Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida boʻlgan doʻstona aloqalarga asoslanib,
fan va texnika sohasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash istagiga amal qilib, shu bilan ikki mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga hissa qoʻshib,
fan va texnika rivojlanishining xalqaro darajaga mos keluvchi natijalarga tez yetish, va shuningdek ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasida masalalarini operativ hal etishni taʼminlash maqsadlarida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar teng huquqiy va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida, zarur boʻlgan tashkiliy, huquqiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratib, ilmiy-texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashadilar.
2-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik ikki mamlakat qonunchilikka ikki Tomon qatnashadigan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalar va bitimlarga asoslanadi.
3-modda
Ikkala mamlakatning vazirlik, idora, ilmiy tashkilot va jamiyatlari, mulkchilikning turli shakllaridagi korxonalar, oliy oʻquv yurtlari, ayrim olimlari qoʻshma ilmiy-texnikaviy ishlarning tashabbuskorlari boʻlishlari mumkin.
Hamkorlik mazmuni, uning iqtisodiy va tashkiliy shartlari, jumladan:
hamkorlikni mablagʻ bilan taʼminlash;
qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan foydalanish;
intellektual mulkni himoya qilish;
hamkorlik jarayonida bir-biriga beriladigan maʼlumotlarning aniqligi, konfidensialligi va material hamda uskunalarning sifati uchun javobgarlik;
birgalikda foydalanadigan ilmiy-texnikaviy obyektlarni va ilmiy uskunalarni ishlatish tartibi;
birgalikdagi ishlarni bajarish vaqtida hamkorlikda ishtirok etuvchi tashkilotlar yoki shaxslarning biri yetkazgan zarar uchun javobgarlik;
olim va mutaxassislarni xizmat safariga yuborish shartlari, va boshqa masalalar Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi hamkorlik subyektlari tomonidan alohida bitim, shartnoma va kontraktlar asosida bevosita kelishiladi.
4-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
ikkala mamlakatda ilmiy-texnikaviy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari yuzasidan maslahatlashishlar;
qoʻshma ilmiy-tadqiqot dasturlarini va loyihalarini bajarish;
qoʻshma ilmiy-tadqiqot tashkilotlarni tuzish, qoʻshma muvaqqat ilmiy, shuningdek yangi texnika va texnologiyalarni oʻzlashtirishni taʼminlovchi innovatsion korxonalarni tashkil etish;
birgalikda oʻtkaziladigan dala tadqiqotlari va ekspeditsiyalarni qoʻshib hisoblaganda, ikkala tomonning ilmiy-tadqiqot muassasalari, sanoat korxonalari, oliy oʻquv yurtlari va texnoparklarida ilmiy ish oborish;
bir mamlakatning alohida olimlarni va mutaxassislar boshqasida ishlar oborish uchun jalb etish;
qoʻshma seminar, ilmiy konferensiya, koʻmakchi uchrashuv va koʻrgazmalar oʻtkazish.
Ushbu Bitimning amalga oshirilishini taʼminlaydigan oʻzaro kelishilgan hamkorlik boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Birgalikda oʻtkaziladigan muayyan tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash shakllarini tanlash va belgilashda Tomonlar faqat fanni rivojlantirish manfaati va ikkala mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun mavzuning muhimligidan kelib chiqadilar.
5-modda
Jahon talablari darajasidagi ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik tadqiqotlarini hisobga olib, Tomonlar ikkala mamlakat olimlariga noyob va eng yangi eksperimental uskunalarda ishlash uchun ruxsat olib berishga, shuningdek 4-moddada koʻrsatilgan tashkiliy shakllarda hamkorlik qilish, ishlab chiqarish va sotib olish uchun birgalikda ish tashkil etishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar oʻz mamlakat qonunlari va qoidalariga muvofiq birgalikdagi tadqiqot va izlanishlarni bajarishda olim va mutaxassislarning ikkala mamlakat hududida boʻlishlari, ilmiy asbob va uskunalar, ilmiy-texnikaviy maʼlumot va hujjatlar bila almashish uchun qulay sharoitlar yaratib berishga intiladilar.
7-modda
Tomonlar birgalikda oʻtkaziladigan tadqiqot va izlanishlar oʻzaro muvofiqlashtirish, shuningdek ushbu Bitimni samarali amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika qoʻmitasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi fan, texnologiya va atrof-muhit vazirligi rahbariyatidan tayinlanadigan raisdoshlar rahbarlik qiladigan ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Vyetnam Komissiyasini tuzadilar (bundan keyin “Komissiya” deb ataladi).
Raisdoshlar taklifi bilan Komissiyaning milliy qismini har bir Tomondan tasdiqlanadi.
Komissiya majlislari doimiy tarzda yilda bir martda oʻtkaziladi. Majlisni oʻtkazish joyi, vaqti va shartlari har doim alohida kelishib olinadi.
8-modda
Tomonlarning ushbu Bitimni amalga oshirish uchun masʼul tashkilotlari:
Oʻzbek tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnika davlat qoʻmitasi;
Vyetnam tomonidan — Vyetnam Sotsialistik Respublikasi fan, texnologiya va atrof-muhit vazirligi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlar imzolagan boshqa xalqaro shartnoma va bitimlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxldor.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yillik davr mobaynida amal qiladi va agar Tomonlardan biri tegishli davr tugalishida kamida 6 oy oldin boshqa Tomonga Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatini yozma ravishda bildirmasa u oʻz-oʻzidan keyingi besh yilliklarga uzayadi.
Bitimning mazmunlari Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgarilishi mumkin. Hech qanday oʻzgartirishlar yoki Bitimning amalining toʻxtatilishi uning asosida amalga oshirilishi boshlangan dasturlari kelishilgan shartlari asosida bajarilishi davom etadi.
Xanoy shahrida 1996-yil 28-martda ikki nusxada, har biri oʻzbek, vyetnam va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim mazmunlarini talqin etishda tafovutlar kelib chiqsa, Tomonlar asos sifatida rus tilidagi matnga tayaniladi.
(imzolar)