OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XUSUSIYLASHTIRISH, MONOPOLIYADAN CHIQARISH VA RAQOBATNI RIVOJLANTIRISH DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 18-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2626]
Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 10-maydagi 129-son “Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais D. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-oktabr,
01/27-26/26-son
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 27-oktabrdagi 01/27-26/26-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI RIELTORLIK XIZMATLARINING MILLIY STANDARTI
(2- son RXMS)
KOʻCHMAS MULK BOZORIDA AXBOROT VA MASLAHAT XIZMATLARI
(2- son RXMS)
KOʻCHMAS MULK BOZORIDA AXBOROT VA MASLAHAT XIZMATLARI
Mazkur Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari” (keyingi oʻrinlarda standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 10-maydagi 129-son “Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish orqali amalga oshiriladigan rieltorlik faoliyatiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Asosiy tushunchalar
1. Ushbu standart maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
axborot va maslahat xizmatlari (keyingi oʻrinlarda AMX deb yuritiladi) — koʻchmas mulk bozorida rieltorlik tashkilotlari va rieltorlar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) tomonidan shartnoma asosida koʻrsatiladigan rieltorlik xizmatlarining turi boʻlib, buyurtmachini koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi, koʻchmas mulk bozori va uning ishtirokchilari holatini tahlil etish hamda prognoz qilish haqidagi, mazkur bozorning konyunkturasi, koʻchmas mulk bozori sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlashni, shuningdek koʻchmas mulk obyektlari reklamasining tarqatilishini tashkil etishni, bitim taraflarini tanlash boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga oladi;
ichki qoidalar — rieltorlik xizmatlarini koʻrsatishga nisbatan talablarni belgilovchi, rieltorlik faoliyatini olib borish samaradorligini oshirish va uning rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini taʼminlash maqsadida rieltorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan hujjatlar.
Keyingi tahrirga qarang.
AMX koʻrsatish shartnomasi — kelishuv boʻlib, unga koʻra bir taraf shartlashilgan muddatda AMXni koʻrsatish majburiyatini oladi, ikkinchi taraf esa xizmatlarni qabul qilish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladi;
ijrochi — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan, buyurtmachi bilan AMX koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan xizmatlarni koʻrsatish uchun shartnomaviy munosabatlarga kirishgan rieltorlik tashkiloti yoki rieltor (yakka tartibdagi tadbirkor);
Keyingi tahrirga qarang.
buyurtmachi — AMX koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan xizmatlarni olish uchun ijrochi bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishgan, shuningdek bunday xizmatlarga haq toʻlash majburiyatini olgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
birlashma — umumiy manfaatlarni ifodalash hamda himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etilgan rieltorlik tashkilotlari yoki rieltorlarning birlashmasi;
Keyingi tahrirga qarang.
koʻchmas mulk — yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar;
koʻchmas mulk obyekti — bitimning predmeti boʻlgan aniq yer uchastkasi, bino, inshoot va yer bilan uzviy bogʻliq boshqa mol-mulk.
2-bob. Umumiy qoidalar
2. Standartning vazifalari rieltorlik tashkilotlari va rieltorlar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) tomonidan koʻchmas mulk bozorida AMX koʻrsatishning shartlari va tartibini, ularning tarkibiga, sifatiga, ushbu xizmatlarni taqdim etish jarayonini tartibga soluvchi hujjatlarni rasmiylashtirishga boʻlgan yagona talablarni belgilashdan iborat.
3. Standart AMXni koʻrsatishda rieltorlik tashkilotlari va rieltorlar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) tomonidan qoʻllash uchun majburiydir.
3-bob. Xizmatlar mazmuni
4. Koʻchmas mulk bozorida AMX rieltorlik xizmatlari buyurtmachilarning manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashish maqsadida ularni koʻchmas mulk bozori haqidagi dolzarb, xolisona va ishonchli axborot bilan taʼminlash yoʻli bilan koʻrsatiladi.
5. AMX oldi-sotdi, ijara, garov, ayirboshlash, hadya, renta, ishonchli boshqaruvga berish, savdolarni tashkil qilish, koʻchmas mulkdan tekin foydalanish yoxud umrbod taʼminlash sharti bilan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga berish bilan bogʻliq kelgusi operatsiyalarda foydalanish uchun, shuningdek koʻchmas mulk bozorining tahliliy va marketing tadqiqotlarini oʻtkazish uchun koʻrsatiladi.
6. AMX oʻz ichiga quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni oladi:
buyurtmachini rieltorlik faoliyatini tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirish;
koʻchmas mulk obyektini begonalashtirish boʻyicha bitimlarni sodir etish qoidalari va xususiyatlari;
shartnomalarni tuzish tartibi;
mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimda taraflarni tanlash boʻyicha tavsiyalar;
koʻchmas mulk obyektining texnik holati, uning qiymati va likvidliligiga taʼsir oʻtkazuvchi uning texnik-ekspluatatsion tavsiflari va isteʼmol sifatlari toʻgʻrisidagi umumiy axborot;
buyurtmachini qiziqtirayotgan koʻchmas mulk obyektlarining joriy bozor qiymatlari, ularning oʻzgarishi dinamikasi, shu paytda yoki kelajakdagi maʼlum bir paytda koʻchmas mulk obyekti bilan bitimdan olinadigan potensial foyda;
zarur hujjatlar toʻplamini tayyorlash boʻyicha xizmatlarning qiymati;
koʻchmas mulk obyektlarini yaratish va boshqarish boʻyicha professional maslahat loyihalarini ishlab chiqish;
buyurtmasi nomidan va manfaatlarida koʻchmas mulk obyektining reklamasini tashkil qilish;
koʻchmas mulk bozorining (bozor segmentining) tadqiqotini oʻtkazish boʻyicha bir martalik yoxud davriy tahliliy hisobotlarni tayyorlash.
4-bob. Xizmatlar ijrochilariga talablar
7. Ijrochilar rieltorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarining talablariga, ichki qoidalarga, shuningdek birlashmalarga aʼzo boʻlgan taqdirda, ushbu birlashmalarda tasdiqlangan qoidalar va talablarga amal qilishlari shart.
8. Ijrochi — rieltorlik tashkiloti buyurtmachilarga AMXni koʻrsatish uchun zarur bilim va koʻnikmalari boʻlgan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalari tuzilgan shtatdagi malakali rieltorlarga ega boʻlishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ijrochi — yakka tartibdagi tadbirkor AMXni shaxsan koʻrsatishi shart.
10. Ijrochilar AMXni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmachilar bilan tuzilgan AMX koʻrsatish shartnomasiga asosan taqdim qilishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Ijrochi buyurtmachining talabiga koʻra unga rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya va malaka sertifikatini koʻrsatishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. AMX koʻrsatish shartnomasiga talablar
12. AMX koʻrsatish uchun ijrochi buyurtmachi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda AMX koʻrsatish shartnomasini tuzishi shart. AMX koʻrsatish shartnomasi yozma shaklda tuziladi va ijrochining maxsus jurnalida roʻyxatga olishini lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
13. AMX koʻrsatish shartnomasining shartlari, tegishli shartning mazmuni qonun hujjatlarida koʻrsatilgan hollardan tashqari, taraflarning xohishi boʻyicha belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. AMX koʻrsatish shartnomasining bajarilishi taraflar kelishuvi bilan belgilangan baho boʻyicha toʻlanadi.
15. AMX koʻrsatish shartnomasi imzolangunga qadar ijrochi buyurtmachining AMXga qoʻyadigan asosiy talablarini aniqlashtirishi, buyurtmachini shartnoma loyihasi bilan tanishtirishi, uning shartlarini tushuntirishi shart.
16. AMX koʻrsatish shartnomasi quyidagilardan iborat boʻlishi shart:
AMX mazmuni;
AMX koʻrsatish muddatlari;
koʻrsatilgan AMX uchun haq miqdori, toʻlov shartlari va muddatlari;
ijrochining va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari;
taraflarning shartnomaviy majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik;
AMX koʻrsatish shartnomasini bekor qilish tartibi va shartlari;
AMX koʻrsatish shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganda mablagʻlarni qaytarish tartibi;
ijrochida litsenziyaning mavjudligi (uning raqami (roʻyxat raqami) va berilgan sanasi koʻrsatilgan holda) haqidagi maʼlumotlar;
Keyingi tahrirga qarang.
ijrochida fuqarolik javobgarligining sugʻurta polisi mavjudligi haqidagi maʼlumotlar.
AMX koʻrsatish shartnomasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. AMX koʻrsatish shartnomasi rieltorlik tashkiloti rahbari, rieltor (yakka tartibdagi tadbirkor) va buyurtmachi, yoxud buyurtmachi tomonidan ishonchnoma asosida vakolat berilgan shaxs tomonidan imzolanishi shart.
18. AMX koʻrsatish shartnomasi shartnoma taraflaridan birining huquqlarini kamsitadigan qoidalardan iborat boʻlmasligi shart.
19. AMX koʻrsatish shartnomasiga, buyurtmachining topshirigʻi boʻyicha harakat qilingan taqdirda ishonchnoma, shartnomani imzolash paytida buyurtmachi tomonidan ijrochiga topshirilgan hujjatlarning roʻyxati ilova qilinadi.
20. Ijrochi buyurtmachi tomonidan talab etilayotgan xizmatlar yoki harakatlar mohiyatidan kelib chiqib, buyurtmachi bilan AMX koʻrsatish shartnomasini tuzishi shart. Ijrochi tomonidan oldindan bilgan holda buyurtmachi talablarining mohiyatiga nomuvofiq shartnoma tuzish taqiqlanadi.
6-bob. AMX koʻrsatish va hujjatlarni rasmiylashtirish
21. AMX koʻrsatish shartnomasi tuzilgandan keyin ijrochi buyurtmachiga shartnomada belgilangan hajmda va shartlarda xizmatlar koʻrsatadi.
22. AMX buyurtmachiga shartnomada belgilangan muddat mobaynida shartnoma imzolangan paytdan boshlab koʻrsatilishi shart.
23. Buyurtmachilarga maslahatlar berish faqat ijrochi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladi.
24. Buyurtmachini qiziqtirgan koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisida axborot toʻplash va taqdim qilish, koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarning haqiqiyligini tasdiqlash boʻyicha xizmatlar ijrochi tomonidan shaxsiy maʼlumotlar bazasi, ommaviy axborot vositalarida chop etiladigan maʼlumotlar, shuningdek yuridik shaxslarni va koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni va ular bilan bogʻliq bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradigan organlar tomonidan taqdim etilgan axborotdan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
25. Koʻchmas mulk bozorini oʻrganish, konyunkturasini tahlil qilish va holatini prognoz qilish shaxsan ijrochi shakllantirgan maʼlumotlar bazasidan, shuningdek ijrochining hisobotida havola keltirilgan tarzda koʻchmas mulk bozori toʻgʻrisidagi erkin foydalanilishi mumkin boʻlgan axborot manbalaridan olingan maʼlumotlarga asosan ijrochi tomonidan amalga oshiriladi.
26. Buyurtmachining AMX koʻrsatish shartnomasida aks ettirilgan istaklariga qarab ijrochi buyurtmachi nomidan va manfaatlarida buyurtmachiga mulk huquqi yoki boshqa mulkiy huquqlar asosida tegishli boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini shartnomada nazarda tutilgan shartlarda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda reklama qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. AMX koʻrsatishda ijrochi buyurtmachiga faqat koʻchmas mulk obyektining bozor qiymati va buyurtmachi ushbu obyektlar bilan bitimlar sodir etganda olishi mumkin boʻlgan foydalar toʻgʻrisida umumiy tavsiyalar berishga haqlidir.
28. Agarda AMX koʻrsatish shartnomasida yozma hisobot taqdim etish nazarda tutilgan boʻlsa, AMX koʻrsatish yakunlangandan keyin ijrochi koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha buyurtmachiga yozma hisobot taqdim etadi, unda AMX koʻrsatish shartnomasida bayon etilgan savollar boʻyicha axborot aks ettirilishi shart.
29. AMX koʻrsatish shartnomasi boʻyicha barcha majburiyatlar toʻliq bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat boʻlib buyurtmachi va ijrochi tomonidan imzolangan ikki taraflama dalolatnoma hisoblanadi.
30. AMX koʻrsatish shartnomasi ikki taraflama dalolatnoma imzolangandan va shartnomada nazarda tutilgan barcha toʻlovlar amalga oshirilgandan keyin toʻliq bajarilgan hisoblanadi.
7-bob. AMX sifatiga talablar
31. Buyurtmachiga sifatli AMX koʻrsatish maqsadida ijrochi quyidagilarga majburdir:
oʻz faoliyatini qonun hujjatlari va buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirishga;
Keyingi tahrirga qarang.
koʻrsatilayotgan rieltorlik xizmatlar sifatining nazoratini amalga oshirishni tartibga soluvchi ichki qoidalarga rioya qilishga;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan muddatlar va tartibda buyurtmachining talabnomasi koʻrib chiqilishini taʼminlashga;
Keyingi tahrirga qarang.
ijrochi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun buyurtmachi unga taqdim etgan hujjatlarning saqlanishini, ulardan begona shaxslarning foydalanishini oldini olgan holda, shuningdek buyurtmachiga AMX koʻrsatish jarayonida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashga;
AMX koʻrsatish davomida olingan maxfiy axborotni oshkor qilmaslikka, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Maxfiy axborotni oshkor qilmaslik talablari ijrochi tomonidan buyurtmachidan olingan, ijrochi tomonidan AMX koʻrsatish shartnomasi boʻyicha majburiyatlarni bajarish jarayonida toʻplangan va tayyorlangan ham qogʻozdagi, ham elektron tashuvchilardagi barcha maʼlumotlar va hujjatlarga, shuningdek xizmatlarni koʻrsatish davomida ijrochiga maʼlum boʻlgan buyurtmachi haqidagi axborotga tatbiq etiladi.
33. Ijrochi buyurtmachi oldida koʻrsatilgan xizmatlarning sifati, oʻz vaqtidaligi, toʻliqligi va maxfiyligi uchun AMX koʻrsatish shartnomasida belgilangan hajmda va shartlarda javobgar boʻladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Mazkur standart talablarining ijrochi tomonidan bajarilmasligi AMX buyurtmachisining birlashmaga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi uchun asos boʻladi.
35. Mazkur standart Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi bilan kelishilgan.
Rieltorlik tashkilotlari uyushmasi ijrochi direktori A. ALIYEV
2014-yil 27-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 47-son, 563-modda; 2017-y., 30-son, 754-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 12.06.2026-y., 10/26/2626-2/0596-son)