operatsiyalarning sabablari toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
qoʻshimcha tekshirishni talab qiladigan operatsiyalar (bitimlar) xususiyatini aniqlash hamda tekshirishlarning soni va ketma-ketligini oshirish yoʻli bilan ish munosabatlarining kuchaytirilgan monitoringini amalga oshirish.”.
11. Quyidagi mazmundagi III1 bob bilan toʻldirilsin:
“III1. Tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholash
181. Professional ishtirokchilar mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish yoki terrorizmni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirishda tavakkalchilik darajasini (bundan buyon matnda tavakkalchilik darajasi deb yuritiladi) aniqlash, baholash va kamaytirish choralarini koʻrishi shart.
Tavakkalchilik darajasi mijoz taqdim etgan axborot asosida, mijozning amalga oshiradigan operatsiyalar turlari, mazkur Qoidalarda belgilangan mezonlar, mijozni lozim tarzda tekshirish natijalari hamda boshqa kerakli maʼlumotlarni hisobga olgan holda nazoratchi tomonidan har yili aniqlanadi va baholanadi.
Tavakkalchiliklarni baholash natijalari yozma ravishda rasmiylashtirilishi hamda Departament yoki Markazga taqdim etilishi lozim.
182. Tavakkalchilikning yuqori darajasi toifasiga professional ishtirokchilar avvaldan quyidagi mezonlarga ega boʻlgan mijozlarni tegishli deb topishi va ularga nisbatan lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan choralarini amalga oshirishi lozim:
terrorchilik faoliyatida ishtiroki yoxud terrorchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarning nazorat ostida ekanligi yoxud terrorchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoki shugʻullanishda gumon qilinayotgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori yoxud uni nazorat qiluvchi ekanligi toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlgan shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda yoxud offshor hududda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxslar;
norezidentlar;
joylashgan joyi taʼsis yoki roʻyxatga olish hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlardagi manzilga toʻgʻri kelmaydigan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
haqiqiy egasi ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxs boʻlgan tashkilotlar;
muntazam ravishda (ketma-ketligi uch oy mobaynida ikki martadan ortiq) shubhali operatsiyalarni amalga oshirayotgan mijozlar;
nazoratchida asosli shubha uygʻotadigan operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqa shaxslar.
183. Mijoz tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarning tavsifi oʻzgarishiga qarab, professional ishtirokchilar zarur boʻlganda u bilan ishlash boʻyicha tavakkalchilik darajasini qayta koʻrib chiqishi zarur.
Professional ishtirokchilar barcha murakkab, gʻayrioddiy yirik operatsiyalarga, shuningdek aniq iqtisodiy yoki qonuniy maqsadga ega boʻlmagan operatsiyalarni amalga oshirishning gʻayrioddiy sxemalariga kuchaytirilgan eʼtibor qaratishi kerak.
Amalga oshirilgan choralar haqida maʼlumot professional ishtirokchining rahbariyatiga taqdim etilishi lozim.
184. Professional ishtirokchilar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralarni koʻrishlari kerak. Bu maqsadlarda professional ishtirokchilar:
xizmatlarning yangi turlari va yangi ish amaliyotini ishlab chiqishlari;
yangi hamda amaldagi xizmat turlarida yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanish natijasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholashlari kerak.
Bunday tavakkalchilikning baholanishi xizmatlarning yangi turlari, yangi ish amaliyotining ishga tushirilishi yoki yangi yoxud rivojlanayotgan texnologiyalarni foydalanishga tushirishdan avval oʻtkazilishi lozim.
Professional ishtirokchilar bunday tavakkalchiliklarni monitoring qilish va ularni kamaytirish uchun tegishli choralarni koʻrishlari zarur.”.
12. 19-bandda:
oʻn birinchi, oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilardagi “1000” raqami “500” raqami bilan almashtirilsin;
oʻn yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻn sakkizinchi — yigirma birinchi xatboshilar tegishlicha oʻn yettinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin.
13. Quyidagi mazmundagi 211-band bilan toʻldirilsin:
“211. Operatsiyaning taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxs boʻlsa, bunday operatsiya Departamentga xabar qilinishi kerak.”.
14. Quyidagi mazmundagi 271 va 272-bandlar bilan toʻldirilsin:
“271. Nazoratchining faoliyatida foydalanilgan barcha hujjatlar (Markaz va Departament bilan yozishmalari, shu jumladan yuborilgan xabarlarning qogʻozdagi va elektron nusxalari, mijozlarning qogʻozdagi va elektron anketalari, jurnallar va h. k.) dan foydalanilishini cheklash maqsadida, bunday hujjatlar va ularning roʻyxati bevosita maxsus jihozlangan xonada yoki yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi lozim.
272. Hujjatlarning elektron shakllari dasturiy usulda arxivlashtirilishi, elektron axborot tashuvchi uskunalarga yozib qoʻyilishi hamda masʼul xodim tomonidan ularning roʻyxati bilan birgalikda yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi zarur.”.
15. 28-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi” degan soʻzlar “Markaz” degan soʻz bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 2-son, 27-modda)