Jizzax viloyati Forish tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 333-modda) qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan 2015-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun xodimlarning oʻrtacha soni 20 nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, muassasa va tashkilotlarda 2015-yil uchun 3 foizdan 7 foizgacha miqdorida jami 183 ta ish oʻrinlari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 7 foiz (8 kishi);
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilari uchun 7 foiz (123 kishi);
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 7 foiz (20 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (3 kishi);
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 3 foiz (5 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun 3 foiz (4 kishi);
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 3 foiz (4 kishi);
kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar uchun 3 foiz (13 kishi);
atrofdagilar uchun xavfli boʻlmagan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan ogʻriyotgan shaxslar uchun 3 foiz (2 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi band qilinsin.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin, xususan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun –– bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilari uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun –– mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun –– maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa –– maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari.
3. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrni ilgari ushbu ish oʻrnini egallab kelgan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi toʻxtatilishi munosabati bilan boʻshab qolganda bu haqda tashkilot 10 kun muddatda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazini yangidan ochilgan boʻsh ish oʻrni toʻgʻrisida xabardor etishi belgilansin.
4. Korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini belgilangan soni hisobida yil boshlangungacha 10 kundan kechikmay 25 foiz, qolgan qismini band qilib qoʻyishni kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasinlar.
Tashkilotlar har chorakda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga ushbu toifadagi shaxslarni ishga joylashtirilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot taqdim etsinlar.
5. Ushbu qarorni bajarmagan tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarima solinadi.
Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy davlat hokimiyati organining ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmaganlik uchun jarimani toʻlaganlik tashkilotni band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini tashkil etishdan ozod qilmaydi.
6. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilgan taqdirda sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bir hafta muddatda ushbu qarorning ilovasida koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni olib borsin.
8. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari O. Norboʻtayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim P. MAXATOV
Yangiqishloq sh.,
2014-yil 13-oktabrya,
599-son