Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
teng huquqlilik va oʻzaro hurmat prinsiplariga asoslanib,
temir yoʻl — transport tarmogʻining texnologik birligini saqlab qolishni maqsadga muvofiq deb hisoblab;
har ikkala davlat temir yoʻl transportini muvofiqlashtirish va ularning birgalikdagi faoliyati ahamiyatini tan olib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi temir yoʻl transportining funksional faoliyati, harakat qiluvchi sostavni, texnik vositalarni tayyorlash va saqlash, harakat xavfsizligini va mehnat sharoitlarini taʼminlash, tashish ishlarini, yuklarning saqlanishini tashkil etish temir yoʻl transportining uning xizmatlaridan foydalanuvchilar va transportning boshqa turlari bilan oʻzaro hamkorligi amaldagi normativlar boʻyicha amalga oshiriladi.
2-modda
Tomonlar muvofiqlashtirilgan tarif siyosatini amalga oshirishni zarur deb tan oldilar. Davlatlararo aloqada tariflar va hisob-kitoblar tartibi maxsus davlatlararo bitimlar bilan belgilanadi.
Xar ikkala davlatning temir yoʻl stansiyalari oʻrtasida yoʻlovchilar va yuklarni tashish mazkur Bitimni imzolash paytida amalda boʻlgan normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Yoʻlovchilar va yuklarni temir yoʻl transportida Oʻzbekiston Respublikasidan Gruziya Respublikasi hududi boʻyicha hamda Gruziya Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha olib oʻtishni, shuningdek qoʻshimcha ravishda tranzit yuk oqimlarini jalb etish maqsadida uchinchi mamlakatlardan uchinchi mamlakatlarga olib oʻtishni tashkil etishda Tomonlar oʻz xatti-harakatlarini oʻz davlatlarining qonunchiligini hisobga olgan, zarur hollarda tegishli bitimlarni rasmiylashtirgan holda tarif siyosatini ishlab chiqish chogʻida muvofiqlashtiradilar.
3-modda
Tomonlar temir yoʻl transporti sohasida oʻzlari qatnashchi hisoblangan davlatlararo va xalqaro bitimlarga hamda konvensiyalarga muvofiq xalqaro yuk va yoʻlovchilar tashishni amalga oshirishning temir yoʻl transportida amalda boʻlgan tartibiga rioya qilishga kelishdilar.
Bunday bitimlar roʻyxatini Tomonlar alohida Bitim bilan aniqlaydilar.
Tomonlarning har biri boshqa mamlakatlar bilan temir yoʻl transporti sohasida ushbu moddaning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan bitimlar bilan belgilangan tartibni oʻzgartiruvchi bitimlar tuzgan taqdirda bu haqda ikkinchi Tomonga maʼlum qiladilar.
4-modda
Tomonlar quyidagilarni taʼminlashni oʻz zimmalariga oladilar:
Tomonlarning temir yoʻllari oʻrtasidagi shakllangan texnologiya aloqalarini saqlab qolish;
harakat qiluvchi sostav, konteynyerlar, asbob-uskunalar va texnika sotib olish, tuzatish boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan oʻzaro kelishilgan majburiyatlarning bajarilishi;
temir yoʻl transporti boshqarmasining tegishli organlariga iqtisodiy baholash va oʻzaro manfaatlarni hisobga olishga doir muzokaralar oʻtkazish, tashish ishlari texnologik parametrlarini tayyorlash va tasdiqlash tartibini aniqlash boʻyicha huquqlar berish.
5-modda
Tomonlar temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, yoqilgʻi-energetika va boshqa moddiy resurslar oʻzaro yetkazib berilishini taʼminlashga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar tayyorlanayotgan qarorlar haqida bir-birlariga maʼlum qilgan holda temir yoʻl transporti xodimlariga nisbatan ijtimoiy siyosatni muvofiqlashtiradilar.
7-modda
Tomonlar temir yoʻl transportida yagona ilmiy-texnika siyosatini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar.
8-modda
Tomonlar muhandislar, texniklar, shuningdek ommaviy kasblar xodimlarini oʻqitish va ularning tayyorgarlik darajasiga nisbatan zarur talablarni ishlab chiqish sohasida hamkorlik qiladilar.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasining temir yoʻl transporti sohasida mutaxassislar tayyorlovchi oʻquv yurtlarini tamomlaganlik haqidagi malaka hujjatlarini oʻzaro tan olish tartibini ishlab chiqadilar.
9-modda
Mazkur Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Bitimning ajralmas qismi hisoblangan protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
10-modda
Ushbu Bitim temir yoʻl tarmogʻi Tomonlarning temir yoʻl tarmogʻi bilan texnologik aloqaga ega boʻlgan istalgan davlat yoki ushbu Bitimga qoʻshilgan uchinchi davlat hukumati tomonidan imzolash uchun ochiqdir.
11-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va tomonlardan biri Bitimning amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida ikkinchi tomonga yozma ravishda maʼlum qilgan kundan boshlab 90 kun oʻtguncha amal qiladi.
1995-yil 4-sentabrda Toshkent shahrida oʻzbek, gruzin va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)