Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Baholash faoliyati toʻgʻrisida
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun baholash faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Baholash faoliyati tushunchasi
Baholash faoliyati deganda baholovchining (yuridik yoki jismoniy shaxsning) baholash obyekti qiymatini aniqlashga qaratilgan faoliyati tushuniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Baholash faoliyatini litsenziyalash
Baholash faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Baholash faoliyatini litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Baholash faoliyati uchun litsenziya bergan organ baholovchilar baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini talablariga rioya etishlari ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Baholash obyektlari
Baholash obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
alohida moddiy obyektlar (ashyolar);
shaxsning mol-mulkini tashkil etuvchi ashyolar majmui, shu jumladan muayyan turdagi (koʻchar yoki koʻchmas) mol-mulk;
mol-mulkka yoki mol-mulk tarkibidagi ayrim ashyolarga boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar;
talab qilish huquqlari, majburiyatlari (qarzlar);
ishlar, xizmatlar, axborot;
intellektual mulk obyektlari va qonun hujjatlariga fuqarolik muomalasida boʻlishi mumkinligi belgilangan boshqa fuqarolik huquqlari obyektlari.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Baholash obyekti qiymatining turlari
Baholash maqsadlariga qarab baholash obyekti xususida bozor qiymati yoki bozornikidan farqlanuvchi qiymat qoʻyiladi.
Baholash obyekti qiymati turlarining qoʻllanish sohasi va ularning farqlanuvchi xususiyatlari baholash standartlari bilan belgilanadi.
Baholash obyektini baholash pul shaklida amalga oshiriladi.
7-modda. Baholash obyektining bozor qiymati
Baholash obyektining bozor qiymati deganda eng ehtimol tutilgan narxi tushunilib, unga koʻra mazkur baholash obyektining ochiq bozorda raqobat sharoitida, bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega boʻlgan holda oʻz manfaatlarini yoʻlida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladi, bitim narxining baland-pastligida esa biron-bir favqulodda holatlar, shu jumladan taraflardan birining ushbu bitimga qoʻshilish majburiyati aks etmaydi.
Agar biron-bir baholash obyektining baholashda majburiy oʻtkazish talabi mavjud boʻlgan normativ hujjatda yoki baholash obyektining baholash toʻgʻrisidagi shartnomada (matnda bundan buyon shartnoma deb yuritiladi) qiymatning aniq turi koʻrsatilgan boʻlmasa, mazkur obyektning bozor qiymati belgilanishi lozim. Mazkur qoida normativ hujjatda baholash obyekti qiymatining turini aniqlovchi, ushbu Qonunda yoki baholash standartlarida nazarda tutilmagan atamalarda foydalanilgan taqdirda ham qoʻllanishi kerak.
8-modda. Baholash obyektining bozornikidan farqlanuvchi qiymati
Baholash obyektining bozornikidan farqlanuvchi qiymati deganda mazkur baholash obyektining baholash ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilganidan farqli shartlarida oʻtkazilgan eng ehtimol tutilgan baho tushuniladi.
9-modda. Baholash standartlari
Baholash standartlari oʻzaro bogʻliq norma va qoidalar majmuidan iborat boʻlib, ular quyidagilarni belgilaydi:
baholash tushunchalari va prinsiplarini;
baholash faoliyatida qoʻllaniladigan atamalar va taʼriflarni;
qiymat turlariga qoʻyiladigan talablarni;
boshlangʻich axborotga qoʻyiladigan talablarni;
baholash oʻtkazish tartibini;
baholash usullarini qoʻllanish xususiyatlari;
baholash natijalarini rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarni;
boshqa talablarni.
Baholash standartlarini ishlab chiqish, tasdiqlash, ularga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
10-modda. Baholashni oʻtkazish va uning natijalaridan foydalanish huquqi
Baholash oʻtkazish huquqi mutlaq huquqdir.
Baholash obyektlarini baholash ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Baholashni oʻtkazish natijalaridan baholash obyekti oʻz balansida turgan shaxslar buxgalteriya hisobi va hisobot maʼlumotlariga tuzatishlar kiritish uchun foydalanishlari mumkin.
11-modda. Baholash oʻtkazishning majburiyligi
Baholashni oʻtkazishni davlatga toʻla yoki qisman qarashli baholash obyektlari bitim tuzishga jalb etilgan taqdirda, shu jumladan:
Keyingi tahrirga qarang.
baholash obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish, ishonchli boshqaruvga topshirish yoki ijaraga berish maqsadida ularning qiymati aniqlanayotganda;
Keyingi tahrirga qarang.
baholash obyektlaridan garov narsasi sifatida foydalanayotganda;
baholash obyektlari sotilayotganda yoki oʻzga shaxsga boshqacha tarzda oʻtkazilayotganda;
baholash obyektlari bilan bogʻliq qarz majburiyatlaridan boshqaning foydasiga voz kechilayotganda;
baholash obyektlari yuridik shaxslarning ustav fondlariga ulush tariqasida berilayotganda majburiydir.
Keyingi tahrirga qarang.
Baholash oʻtkazish baholash obyektining qiymati toʻgʻrisida nizo chiqqan taqdirda ham, shu jumladan:
mol-mulk natsionalizatsiya qilinayotganda;
ipoteka krediti berilayotganda;
taraflardan birining talabiga binoan er-xotinning mol-mulki boʻlinayotganda;
mol-mulk mulkdorlaridan davlat ehtiyojlari uchun sotib olinayotgan yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha tarzda olib qoʻyilayotganda;
Keyingi tahrirga qarang.
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻgʻri toʻlanishi ustidan nazorat oʻtkazilayotganda majburiydir.
Ushbu moddaning amal qilishi davlat unitar korxonalari, muassasalari va tashkilotlari oʻrtasida ularga xoʻjalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi bilan berkitib qoʻyilgan mol-mulkni tasarruf etishda kelib chiqadigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Baholashning oʻtkazish asoslari
Baholovchi va u koʻrsatayotgan xizmatlarning isteʼmolchi (buyurtmachi) oʻrtasidagi shartnoma baholashning oʻtkazish uchun asosdir.
Baholash obyektini baholash, shu jumladan qayta baholash, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, sud ajrimi asosida oʻtkazilishi mumkin.
13-modda. Shartnomaga oid majburiy talablar
Baholovchi va buyurtmachi oʻrtasidagi shartnoma yozma ravishda qonun hujjatlariga muvofiq tuziladi.
Shartnoma quyidagilarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim:
baholash obyektining nomi;
baholash oʻtkazishdan maqsad;
baholash obyektining aniqlanadigan qiymati turi;
baholash oʻtkazganlik uchun pul mukofotining summasi.
Shartnomaga baholovchida baholash faoliyatining amalga oshirish uchun beriladigan litsenziya borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar litsenziyaning tartib raqami va litsenziya berilgan sana, uni bergan organ, shuningdek mazkur litsenziya qaysi muddatga berilganligi koʻrsatilgan holda majburiy ravishda kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Baholashning oʻtkazganligi uchun pul mukofotining miqdori shartnomada belgilab qoʻyiladi va u baholash obyekti qiymatining baland-pastligiga bogʻliq boʻlishi mumkin emas.
14-modda. Baholovchining huquqlari
Baholovchi:
baholash usullarini mustaqil ravishda qoʻllashga;
baholash obyektini majburiy baholashdan oʻtkazishda hujjatlarning foydalanish erkinligini taʼminlashni buyurtmachidan talab qilishga, ushbu baholashni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tushuntirishlar va qoʻshimcha maʼlumotlar olishga;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni uchinchi shaxslardan talab qilib olishga. Mazkur axborotni berishni rad etish baholashning ishonchligiga jiddiy taʼsir etadigan hollarda, baholovchi buni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda (matnda bunday buyon hisobot deb yuritiladi) koʻrsatib oʻtadi;
baholash oʻtkazishda ishtirok etishga zaruriyatga qarab shartnoma asosida boshqa baholovchilar yoki oʻzga mutaxassislarni jalb etishga;
buyurtma shartnoma shartlarini buzgan, baholash obyekti haqida zarur axborot taqdim etilishini yoki shartnomaga muvofiq ish sharoitlarini taʼminlamagan hollarda, baholashni oʻtkazishni rad etishga haqli.
Baholovchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15-modda. Baholovchining majburiyatlari
Baholovchi:
baholash faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlariga va baholash standartlari talablariga rioya etishi;
xolisona baholashni oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelganligi oqibatida baholashni oʻtkazishda oʻzining ishtirok etish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisida buyurtmachiga xabar qilishi;
baholash oʻtkazilayotgan paytda olinayotgan hujjatlar saqlanishini taʼminlashi;
baholash faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyani buyurtmachi talabiga binoan taqdim etishi;
baholash oʻtkazilayotgan paytda buyurtmachidan olingan maxfiy axborotni oshkor etmasligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
hisobotning nusxasini uch yil mobaynida saqlash shart.
Baholovchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Baholovchining mustaqilligi
Baholash faoliyatiga buyurtmachi yoki boshqa manfaatdor shaxslarning aralashuviga yoʻl qoʻymaydi.
Quyidagi hollarda baholashning oʻtkazishga yoki boshqa manfaatdor shaxslarning aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi:
buyurtmachi baholovchining mulkdori, muassisi (aksiyadori), kreditori, sugʻurtalovchisi boʻlsa;
baholovchi buyurtmachi-yuridik shaxsning buyurtmachisi yoki muassisi (aksiyadori) yoxud mansabdor shaxsi boʻlsa;
baholovchi yuridik shaxsning mulkdori, muassisi (aksiyadori), mansabdor shaxsi yoki baholash obyektida mulkiy manfaati boʻlgan jismoniy shaxs boʻlsa yoxud shunday manfaati boʻlgan jismoniy shaxs boʻlsa yoxud shunday manfaati bor shaxslar bilan yaqin qarindosh yoki quda-anda boʻlsa;
baholovchi shartnomadan tashqari buyurtmachiga yoki baholash obyektiga nisbatan ashyoviy yoki majburiyatiga oid huquqlarga ega boʻlsa.
17-modda. Hisobot mazmuniga oid umumiy talablar
Hisobotda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
hisobot tuzilgan sana va uning tartib (roʻyxatga olinganlik) raqami;
baholovchining baholashni oʻtkazishi uchun asos;
baholovchining manzili va baholash faoliyatini amalga oshirish uchun unga berilgan litsenziya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholash obyektining uni baholash sanasidagi aynan tenglashtirish imkonini beradigan aniq tavsifi, yuridik shaxsga qarashli baholash obyektiga nisbatan esa — yuridik shaxsning rekvizitlari;
baholash obyekti qiymatining tegishli turini aniqlash uchun baholash standartlari, ulardan foydalanish uchun asos, baholashni oʻtkazishda foydalanilgan maʼlumotlar ularning olingan manbalarini, shuningdek bunda taxmin deb olinganlarini ham koʻrsatgan holda;
baholash obyekti qiymatini aniqlash izchilligi va uning yakuniy miqdori, shuningdek olingan natijani qoʻllanishdagi cheklovlar va chegaralar;
baholash obyekt qiymatini aniqlash sanasi (baholash sanasi);
baholovchi foydalanadigan hamda baholash obyektining miqdor va sifat xususiyatlarini belgilaydigan hujjatlar roʻyxati.
Hisobot baholash obyekti qiymatini hisoblashning unda qoʻllanilgan usulini toʻla aks ettirish uchun kerakli boshqa maʼlumotlarni ham oʻz ichiga olgan boʻlishi mumkin.
Agar baholashni oʻtkazish paytida bozornikidan farqlanuvchi qiymat aniqlanayotgan boʻlsa, hisobot bahoni belgilash mezonlari va baholash obyektining bozor qiymatini aniqlash imkoniyatidan chetga chiqish sabablari koʻrsatilishi lozim.
Baholash obyektlarining ayrim turlarini baholashdan oʻtkazish uchun qonun hujjatlarida hisobotlarning maxsus shakllari nazarda tutilishi mumkin.
Hisobotga baholovchi imzo chekadi, uni oʻz muhri bilan tasdiqlaydi va buyurtmachiga topshiradi.
Hisobot har xil sharhlashga yoʻl qoʻymaslik yoki chalgʻitmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Hisobotning ishonchliligi
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda tuzilgan hisobot ishonchli deb tan olinadi.
Baholash obyektining hisobotda koʻrsatilgan qiymati, agar qonun hujjatlari yoki sud qarori bilan boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, baholash obyekti xususida bitim tuzish maqsadi uchun tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Baholovchining javobgarligi
Buyurtmachining huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari zarar yoxud ziyon yetkazgan tarzda oʻz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, shuningdek baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzganligi uchun baholovchi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
20-modda. Baholovchining fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish
Baholovchilarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
21-modda. Bogʻlovchilarning kasbiy birlashmalari
Baholovchilarning oʻz manfaatlarini himoya qilish va ifodalash maqsadida kasbiy jamoat birlashmalari va notijorat asosda faoliyat olib boradigan boshqa tashkilotlarga (uyushmalar, ittifoqlarga) birlashishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Nizolarni hal etish
Baholash faoliyati amalga oshirilayotganda yuzaga keladigan nizolar belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 19-avgust,
811-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 208-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda; 2009-y., 15-son, 178-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son; 27.08.2024-y., 03/24/945/0653-son; 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son; 23.01.2025-y., 03/25/1021/0063-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)