OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI DIREKTORINING
buyrugʻi
“Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilishda test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 21-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2477-1]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 10-maydagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3366, 10.05.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomning 41-bandiga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktorining 2013-yil 2-iyuldagi 01-237-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilishda test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2477, 2013-yil 12-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 28-son, 367-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2014-yil 14-avgust,
01-268-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktorining 2014-yil 14-avgustdagi 01-268-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilishda test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruq muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomning 41-bandiga asosan buyuraman:”.
2. Nizomda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga (bundan buyon matnda taʼlim muassasalari deb yuritiladi) tinglovchi va kursantlarni (bundan buyon matnda abituriyentlar deb yuritiladi) oʻqishga qabul qilishda test sinovlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.”;
b) 9-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20-iyunga qadar qabul komissiyasining eʼlonlar taxtasiga Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizom, mazkur Nizom hamda qabul jarayoniga oid maʼlumotlarni har kuni joylashtirib boradi va eʼlonlar taxtasining test sinovi natijasi eʼlon qilingunga qadar olinmasligini taʼminlaydi;”;
v) 15-bandning oltinchi xatboshisidagi “kirishga uringan” degan soʻzlar “kirgan” degan soʻz bilan almashtirilsin;
g) 22-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “kirishga harakat qilgan” degan soʻzlar “kirgan” degan soʻz bilan almashtirilsin;
d) 66-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Abituriyent tomonidan test sinovlariga mikrokalkulyatorlar, lugʻat, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, test sinovi paytida test materiallarini boshqa abituriyentga berilishi, savollar kitobi varaqlarini yaroqsiz holga keltirishi test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va abituriyent test sinovlaridan chetlashtiriladi.”.
e) 72-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Apellatsiya shikoyati koʻrilayotgan auditoriyaga abituriyent uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar (lugʻat, jadvallar bundan mustasno) olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirsa, apellatsiya jarayonida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa, abituriyentlarga yordam bersa yoki yordam olsa, auditoriyaga xalaqit bersa, savollar kitobi varagʻini yirtsa, abituriyent apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish tartibini buzgan hisoblanadi va apellatsiya komissiyasi aʼzolari tomonidan dalolatnoma tuzilib, apellatsiya jarayonidan chetlashtiriladi va uning eʼtirozi qayta koʻrib chiqilmaydi.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 13-avgust
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2014-yil 13-avgust
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
2014-yil 13-avgust
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Z. DUSANOV
2014-yil 13-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 34-son, 442-modda)