Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Erkin savdo toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataladilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi oʻrtasida tenglik va oʻzaro manfaatdorlik asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga intilib,
har qaysi davlatning tashqi iqtisodiy faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshirishdagi suveren huquqidan kelib chiqib,
oʻzaro manfaatli va kooperatsiya aloqalari va hamkorlikni rivojlantirish asosida Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi iqtisodiy potensialini oshirishga koʻmaklashish maqsadida,
oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni erkin rivojlantirishga oʻzlarining sodiqliklarini tasdiqlab,
tovarlarni va xizmatlar koʻrsatishni erkin ayirboshlash oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlar amalga oshirishni talab qilishini eʼtirof etib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi tariflar va savdo boʻyicha Bosh Bitim (TSBB) hamda Jahon savdo tashkiloti (JST) prinsiplariga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga erkin savdo tartibini yaratadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bojxona hududidan kelib chiqqan va boshqa Ahdlashuvchi tomonning bojxona hududi uchun moʻljallangan tovarlar eksportiga va/yoki importiga nisbatan ekvivalent kuchga ega boʻlgan bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlarni, shuningdek miqdoriy cheklashlarni qoʻllamaydilar. Tovarlarning kelishilgan turlari boʻyicha mazkur savdo tartibidan chiqarishlar ushbu Bitimning uzviy qismi hisoblanadigan hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar erkin savdo tartibidan chiqarishlarning umumiy roʻyxatini, shuningdek bunday chiqarishlarni qoʻllanish usullarini har yili ishlab chiqadilar va kelishib oladilar.
3. Ushbu Bitim maqsadlari uchun va uning amalda boʻlish davrida Ahdlashuvchi Tomonlar hududidan kelib chiqqan tovarlar deganda 1993-yil 24-sentabrda tovarlar tegishli boʻlgan mamlakatlarni aniqlash Qoidalari bilan aniqlangan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Hukumat Boshliqlari Kengashining qarori bilan tasdiqlangan tovarlar tushuniladi.
2-modda
Xar qaysi Ahdlashuvchi Tomon:
boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitim taʼsiriga kiruvchi tovarlaridan shunga oʻxshash ichki ishlab chiqarish tovarlaridan yoki uchinchi mamlakatlardan kelib chiqqan ana shunday tovarlardan olinadigan tegishli soliqlar va yigʻimlardan ortiq miqdorda bevosita yoki bilvosita ichki soliqlar va yigʻimlar olishni;
ushbu Bitim taʼsiriga kiruvchi tovarlar importi yoki eksportiga nisbatan xuddi shunday vaziyatda shunga oʻxshash ichki ishlab chiqarish tovarlari yoki uchinchi mamlakatlardan kelib chiqqan tovarlarga nisbatan qoʻllanilmaydigan biron-bir maxsus cheklashlar yoki talablarni joriy etishni;
boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga tegishli tovarlarni toʻplash, yuklash, saqlash, tashishga, shuningdek toʻlovlarga va toʻlovni joʻnatishga nisbatan shunday hollarda oʻz tovarlariga yoki uchinchi mamlakatlardan kelib chiqqan tovarlarga nisbatan qoʻllanadigan qoidalarni qoʻllanishni amalga oshirmaydilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro savdoda boshqa Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan kamsituvchi chora-tadbirlar koʻrishdan, ushbu Bitim doirasida tovarlar eksporti va/yoki importiga miqdoriy cheklashlar yoki ularga ekvivalent boʻlgan chora-tadbirlar koʻrishdan tiyiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar bir tomonlama tartibda, lekin faqat oqilona doirada va qatʼiy muayyan muddatga miqdoriy yoki boshqa maxsus cheklashlar belgilashlari mumkin.
Mazkur cheklashlar mutlaq tusga ega boʻlishi kerak va faqat TSBB-JST doirasida bitimlarda nazarda tutilgan hollardagina qoʻllanishi mumkin.
Ushbu moddaga muvofiq cheklashni qoʻllanuvchi Ahdlashuvchi Tomon, imkoniyatga qarab, eslatib oʻtilgan cheklashlarni joriy etishning asosiy sabablari, shakllari va moʻljallanayotgan muddatlari toʻgʻrisida toʻliq axborotni boshqa Ahdlashuvchi Tomonga oʻz vaqtida taqdim etishi kerak, shundan keyin maslahatlashuvlar tayinlanadi.
4-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan istalganining tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida davlat tomonidan boshqarishning oʻz hayotiy manfaatlarini himoya qilish uchun oʻzi zarur deb hisoblaydigan yoki oʻzi qatnashchisi boʻlgan yoki qatnashchisi boʻlishni moʻljallayotgan xalqaro shartnomalarni bajarish uchun soʻzsiz zarur boʻlgan, xalqaro amaliyotda umumiy ravishda qabul qilingan chora-tadbirlarni, agar bu chora-tadbirlar quyidagilarga taalluqli boʻlsa, bir tomonlama tartibda koʻrish huquqiga toʻsqinlik qilmaydi:
odamlar hayoti va salomatligini, atrof muhitni muhofaza qilish, hayvonlar va oʻsimliklarni qoʻriqlash;
jamoat axloqi va jamoat tartibini himoyalash;
milliy xavfsizlikni taʼminlash;
qurol-yarogʻlar, oʻq-dorilar va harbiy texnika bilan savdo qilish;
parchalanuvchi materiallarni va radioaktiv moddalarni yetkazib berish, radioaktiv chiqindilarni foydalaniladigan qilish;
oltin, kumush yoki boshqa qimmatbaho metallar va toshlar bilan savdo qilish;
oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan tabiiy resurslarni saqlash;
toʻlov balansini buzish;
davlatning qoʻllab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish natijasida ichki narxlari jahon narxlaridan past boʻlgan mahsulotlarni eksport qilishni cheklash;
sanoat va intellektual mulkni muhofaza qilish;
milliy mulk boʻlgan boyliklarni qoʻriqlash;
harbiy harakatlar vaqtida yoki xalqaro munosabatlardagi boshqa favqulodda holatlarda qoʻllaniladigan chora-tadbirlar;
xalqaro tinchlikni va xavfsizlikni saqlash uchun BMT Ustavi asosida majburiyatlarni bajarishga doir xatti-harakatlar.
Bunday chora-tadbirlarni ushbu moddaga muvofiq qoʻllanadigan Ahdlashuvchi Tomon, imkoniyatga qarab, eslatib oʻtilgan cheklashlarni joriy etishning asosiy sabablari, shakllari va moʻljallanayotgan muddatlari toʻgʻrisida toʻliq axborotni boshqa Ahdlashuvchi Tomonga oʻz vaqtida taqdim etishi kerak, shundan keyin maslahatlashuvlar tayinlanadi.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar alohida banklararo bitim bilan kelishib olinadi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tashqi iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, soliq solish, bank va sugʻurta faoliyati hamda boshqa xizmatlar masalalari, transport va bojxona, shu jumladan, Ahdlashuvchi Tomonlarga taalluqli boʻlgan bojxona statistikasi masalalari boʻyicha ichki huquqiy tartibga solib borish toʻgʻrisida muntazam asosda axborotlar ayirboshlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunchilikdagi ushbu Bitimning bajarilishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini zudlik bilan xabardor qilib turadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakil qilingan organlari bunday axborotni ayirboshlash tartibini kelishib oladilar.
Ushbu moddaning qoidalari:
istalgan Ahdlashuvchi Tomonning toʻla huquqli organini qonunchilik boʻyicha yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining odatdagi maʼmuriy amaliyoti davomida olish mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etishga;
savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasb-kor boʻyicha biror-bir sirni oshkor qiluvchi axborotni taqdim etishga majbur qiluvchi sifatida talqin etilmaydi.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar nohalol ish amaliyotini ushbu Bitim maqsadlariga nomuvofiq deb eʼtirof etadilar hamda uning quyidagi usullariga yoʻl qoʻymaslik va ularni bartaraf qilish majburiyatini oladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududlarida raqobatga xalaqit berish yoki uning uchun shart-sharoitlarni buzish maqsadlarini koʻzlagan korxonalar oʻrtasidagi shartnomalar, korxonalar birlashmalari qabul qilgan qarorlar va ish amaliyotining umumiy usullari;
bir yoki bir necha korxonaning Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining butun hududida yoki uning anchagina qismida raqobatni cheklagan holda oʻzlarining ustunlik mavqeini oʻrnatishda foydalaniladigan xatti-harakatlari.
8-modda
Ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni tarif va notarif boʻyicha tartibga solishni amalga oshirishda statistika axborotini ayirboshlash, bojxona rasmiy marosimlarini oʻtkazish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga hamda Yevropa iqtisodiy hamjamiyatining kombinatsiyalashgan tarif-statistika nomenklaturasiga asoslangan Tashqi iqtisodiy siyosatning yagona toʻqqiz belgili Tovar nomenklaturasidan foydalanadilar. Bunda oʻz ehtiyojlari uchun Ahdlashuvchi Tomonlar zarurat boʻlganda Tovar nomenklaturasini toʻqqiz belgidan chiqqan holda rivojlantirishni amalga oshiradilar.
Tovar nomenklaturasining etalon nusxasini joriy etish oʻzaro kelishish asosida, tegishli xalqaro tashkilotlardagi mavjud vakolatxonalar orqali amalga oshiriladi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar shunga rozidirlarki, tranzit erkinligi prinsiplariga rioya etish ushbu Bitimning maqsadlariga erishishning eng muhim sharti hamda ularni xalqaro mehnat taqsimoti va kooperatsiyalash tizimiga kiritish jarayonining muhim elementi hisoblanadi.
Shu munosabat bilan har qaysi Ahdlashuvchi Tomon boshqa davlat Ahdlashuvchi Tomonning va/yoki uchinchi mamlakatlarning bojxona hududlaridan kelib chiqadigan hamda boshqa davlat Ahdlashuvchi Tomonning yoki istalgan uchinchi mamlakatning bojxona hududi uchun moʻljallangan tovarlarning oʻz davlati hududi orqali toʻsiqsiz tranzit qilinishini taʼminlaydi va eksportchilarga, importchilarga yoki tashuvchilarga tranzitni taʼminlash uchun barcha mavjud va zarur boʻlgan vositalar hamda xizmatlarni xuddi shu vositalar va xizmatlarni oʻz eksportchilariga, importchilariga yoki tashuvchilariga yoxud istalgan uchinchi davlatning eksportchilari, importchilari yoki tashuvchilariga berishdagidek yomon boʻlmagan shartlarda beradi.
Yuklarning Ahdlashayotgan Tomonlar davlatlarining hududi boʻylab oʻtish tartibi va shartlari tashuvlarning xalqaro qoidalariga muvofiq tartibga solib boriladi.
10-modda
Har qaysi Ahdlashuvchi Tomon tovarlarning sanksiyasiz qayta eksport qilinishiga yoʻl qoʻymaydi, ushbu tovarlar kelib chiqqan boshqa Ahdlashuvchi Tomon ularning eksport qilinishiga nisbatan davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini qoʻllanadi. Ahdlashuvchi Tomonlar sanksiyasiz qayta eksport qilish taqiqlanadigan tovarlar roʻyxatini belgilaydilar, shuningdek davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlari qoʻllanadigan tovarlar roʻyxatlarini ayirboshlaydilar.
Bunday tovarlarni uchinchi mamlakatlarga qayta eksport qilish faqat yozma rozilik bilan va mazkur tovarlar kelib chiqqan mamlakat hisoblanadigan davlatning vakil qilingan organi belgilaydigan shartlar boʻyicha amalga oshiriladi.
11-modda
Uchinchi mamlakatlarga nisbatan eksport nazoratining kelishilgan siyosatini oʻtkazish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar eksport nazoratining samarali tizimini yaratish uchun muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazib turadilar va oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlar koʻradilar.
12-modda
Ushbu Bitimdagi hech narsa istalgan Ahdlashuvchi Tomonning uchinchi mamlakatlar bilan munosabatlar oʻrnatishiga, mazkur Ahdlashuvchi Tomon (agar shu munosabatlar va majburiyatlar mazkur Bitim qoidalari va maqsadlariga zid boʻlmasa) qatnashchisi boʻlgan yoki qatnashchisi boʻladigan biror-bir boshqa xalqaro bitimga muvofiq oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga monelik qilmaydi.
13-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda yoki qoʻllanishda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida paydo boʻladigan kelishmovchiliklar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro savdoda mojaroli vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslikka intiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar belgilaydilarki, tijorat kontraktlari va bitishuvlarini talqin etish yoki bajarish natijasida ikkala davlatning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida paydo boʻladigan daʼvo va kelishmovchiliklar, agar ularni maslahatlashuvlar va muzokaralar asosida kelishuv yoʻli bilan hal etib boʻlmasa, va boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ular Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlarida yohud kontraktni imzolagan Tomonlar belgilagan uchinchi davlatlar hududida tuziladigan hakamlik sudlarining (doimiy yoki “abhoc”) mutlaq huquq doirasiga tegishli boʻladi.
Har qaysi Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida milliy qonunchilik va xalqaro huquq normalariga muvofiq hakamlik qarorlarini eʼtirof etish va bajarish boʻyicha samarali vositalar mavjud boʻlishini taʼminlaydi.
14-modda
Mazkur Bitim maqsadlarini amalga oshirish va ikkala mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni takomillashtirishga oid tavsiyanomalarni ishlab chiqish uchun Ahdlashayotgan Tomonlar qoʻshma Oʻzbekiston-Gruziya komissiyasi taʼsis etishga rozilik bildirdilar.
15-modda
Ahdlashayotgan Tomonlar shunga rozilik bildirdilarki, bir-birlarining davlatlari hududlarida Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻzlarining milliy qonunchiliklariga muvofiq savdo-iqtisodiy vakolatxonalari ochishlari mumkin.
16-modda
Zarur boʻlgan hollarda mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning roziligiga koʻra oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
17-modda
Ushbu Bitim uning bajarilishi uchun zarur boʻlgan barcha rasmiyatchiliklarni Ahdlashuvchi Tomonlar amalga oshirganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma bildirish ayirboshlangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amalda boʻlishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisidagi yozma bildirishni taqdim etgan sanadan boshlab oʻn ikki oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ushbu Bitimning amalda boʻlishi toʻxtatilgan taqdirda uning qoidalari ikkala Ahdlashuvchi Tomonning xoʻjalik faoliyati subyektlari oʻrtasida tuzilgan, biroq amalda boʻlgan davrda bajarilmagan kontraktlarga nisbatan ular toʻliq bajarilgunga qadar, biroq koʻpi bilan besh yil qoʻllaniladi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarda tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitim maqsadlarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1995-yil 4-sentabrda tuzilgan erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitimga erkin savdo rejimidan chiqarish haqida
PROTOKOL
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
Kuyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1995-yil 4-sentabrda tuzilgan erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitimning (keyingi oʻrinlarda “Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim” deb ataladi) 1-moddasida nazarda tutilgan chiqarishlar quyidagilarga taalluqlidir:
1. Oʻzbekiston Respublikasining eksport tarifi toʻgʻrisidagi qonunchilik, shuningdek tovarlar Oʻzbekiston Respublikasidan Gruziya Respublikasiga, Gruziya Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga eksport/import qilinayotganda bojxonada rasmiylashtirish paytida amalda boʻlgan tovarlar (ishlar/va xizmatlar) eksporti va importini litsenziyalash va kvotalash haqidagi qonunchilik taʼsiriga tushuvchi tovarlarga (ushbu Protokolni imzolash paytida eksport va importni notarifli tartibga solish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qarori (1, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9-ilovalar) bilan tasdiqlangan eksport tariflar va cheklashlar amal qiladi).
2. Gruziya Respublikasining eksport tarifi toʻgʻrisidagi qonunchiligi, shuningdek tovarlar Gruziya Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga, Oʻzbekiston Respublikasidan Gruziya Respublikasiga eksport/import qilinayotganda bojxonada rasmiylashtirish paytida amalda boʻlgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) eksporti va importini litsenziyalash va kvotalash haqidagi qonunchilik taʼsiriga tushuvchi tovarlarga (ushbu Protokolni imzolash paytida eksport va importni notarifli tartibga solish sohasida Gruziya Respublikasi Hukumatining 1995-yil 10-avgustdagi 475-son qarori bilan belgilangan eksport tariflar va cheklashlar amal qiladi).
Ahdlashuvchi Tomonlar yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalalar boʻyicha ichki qonunchilikdagi barcha oʻzgarishlar haqida bir-birlariga darhol maʼlum qiladilar.
2-modda
Mazkur Protokolning 1-moddasiga muvofiq eksportning tarifli va notarifli cheklashlari qoʻllaniladigan tovarlarga nisbatan Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga:
bojxona poshlinalari va yigʻimlariga, bunday poshlina va yigʻimlarni undirib olishga, tovarlar eksporti bilan bogʻliq boʻlgan ish tartibi va qoidalarga, ularni bojxonada rasmiylashtirish, tranzit, omborda joylashtirish va qayta yuklashga tegishli boʻlgan ish tartibi va qoidalar ham shu jumlaga kiradi;
eksport qilinayotgan tovarlar bilan toʻgʻridan toʻgʻriyoki bilvosita bogʻliq boʻlgan soliqlarga va har qanday turdagi boshqa ichki yigʻimlarga;
tovarlarni ichki bozorda sotish, xarid qilish, transportda tashish, taqsimlash va ulardan foydalanish qoidalariga;
litsenziyalar berishga tegishli boʻlganda eng koʻp qulaylik rejimi beradilar.
3-modda
Mazkur Protokolning 2-moddasi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri tomonidan:
bojxona ittifoqi yoki erkin savdo zonasi tashkil etish maqsadida yoxud bunday ittifoq yoki zona tashkil etilishi natijasida uchinchi mamlakatlarga;
xalqaro bitimlar asosida rivojlanayotgan mamlakatlarga;
chegaradagi savdoni yengillashtirish maqsadida qoʻshni mamlakatlarga beriladigan afzallik va imtiyozlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
4-modda
Ushbu Protokol erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
5-modda
Ushbu Protokol erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab kuchga kiradi va erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitimning 1-moddasida nazarda tutilgan yangi Protokol kuchga kirgunga qadar amal qiladi.
1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida, ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Protokolni talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)