Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining 2000-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2000-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2000-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining 2000-yil birinchi choragidagi koʻrsatkichlari Oliy Majlis tomonidan maʼqullangan doiralarda ekanligi va taqchilliksiz ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
iqtisodiy islohotlarni yanada erkinlashtirish va chuqurlashtirish, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha asosiy ustuvorliklarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarning, shuningdek “Sogʻlom avlod” Davlat dasturini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarning oʻz vaqtida moliyalanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2000-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yakunlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobot taqdim etsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari soliq va moliya organlari bilan birgalikda budjetga daromadlar tushumini soʻzsiz taʼminlash, budjet intizomini mustahkamlash va davlat mablagʻlarini sarflashda qatʼiy tejamkorlikka rioya etish choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2000-yil 25-may,
68-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 139-modda)