Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataladi,
oʻzaro foydali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan har ikkala Tomonning manfaatdorligidan kelib chiqib ushbu Bitimni imzoladilar:
1-modda
Tomonlar sogʻliqni saqlash milliy tizimlarini yanada takomillashtirish manfaatlari yoʻlida hamkorlikni rivojlantirish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
2-modda
Tomonlar amaliy sogʻliqni saqlash va tibbiyot fanining quyidagi sohalarida oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirishga ahdlashdilar:
sogʻliqni saqlashni va kasalliklarning oldini olishni tashkil etish;
oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi favqulodda vaziyatlar va epidemiologik vaziyat boʻyicha shoshilinch axborotni ayirboshlash;
katta yoshdagilarga va bolalarga ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatish;
ilmiy va tibbiy kadrlar tayyorlash;
farmatsiya va tibbiyot texnikasi;
talabalarni oʻzaro ayirboshlash, vrachlar malakasini oshirish;
kontrakt asosida ishlovchi vrachlarni oʻzaro ayirboshlash.
3-modda
Tomonlar quyidagilar birgalikdagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari ekanligi toʻgʻrisida ahdlashdilar:
farmatsiya;
ortopediya;
urologiya;
oftalmologiya;
xalq tabobati;
otolaringologiya;
akupunktura;
rekonstruktiv-plastik jarrohlik;
transplantologiya;
nevrologiya va neyrojarrohlik;
OITS muammosi;
norkologiya va toksikologiya;
kurortologiya;
allergologiya va immunologiya;
onkologiya;
doyachilik, ginekologiya va reproduktologiya.
Ushbu roʻyxat cheklab qoʻyilmaydi va kengaytirilishi mumkin.
4-modda
Mazkur Bitimning 2 va 3-moddalari boʻyicha hamkorlik birgalikda ilmiy tadqiqotlar, maslahatlashuvlar oʻtkazish, mutaxassislar va tibbiy-texnik axborotlarni oʻzaro ayirboshlash, uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, simpoziumlar tashkil etish, monografiyalar va maqolalar eʼlon qilish, hamkorlikning mavzulari va vaqti aniqlanadigan boshqa turlari orqali amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlar ekstrimal vaziyatlarda oʻzaro shoshilinch davolash-maslahat berish va maxsus moddiy-texnika yordami koʻrsatishni taʼminlashga kelishdilar.
6-modda
Tomonlar oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek oʻzaro foydali shartlarda yoki tijorat asosida talabalar va oʻquvchilarni oʻzaro ayirboshlash boʻyicha birgalikda ish olib boradilar.
7-modda
Tomonlar talablarga muvofiq va tegishlicha haq toʻlangan holda oʻzlariga qarashli muassasalarda tibbiyot, pedagogika xodimlari va ilmiy xodimlarning malakasini oshirishni taʼminlash majburiyatini oladilar.
8-modda
Tomonlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni oʻrnatadilar, zarur sanitariya-epidemiologiya ishlari, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlaydilar.
9-modda
Tomonlar farmatsiya sohasida hamkorlik qilishga, dori-darmonlar va tibbiyot texnikasi ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etishga, farmakologik tadqiqotlar oʻtkazishga, oʻzlarining va birgalikda ishlab chiqarilgan preparatlar va tibbiyot buyumlarini roʻyxatga olishga va sotishga kelishdilar.
10-modda
Tomonlar tibbiy va ilmiy tadqiqotlar, tibbiy yordam, davolash turizmi va tibbiyot industriyasini rivojlantirish sohasida gruzin va oʻzbek ishbilarmon doiralarining qatnashchilariga va birgalikda ishlashlariga koʻmaklashishga kelishdilar.
11-modda
Tomonlar ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari bilan mustahkam aloqada davolovchi mineral suv resurslarini oʻrganish, qayta ishlash va foydalanish ishida hamkorlik qilishga kelishdilar.
12-modda
Tomonlar Bitimni amalga oshirish maqsadida har bir Tomondan 2 kishidan iborat muvofiqlashtiruvchi komissiya tashkil etadilar.
13-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning qarori bilan oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi hamda ular Bitimga qoʻshimcha sifatida rasmiylashtirilishi mumkin.
14-modda
Basharti Tomonlardan hech biri Bitimning amal qilish muddati tamom boʻlishigacha bir oy davomida Bitim matniga biror-bir oʻzgartirish kiritish zarurligi toʻgʻrisida ikkinchi Tomonga yozma ravishda maʼlum qilmasa, mazkur Bitimning amal qilish muddati keyingi har bir yilga uzaytiriladi.
15-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, oʻzbek, gruzin va rus tillarida ikki nusxada tuzildi va imzolandi. Barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)