Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Huquqiy axborotni ayirboshlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
huquqiy axborotni ayirboshlash sohasida toʻgʻridan toʻgʻri doimiy aloqalarni rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro xohish-istakdan kelib chiqib,
har ikki davlat mustaqilligi va suverenitetini huquqiy taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga muhim ahamiyat berib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar eʼlon qilishga ochiq boʻlgan davlatlararo ayirboshlanishi kerak boʻlgan normativ huquqiy hujjatlar Roʻyxatida belgilangan (ilova qilinmoqda) masalalar boʻyicha ikki tomonlama huquqiy axborot ayirboshlash zarurligini tan oladilar. Yuqorida koʻrsatilgan roʻyxat Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
Tomonlar quyidagilarni oʻz vaqtida amalga oshirishga kelishdilar:
bir-birlariga amaldagi yoki amalda boʻlgan normativ huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni berish;
qonunlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi toʻgʻrisida bir-birlariga axborot berish, yangidan qabul qilingan qonunlarni, shuningdek yuridik adabiyotni va kelishuv boʻyicha normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini ayirboshlash.
Huquqiy axborotni ayirboshlash Tomonlarning adliya vazirliklari oʻrtasida amalga oshiriladi.
2-modda
Tomonlarning har biri xalqaro standartlar bilan belgilangan xabar berish usullariga rioya qilgan holda ikkinchi Tomonga huquqiy axborot berish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Hamkorlik davomida Tomonlardan biri tomonidan olinadigan axborot uchinchi tomonga faqat ushbu axborotni bergan Tomonning roziligi bilan berilishi mumkin.
Tomonlar maʼlumotlar bazalarini ayirboshlashda bir-birlariga qonun hujjatlari va ularning tartiblari klassifikatorlarini berishni zarur deb hisoblaydilar.
3-modda
Tomonlar oʻz axborot resurslaridan foydalanib, axborot maʼlumotlari berishning toʻliqligi, ishonchliligi va oʻz vaqtidaligi uchun javob beradilar.
4-modda
Tomonlar huquqiy axborotni davlatlararo ayirboshlash ishlarini muvofiqlashtiradigan adliya vazirliklari orqali huquqiy axborotni ayirboshlash tizimini barpo etish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
5-modda
Huquqiy axborotni ayirboshlash Tomonlar davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda
Huquqiy axborot odatda rus tilida va bepul taqdim etilishi lozim. Shoshilinch axborotlar va materiallarni uzatishda elektron, faksimil va boshqa aloqa vositalaridan foydalanilishi mumkin.
7-modda
Tomonlar huquqiy axborotni ayirboshlashdan tashqari ish tajribasini, qonunlarni qoʻllash amaliyotini oʻzaro oʻrganish maqsadida oʻzaro kelishuvga koʻra maslahatlashuvlar, uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazadilar.
8-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning roziligi bilan oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin.
Barcha oʻzgartirish va qoʻshimchalar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
10-modda
Tomonlar oʻrtasidagi bahslar va kelishmovchiliklar ikki tomonlama muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
Bitim Tomonlardan biri oʻzining ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab 6 oy toʻlgungacha kuchda boʻladi.
Almati shahrida 1997-yil 2-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
1997-yil 2-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi huquqiy axborotni ayirboshlash toʻgʻrisidagi Bitimga
ILOVA
ILOVA
Davlatlararo ayirboshlanishi kerak boʻlgan normativ huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Davlat qurilishi asoslari.
2. Davlat xavfsizligi.
3. Mudofaa.
4. Davlat xizmati.
5. Tashqi siyosat, xalqaro va tashqi iqtisodiy munosabatlar.
6. Maʼmuriy qonunchilik.
7. Adliya. Sud. Prokuratura.
8. Jamoat tartibini muhofaza qilish.
9. Jinoyat qonunchiligi.
10. Jinoyat-protsessual qonunchilik.
11. Jinoyat-ijroiya qonunchilik (axloq tuzatish-mehnat qonunchiligi).
12. Fuqarolik huquqi va oila huquqi.
13. Fuqarolik-protsessual va xoʻjalik qonunchiligi.
14. Mehnat va aholini ish bilan taʼminlash.
15. Ijtimoiy sugʻurta va ijtimoiy taʼminot.
16. Moliya va kredit.
17. Korxonalar va tadbirkorlik faoliyati.
18. Sanoat.
19. Qurilish va arxitektura komplekslari.
20. Qishloq xoʻjaligi.
21. Savdo.
22. Transport va aloqa.
23. Uy-joy-kommunal xoʻjaligi va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish.
24. Taʼlim, fan, madaniyat.
25. Sogʻliqni saqlash.
26. Yer, yer osti boyliklari, suv, havo kengligi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda tabiiy boyliklar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari.
27. Geodeziya, kartografiya, gidrometeorologiya.
28. Bojxona ishi.