OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT IShLARI VAZIRINING
buyrugʻi
Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga qoʻyiladigan malaka talablariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 30-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2592-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2014-yil 26-maydagi 1-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2592, 2014-yil 3-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 23-son, 280-modda) bilan tasdiqlangan Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga qoʻyiladigan malaka talablariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir M. XODJIMATOV
Toshkent sh.,
2014-yil 24-iyul,
2-son
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2014-yil 24-iyuldagi 2-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga qoʻyiladigan malaka talablariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“trener — tegishli ruxsatnomaga ega, oʻquv-mashq mashgʻulotlari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlovchi hamda sport natijalariga erishish maqsadida musobaqa faoliyatiga rahbarlik qiluvchi jismoniy shaxs;”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Sport turi boʻyicha trener va trener-oʻqituvchi jismoniy tarbiya boʻyicha oliy yoki oʻrta maxsus maʼlumotiga, trener-instruktor esa, jismoniy-tarbiya va sport sohasi boʻyicha yetarli bilim va amaliy tajribaga ega boʻlishi lozim. Trener va trener-oʻqituvchilarning jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlishlari talab etilmaydigan sport turlari roʻyxatida (roʻyxat raqami 2559, 2014-yil 5-fevral) belgilangan sport turlari boʻyicha trener va trener-oʻqituvchilar bundan mustasno.
Trener Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-iyuldagi 214-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnomaga ega boʻlishi lozim.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2014-yil 22-iyul
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 22-iyul
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2014-yil 22-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 31-son, 389-modda)