Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida
Bitim
Temir yoʻl naqliyoti sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
teng huquqlilik va oʻzaro hurmat, oʻzaro yordam va oʻzaro foyda koʻrish qatʼiyatlariga asoslangan holda,
ikkala davlat temir yoʻl muassasalari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashning muhimligini tan olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi temir yoʻl naqliyotining vazifaviy faoliyati, harakat tarkibi, texnikaviy vositalarni tayyorlash va ushlab turish, harakat xavfsizligi va mehnat sharoitlarini taʼminlash, tashish ishlarini tashkil etish, tashiladigan yuklarni saqlash, temir yoʻl naqliyoti bilan uning xizmatidan foydalanuvchilar hamda naqliyotning boshqa turlari oʻrtasida oʻzaro yordamlar mavjud mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-modda
Tomonlar temir yoʻl naqliyotida amalda boʻlgan xalqaro yuklarni va yoʻlovchilarni tashishning ular yoxud ularning mutasaddi idoralari ishtirokchi boʻlgan temir yoʻl naqliyoti sohasidagi davlatlararo va xalqaro bitimlar va konvensiyalarga muvofiq keladigan tartibga boʻysunishga ahdlashdilar.
Bunday bitimlar roʻyxati Tomonlarning mutasaddi idoralari tarafidan aniqlanadi.
Tomonlardan har biri temir yoʻl naqliyoti sohasida boshqa mamlakatlar bilan bitimlar asosida oʻrnatilgan, ushbu moddaning 1 fiqrasida (abzatsida) koʻrsatilgan tartibni oʻzgartiradigan bitimlar imzolagan taqdirda bu haqda ikkinchi Tomonni xabardor qiladi.
3-modda
Yoʻlovchilar va yuklarni ikkala davlat temir yoʻl bekatlari oʻrtasida tashish ushbu Bitim imzolanayotgan paytda kuchda boʻlgan mezoniy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan tranzit bilan Xitoy Xalq Respublikasi hududi boʻylab va Xitoy Xalq Respublikasidan tranzit bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab, shuningdek tranzit bilan uchinchi mamlakatdan uchinchi mamlakatga qoʻshimcha tranzit yoʻlovchi oqimlari va yuk oqimlarini jalb qilish maqsadida yoʻlovchilar va yuklarni tashishda Tomonlar mutasaddi idoralari oʻz davlatlari qonunchiligini hisobga olgan holda tarif siyosatini ishlab chiqishda oʻz harakatlarini muvofiqlashtiradi.
4-modda
Tomonlar:
oʻz mutasaddi idoralari oʻrtasida tuzilgan bitimlarning bajarilishini nazorat qilish;
temir yoʻl naqliyotini boshqaruvchi tegishli idoralarga ular faoliyati yuzasidan muzokaralar oʻtkazish boʻyicha huquqlar berish;
zarurat tugʻilgan chogʻda temir yoʻl xodimlariga ularning ikkinchi Tomon davlati hududida boʻlgan paytlarida oʻz xizmat vazifalarini bajarishlariga, kutilmaganda kasal boʻlganlarida, shikast olganlarida bepul tibbiy yordam koʻrsatishni taʼminlash majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
5-modda
Tomonlar oʻzaro temir yoʻl naqliyoti ehtiyojlari uchun zarur boʻladigan texnika, asbob-uskuna, ehtiyot qismlar, yonilgʻi-energetikaviy va boshqa moddiy boyliklar bilan taʼminlashga yordam beradilar.
6-modda
Tomonlar temir yoʻl naqliyoti sohasida xodimlar tayyorlashda hamkorlik qiladilar, shuningdek mutasaddi muassasalarga Tomonlar davlatlari hududidagi oʻquv yurtlarini tugallaganligi toʻgʻrisidagi ixtisoslikka doir hujjatlarni tan olish haqidagi masalani koʻrib chiqishni tegishli muassasalarga topshiradilar.
7-modda
Quyidagilar Tomonlarning ushbu Bitimni bajarishga javobgar mutasaddi idoralari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasidan — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat hissadorlik temir yoʻl kompaniyasi;
Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan — XXR Temir yoʻl vazirligi.
8-modda
Ushbu Bitimni talqin etish va qoʻllash bilan bogʻliq barcha bahsli masalalar muzokaralar va mashvaratlar yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida oʻzgartirilishi va unga qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ushbu Bitimga oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritish Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan protokollar orqali rasmiylashtiriladi.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kunidan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amal qiladi.
Agar Tomonlardan biri uni toʻxtatish niyatini bildirmagan boʻlsa, ushbu Bitim amal qilish muddati tugaganidan keyin oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatga choʻziladi.
Tomonlardan har biri ikkinchi Tomonga olti oydan oshmaydigan muddat ichida ikkinchi Tomonga yozma ravishda bildirish orqali ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatishi mumkin.
Toshkent shahrida 1996-yil 3-iyulida har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda har xillik kelib chiqsa, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)