Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy biznes maktabi faoliyatini tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-oktabrdagi 305-sonli “Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazining samarali faoliyatini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlashni yanada takomillashtirish va sifatini oshirish, iqtisodiyotning real tarmoqlari va tadbirkorlik sohasini biznes jarayonlarini samarali boshqarish vazifalarini zamonaviy talablar darajasida hal etish qobiliyatiga ega boʻlgan boshqaruv kadrlari bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabiga qayta oʻzgartirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabi (keyingi oʻrinlarda Oliy biznes maktabi deb ataladi):
biznesni boshqarish va korporativ boshqaruv sohasida xoʻjalik boshqaruvi organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha mustaqil oliy taʼlim muassasasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oliy biznes maktabi “biznesni boshqarish” (“Master of Business Administration-MBA”) mutaxassisligi boʻyicha ikki yillik magistratura taʼlim dasturi boʻyicha oʻqitishning kunduzgi shakli boʻyicha oʻqish yakuni boʻyicha magistr darajasini va davlat namunasidagi diplom bergan holda boshqaruv kadrlarni tayyorlaydi;
Oliy biznes maktabi magistraturasiga ochiq tanlov asosida oliy maʼlumotga (diplomli mutaxassis, bakalavr) va oliy taʼlim muassasasini bitirgandan keyin kamida uch yillik ish stajiga ega va 40 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan test sinovlari oʻtkazish yoʻli bilan xoʻjalik boshqaruvi organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari qabul qilinadi;
Oliy biznes maktabida xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar, jumladan kichik biznes subyektlarining magistr darajasiga ega boʻlgan yoki diplomli mutaxassis hisoblangan rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish “rahbar xodimlar uchun biznesni boshqarish” (“Executive MBA”) ixtisosligi boʻyicha maxsus taʼlim dasturi boʻyicha amalga oshiriladi;
oʻqish davrida Oliy biznes maktabi tinglovchilarining egallab turgan ish oʻrinlari saqlab qolinadi hamda ular belgilangan tartibda oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun amaldagi bazaviy stipendiya miqdorini 1,2-martaga oshirgan holda stipendiya toʻlovlari bilan taʼminlanadilar;
Oliy biznes maktabini Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
3. Quyidagilar:
Oliy biznes maktabining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Oliy biznes maktabi magistraturasini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi diplomning davlat namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oliy biznes maktabiga “biznesni boshqarish” (“Master of Business Administration — MBA”) mutaxassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlash yillik qabul kvotasi soni 75 kishi etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oliy biznes maktabi bilan birgalikda:
Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga — “biznesni boshqarish” magistratura mutaxassisligini kiritsin;
“biznesni boshqarish” mutaxassisligi boʻyicha davlat taʼlim standartini, tegishli oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oliy biznes maktabi magistraturasiga qabul qilishda kirish test sinovlarining fan boʻlimlari roʻyxatini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va belgilasin.
6. Vasiylik kengashi (Azimov R.S.) Oliy biznes maktabi rahbariyati va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Oliy biznes maktabi ustavini;
Oliy biznes maktabi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni;
Etakchi xorijiy va mamlakatimizning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari, biznes maktablari, xalqaro moliya-iqtisodiyot tashkilotlari va boshqa idoralar hamda tuzilmalar mutaxassislaridan Oliy biznes maktabining professor-oʻqituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oliy biznes maktabi bir oy muddatda:
Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda magistrlar tayyorlash davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiq Oliy biznes maktabining oʻquv dasturlarini va unda oʻqitiladigan oʻquv fanlari roʻyxatini tasdiqlasin;
2011 — 2014-yillarda Oliy biznes maktabida oʻqishni muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga ushbu qaror bilan belgilangan namunadagi diplom berilishini taʼminlasin;
bitiruvchilarning kasbiy oʻsishi va tadbirkorlik yutuqlari doimiy monitoringini olib borgan holda ularning doimiy ravishda yangilanib turadigan yagona maʼlumotlar bazasini tashkil etsin.
8. Oliy biznes maktabiga:
respublika, shuningdek xorijiy mamlakatlar yetakchi oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini boshqaruvni tashkil etish, oʻquv va ilmiy-metodik ishlarni olib borish uchun kontrakt asosida jalb etish;
respublika fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha xorijiy professorlar va oʻqituvchilar yashashi va transport xizmatlariga xarajatlarni milliy valyutada toʻlash huquqi berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy biznes maktabi buyurtmanomalari boʻyicha oʻquv jarayonida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar tarkibiga konsullik yigʻimlari undirmasdan kirish vizalari berilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻquv jarayonida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar tarkibini davlat bojlari undirmasdan vaqtinchalik propiska qilinishini hamda vaqtinchalik propiska muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-oktabr,
282-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-oktabrdagi 282-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabining vasiylik kengashi
Tarkibi
| Azimov R.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, Moliya vaziri, Kengash raisi |
| Ikramov A.I. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Kengash raisining oʻrinbosari |
| Saidova G.K. | — | Iqtisodiyot vaziri, Kengash raisining oʻrinbosari |
| Vaxabov A.V. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| Xidoyatov D.A. | — | Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi |
| Qoʻchqorov J.A. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Fayzullayev Sh.N. | — | “Oʻzbekneftgaz” MXK raisi |
| Ibragimov N.S. | — | “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Xaydarov I.U. | — | “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Salimov A.H. | — | Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining raisi |
| Akramov E.M. | — | “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Ismoilov J.B. | — | “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi raisining oʻrinbosari |
| Shayxov A.E. | — | Savdo-sanoat palatasi raisi |
| Aliyev M.G. | — | Oliy biznes maktabining direktori, Kengash kotibi |
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-oktabrdagi 282-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 41-son, 507-modda)