Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“EL-YuRT HURMATI” ORDENINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “El-yurt hurmati” ordeni taʼsis etilsin.
2. “El-yurt hurmati” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “El-yurt hurmati” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda; 1996-yil № 5-6, 63-modda; № 9, 120-modda) “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni” degan soʻzlardan soʻng “El-yurt hurmati” ordeni” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-avgust,
664-I-son
“EL-YuRT HURMATI” ORDENI TOʻGʻRISIDAGI
NIZOM
1. “El-yurt hurmati” ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, milliy maʼnaviyatni, madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qoʻshgan, oʻz mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilikning izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar.
“El-yurt hurmati” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishlari mumkin.
2. “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va uni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
3. “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining qirq karra miqdoridagi bir yoʻla pul mukofotini oladilar. “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “El-yurt hurmati” ordeni koʻkrakning chap tomoniga taqib yuriladi.
5. “El-yurt hurmati” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“EL-YuRT HURMATI” ORDENI
TAVSIFI
“El-yurt hurmati” ordeni 1 mikron qalinlikdagi tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi, u ikki yonbagʻridan nurlar taralgan sakkiz qirrali yulduz shakliga ega. Yulduzning burchaklari orasida zangori rangdagi shaffof emal qoplangan taram boʻlib taralayotgan nur tutamlari joylashgan. Yulduzning qarama-qarshi joylashgan uchlarining orasi 57 millimetr. Nurlar jo boʻlgan aylananing diametri — 52 millimetr.
Ordenning markazida Registon maydoni tasvirlangan. Uning ortida rangli emal yuritilgan vodiylar va togʻlar, ular uzra esa zangori osmon fonida chiqayotgan quyosh aks ettirilgan.
Maydon tasvirining atrofi qizil rangdagi emal toʻldirilgan botiq aylana bilan oʻralgan. Yuqorida, oq fonda “EL-YURT HURMATI” soʻzlari, aylananing pastki qismida — yashil shaffof emal qoplangan dafna shoxlari joylashgan. Tasvir va yozuvning atrofi qizil rangdagi emal toʻldirilgan botiq aylana bilan oʻralgan.
Ordenning orqa tomonida, pastki qismida uning tartib raqami 2 millimetr kattalikdagi shrift bilan yozilgan.
Orden Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi muhayyar lenta sirilgan qadagʻichga ilmoqcha va halqa yordamida ulanadi.
(“El-yurt hurmati” ordeni tavsifi” Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 20-modda).
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 163-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )