Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Budjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlaridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, shuningdek budjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlaridan maqsadli foydalanish mexanizmini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Budjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
tadbirkorlik subyektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni faqat ixtiyoriy va begʻaraz koʻrsatishlari mumkin;
tadbirkorlik subyektlarini xayriya faoliyatiga va ularning pul mablagʻlarini sarflash bilan bogʻliq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 12-avgust,
227-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 12-avgustdagi 227-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Budjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq budjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklida tushadigan mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlar deganda tadbirkorlik subyektlaridan budjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari va homiylik mablagʻlari shaklida tushadigan pul mablagʻlari va mol-mulk tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tadbirkorlik subyektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni qonunchilikka muvofiq ixtiyoriy va begʻaraz koʻrsatadilar.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tadbirkorlik subyektlarini xayriya faoliyatiga va ularning pul mablagʻlarini sarflash bilan bogʻliq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanadi.
4. Tadbirkorlik subyektlarining budjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari shaklida tushadigan pul mablagʻlari budjet tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida ochilgan tegishli budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi va foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Budjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga xayriya ehsoni shaklida beriladigan mol-mulk qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda kirim qilinadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlari budjet tashkilotlari tomonidan olinishi va ulardan foydalanish budjet tashkilotlari bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida xayriya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) (keyingi oʻrinlarda shartnomalar deb ataladi) muvofiq amalga oshiriladi.
II. Budjet tashkilotlari tomonidan xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlardan foydalanish
7. Tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklida budjet tashkilotlariga tushadigan pul mablagʻlari, agar shartnomalarda oʻzgacha hol qayd etilmagan boʻlsa. budjet tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan xayriya ehsoni shaklida budjet tashkilotlariga beriladigan mol-mulkdan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalaniladi.
8. Xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablagʻlari tegishli budjet tashkilotlarining rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetalariga muvofiq sarflanadi.
9. Shartnomalarda koʻrsatilgan maqsadlar uchun toʻliq foydalanish natijasida joriy moliyaviy yil mobaynida yoki uning oxirida budjet tashkilotining budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamida qolgan tejalgan xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablagʻlaridan faqat tegishli budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun foydalaniladi.
Xayriya ehsonlari shaklida tushgan tegishli budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamlaridagi yil mobaynida foydalanilmagan pul mablagʻlari qoldiqlari keyingi moliyaviy yilga oʻtadi va olib qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tegishli budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamlaridagi xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablagʻlaridan foydalanish, shu jumladan tovarlar sotib olish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalanish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
III. Hisob, hisobot va nazorat
Oldingi tahrirga qarang.
11. Budjet tashkilotlari tomonidan xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlardan foydalanishning budjet hisobini yuritish, shuningdek ushbu mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Budjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari shaklida yordam koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yoki uning hududiy boshqarmalariga xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlar budjet tashkilotlari tomonidan maqsadli sarflanishini tekshirish zarurligi toʻgʻrisidagi yozma soʻrovlarni yuborish orqali xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlardan foydalanishning istalgan bosqichida mablagʻlarning maqsadli sarflanishini tekshirish huquqiga ega.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlardan budjet tashkilotlari tomonidan maqsadli foydalanilishini, shuningdek ular tomonidan ushbu mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarda maʼlumotlar aks ettirilishining toʻgʻriligini muntazam nazorat qiladilar;
xayriya ehsonlari shaklida yordam koʻrsatgan tadbirkorlik subyektlarining yozma soʻrovlari boʻyicha xayriya ehsonlaridan foydalanishning istalgan bosqichida xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlar budjet tashkilotlari tomonidan maqsadli sarflanishini, ushbu tadbirkorlik subyektlariga tekshirishlar tugallangandan keyin oʻn ish kuni mobaynida oʻtkazilgan tekshirishlar natijalari toʻgʻrisida majburiy tartibda maʼlumot taqdim etgan holda, tekshiradilar.
IV. Javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
14. Budjet tashkilotlarining rahbarlari va bosh buxgalterlari qonunchilikka muvofiq:
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi;
buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi, shuningdek xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlar tuzilishi va taqdim etilishi;
xayriya ehsonlari shaklidagi mablagʻlar hisobiga tovarlarni sotib olishga (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatishga) tovarlar yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar (kontraktlar) tuzishni rasmiylashtirishning toʻgʻriligi va asoslanganligi uchun javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va budjet tashkilotlarining rahbarlari tadbirkorlik subyektlari xayriya faoliyatiga majbur etilganligi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 33-son, 419-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)