Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 9-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2175-2]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 12-yanvardagi 319-sonli ““Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2175-9, 19.01.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-dekabrdagi OʻRQ-379-son “Soliq va budjet siyosatining 2015-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 30-noyabrdagi 102-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2175, 2010-yil 30-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 52-son, 531-modda) bilan tasdiqlangan Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 30-dekabr,
88-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2014-yil 30-dekabrdagi 88-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari, qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1941 — 1945-yillardagi urushda halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalari va vafot etgan nogironlarning xotinlari. Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar doirasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1 va 2-son ilovalarida belgilangan.”.
2. 2-banddagi “yillar ikkinchi jahon urushi” degan soʻzlar “yillardagi urush” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 3-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya summasi jismoniy shaxslarning jami daromadiga qoʻshiladi hamda ish haqi (pensiyalar, nafaqa) toʻlanadigan muddatlarda toʻlanadi. Bunda, kompensatsiyalar har oyda korxona shtatida turgan har bir xodimga (shu jumladan, ishlovchi pensionerlarga) ish joyida, ishlamaydigan pensionerlarga va nafaqa oladigan bolalikdan nogironlarga hamda nafaqa oladigan pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan, mehnatga qobiliyatsiz keksa fuqarolarga — pensiya (nafaqa) olish joyida toʻlanadi.”.
4. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga kompensatsiya uni olish huquqini beruvchi hujjatni ilova qilgan holda kompensatsiya tayinlash toʻgʻrisida ariza topshirilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan tayinlanadi.”.
5. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Tayinlangan kompensatsiyani toʻlash:
pensiya (nafaqa) toʻlash muddati tamom boʻlganda;
ketma-ket uch oydan ortiq vaqt mobaynida pochta aloqasi tashkiloti orqali kompensatsiya olinmaganda;
fuqaro ozodlikdan mahrum etilganda;
fuqaro ruhiy bemorlar internat uylarida yashaganda;
kompensatsiyani toʻlashni toʻxtatib turish toʻgʻrisida fuqaro tomonidan ariza berilganda toʻxtatib turiladi.
Tayinlangan kompensatsiyani toʻlash qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ham toʻxtatib turilishi mumkin.
Kompensatsiyani toʻlash fuqaro yoki uning vasiysi tomonidan kompensatsiyani toʻlashni tiklash toʻgʻrisida ariza taqdim etilgandan, shuningdek shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatgandan soʻng tiklanadi.
Fuqaroning sud hukmi boʻyicha ozodlikdan mahrum etish joylarida boʻlgan vaqti uchun kompensatsiya toʻlanmaydi. Fuqaro ozod boʻlgandan keyin kompensatsiya toʻlash kompensatsiyani toʻlashni tiklash toʻgʻrisida ariza berilgan kundan boshlab tiklanadi.”.
6. Quyidagi mazmundagi 111-band bilan toʻldirilsin:
“111. Tayinlangan kompensatsiyani toʻlash:
fuqaro vafot etganda;
tayinlangan kompensatsiyaga huquqlar yoʻqolganda;
doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketilganda toʻxtatiladi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 1-son, 20-modda)