Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
jinoyatchilik, xususan, uning uyushgan shakllari kuchayib borishi miqyoslari va tamoyillaridan tashvishlanayotganliklarini bildirib,
insonning hayoti, huquqi va erki, shaʼni va qadr-qimmatiga tahdid soluvchi kuchlardan ishonchli himoya qilishni, jamiyat va davlat manfaatlarini taʼminlashga intilishdan kelib chiqib,
umumiy ravishda tan olingan inson huquqlari va erkiga rioya qilishda xalqaro hamkorlikka muhim ahamiyat berib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilarga haqqoniy jazo berish borasidagi hujjatlari qoidalarini hisobga olib,
fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida 1993-yil 22-yanvardagi Konvensiyani, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilikka va jinoyatlarning boshqa xavfli turlariga qarshi hamkorlikda choralar koʻrish boʻyicha MDH hukumatlari boshliqlari Kengashining 1993-yil 12-martdagi qarori bilan tasdiqlangan Dasturni inobatga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida 1992-yil 30-maydagi Shartnoma qoidalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida har taraflama hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi 1994-yil 2-martdagi Deklaratsiya qoidalariga amal qilib,
teng huquqlilik va oʻzaro foydali hamkorlik tamoyillaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimning qoʻllanish doirasi va subyektlari
Bitimning qoʻllanish doirasi va subyektlari
1. Tomonlar oʻzlarining vakolatli markaziy organlari orqali ushbu Bitim qoidalariga muvofiq va oʻz davlatlarining qonunchiligi hamda xalqaro majburiyatlariga rioya qilib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni amalga oshiradilar.
2. Ushbu Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va tutib berish masalalariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun quyidagilar markaziy vakolatli organlar hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Davlat soliq qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati;
Rossiya Federatsiyasi uchun — Bosh prokuratura, Davlat bojxona qoʻmitasi, Soliq politsiyasi departamenti, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi razvedka xizmati, Kontrrazvedka federal xizmati, Valyuta va eksport nazorati federal xizmati, Federal chegara xizmati.
4. Tomonlardan har biri oʻzining markaziy vakolatli organlari roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
5. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqalar bogʻlaydilar. Ushbu Bitimda nazarda tutilgan hamkorlik tadbirlari, agar manfaatdor markaziy vakolatli organlar shunday tartib xususida kelishib olsalar, mahalliy darajada ham amalga oshirilishi mumkin.
2-modda
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, bartaraf etish va ochish boʻyicha, ayniqsa quyidagi qilmishlar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
shaxsning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi va qadr-qimmati, shuningdek mulkiga qarshi kuch ishlatib qilinadigan jinoyatlar;
terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya;
gʻayriqonuniy ravishda qurol-yarogʻlar, oʻq-dorilar, portlovchi va zaharli moddalar, shuningdek radioaktiv ashyolarni ishlatish;
odamlarni oʻgʻirlash, fohishabozlikdan foydalanish;
giyohvandlik vositalarini va psixotrop moddalarni, shuningdek ularni ishlab chiqarishda foydalaniladigan moddalarni gʻayriqonuniy ishlab chiqarish va ishlatish;
ekologik jinoyatlar;
iqtisodiyot, shu jumladan, valyuta boyliklari operatsiyasi bilan gʻayriqonuniy shugʻullanish, gʻayriqonuniy ravishda xalqaro moliyaviy va eksport operatsiyalari bilan shugʻullanish, jinoiy faoliyat bilan topilgan daromadlarni legalizatsiya qilish, soxta pul belgilarini va moliyaviy hujjatlarni, qiymatli qogʻozlarni va naqd pulsiz toʻlov vositalarini yasash va tarqatish;
kontrabanda;
madaniy va tarixiy boyliklarga jinoiy tajovuzlar;
transportdagi jinoyatlar;
avtotransport vositalarini oʻgʻirlash.
2. Tomonlar jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasiga taalluqli kuyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ham hamkorlik qiladilar:
transportda va yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash;
jinoiy jazolarni oʻtashni tashkil etish;
pasport-viza ishlari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kelishi, ketishi, tranzit yoʻli bilan oʻtishi va turishini nazorat qilish;
qimmatbaho va maxsus yuklarni kuzatib borish va qoʻriqlash;
engʻin xavfsizligini taʼminlash;
nomaʼlum jasadlarning, oʻzi haqida maʼlumot bera olmaydigan bemorlar va bolalarning shaxsini aniqlash.
3. Tomonlar quyidagi sohalar boʻyicha ham hamkorlik qiladilar:
oʻzlarining vakolatli organlari faoliyatini moddiy-texnikaviy taʼminlash;
kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, axborot tizimlari, aloqa vositalari va maxsus texnikani rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotni amalga oshirish.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Ushbu Bitimning 2-moddasi qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlarning markaziy vakolatli organlari, jumladan, quyidagi shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
tayyorlangan yoki sodir etilgan jinoyatlar va ularga aloqador jismoniy hamda yuridik shaxslar va tashkilotlar haqida qiziqish uygʻotadigan axborotlarni oʻzaro almashish;
tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish toʻgʻrisida soʻrovlarni bajarish;
jinoiy-qidiruvdan yoki jazoni oʻtashdan bekinib yurgan, shuningdek bedarak yoʻqolgan shaxslarni izlash;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning yangi turlari gʻayriqonuniy ravishda muomalaga kiritilgani, ularni ishlab chiqarish texnologiyasi va bunda ishlatiladigan moddalar, shuningdek giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni tadqiq etish va aniqlash boʻyicha amalga oshirilgan yangi tadqiqotlar haqida axborotlarni oʻzaro almashish;
muayyan nomerga yoki ajralib turuvchi maxsus belgiga ega boʻlgan ashyolar (narsalar), shu jumladan, avtotransport va oʻt ochuvchi qurol, shuningdek nomerli qiymatli qogʻozlar va pasportlarni (shaxsiy guvohnomalarni) izlash va fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida 1993-yil 22-yanvardagi konvensiyada oʻrnatilgan tartib boʻyicha qaytarib berish;
ish tajribasini almashish, shu jumladan, malaka oshirishlar, maslahatlashuvlar, seminarlar va oʻquv kurslari oʻtkazish;
qonunshunoslikka oid va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni oʻzaro almashish, oʻquv va uslubiy adabiyotlarni sotib olishda yordam koʻrsatish;
oʻzaro manfaatli muammolar boʻyicha birgalikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
oʻzaro foydali asosda ilmiy-texnikaviy adabiyotlar va axborotlarni oʻzaro almashish.
4-modda
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlar
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlar
1. Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlar vakolatli organlarining yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlari asosida amalga oshiriladi.
2. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov yozma ravishda yuboriladi. Shoshilinch holatlarda soʻrovlar ogʻzaki tarzda berilishi ham mumkin, lekin ular yetti kundan kechikmay yozma ravishda tasdiqlanishi kerak.
Soʻrovning haqqoniyligiga yoxud yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovning mazmuniga shubha tugʻilganda uni tasdiqlashni soʻrab murojaat qilinishi mumkin.
3. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovda quyidagilar boʻlishi zarur:
a) yordam koʻrsatishni soʻrayotgan vakolatli organning va soʻrov yuborilayotgan organning nomi;
b) ishning mohiyati bayoni;
v) maqsad va soʻrovning asoslanganligini koʻrsatish;
g) soʻralgan yordamning mazmuni.
4. Zarur va mumkin boʻlgan darajada soʻrovda quyidagilar ham boʻlishi kerak:
a) ishga aloqador shaxsning fuqaroligi, ismi va familiyasi, laqabi, tugʻilgan vaqti va joyi, mashgʻuloti, turar joyi va oʻrnashgan manzili;
b) ishga aloqador firma va tashkilotlarning nomi va manzili;
v) qilmish yoxud hodisaning bayoni, jinoiy ishlar boʻyicha esa — soʻrov joʻnatayotgan Tomonning davlat qonunchiligiga muvofiq qilmishning kvalifikatsiyasi va qoʻllanadigan qonunning matni;
g) javob olinishi kerak boʻlgan savollar roʻyxati;
d) soʻrov bajarilayotganda amal qilinishi zarur boʻlgan maxsus tartib bayoni va bu zaruratning asoslanganligi;
e) soʻrovni amalga oshirishni osonlashtirish uchun foydali boʻlgan boshqa har qanday axborot.
5. Yordam koʻrsatish haqida berilgan yoki yozma shaklda tasdiqlangan soʻrov soʻrayotgan vakolatli organning rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi va ushbu Bitimning 1-moddasidagi 5-bandda nazarda tutilgan tartibda joʻnatiladi.
5-modda
Yordam koʻrsatishni rad etish
Yordam koʻrsatishni rad etish
1. Agar soʻrov olgan Tomon soʻrovni bajarish uning mustaqilligiga, xavfsizligiga, jamoat tartibiga yoki boshqa muhim davlat manfaatlariga zarar yetkazadi yoxud davlat qonunchiligiga yoki xalqaro majburiyatlariga zid keladi, deb hisoblasa, u ushbu Bitim doirasida yordam koʻrsatishni toʻliq yoki qisman rad etishi mumkin.
2. Agar soʻrov yuborilishiga sabab boʻlgan qilmish soʻrovni qabul qilgan Tomon davlatining amaldagi qonunchiligi boʻyicha jinoyat hisoblanmasa, yordam koʻrsatish rad etilishi mumkin.
3. Soʻrovni bajarishni rad etish haqida qaror qabul qilingan taqdirda soʻrovni yuborgan Tomon bu haqda rad etishning sababi koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi.
6-modda
Soʻrovni bajarish
Soʻrovni bajarish
1. Agar soʻrovni bajarish soʻrovni olgan organning vakolatiga kirmasa, mazkur organ uni darhol vakolatli organga joʻnatadi va bu haqda soʻrov yuborgan Tomonni xabardor qiladi.
2. Zarurat tugʻilganda soʻrov olgan Tomon, uning fikriga koʻra, soʻrovni bajarish uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilishga haqlidir.
3. Soʻrov olgan Tomonning markaziy vakolatli organlari soʻrovni tez, imkoni boricha toʻla va sifatliroq bajarish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
Soʻrovning bajarilishiga toʻsqinlik qiladigan yoki bajarishni jiddiy kechiktiruvchi vaziyatlar mavjud boʻlganda, bu haqda soʻrov yuborgan vakolatli organ darhol xabardor qilinadi.
4. Soʻrovni bajarishda soʻrov olgan Tomon davlatining qonunchiligi qoʻllanadi, biroq bu agar soʻrov olgan Tomon davlatining qonunchiligi yoki uning xalqaro majburiyatlariga zid kelmasa, soʻrov yuborgan Tomonning iltimosiga binoan, uning davlati qonunchiligi qoʻllanishi mumkin.
5. Agar soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi, soʻrovni bajarish oʻz davlatida amalga oshirilayotgan jinoyat qidiruv yoki boshqa ishlarga xalaqit beradi, deb hisoblasa, u soʻrovni bajarishni kechiktirishi yoki uning bajarilishini soʻrov yuborgan Tomonning markaziy vakolatli organi bilan maslahatlashuv oʻtkazganidan keyin oʻrtaga zaruriy deb qoʻyilgan shartlarga rioya qilish bilan aloqador qilib qoʻyishi mumkin. Agar soʻrov yuborgan Tomon shunday shartlarda yordamni qabul qilsa, u mazkur shartlarga amal qilishi kerak.
6. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organi iltimos qilganda soʻrov va uning mazmunini sir tutishni taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradi. Soʻrovni sir tutgan holda bajarishning imkoni boʻlmaganda, soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi bu haqda soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organini xabardor qiladi va u soʻrovni shunday sharoitda bajarish kerakmi-yoʻqligini hal qiladi.
7. Soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi soʻrov yuborgan Tomoning vakolatli organi iltimos qilgan taqdirda uni soʻrovning bajarilishi qanday borayotganidan xabardor qiladi.
8. Soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi soʻrov yuborgan Tomonning vakolatli organini soʻrovning bajarilishi natijalaridan mumkin boʻlgan eng qisqa muddatlarda xabardor qiladi.
7-modda
Soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishdagi cheklashlar
Soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishdagi cheklashlar
1. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonga soʻrov olgan Tomonning vakolatli organi oldindan kelishib olmasdan ushbu Bitimga muvofiq olingan soʻrovni bajarish natijalaridan soʻrovda koʻrsatilganidan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Bunday hollarda soʻrov yuborgan Tomon soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishning koʻrsatilgan cheklashlariga amal qiladi.
2. Soʻrov olgan Tomon soʻrov yuborgan Tomonga ushbu Bitimga muvofiq olingan soʻrovni bajarish natijalarini oshkor qilmaslik yoki ulardan faqat kelishib olingan shartlardagina foydalanish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Agar soʻrov yuborgan Tomon soʻrovni bajarish natijalarini shunday shartlarda qabul qilib olsa, unda u mazkur shartlarga amal qilishga imkoni boricha intilishi kerak.
3. Ushbu modda qoidalari soʻrovni bajarish natijalaridan foydalanishni yoki ularni oshkor etishni, agar soʻrov yuborgan Tomon davlat qonunchiligida shunday harakat qilish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, istisno qilmaydi. Soʻrov yuborgan Tomon soʻrov olgan Tomonni soʻrov natijalaridan shu tariqa foydalanish va oshkor qilish imkoniyati haqida oldindan xabardor qiladi.
8-modda
Nazorat qilinadigan yetkazib berishlar
Nazorat qilinadigan yetkazib berishlar
1. Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi va oʻz imkoniyatlari doirasida oʻzaro maqbul shartnomalar, shu jumladan, buyum va moddalarning noqonuniy muomalasida ishtirok etuvchi shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy taʼqib qilish maqsadida har qanday uchinchi tomon bilan tuzilgan bitim va shartnomalar asosida muomalada boʻlishi taqiqlangan buyum va moddalarni nazorat qilinadigan yetkazib berishlar usulidan lozim darajada foydalanishni nazarda tutuvchi zaruriy chora-tadbirlarni koʻradilar.
2. Nazorat qilinadigan yetkazib berishlar usulidan foydalanish haqidagi qarorlar har bir alohida holatda ikkala Tomonning vakolatli organlari tomonidan jamoat xavfsizligi uchun xavfni hisobga olgan holda va, zarurat boʻlganda, moliyaviy shartnomalarni va yurisdiksiya boʻyicha Tomonlar erishgan oʻzaro hamfikrlikni inobatga olgan holda qabul qilinadi.
3. Buyum va moddalarni nazorat qilinadigan yetkazib berishlarning gʻayriqonuniy partiyalari erishilgan shartnomalarga muvofiq, shu jumladan, har qanday uchinchi tomon ishtirokida nazorat qilinadi, bu yuklar ushlab qolinishi va keyingi joʻnatishlarda foydalanish uchun saqlab turilishi yoki olib qolinishi, yoxud ular toʻla yoki qisman almashtirilishi mumkin.
9-modda
Jinoiy jarayon qatnashchilarini va boshqa shaxslarni himoya qilish
Jinoiy jarayon qatnashchilarini va boshqa shaxslarni himoya qilish
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi asosida, tegishli hollarda, koʻrsatmalari va harakatlari uyushgan jinoiy guruhlarning jinoiy faoliyatining oldini olish oʻxtatib qolish yoxud jinoiy ishlarni tergov qilish yoki sudda koʻrish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yoxud ega boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar, zarurat boʻlganda, ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini taʼminlash uchun oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
10-modda
Markaziy vakolatli organlar oʻrtasidagi bitimlar
Markaziy vakolatli organlar oʻrtasidagi bitimlar
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlarning manfaatdor markaziy vakolatli organlari idoralararo bitimlar tuzishlari mumkin.
11-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Mazkur Bitimni bajarishda Tomonlar vujudga keladigan xarajatlarni, agar har bir muayyan holatda oʻzgacha tartib kelishib olinmasa, mustaqil ravishda oʻz zimmalariga oladilar.
2. Tomonlar zarurat boʻlgan holda, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha muayyan topshiriqlarni hal qilish uchun zarur boʻlgan jihozlar va ashyolar bilan bir-birlariga beminnat yordam berishlari mumkin.
12-modda
Tillar
Tillar
Tomonlarning vakolatli organlari hamkorlikni amalga oshirishda rus tilidan amaliy ish tili sifatida foydalanadilar.
13-modda
Xizmat uchrashuvlari va maslahatlashuvlari
Xizmat uchrashuvlari va maslahatlashuvlari
1. Tomonlarning vakillari yoki ularning markaziy vakolatli organlari zarurat boʻlganda mazkur Bitim asosida hamkorlik samaradorligini mustahkamlash va oshirish masalalarini koʻrib chiqish maqsadida amaliy uchrashuvlar va maslahatlashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
2. Tomonlar va ularning markaziy vakolatli organlari mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha bahsli masalalarni maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
14-modda
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Mazkur Bitim qoidalari Tomonlar davlatlarining ular qatnashchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
Ushbu Bitim imzolangan kunidan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan birining ikkinchi Tomondan uning Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma xabarnomasini olgan kunidan olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
1995-yil 27-iyulda Toshkent shahrida har biri oʻzbek va rus tillaridagi ikki nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)