OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT ZAXIRALARINI BOSHQARISH QOʻMITASINING
Qarori
Birinchi guruhga grechka, arpa perlovka, noʻxat yormalarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 23-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2639]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga grechka, arpa perlovka, noʻxat yormalarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 25-noyabr,
23-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2014-yil 25-noyabrdagi 23-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga grechka, arpa perlovka, noʻxat yormalarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga grechka, arpa perlovka, noʻxat yormalarini (bundan buyon matnda yorma deb yuritiladi) yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar va birinchi guruh moddiy boyliklarini masʼul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan yorma xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha normativ hujjatlarga muvofiq kelishi kerak.
4. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan yorma oʻz sifati boʻyicha uzoq vaqt saqlanish uchun yaroqli boʻlishi lozim. Aynigan, saqlanish davrida qizigan, donlariga zararkunandalar tushgan yormani yetkazib berish va saqlashga qoʻyish taqiqlanadi.
II bob. Grechka yormasi
5. Grechka yormasi normativ hujjatga muvofiq boʻlgan grechixadan tayyorlanishi kerak.
6. Grechka yormasi turlari va navlarining tavsifi normativ hujjatga muvofiq boʻlishi lozim.
7. Grechka yormasini qabul qilish normativ hujjat talablariga muvofiq sifat koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
III bob. Arpa perlovka yormasi
8. Arpa perlovka yormasini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan arpa normativ hujjat talablariga mos kelishi kerak.
9. Arpa perlovka yormasi turlarining tavsifi normativ hujjatga muvofiq boʻlishi lozim.
10. Arpa perlovka yormasi normativ hujjat talablariga muvofiq sifat koʻrsatkichlari boʻyicha qabul qilinadi.
IV bob. Noʻxat
11. Noʻxat normativ hujjat talablariga mos keluvchi oziq-ovqat noʻxatidan tayyorlanadi.
12. Noʻxat ishlov berilish usuliga qarab normativ hujjat boʻyicha turlar va navlarga boʻlinadi.
13. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan noʻxat normativ hujjat talablariga muvofiq sifat koʻrsatkichlari boʻyicha qabul qilinadi.
V bob. Yormani qadoqlash, yorliqlash va tashish
14. Yormani qadoqlash, yorliqlash va tashish ishlari normativ hujjatga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Yormani qadoqlash ishlari 2-toifadan past boʻlmagan chidamli, toza, quruq, zararkunandalar bilan zararlanmagan, begona hidlari boʻlmagan qoplarda amalga oshiriladi.
16. Yangi qoplar normativ hujjat talablariga mos kelishi lozim.
17. Yorma solingan qoplarni tikish ishlari qopning butun kengligi boʻylab qirgʻoq qoldirgan holda mashina usulida amalga oshiriladi.
18. Oʻrash paytida yorma solingan har bir qopga normativ hujjatlarga muvofiq mustahkam elastik materialdan tayyorlangan 6x9 sm oʻlchamdagi yorliq tikilishi kerak.
19. Yorliqqa quyidagilar tushirilishi lozim:
tovar belgisi (agar bor boʻlsa);
ishlab chiqaruvchi/yetkazib beruvchi tashkilot nomi, manzili;
mahsulot nomi, turi, navi;
sof ogʻirligi (kg);
ishlab chiqarilish yoki qadoqlash sanasi;
saqlanish muddati (agar normativ hujjatda belgilangan boʻlsa, yaroqlilik muddati);
saqlash sharoitlari (“quruq joyda saqlansin!” yozuvi);
normativ hujjatning nomi;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulot uchun “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yozuvi.
20. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan yormani tashish normativ hujjatlar talablariga muvofiq oshiriladi.
21. Yorma yuklarni avtomobil va temir yoʻl transportida tashish qoidalariga muvofiq barcha transport turlarida tashiladi.
22. Yorma solingan vagonlar yetib kelganda temir yoʻl transporti tashkilotining vakili ishtirokida quyidagilar tekshiriladi:
vagonlarning texnik sozligi;
plombalar borligi, ulardagi bosma tamgʻaning aniqligi;
vagon eshiklarida buragichlarning borligi va ularning holati;
yuk nomi va yashiklar (paketlar)dagi plombalarning yuk hujjatlariga muvofiqligi.
23. Tekshiruvda aniqlangan vagonlarning texnik nosozligi, plombalarning yoʻqligi, bosma tamgʻalarning noaniqligi kabi kamchiliklar tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
24. Tashkilot yormani qabul qilib olayotgan paytda quyidagi kamchiliklar aniqlanganda, temir yoʻl tashkilotidan tijorat dalolatnomasini tuzishni talab etishi zarur:
kamomad;
idishlarda sezilarli shikastlanishlar;
yorliqning normativ hujjat talablariga nomuvofiqligi;
mahsulot nomining transport hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga nomuvofiqligi;
temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavida koʻzda tutilgan boshqa holatlarda.
25. Yormani ifloslangan, oldin tashilgan yuklar (koʻmir, ohak, sement, tuz va h. k.), hid chiqaruvchi va zaharli yuklarning izi boʻlgan, qurimagan, dogʻ qoldiruvchi yoki hidi saqlanib qolgan boʻyoqli transport vositalarida tashish man etiladi.
26. Bir turdagi yormani bir transport vositasida bir yuk oluvchiga joʻnatganda, markirovka kamida toʻrtta yuk joyiga tushirilishi lozim. Bunda normativ hujjatlarga muvofiq “Namlikdan saqlansin!” ogohlantiruvchi belgisi boʻlishi shart.
VI bob. Yormani yetkazib berish va qabul qilish
27. Yormaning miqdori va sifati boʻyicha qabul qilish qonun hujjatlari va mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Yormani qabul qilib olish yuk oluvchining omborida yetkazib beruvchi vakilining ishtirokida amalga oshiriladi.
29. Yorma partiyalar bilan qabul qilinadi. Bir partiya yorma — bu bir vaqtning oʻzida qabul qilish, yuklab joʻnatish, saqlash va sifat toʻgʻrisidagi tegishli hujjat bilan rasmiylashtirilgan sifat nazorati uchun moʻljallangan bir turdagi va navdagi yormaning muayyan miqdoridir.
30. Yormaning har bir partiyasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologiya xulosasi yoki ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari.
31. Omborga yetkazib beriladigan yormaning saqlash muddati yorma ishlab chiqarilgan kundan boshlab 3 oydan oshmasligi kerak.
32. Yormani qabul qilib olish paytida Qoʻmitaga qarashli tashkilotlar yoki Qoʻmita bilan shartnoma asosida moddiy boyliklarning masʼuliyatli saqlanishini amalga oshiruvchi tashkilotlarning vakillari qoplar, oʻramlar, yorliqlar va markirovkalarning normativ hujjatlar talablariga mos kelishini tekshiradi.
33. Yormaning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun normativ hujjat talablariga muvofiq namunalar olinadi. Namunalar soni partiya hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
34. Yormaning sifati normativ hujjatlarda keltirilgan koʻrsatkichlar boʻyicha quyidagi ketma-ketlikda aniqlanadi:
rangi, hidi, taʼmi;
namligi;
sifatli don, aralashmalar, tarkibidagi aynigan va singan donlar, tarkibidagi sargʻaygan va qizil donlar va boshqa koʻrsatkichlar;
donning zararkunandalar bilan zararlanganligi;
kislotalilikni aniqlash;
mikrobiologik koʻrsatkichlar;
kimyoviy koʻrsatkichlar (tarkibidagi mis, qoʻrgʻoshin, simob, kadmiy va rux moddalarining miqdori);
Sinovlar natijalari butun partiyaga tegishli boʻladi.
35. Yorma idishi buzilgani (shikastlangani, namlangani, ifloslangani), mahsulot nomi, uning miqdori yoki egallagan joyi transport hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos kelmasligi aniqlangan taqdirda, tijorat dalolatnomasi tuziladi. Yetkazib beruvchi vakili boʻlmagan taqdirda bu ishga mustaqil ekspertlar jalb etiladi va qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
36. Yormaning sifati, oʻrami, markirovkasi normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmasligi aniqlangan taqdirda yetkazib beruvchi ushbu mahsulotni shartnomaga muvofiq almashtirib berishga majbur.
VII bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
37. Davlat zaxirasiga qabul qilingan yormani saqlash uchun ajratilgan omborlar normativ hujjatlar talablariga toʻliq javob berishi kerak.
Xususan:
omborlar hududi toʻsilgan boʻlishi va texnika xavfsizligi hamda sanitariya norma va qoidalariga qatʼiy mos kelishi zarur;
omborlar yer osti suvlarini oqizish uchun tegishli suv oqadigan lotoklar va kyuvetlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim;
transport vositalari harakatlanadigan joylar, barcha maydonlar asfaltlangan boʻlishi hamda sutkaning qorongʻi paytida yoritilib turishi kerak.
38. Texnik va sanitariya jihatidan omborlar:
quruq;
yer osti suvlari oʻtishidan himoyalangan, tomi sozlangan;
begona hidlar boʻlmagan va zararkunandalar bilan zararlanmagan;
kuchaytirilgan shamollatish uchun moʻljallangan kirish tirqishlari yogʻingarchiliklar paytida suv tushishidan himoyalovchi germetik klapanlarga ega boʻlishi zarur.
39. Omborlarning poli asfalt yoki beton qoplamaga ega boʻlishi va balandligi 10 — 15 sm boʻlgan yogʻoch tagliklar yoki yechib olinadigan maxsus (koʻchma) tagliklar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
40. Qoʻshimcha mahsulotlar va barcha toifadagi chiqindilar asosiy mahsulotdan alohida saqlanishi kerak.
41. Omborlarga kirish faqat ishchi xodimlarga hamda saqlanayotgan mahsulotni nazorat qiluvchi va kuzatuvchi shaxslarga ruxsat beriladi.
42. Omborlarning yormani qabul qilib olishga tayyorligi bosh muhandis, bosh energetik, laboratoriya mudiri, saqlash uchastkasining boshligʻi va yongʻin xavfsizligi uchun masʼul boʻlgan shaxs tarkibidagi komissiya tomonidan tekshiriladi va tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
43. Omborlar quyidagilar bilan taʼminlanishi kerak:
zarur jihozlar va uskunalar;
harorat-namlik rejimini nazorat qiluvchi asboblar (termometrlar, termograflar, gigrograflar va psixrometrlar);
himoya vositalari va qoʻriqlash signalizatsiyasi, oʻt oʻchirish vositalari hamda avtomat yongʻin signalizatsiyasi asboblari;
birinchi tibbiy yordam koʻrsatish vositalari.
44. Yormani saqlash davrida yongʻin chiqishi mumkin boʻlgan manbalardan, ularning quvvati va taʼsirining davomiyligidan qatʼi nazar, saqlash zarur.
45. Omborxonalar tegishli uskunalar, plakatlar, yozuvlar, koʻrsatkichlar, xavf haqida ogohlantiruvchi belgilar va signalizatsiya bilan taʼminlanishi lozim.
46. Yuklarni transportirovka qilish uchun moʻljallangan barcha moslamalar ishlarning qulayligi va xavfsizligini taʼminlovchi qurilmalarga hamda ularning yuk koʻtarish hajmi, ishchi holati tekshirilgan sanasi va yukni joylashtirish usuli koʻrsatilgan trafaretga ega boʻlishi kerak.
47. Suv bilan isitiladigan omborlarda ehtimoliy avariyalarning oldini olish maqsadida isitish asboblari statsionar toʻsiq bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
VIII bob . Yormani omborga joylash
48. Normativ hujjatlar talabalariga muvofiq yorma omborda nomi, navi, turi, ishlab chiqargan tashkiloti, ishlab chiqarilgan va omborga kelib tushgan vaqti, partiyasi va sifat belgilari boʻyicha alohida joylashtiriladi.
49. Yormani omborxonada boshqa tovarlar va materiallar bilan birgalikda joylashtirish, mahsulot saqlanadigan omborxonalarda elakdan oʻtkazish va idishlarga qayta joylash hamda idishlarni tozalash taqiqlanadi.
50. Omborxonalarda shtabellar orasida va devorlar yonida mahsulotning saqlanish jarayonidagi holatini kuzatish uchun normal sharoitlarni taʼminlovchi eni 0,7 m keladigan oʻtish joylari qoldiriladi. Yormani qabul qilish va tarqatish boʻyicha amaliyotlarni bajarish uchun yuklash-tushirish ishlariga ajratiladigan oʻtish joyining kengligi lentali transportyorlardan foydalanganda kamida 1,25 m ni, elektr yuklovchilardan foydalanganda 3,8 m ni tashkil etishi zarur.
51. Mahsulot solingan qoplar uchtadan shtabellar koʻrinishida joylanadi. Qoplarni uchtadan joylash quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
ikkita qop yon tomoni bilan bir-birining yoniga joylanadi, uchinchi qop koʻndalangiga taqab qoʻyiladi;
ikkinchi qatorni joylashda bir qop birinchi qatordagi ikkita parallel qop ustida koʻndalang yotishi kerak, qolgan ikkita qop esa koʻndalang va boʻylamasiga yotgan qoplarning ustiga joylanadi.
52. Yaxshi saqlanishi uchun kuchaytirilgan shamollatish ishlari zarur boʻlgan yormali qoplar (qabul qilingan paytda namlik darajasi yuqori boʻlgan) toʻrttadan (bir-birining orasidan havo oʻtadigan qilib) quyidagi tarzda joylashtiriladi:
birinchi qatordagi ikkita qop orasida biroz ochiq joy qoldirgan holda bir-biriga parallel tarzda joylanadi;
ikkinchi qatordagi ikkita qop birinchisining ustiga koʻndalang qilib joylanadi;
uchinchi qatordagi qoplar esa birinchi qatordagi kabi tarzda joylanadi va h.k.
Barcha qatordagi qoplar yon tomoni bilan qoʻyiladi. Qoplar bir-birining orasidan oʻtadigan qilib joylanganda shtabelning balandligi olti qatordan oshmasligi kerak.
53. Mahsulotni saqlash, boshqa joyga koʻchirish va yuklash-tushirish ishlarida mahsulot idishlarining butligi ustidan puxta kuzatuv oʻrnatilishi lozim. Yirtilgan va ifloslangan qoplarni shtabel qilib joylashtirish taqiqlanadi. Yirtilgan, yorilgan yoki kemiruvchilar tomonidan shikast yetkazilgan qoplar zudlik bilan yopilishi va yangi, mustahkam qoplarga almashtirilishi zarur.
54. Matoli qoplardagi standart namlikka ega yorma umumiy balandligi 16 qatordan oshmaydigan shtabellarga joylanadi.
55. Har bir mahsulot shtabeliga belgilangan shakldagi shtabel yorligʻi osib qoʻyiladi.
56. Yorma butligini taʼminlash maqsadida omborxonada mahsulotni uzoq muddat saqlash uchun optimal sharoitlarni yaratish zarur.
Havoning nisbiy namligi 70 foizni tashkil etuvchi, harorat esa 10° S dan oshmaydigan sharoitlar yormani qoplarda va isteʼmol idishlarida saqlash uchun optimal sharoitlar hisoblanadi.
Shamollatishning maqsadga muvofiqligini belgilashda yormaning tabiiy namligini hisobga olish kerak.
57. Ombor tashqarisi va ichkarisidagi havo harorati oʻrtasida katta farq mavjud boʻlganda, mahsulot solingan pastki qator shtabellarini har oʻn kunda puxtalik bilan kuzatib borish zarur.
58. Bahorgi iliq kunlar boshlanganda past haroratni ushlab turish boʻyicha choralarni koʻrish lozim. Buning uchun ombor derazalari va eshiklari yopiq holatda ushlab turiladi, ular faqat zarurat tugʻilgandagina ochiladi.
59. Mahsulot omborga tushgan paytdan boshlab uning saqlanish sharoitlari, holati va sifati quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha muntazam ravishda nazorat qilinadi:
yormaning harorati;
yormaning namlik darajasi;
yormaning taʼmi, hidi va rangi;
yormaning hamda omborxona va uskunalarning zararkunandalar bilan zararlanganligi.
60. Turli balandlikdagi shtabellardagi (pastki, oʻrta va yuqori qatorlar) yormaning harorati metall qobiqdagi spirtli termometr yordamida oʻlchanadi. Simobli termometrlardan foydalanish taqiqlanadi.
61. Har bir shtabel alohida koʻrib chiqilishi va pastki shtabel qatorlarida joylashgan qoplardagi yormaning ehtimoliy namlanishi va zichlanishiga alohida eʼtibor qaratish lozim.
62. Yormaning namligi, taʼmi, hidi, rangi va boshqa sifat koʻrsatkichlarini, shu jumladan zararkunandalar bilan zararlanganligini aniqlash uchun har oyda har bir shtabeldan bir marta oʻrtacha namuna olinadi.
Mahsulotning zararkunandalar bilan zararlanganligi va uning 10° S dagi organoleptik koʻrsatkichi oyda ikki marta aniqlanadi.
63. Uzoq vaqtga qoʻyilayotgan mahsulotning sifatini aniqlashda organoleptik va boshqa koʻrsatkichlardagi oʻzgarishlarga eʼtibor qaratish va ularni shtabel yorligʻiga yozish zarur.
64. Zararkunandalar bilan zararlanganlikni tekshirish maqsadida yorma namunasini olishda qoplar (ayniqsa, ularning ogʻzi) puxtalik bilan koʻrikdan oʻtkaziladi. Zararkunandalar bir vaqtda toʻplanishi mumkin boʻlgan joylar, xususan, choklar, devorlar va pollar tekshiriladi.
IX bob. Yormani saqlash
65. Yormaning sifatli saqlanishini taʼminlash uchun mahsulotni sovutish maqsadida omborxonalarni shamollatib turish zarur. Bu maqsadda yorma solingan qoplar qaytadan koʻtariladi.
66. Shtabellarni qaytadan koʻtarish muddatlari mahsulotning sifati va holatiga, saqlanish davomiyligiga va shtabelning balandligiga qarab har bir partiya uchun tegishli nazoratni amalga oshiruvchi laboratoriya va mutaxassislarning xulosasi asosida belgilanadi. Shtabellarni qayta koʻtarishda pastki qatorlardagi qoplar yuqori qatorlarga joylanadi.
67. Bitta omborda non zaxiralarining zararkunandalari bilan zararlangan yorma va zararlanmagan yormani saqlash taqiqlanadi.
Saqlanayotgan yormada non zaxiralarining zararkunandalari borligi aniqlanganda, mahsulotni birinchi navbatda zararsizlantirish, ishlash va sotish kerak.
68. Shtabelda uzoq qolib ketgan va namlangan mahsulot borligini aniqlanganda, namlangan yoki mogʻor bosgan qoplarni ajratgan holda, pastroqqa koʻchirish va belgilangan tartibda sifatli mahsulotga almashtirish zarur.
69. Yuqori haroratli shtabellardagi yormasi qizib ketgan qoplarni zudlik bilan ajratish lozim.
70. Sifati buzilishi mumkin boʻlgan yormani saqlash davom ettiriladigan boʻlsa, saqlanish muddatiga qaramasdan yangilash yoki berib yuborish kerak.
71. Davlat zaxirasiga qoʻyiladigan yormani saqlash muddati GOST 26791-89 “Gʻallani qayta ishlash mahsulotlari. Oʻrash, markirovka qilish, transportirovka qilish va saqlash” talablariga muvofiq belgilanadi.
72. Yorma belgilangan muddatdan ortiq saqlanganda, yormadan tayyorlangan boʻtqa har oyda kamida bir marta degustatsiya qilinadi va yormaning keyingi saqlanish imkoniyati belgilanadi.
73. Yormaning tabiiy kamayish normalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 25-maydagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Don va don mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, ichki tashish, qayta ishlash va sotishning dastlabki hisobini yuritish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq hisoblanadi.
X bob. Yormani yuklash va joʻnatish
74. Yormani yuklash va joʻnatish ishlari Qoʻmita tomonidan berilgan naryadlar boʻyicha amalga oshiriladi. Yormani yuklab joʻnatish navbati mahsulotning sifati, uning zaxiraga qoʻyilish vaqti va saqlanish sharoitlariga qarab belgilanadi.
75. Yuklangan mahsulot miqdori standart idishda joylar soni boʻyicha, buzilgan oʻramda esa haqiqiy ogʻirligi boʻyicha aniqlanadi.
XI bob. Yakuniy qoida
76. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A.V. ALIMOV
2014-yil 24-noyabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A.K. KURBANOV
2014-yil 24-noyabr
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Don inspeksiyasi boshligʻi Z. N. ABIDOV
2014-yil 24-noyabr
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi boshqaruvi raisi A.J. RAMATOV
2014-yil 24-noyabr
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi V.V. ISMOILOV
2014-yil 24-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 52-son, 628-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)