Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
OLIY MAJLISNING OʻZBEKISTON XALQIGA MUROJAATI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oliy Majlisning Oʻzbekiston xalqiga Murojaati qabul qilinsin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-dekabr,
156-II-son
Oliy Majlisning Oʻzbekiston xalqiga
MUROJAATI
Aziz vatandoshlar!
Sanoqli kunlardan keyin insoniyat yangi ming yillikka qadam qoʻyadi. Bugun yangi asr boʻsagʻasida turib, beixtiyor oʻzimizga oʻzimiz shunday savollar beramiz: tugayotgan asr qanday kechdi va yangi asr qanday boʻladi? Oʻtib borayotgan XX asrning soʻnggi oʻn yilligida mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston davlati uchun bu savollar shunchaki ramziy maʼnoga ega boʻlmay, balki yangi-yangi Amaliy harakatlarga undovchi daʼvat hamdir. Bugun biz bosib oʻtgan yoʻlimizni chuqur mushohada qilib, yangi asrdagi istiqbolimizning oqilona strategiyasini belgilab olishimiz oʻta muhimdir.
XX asr moziyga yuz tutmoqda. Bu yuz yillik inson aql-zakovati va salohiyatining, ilmu fan, texnika va madaniyatning buyuk taraqqiyoti barobarida ayanchli voqealar davri ham boʻldi. Bir emas, ikki jahon urushi, fashizm, yadro xavfi, ommaviy-siyosiy qatagʻonlar, diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm singari mudhish hodisalar ayni XX asrda paydo boʻldi. Lekin tugab borayotgan asrning eng muhim intihosi — “sovuq urush” davri barham topdi. Oʻzbekiston deb atalmish Vatanimiz singari qator mustaqil davlatlarning paydo boʻlishi sharofati bilan butun dunyo qiyofasi oʻzgardi.
Bundan olti yuz yil muqaddam buyuk sohibqiron Amir Temur ona zaminimizda qudratli davlatga asos soldi, unda fan, madaniyat yuksak choʻqqilarga koʻtarildi, milliy davlatchilikning yangi tamoyillari qaror topdi. Bu davr Vatanimiz uchun tub maʼnodagi yangi Uygʻonish davri boʻldi. Oradan olti yuz yil oʻtgach, behad tarixiy sinovlarga dosh bergan, mustamlakachilik, totalitar tuzum azob-uqubatlarini boshidan kechirgan xalqimiz XX asr xotimasida chinakam erkinlikka erishdi, oʻz milliy va madaniy qadriyatlarini tikladi, mustaqil taraqqiyot yoʻliga yuz tutdi. Mustaqillikka erishganimiz bois mamlakatimizning yangi tarixi boshlandi.
Bugun zoʻr gʻurur va qoniqish bilan ayta olamizki, qisqa tarixiy davr ichida Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligi ostida mamlakatimizda huquqiy, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati asoslari yaratildi, milliy istiqlol mafkurasi shakllana boshladi. Eng muhimi, fuqarolarimizning ongi va dunyoqarashi oʻzgarib bormoqda. Hamyurtlarimiz mustabid tuzum asoratlaridan voz kechib, hayotdagi oʻz oʻrinlariga yangicha nazar bilan qaramoqdalar. Fuqarolarimizning faolligi, turmushimizni qayta qurish va yangilash zarurligiga, ularning oʻz yurti istiqboliga boʻlgan ishonchi ortib bormoqda. Keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar amaliyotida “Oʻzbekiston modeli” deb nom olgan jamiyat taraqqiyotining yangi modeli paydo boʻldi. Unda inson toʻgʻrisida, ayniqsa ulgʻayib kelayotgan yosh avlod haqida gʻamxoʻrlik qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi deb eʼtirof etilgan. Endilikda Oʻzbekiston butun olam uchun oʻz darvozalarini ochdi. Vatanimiz Dunyo hamjamiyatida oʻzining mustahkam oʻrnini topdi, jahon siyosatida obroʻ-eʼtibor qozondi. Hozir Oʻzbekiston oldida zamonaviy demokratik davlatni barpo etish va xalqaro hamjamiyatga yanada faol uygʻunlashishdek beqiyos vazifalar turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasida ilgari surgan mamlakatni yanada rivojlantirishning strategik dasturiga muvofiq biz ichki va tashqi siyosat, davlat qurilishi va boshqaruvi, iqtisodiyot, maʼnaviyat, sud-huquq, xavfsizlikni taʼminlash sohalaridagi islohotlarga yangi ilhom baxsh etishimiz zarur boʻladi. Ana shu koʻlamdor vazifalarni roʻyobga chiqarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ishonchli va mukammal huquqiy asosini yaratmogʻi zarur boʻladi.
Aziz vatandoshlar!
Biz, parlament aʼzolari, komil ishonch bilan aytamizki, yangi asr xalqimiz uchun katta tarixiy gʻalabalar asri boʻladi. Shu munosabat bilan sizlarni jamiyatimiz va davlatimiz hayotini isloh qilishda bundan buyon ham faol ishtirok etishga chaqiramiz. Davlatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, huquqiy fuqarolik jamiyati qurish, Oʻzbekiston Respublikasi xalqining gullab-yashnashi uchun qonunchilik jarayonini muttasil rivojlantirib borish, parlamentimiz — Oliy Majlis faoliyatini takomillashtirish zarur ekanligi shak-shubhasiz. Qabul qilingan qonunlarning amalga oshirish mexanizmi toʻla kuch bilan ishlashiga, Konstitutsiyamizning normalari jamiyat va davlat faoliyatining haqiqiy asosiga aylanishiga erishish oʻta muhim vazifamizdir.
Mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy hayotini erkinlashtirish boʻyicha boshlagan ijobiy ishlarimizni izchil davom ettirishimiz lozim. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun eng avvalo Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashimiz zarur. Hozirgi kunda xavfsizlik masalalari yaxlit bir tushuncha boʻlib, barcha mamlakatlar uchun ham birdek dolzarb muammo ekanligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Tinchlik, barqarorlik va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, unga barham berish borasidagi harakatlarimiz Markaziy Osiyo mamlakatlarining salohiyatini uygʻunlashtirish va birlashtirish, oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyuk ajdodlarning vorislari, boy tarixiy qadriyatlarga ega boʻlgan koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi oʻz oldiga ulugʻ ishlarni maqsad qilib qoʻyishga haqli. Va u beqiyos anʼanalarimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarga suyangan holda oʻzining ezgu maqsadlariga etishga qodir.
Oʻzbekiston — Olloh nazar qilgan diyor.
Yangi asr mamlakat uchun yangilanish va taraqqiyot davriga aylanishiga ishonamiz. Shu boisdan ham mustaqil yurtimizning yorugʻ istiqboli uchun barchamiz hamjihat boʻlib kurashaylik. Maqsadimiz Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, xalq farovonligi va kelajak avlodning baxt-saodatidir. Mamlakat taqdiri, sizu bizning taqdirimiz faqat oʻzimizga, oʻz mehnatimiz va aql-idrokimizga bogʻliq.
Aziz doʻstlar!
Bugun yangi ming yillik boʻsagʻasida turib, Oʻzbekiston aholisiga, Markaziy Osiyo xalqlari va sayyoramizning barcha ahliga tinchlik va rivoj tilaymiz. Ishonchimiz komilki, XXI asr butun jahon xalqlari oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va hamjihatlik asri boʻlib qoladi. Shu pok niyatimizning roʻyobga chiqishida Yaratganning oʻzi bizga madadkor boʻlsin.
2000-yil 14-dekabrda, ikkinchi chaqiriq
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
toʻrtinchi sessiyasida qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
toʻrtinchi sessiyasida qabul qilingan
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 4-modda)