Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagi mahkumlar jazodan ozod qilinsin (ushbu qarorning 7-bandida koʻrsatilgan cheklashlarni hisobga olgan holda):
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasalliklarga chalingan deb topilgan shaxslar.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek qasddan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati ikki yil-u olti oydan koʻp boʻlmagan, hukmi ushbu qaror eʼlon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
4. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
5. Ushbu qarorning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi barcha ishlar tugatilsin.
6. Ushbu qaror asosida ozod qilinmaydigan shaxslarning:
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning oʻtalmay qolgan jazo muddati — uchdan bir qismiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning oʻtalmay qolgan jazo muddati toʻrtdan bir qismiga qisqartirilsin.
7. Tatbiq etilmasin:
a) ushbu qarorning amal qilishi — uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; oʻta xavfli retsidivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga;
b) ushbu qaror 1-bandining amal qilishi — oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga;
v) ushbu qaror 1 — 3, 5-bandlarining amal qilishi — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan shaxslarga;
g) ushbu qaror 1 — 3, 5, 6-bandlarining amal qilishi — taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan shaxslarga.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qoʻmita va komissiyalari ushbu qarorning qoʻllanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda qarorni qoʻllanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligi amalga oshirilishida senatorlar va deputatlar korpusining bevosita ishtirokini taʼminlasin.
9. Ushbu qaror amalga oshirilishi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 14-noyabr,
SQ-458-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 47-son, 557-modda)