Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tailand Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tailand Qirolligi Hukumati, quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb yuritiluvchi,
uzoq muddatga moʻljallangan ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish istagida,
ikki mamlakat manfaatlarini koʻzlab, samarali va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish zarurligini his etib,
ikki mamlakat oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, va
amaldagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash maqsadidan kelib chiqib va ikkala mamlakat oʻrtasidagi tenglik, oʻzaro manfaatdorlik va suverenitetni hurmat qilish prinsiplari asosida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunlar va tartibga muvofiq, ushbu Bitim doirasida ikki tomonlama munosabatlarni va hamkorlikni rivojlantirishga va koʻmaklashishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni koʻrishga butun kuchlarini sarf qiladilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakatning oʻzaro manfaatli sohalarda maslahatlar va hamkorlik qilishga koʻmaklashish maqsadida Qoʻshma Komissiya (bundan buyon “komissiya” deb yuritiluvchi) tashkil qiladilar.
3-modda
Komissiya:
3.1. 1-moddada belgilangan vazifalarni bajarish yoʻllari va usullarini, shuningdek zarur muvofiqlik va oʻz qarorlarini va/yoki tavsiyalarini bajarishni taʼmin etilishini koʻrib chiqadi;
3.2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi barcha bitim, kelishuvlarning va kontraktlarning boshqa shakllarining bajarilish jarayonini tahlil qiladi, shuningdek shunday Bitimlar, kelishuvlar va kontraktlarning bajarilishida vujudga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni oʻrganadi va hal etadi.
3.3. oʻz hukumatlari topshirigʻiga binoan Bitimlarni tayyorlaydi va tuzadi.
4-modda
Komissiya va uning tarkibi Ahdlashuvchi Tomonlar kelishilgan darajaga muvofiq kelishi kerak.
5-modda
Komissiya oʻzining qoidalari va tartibini aniqlaydi va qoʻyilgan maxsus vazifalarni bajarish uchun qoʻmitalar, kichik qoʻmitalar va ishchi guruhlari tuzishi mumkin.
6-modda
Komissiya yiliga bir marotaba yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga binoan navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Tailand Qirolligida yigʻilib turadi.
7-modda
Ikkala Ahdlashuvchi Tomonning qaroriga binoan kompaniya, iqtisodiy va moliyaviy guruhlar va korxonalarning vakillari komissiya ishida ishtirok etishlari mumkin. Komissiya bunday ishtirokning qoida va tartibini belgilaydi.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning har qaysisi yozma ravishda ushbu Bitimning hamma yoki bir qismini qayta koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin. Ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar kelishuviga erishilgan har qanday toʻldirish yoki oʻzgartirish ikkala Ahdlashuvchi Davlatlar tomonidan aniqlangan muddatdan boshlab kuchga kiradi.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
10-modda
Ushbu Bitim besh yil mobaynida kuchda qoladi, bu muddat oʻtgandan keyin avtomatik ravishda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqasini yozma tarzda diplomatik kanallar orqali Bitimning amal qilish muddati tugashidan olti oy oldin Bitimni bekor qilish istagini bildirmasa, Bitim oʻz kuchida qolaveradi.
11-modda
Ushbu Bitimning amalda toʻxtatilishi, shu Bitimga asoslanib tuzilgan boshqa har qanday kelishuvlar va/yoki kontraktlar tugamaguncha ularning amal muddatiga va davomiyligiga taʼsir qilmaydi.
Ushbuni tasdiqlash uchun, oʻz Hukumatlarining tegishli vakolatiga ega boʻlganlar mazkur Bitimni imzoladilar.
Bangkok shahrida, 1994-yil 16-fevralda, ikki nusxada, oʻzbek, tay va ingliz tillarida, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni sharhlashda kelishmovchilik kelib chiqqanda, ingliz tilidagi matn ustuvorlik qiladi.
(imzolar)