Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI MAʼMURIY-HUDUDIY BIRLIKLAR, AHOLI PUNKTLARI, KORXONALAR, MUASSASALAR, TAShKILOTLAR, FIZIK-JUGʻROFIY, GEOLOGIK VA BOShQA TOPONIMIK OBYEKTLARNING NOMLARINI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fizik-jugʻrofiy, geologik va boshqa toponimik obyektlarning nomlarini tartibga solish, shuningdek Oʻzbekiston xalqlarining tarixi va anʼanalari bilan bogʻliq toponimlar muhofaza qilinishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishiga doir masalalarini hal qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fizik-jugʻrofiy, geologik va boshqa toponimik obyektlarga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Vazirlar Mahkamasi toponimik obyektlarga mashhur kishilarning nomini berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi tuzsin hamda ushbu komissiya toʻgʻrisida Nizom ishlab chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-sentabr,
940-XII-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
1993-yil 3-sentabrdagi 940-XII-sonli
qarori bilan tasdiqlangan
Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fizik-jugʻrofiy, geologik va boshqa toponimik obyektlarga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom:
maʼmuriy-hududiy birliklar va aholi punktlariga;
mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar, parklar, koʻpriklar va aholi punktlari boshqa tarkibiy qismlariga;
sanoat va qishloq xoʻjalik korxonalari, jamoa xoʻjaliklari va oʻzga kooperativ xoʻjaliklar, qurilish, loyihalash, ilmiy-tekshirish, geologiya tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, umumiy taʼlim maktablari, maktabgacha, maktabdan tashqari bolalar muassasalari va xalq taʼlimining boshqa muassasalari, suv inshootlari, aeroportlar, temir yoʻl bekatlari, suv transporti vositalari va oʻzga obyektlarga (bundan buyon matnda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar deb yuritiladi);
Fizik-jugʻrofiy va geologik obyektlarga nom berish, ularning nomini oʻzgartirish, shuningdek nomlarni toʻgʻri yozish tartibini belgilab beradi.
2. Ushbu Nizomda sanab oʻtilgan obyektlarga beriladigan nomlar sodda, qisqa boʻlishi va ilmiy toponomika talablariga javob berishi lozim. Obyektlarga nom berish va ularning nomini oʻzgartirishda jugʻrofiy, tarixiy, milliy, tabiiy va boshqa mahalliy sharoitlar, shuningdek umumdavlat manfaatlari hisobga olinadi.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga beriladigan nomlar, qoida tariqasida ularning joylashgan yerini, faoliyat mavzuini va qaysi idoraga qarashligini aks ettirishi kerak. Mazkur obyektlarga davlat tilida yagona shaklda ifodalangan qisqartma va shartli nomlar berilishi mumkin.
3. Maʼmuriy-hududiy birliklar, mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlash uchun viloyatlar, tumanlar va shaharlarning hokimlari maxsus toponimik komissiyalar tuzishlari mumkin boʻlib, ularning tarkibiga tarixchilar, tilshunoslar, meʼmorlar, oʻlkashunoslar, kartograflar va manfaatdor tashkilotlarning oʻzga xodimlari jalb etiladi.
4. Ushbu Nizom shuningdek tabiat yodgorliklariga, haykaltaroshlik sanʼati asarlariga nom berish tartibini ham belgilaydi.
II. MAʼMURIY-HUDUDIY BIRLIKLAR VA AHOLI PUNKTLARIGA NOM BERISh HAMDA ULARNING NOMINI OʻZGARTIRISh
5. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish tegishli xalq deputatlari Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlar va shaharlarga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar va aholi punktlariga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining sessiyalarida qabul qilingan qarorlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
7. Maʼmuriy-hududiy birliklar va aholi punktlarining nomini oʻzgartirish faqat alohida hollarda amalga oshiriladi.
8. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar va aholi punktlariga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish chogʻida Qoraqalpogʻiston Respublikasida yoki mazkur viloyatda mavjud boʻlgan, viloyatlar, shaharlar va tumanlarga esa — Oʻzbekiston Respublikasida mavjud boʻlgan nomlarni berish taqiqlanadi.
9. Viloyatlar, shaharlar, tumanlar, qishloqlar, ovullar, shaharchalar va boshqa aholi punktlariga odamlar nomini berish, shuningdek ularni tarixiy voqealar sharafiga nomlash taqiqlanadi.
III. MAHALLALAR, ShOH KOʻChALAR, KOʻChALAR, TOR KOʻChALAR, MAYDONLARGA VA AHOLI PUNKTLARINING BOShQA TARKIBIY QISMLARIGA NOM BERISh HAMDA ULARNING NOMINI OʻZGARTIRISh
10. Mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar, parklar, koʻpriklarga hamda aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish shaharlardagi, qishloqlardagi, ovullardagi, shaharchalardagi mahallalar fuqarolarining oʻzini oʻzi boshqarish organlari taqdimnomasiga binoan shahar hamda tuman hokimlari tomonidan amalga oshiriladi. Hokimlarning ushbu masalaga doir qarorlari tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
11. Yangi koʻchalar, maydonlar va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga nom berish yangitdan qurilayotgan tumanlarning bosh rejalarini tasdiqlash bilan bir paytda yoki yangi qurilish uchun yerlarni ajratish chogʻida amalga oshiriladi.
Mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ana shu aholi punktida mavjud nomlarni berish taqiqlanadi.
12. Mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar va aholi punktlari boshqa tarkibiy qismlarining nomi, odatda boshqa obyektlar bilan bir xil nomga ega boʻlganda, nomi qoida tariqasida, xunuk boʻlganda yoki ushbu aholi punkti qayta qurilish bilan bogʻliq tarzda oʻzgartiriladi.
IV. KORXONALAR, MUASSASALAR VA TAShKILOTLARGA NOM BERISh HAMDA ULARNING NOMINI OʻZGARTIRISh
13. Korxona, muassasa, tashkilot va boshqa obyektni tuzish toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan bir paytda ularga nom beriladi. Xususan:
respublika boʻysunuvidagi obyektlarga — tegishli vazirlik, davlat qoʻmitasi va idorasi taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, ushbu obyekt joylashgan hududdagi mahalliy hokimiyat organining roziligi boʻlgan taqdirda;
mahalliy boʻysunuvdagi obyektlarga — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan nom beriladi. Bunda qabul qilingan qaror keyinchalik tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
14. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining vazirlariga, davlat qoʻmitalarining va idoralarining rahbarlariga korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va davlatning boshqa obyektlarini tuzish, qayta tashkil etish va birlashtirish huquqi berilgan hollarda ana shu obyektlarga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish — ular joylashgan hududdagi tuman, shaharlarning hokimliklari bilan kelishib qilingan holda tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari tizimiga kiruvchi davlat korxonalari, tashkilotlari hamda mahalliy boʻysunuvidagi oʻzga obyektlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan beriladigan nomlar tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar bilan kelishib olinishi lozim.
16. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoki mazkur viloyat va Toshkent shahri hududida joylashgan boshqa obyektlarga ilgari berilgan nomlarni berish, shuningdek tegishli vazirlik, davlat qoʻmitasi va idoraning boshqa korxonalari muassasalari, tashkilotlariga ilgari berilgan nomlarni ham berish mumkin emas.
V. FIZIK-JOʻGʻROFIY VA GEOLOGIK OBYEKTLARGA NOM BERISh HAMDA ULARNING NOMINI OʻZGARTIRISh
17. Fizik-jugʻrofiy va geologik obyektlar:
togʻlar, daralar, muzliklar, tekisliklar, vodiylar va quruqlik relyefining boshqa qismlariga;
dengizlar, koʻrfazlar, boʻgʻozlar, daryolar, koʻllar va boshqa yer usti suv havzalariga;
suv osti tizimlari, botiqliklari, havzalar, sayozliklar va suv osti relyefining boshqa qismlari, dengiz oqimlariga;
geomorfologik majmualar, strukturaviy-geologik va landshaft birliklari, geologik tegralar va mintaqalar, qattiq, suyuq va gazsimon foydali qazilmalarning havzalari, konlari hamda maʼdanlari bor joylarga (shu jumladan yer osti suvlariga);
oʻsimliklar va hayvonlarning turlari, xillari yoki boshqa taksonomik toifalari tarqalgan hududlarga (areallariga);
tabiiy-tarixiy hududlarga nom berilishi lozim.
18. Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan fizik-jugʻrofiy va geologik obyektlarga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish:
fizik-jugʻrofiy obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining taqdimnomasiga binoan;
geologik obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
19. Ikki yoki bir nechta davlatning hududida joylashgan fizik-jugʻrofiy obyektlarga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining taqdimnomasiga hamda boshqa davlatning hukumati bilan erishilgan kelishuviga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nom beradi.
20. Chegaradagi fizik-jugʻrofiy obyektlarning nomlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati bilan kelishib olinmogʻi lozim.
21. Birinchi marta 1:100000 va bundan yirikroq masshtablik xaritalarga tushiriladigan, nomi boʻlmagan fizik-jugʻrofiy obyektlarga topografik va gidrografik suratga olishni amalga oshirayotgan tashkilotlar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishib olingan holda nom beriladi. Basharti, ushbu obyektlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan biri hududida yoki bir nechta viloyat hududida joylashgan boʻlsa, ularga beriladigan nom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olinmogʻi lozim.
22. Hisobotlar va bosma nashrlarda ilk bor qayd etilayotgan geologik obyektlarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan kelishilgan holda kashfiyotchilar, mualliflar, geologiya-qidiruv, geologik, geofizik va gidrogeologik ishlarni bajarayotgan tashkilotlar tomonidan nom beriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaganidan keyin ushbu qoʻmita nomni davlat geologiya kadastriga kiritadi.
VI. TABIAT YoDGORLIKLARI VA HAYKALTAROShLIK SANʼATI ASARLARIGA NOM BERISh
23. Tabiat yodgorliklariga (qoʻriqxonalar, buyurtma qoʻriqxonalar, botanika bogʻlari va boshqa shu kabilarga) nom berish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga muvofiq oʻrnatiladigan yodgorliklar, yodgorlik lavhalari va boshqa haykaltaroshlik sanʼati asarlariga nom berish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishib olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, shuningdek u yoki bu haykaltaroshlik sanʼati asarining ustxati matnini tasdiqlaydi.
VII. AHOLI PUNKTLARINING TARKIBIY QISMLARIGA, DAVLAT KORXONALARI, MUASSASALARI, TAShKILOTLARIGA, FIZIK-JUGʻROFIY, GEOLOGIK VA BOShQA OBYEKTLARGA ODAMLAR NOMINI BERISh
25. Mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar, parklar va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga, fizik-jugʻrofiy, geologik va boshqa obyektlarga davlat, jamoat arboblarining, siyosiy arboblarning, Vatan himoyachilari, mehnat qahramonlari, fan, madaniyat arboblari va boshqa xizmat koʻrsatgan kishilarning nomlari faqat vafotidan keyin berilishi mumkin.
26. Mahalliy hokimiyat organlari boʻysunuvida boʻlgan obyektlarga, shuningdek mahallalar, shoh koʻchalar, koʻchalar, tor koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar, parklar va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga odamlar nomini berish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan, respublika boʻysunuvidagi obyektlarga odamlar nomini berish esa — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Nizomning 25-bandida koʻrsatib oʻtilgan obyektlarga odamlar nomi berilgan taqdirda, shuningdek ilgari berilgan nomlar oʻzgartirilganda tegishli davlat hokimiyati organlarining qarorlari Toponimik obyektlarga mashhur kishilarning nomlarini berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi bilan kelishib olinadi.
VIII. YAKUNLOVChI QOIDALAR
27. Ushbu Nizomda koʻrsatib oʻtilgan obyektlar nomlarining (viloyatlar, tumanlar va shaharlarning nomlaridan tashqari) yozilishini aniqlashtirish obyektlarga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish huquqi berilgan tegishli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Maʼmuriy-hududiy birliklar (viloyatlar, tumanlar va shaharlar) nomlarining yozilishini aniqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlar va shaharlar nomlarining yozilishini aniqlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
28. Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlari xizmat yozishmalari, hisobotlar, ilmiy, oʻquv, axborot nashrlarida, davriy matbuotda va kartografiya nashrlarida qoʻllanadigan jugʻrofiy va geologik nomlarni toʻgʻri yozishda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuniga amal qiladilar.
29. Davlat obyektlari nomlarining kataloglari:
oʻz boʻysunuvidagi obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida joylashgan mahalliy ahamiyatdagi obyektlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yuritiladi.
Mazkur davlat obyektlarining roʻyxatlari har yili 1-yanvardagi holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasiga taqdim etiladi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan barpo etiladigan yodgorliklar, yodgorlik lavhalari va boshqa haykaltaroshlik sanʼati asarlarining roʻyxatlari:
respublikaning butun hududi boʻyicha — Madaniyat ishlari vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahri hududi boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yuritiladi.
31. Fizik-jugʻrofiy obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya va kartografiya boshqarmasida, geologik obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasida, tabiatni muhofaza etish obyektlari boʻyicha esa — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasida kartoteka yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 340-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 140-modda)