OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT ZAXIRALARINI BOShQARISh QOʻMITASINING
Qarori
Birinchi guruhga sholi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 23-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2640]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2021-yil 27-oktabrdagi 5-sonli ““Birinchi guruhga sholi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2640-1, 04.11.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga sholi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 25-noyabr,
24-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2014-yil 25-noyabrdagi 24-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga sholi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga sholi yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar va birinchi guruh moddiy boyliklarini masʼul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
3. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan sholi sifat hamda xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha normativ hujjatlar talablariga mos kelishi lozim.
4. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan sholi oʻzining sifati boʻyicha uzoq vaqt davomida saqlanish uchun yaroqli boʻlishi lozim. Buzilgan, saqlash davrida qizib ketgan, don zararkunandalaridan zarar koʻrgan sholini yetkazib berish va qoʻyish taqiqlanadi.
II bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
5. Davlat zaxirasiga qabul qilish uchun moʻljallangan sholi saqlanadigan omborlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
ombor hududlari toʻsib olingan boʻlishi, xavfsizlik texnikasi va sanitariya talablariga javob berishi;
omborlar yer osti suvlarini chiqarib yuborish uchun suv oqib tushadigan tarnovlar va yoʻl chetidagi ariqlar bilan taʼminlangan boʻlishi;
transport vositalarining harakatlanish joylari, barcha maydonchalar asfaltlangan boʻlishi va kunning qorongʻi paytlarida yoritilgan boʻlishi;
sholiga xos boʻlmagan hiddan xoli boʻlishi, zararkunandalar bilan zararlangan boʻlmasligi;
quruq, yer osti suvlarining kirib kelishidan xoli boʻlishi;
omborlar ichkaridan suvoq qilingan, elevatorlar yamalmagan vertikal va gorizontal ulanish joylariga ega boʻlmasligi;
eshiklar zich yopilishi, pollar va devorlar silliq, yoriqlarsiz boʻlishi;
tomlar yaroqli holatda boʻlishi;
ombor eshiklarining oʻrnilari taxtalar bilan bekitib tashlangan boʻlishi;
oynalar omborning ichkari tomonidan bekitib tashlangan boʻlishi;
yoritqichlar toʻrli himoya qiluvchi qalpoqlarga ega boʻlishi;
faol ventilatsiyaning kiruvchi teshiklari ularga atomosfera yogʻinlarining tushib qolishini oldini oladigan zich yopiladigan qopqoqlarga ega boʻlishi.
6. Omborlarda qoʻshimcha mahsulotlar va barcha toifadagi chiqindilar asosiy mahsulotdan alohida saqlanishi lozim.
7. Omborlarga faqatgina ishchi personalga va saqlanayotgan mahsulot ustidan nazorat qilish va kuzatishni amalga oshirayotgan shaxslarga kirishga ruxsat etiladi.
8. Omborlarning sholini qabul qilib olishga tayyorligi bosh muhandis, bosh energetik, laboratoriya mudiri, saqlash uchastkasi boshligʻi va yongʻin xavfsizligiga javobgar boʻlgan shaxs tarkibidagi komissiya tomonidan tekshiriladi va tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.
9. Omborlar quyidagilar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim:
zarur boʻlgan inventar va uskunalar bilan;
haroratli-namlik rejimini nazorat qiluvchi asboblar bilan (termometrlar, termograflar, gigrograflar va psixrometrlar);
himoya qilish va qoʻriqlash signalizatsiyasi vositalari, yongʻin oʻchirish vositalari, shuningdek avtomatik yongʻinga qarshi signalizatsiya asboblari bilan;
birinchi tibbiy yordam koʻrsatish vositalari bilan.
10. Saqlash paytida sholini ularning kuch darajasi va davom etishi vaqtidan qatʼi nazar, yongʻin kelib chiqish manbalaridan ehtiyot qilish zarur.
11. Ombor xonalari tegishli uskunalar, xavf toʻgʻrisida ogohlantirib turuvchi plakatlar, yozuvlar, koʻrsatkichlar va signalizatsiya bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
12. Yuklarni tashishga moʻljallangan barcha moslamalar, ishlarning qulayligi va xavfsizligini taʼminlaydigan qurilmalarga, shuningdek ularning yuk koʻtarish qobiliyati, ishchi holatining tekshirilgan sanasi va yukni joylashtirish usuli koʻrsatilgan trafaretlarga ega boʻlishi kerak.
III bob. Sholini tashish
13. Davlat zaxirasiga qabul qilish uchun moʻljallangan sholini tashish normativ hujjatlar talablari asosida amalga oshiriladi.
14. Sholi yuklarni avtomobil va temir yoʻl transportida tashish qoidalariga rioya qilgan holda tashiladi.
15. Sholini temir yoʻl transportida tashish “zernovoz”larda yoki usti yopiq, texnik jihatdan soz va toza boʻlgan vagonlarda amalga oshiriladi.
16. Sholini ifloslangan, avval tashilgan yuklar (koʻmir, ohak, sement, tuz va hokazo), zaharli va hid chiqaradigan alomatlari boʻlgan boʻyogʻi qurimagan, ifloslantiruvchi yoki boʻyoq hidini saqlab qolgan transport vositalarida tashish qatʼiyan man etiladi.
IV bob. Sholini yetkazib berish va qabul qilish
17. Yangi hosildagi sholini qabul qilish va joylashtirishni toʻgʻri tashkil etish uchun tashkilotda sholini qabul qilish va joylashtirish rejasi tuziladi.
Bunda quyidagilar hisobga olinadi:
sholini sotib olish rejalari, yetkazib berish boʻyicha shartnomalar, boshqa tashkilotlardan kutilayotgan yetkazib berishlar (koʻchirishlar), avvalgi yillar maʼlumotlari asosida sholining prognoz qilinadigan sifati;
uskunalarning, ombor sigʻimlarining ratsional qoʻllanilishi va sifat hamda miqdorga bogʻliq ravishda partiyalarni shakllantirishni taʼminlash;
sholi sifatining saqlanishini taʼminlaydigan muddatlarda sholiga yigʻim-terimdan keyingi qayta ishlov berilishini amalga oshirish;
sholi bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarni mexanizatsiyalashtirish darajasi;
uning ratsional boʻlmagan koʻchirilishiga yoʻl qoʻymaslik.
18. Sholining uzluksiz qabul qilinishini, toʻgʻri joylashtirilishini, oʻz vaqtida ishlov berilishini taʼminlash, omborlarining ratsional qoʻllanilishini, transport hamda texnologik uskunalarning maksimal yuklanishini taʼminlash uchun texnologik xaritalar tuzish tavsiya etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Sholining sifat va miqdor boʻyicha qabul qilinishi qonunchilik hujjatlari va mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
20. Sholini qabul qilib olish yuk qabul qiluvchining omborida yetkazib beruvchining vakili ishtirokida amalga oshiriladi.
21. Sholi partiyalar bilan qabul qilinadi. Sholi partiyasi — bu bir vaqtda qabul qilib olish, yuklash, saqlash va sifat toʻgʻrisidagi tegishli hujjat bilan rasmiylashtirilgan bir xil tur va navdagi sholining muayyan miqdoridir.
22. Sholining har bir partiyasiga mahsulot sifati toʻgʻrisidagi hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari ilova qilinadi.
23. Sholini qabul qilib olishda uning sifat koʻrsatkichlari boʻyicha normativ hujjat talablariga javob berishi masʼul saqlovchi tashkilotlar tomonidan tekshiriladi.
24. Sholining belgilangan talablarga javob berishini tekshirish uchun normativ hujjatlar talablariga koʻra namunalarning tanlab olinishi amalga oshiriladi.
25. Sifat koʻrsatkichlarining normativ hujjatlar talablariga javob bermasligi holatlari aniqlansa, yetkazib beruvchi ushbu mahsulotni shartnomaga asosan almashtirib beradi.
V bob. Sholini omborga joylashtirish va saqlash
26. Tashkilotga kelib tushadigan sholi uning sifatini saqlaydigan muddatlarda qayta ishlanadi (tozalash, quritish, sovutish, zararsizlantirish va hokazo).
27. Sholini bir yilgacha saqlashda namgarchilik darajasi 14 foizdan oshmasligi lozim.
28. Sholi normativ hujjatlar talablariga asosan turlari, namlik darajasi va ifloslanganligi, sargʻaygan yoki qizil donlarining miqdoriga qarab joylashtiriladi.
29. Sholi omborlarda saqlanganda shtabelning balandligi uning namligiga va faol darajada shamollatishni taʼminlaydigan qurilmaning turiga qarab 1,5 — 5 m atrofida belgilanadi.
30. Qayta ishlov berilgunga qadar sholini namlik holati va iflos aralashmalarning quyidagi miqdorlaridan kelib chiqib qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi:
namligi boʻyicha: quruq va oʻrtacha quruq (15,5 foizgacha), nam (15,5 foizdan 17 foizgacha);
iflos aralashmaning miqdori boʻyicha: — 5 foizgacha.
31. Sholi sargʻaygan donlarining miqdoriga qarab 0,5 foizgacha, 0,5 foizdan 2 foizgacha, 2 foizdan 5 foizgacha qilib alohida-alohida joylashtiriladi.
Eng yuqori navli va bolalar ovqatini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan sholi alohida saqlanadi.
32. Yangi yigʻishtirib olingan sholini changsizlantirish va tozalash tavsiya etiladi. Unga xos boʻlmagan hid beruvchi aralashmalar (shuvoq, sarimsoqpiyoz, kashnich, qashqarbeda, soʻxta va hokazo) bilan ifloslangan sholi qabul qilib olishda tozalanishi va alohida qayta ishlov berilishi lozim.
33. Quruq va oʻrta quruqlikdagi sholi omborlarda yoki faol shamollatish qurilmalari bilan jihozlangan elevatorlar siloslarida joylashtiriladi va saqlanadi.
34. Quritilgan sholini saqlashga qoʻyilishidan oldin ifloslanish darajasidan qatʼi nazar, havoli-elakli mashinalardan oʻtkazish tavsiya etiladi.
35. Yigʻim-terimdan keyingi qayta ishlov berish vaqtidagi koʻchirilishlar jarayonida sholining shikastlanish darajasini kamaytirish maqsadida quyidagilar bajarilishi zarur:
koʻtarma-transport mexanizmlarida sholining koʻchirilish sonini kamaytirishni koʻzda tutish;
oʻzi yetkazib beruvchi qurilma, qirgʻichli konveyerlarning qoʻllanilishini cheklash, ular qoʻllanilgan holda metall qirgʻichlar konveyer lentasidan tayyorlangan qirgʻichlarga almashtiriladi;
sholi uzoq uchib tushadigan joylarda tarnovli tushirmalar, surilma qopqoqlar, klapanlar qoʻllash, urilish ehtimoli boʻlgan joylarda esa yumshatuvchi qistirmalar qoʻllaniladi;
noriyalarda sholining qaytadan sochilishiga va uni lenta yoʻnalishiga qarama-qarshi yoʻnalishda uzatishga yoʻl qoʻymaslik;
sholining toʻgʻridan toʻgʻri tushib kelish joylarining balandligini pasaytirish.
36. Kuzgi sovuq tushishi bilan tashkilotlarda avvaldan ishlab chiqilgan reja asosida tashkilotning barcha texnik vositalarini qoʻllagan holda sholini qishki saqlash sharoitlariga oʻtkazish amalga oshiriladi. Sholi partiyalarini sovutishning navbati ularning namlik holati, harorati va ifloslanishiga qarab belgilanadi.
Sholini sovutish quyidagicha amalga oshiriladi:
statsionar yoki koʻchma faol shamollatish qurilmalarida;
sholini sholi tozalovchi mashinalar, sholi quritgichlar orqali oʻtkazish bilan.
37. Birinchi darajada sovutilgan deb don massasining harorati 100° S gacha boʻlgan sholi partiyalari, ikkinchi darajada sovutilgan deb harorati 0° S dan kam boʻlgan sholi partiyalari hisoblanadi.
38. Bahorgi ilish boshlanganda iloji boricha uzoqroq vaqt davomida sholida past haroratni saqlab qolish uchun quyidagilar bajarilishi zarur:
omborlar, elevatorlarning silos osti va silos qavatlarining oyna va eshiklarini yopiq holatda ushlab turish;
saqlanayotgan sholining holatini ertalabki soatlarda kuzatish;
don omborlarini shamollatishni faqatgina quruq va salqin havoda amalga oshirish.
39. Saqlanayotgan sholining harorati oshib ketgan taqdirda, oʻz-oʻzidan qizib ketishning oldini olish maqsadida, uni shu zahoti sovutish yoki quritish choralari koʻriladi. Buning uchun tozalash, quritish va faol shamollatish uchun moʻljallangan barcha mavjud texnika, shuningdek kechki havoning past harorati qoʻllaniladi. Qizigan sholining sovutilishi meteorologik sharoitlardan qatʼi nazar, uning harorati tashqaridagi havo haroratiga yaqin boʻlmagunga qadar davom ettiriladi.
40. Ombordagi (maydonchadagi) sholi koʻtarmasining oʻz-oʻzidan qizib ketishi aniqlanganda qiziyotgan uchastka chegaralari termoshtanga yordamida aniqlanadi. Sholi partiyasidan qiziyotgan qismi toʻlaligicha olib tashlanadi va qayta quritishga beriladi.
41. Saqlanayotgan sholida mogʻor hidi yuzaga kelsa (havo harorati oshmagan holda) u quritish agenti haroratida (100 — 110 °S) quritiladi.
42. Faol shamollatish qurilmalarida sholi sovutilganda sovutishgacha va sovutishdan keyin uning harorati, namligi va zararkunandalar bilan zararlanganligi aniqlanadi, sholi don tozalash mashinalaridan, quritgichlardan oʻtkazilganda qoʻshimcha ravishda aralashmalar va natura miqdori aniqlanadi. Natijalar shtabel yorliqlariga va saqlanayotgan sholini kuzatish jurnallariga yoziladi.
43. Sholi tashkilotga kelib tushishi bilan uning butun saqlanish davri mobaynida har bitta partiyaning sifati va holati ustidan tizimli nazorat oʻrnatiladi. Nazorat sholining harorati, namligi, non zaxiralarining zararkunandalari bilan zararlanganligi, hidi, rangi va sifatning boshqa koʻrsatkichlari boʻyicha olib boriladi.
44. Sholining elevatorlardagi haroratini oʻlchash uchun haroratni masofadan nazorat qilishning elektrotermometrik qurilmalari qoʻllaniladi.
45. Koʻchirilayotgan va yigʻim-terimdan keyingi qayta ishlov berish vaqtida sholi namligini aniqlash uchun “VP-4”, “VP 4M” rusumidagi namlikni oʻlchash uskunalarini qoʻllash tavsiya etiladi.
46. Omborlardagi sholining haroratini kuzatish uchun uning sirti shartli ravishda har birining yuzasi 200 m2 boʻlgan seksiyalarga boʻlinadi. Har bitta seksiyaga raqam ajratiladi va u ombor devorlarida omborga kiraverishda koʻrinadigan darajada yirik raqamlar bilan yoziladi.
47. Omborlardagi koʻtarmalarning balandligi 1,5 m dan ortiq boʻlsa, har bitta seksiyada turli balandliklarda uchta termoshtanga oʻrnatiladi (yuqori, oʻrta va quyi). Koʻtarma balandligi 1,5 m dan oshmasa, harorat ikkita qatlamda — yuqori va quyi qatlamda oʻlchanadi.
Sholi haroratining navbatdagi oʻlchanishidan keyin termoshtangalar seksiya doirasida avvalgi oʻlchash nuqtasidan 2,0 m uzoqlikda shaxmat tartibida qayta koʻchiriladi va shtanganing botib borish darajasi oʻzgartiriladi.
48. Sholini saqlash vaqtida havo haroratini 18° S dan oshib ketmagan holatda ushlab turish lozim (optimal harorat — 5 dan + 5°S gacha, nisbiy havo namligi 60-70 foiz, keskin oʻzgarishlarsiz).
Sholining saqlanish muddati 18 oy.
VI bob. Sholini qayta ishlashga berib yuborish va yormaning chiqish normalari
49. Sholini berib yuborish Qoʻmita ajratgan naryadlar boʻyicha amalga oshiriladi. Sholini yuklash navbati mahsulot sifati, yuklash vaqti va saqlash sharoitlariga qarab belgilanadi.
50. Yormaning chiqish normalari mazkur Yoʻriqnomaning ilovasida keltirilgan.
51. Sholining tabiiy kamayish normalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 25-maydagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Don va don mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, ichki tashish, qayta ishlash va sotishning dastlabki hisobini yuritish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga muvofiq hisoblanadi.
VII bob. Yakuniy qoida
52. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 24-noyabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KURBANOV
2014-yil 24-noyabr
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi Z. ABIDOV
2014-yil 24-noyabr
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2014-yil 24-noyabr
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi V. ISMAILOV
2014-yil 24-noyabr
Birinchi guruhga sholini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
ILOVA
ILOVA
|
Sholini qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlar |
Guruch ishlab chiqarishdagi foiz hisobidagi chiqish | |
|
silliqlangan |
sayqallangan | |
|
Oliy navli guruch |
5,0 |
10,0 |
|
I nav guruch |
45,0 |
43,0 |
|
II nav guruch |
5,0 |
1,5 |
|
Oqshoq |
10,0 |
10,5 |
|
Muchka |
12,8 |
12,8 |
|
Qovuz, yem boʻlmagan chiqindilar |
19,5 |
19,5 |
|
mexanik yoʻqotishlar: |
|
|
|
em chiqindilari |
2,0 |
2,0 |
|
qurib kamayishi |
0,7 |
0,7 |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 52-son, 629-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)