Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OMMAVIY SPORT TARGʻIBOTINI YANADA KUCHAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Keyingi yillarda mamlakatimiz aholisi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida jismoniy tarbiya va sportni keng miqyosda rivojlantirish ustuvor masalalardan biriga aylanib bormoqda. Yurtimiz vakillarining turli xalqaro bellashuvlarda, Olimpiada oʻyinlari va Jahon birinchiligi musobaqalarida yuksak natijalarga erishayotgani, respublikamizning sport salohiyati yanada oshayotgani, markazda va joylarda jahon andozalariga mos muhtasham sport majmualari, zamonaviy stadion va kortlar barpo etilayotgani, oʻquvchi va talaba-yoshlar oʻrtasida uch bosqichdan iborat “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” oʻyinlari tobora ommalashib borayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Shu bilan birga, ommaviy sportning inson va oila hayotidagi rolini, uning jismoniy va maʼnaviy sogʻlomlikning asosi ekanini targʻib-tashviq qilish, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarga oʻz qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishda sportning ahamiyatini ochib berish, dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini yanada oshirish borasida ommaviy axborot vositalari oʻzining munosib oʻrnini hamon topa olmayotganini, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanmayotganini taʼkidlash lozim.
Shuni alohida qayd etish zarurki, bunday holat va kamchiliklarning sabablari avvalo matbuot sohasida jurnalistlarning ixtisoslashuvi talab darajasida emasligi, xususan, sport jurnalistlarining professional saviyasi pastligi, yurtimizning ayrim joylarida ota-onalar, mutasaddi rahbarlar oʻrtasida sport sohasiga loqaydlik bilan qarash hollari mavjudligi, bu masala boʻyicha jamoatchilik fikri sust shakllanayotgani bilan bogʻliqdir.
Mamlakatimizda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, uning mohiyati va ahamiyatini, bu borada amalga oshirilayotgan katta ishlar va bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazish, targʻibot va tashviqot ishlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining Oʻzbekiston televideniyesining 4-“Xalqaro” telekanalini maxsus “Sport” telekanaliga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
“Sport” telekanalini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha “Oʻzteleradio” kompaniyasi taqdim etadigan hisob-kitoblar asosida 2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan tegishli mablagʻlarni ajratsin;
2004-yildan boshlab har yili “Sport” telekanalini va radio eshittirishlarni davlat budjetidan moliyalashtirishni “Oʻzteleradio” kompaniyasining yillik xarajatlari doirasida hisobga olsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi “Sport” telekanalini texnik jihatdan jihozlash bilan bogʻliq masalalarni Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi tizimini texnika bilan kompleks qayta jihozlash toʻgʻrisida” 1997-yil 25-avgustdagi 412-son qarorida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va “Oʻzteleradio” kompaniyasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi “Sport” telekanali faoliyatini tashkil etish, uning dasturini mamlakat hududiga efir orqali uzatish bilan bogʻliq meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. “Oʻzteleradio” kompaniyasiga:
“Sport” telekanali koʻrsatuvlarini 2004-yil 1-yanvardan boshlab kuniga 6 soat hajmda;
2004-yilning aprel oyidan boshlab kuniga 8 soat hajmda ishga tushirishga;
Oʻzbekiston radiosi sport eshittirishlarining efir vaqtini 2 soatga uzaytirishga;
ijodiy jamoalar, yuridik va jismoniy shaxslar bilan muayyan ishlarni bajarish uchun muddatli shartnomalar tuzish hamda kelishilgan baholarda toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Sport” telekanalining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat deb belgilansin:
aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, sport madaniyatini yuksaltirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish;
bolalar sportini rivojlantirishning asosiy maqsad va vazifalari, strategik yoʻnalishlari boʻyicha axborot va targʻibot ishlarini izchil ravishda olib borish;
Oʻzbekiston sport hayotini, milliy sport turlarini, xalq oʻyinlarini, mamlakatimiz vakillarining xalqaro sport maydonlaridagi ishtiroki va yutuqlarini muntazam yoritib borish;
xalqaro sport federatsiyalari va klublari, sport turlari va mashhur sportchilar toʻgʻrisida koʻrsatuvlar, teleradioocherklar, videoroliklar, kliplar tayyorlash va namoyish qilish;
xalqaro va xorijiy mamlakatlar sport matbuoti, teleradio kanallari bilan hamkorlikda Olimpiada oʻyinlari, Jahon va Osiyo birinchiliklari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalardan bevosita koʻrsatuv va reportajlar tayyorlash.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi, “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi hamda ommaviy axborot vositalariga mamlakatimizda ommaviy sportni, xususan, bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritish, mavzuga oid kitob, albom, plakat va bukletlarni muntazam va rejali asosda nashr etib borish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasiga Moliya vazirligi bilan birgalikda oʻz tasarrufidagi nashrlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ijodiy jamoalarga malakali sport jurnalistlarini jalb etish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish vazifasi yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmaci, Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamgʻarmasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi va “Oʻzteleradio” kompaniyasi ommaviy sport targʻiboti boʻyicha alohida faollik koʻrsatgan jurnalistlarni ragʻbatlantirish uchun quyidagi miqdorda yillik mukofotlar taʼsis etsin:
Keyingi tahrirga qarang.
1- mukofot — eng kam ish haqining 20 barobari;
Keyingi tahrirga qarang.
2- mukofot — eng kam ish haqining 15 barobari;
Keyingi tahrirga qarang.
3- mukofot — eng kam ish haqining 10 barobari.
Keyingi tahrirga qarang.
Mukofotlar toʻgʻrisidagi nizom bir oy muddat ichida ishlab chiqilsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlansin.
Mukofotlanganlar roʻyxatini 2004-yildan boshlab har yili 27-iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bayrami arafasida eʼlon qilish tavsiya etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ommaviy axborot vositalari uchun sport sohasiga ixtisoslashgan malakali jurnalistlar tayyorlash maqsadida Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpogʻiston Davlat universiteti va Jahon tillari universitetida istiqbolli yoʻnalishlarni hisobga olgan holda sport jurnalistikasi boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, sport jurnalistikasiga ixtisoslashgan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash vazifasi yuklansin.
2003/2004 oʻquv yilida respublika oliy taʼlim muassasalari magistraturasida “Sport jurnalistikasi” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashga kirishilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, “Oʻzbekkino” kompaniyasi, “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi, Badiiy akademiyaga insonning maʼnaviy va jismoniy kamolotida ommaviy sportning muhim ahamiyatini hayotiy misollar orqali aks ettiruvchi badiiy asarlar yaratish boʻyicha maʼrifiy, ijodiy ishlar rejalarini ishlab chiqib, amalga oshirish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A. Azizxoʻjayev va R. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 4-noyabr,
484-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 21-son, 205-modda; 2006-y., 11-son, 83-modda; 2017-y., 20-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 367-modda, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 13.08.2020-y., 09/20/481/1169-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)