Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataladi,
iqtisodiy, sanoat hamda fan-texnika sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni barqaror va uzoq muddatli asosda rivojlantirishning muhim va zarur jihati ekanligini anglab,
oʻz davlatlari ishlab chiqarishi va fan-texnika salohiyati oʻrtasida qaror topgan oʻzaro texnologiya aloqalarini hisobga olib,
Tomonlar davlatlari xoʻjalik faoliyati subyektlarining bozor munosabatlari bazasida umumiy iqtisodiy makonni vujudga keltirishda bevosita oʻzaro ishlab chiqarish aloqalarining hal qiluvchi ahamiyatini eʼtirof etib,
korxonalar va tarmoqlar oʻrtasidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro foydali tarzda rivojlantirish uchun qulay sharoitni taʼminlashga intilib,
ikkala mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy aloqada erishilgan darajasiga tayanib,
tariflar va savdo toʻgʻrisidagi bosh bitimning asosiy qoidalariga muvofiq ravishda koʻp tomonlama savdo tizimini mustahkamlashga va savdo sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashishga qatʼiyatni ifodalab,
muttasil iqtisodiy yuksalishni taʼminlash, oʻz fuqarolari turmush darajasini yaxshilash, ish bilan taʼminlashni kengaytirish, moddiy resurslardan va ishchi kuchidan samarali foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish maqsadlariga amal qilib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, tarmoqlar va tarmoqlararo majmualar oʻrtasidagi kooperatsiyani bevosita ishlab chiqarish aloqalari asosida amalga oshirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar xalqaro ixtisoslashishni va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, bu ishlarni roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitni taʼminlash, sanoat tarmoqlarida ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, qoʻshma loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida zarur chora-tadbirlar koʻradilar.
3-modda
Tomonlar:
kooperatsiya boʻyicha tovarlar yetkazib berish deganda xomashyo, materiallar, uzellar, detallar, ehtiyot qismlar, yarim tayyor, butlovchi mahsulotlarni hamda texnologiya jihatidan oʻzaro bogʻliq boʻlgan va tayyor mahsulotni birgalikda tayyorlash uchun zarur boʻlgan tarmoqda va tarmoqlararo foydalanishga moʻljallangan boshqa buyumlarni yetkazib berish tushuniladi,
xizmat koʻrsatish deganda loyiha, taʼmirlash ishlari, texnik xizmat koʻrsatish va texnologiya operatsiyalari tushuniladi,
bojxona tartibi doirasida qayta ishlash mahsulotlarini yetkazib berish deganda Tomonlar davlatlari boj qonunlarida belgilab qoʻyilgan shartlarga muvofiq tovarlar yetkazib berish tushuniladi, deb kelishib oldilar.
4-modda
Tomonlar tegishli tarmoq va tarmoqlararo bitimlar asosida xoʻjalik faoliyati subyektlari tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri tuziladigan shartnomalar (Bitimlar)ni ishlab chiqarish kooperatsiyasi va bevosita aloqalarning asosiy shakli deb biladilar.
5-modda
Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida tarmoq va tarmoqlararo Bitimlar tuzilishiga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar quyidagi tarmoqlarda ishlab chiqarish kooperatsiyasi boʻyicha Bitimlar tuzishni ustuvor yoʻnalish deb hisoblaydilar:
yonilgʻi energetika kompleksi;
metallurgiya, kimyo, neft-kimyo sanoati;
mashinasozlik sanoati:
transport;
tibbiyot va farmakologiya sanoati;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati;
yengil sanoat.
7-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi tarmoq va tarmoqlararo Bitimlarda kooperatsiya ishtirok etayotgan va mahsulot ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) boʻyicha ixtisosini saqlab qolayotgan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati shuningdek, kooperatsiya asosida mahsulot yetkazib berish (xizmat koʻrsatish) turlari va hajmlari aniqlanadi.
8-modda
Ushbu Bitimning 4-moddasida koʻzda tutilgan shartnomalar (Bitimlar) mahsulotlarni bojxonalarda rasmiylashtirish va davlatlarning boj chegaralari orqali oʻtkazish uchun asosdir.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan mahsulotlarni (xizmatlarni) deklaratsiyalash va hisobga olish tomonlarning bojxona organlari tomonidan ularning qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Qayta ishlab berish uchun beriladigan xomashyodan kooperatsiya asosida ishlab chiqarilgan mahsulotni yetkazib berish Tomonlar mamlakatlarida amal qilayotgan qayta ishlab berish uchun yuboriladigan xomashyo operatsiyalariga doir qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar yetkazib berilgan hudud tomoni organlarining oldindan bergan tegishli yozma roziligi boʻlmasa, uchinchi mamlakatga takroriy eksport qilinmaydi.
11-modda
Tomonlar ishlab chiqarish sohasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatlari milliy qonunlarining xoʻjalik faoliyati subyektlari korxonalar va tarmoqlar kooperatsiya aloqalarini tartibga solish qismi meʼyorlarini muvofiqlashtirish va bir-biriga yaqinlashtirish boʻyicha izchil ish olib borishga kelishdilar.
12-modda
Tomonlar zarur hollarda fan bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish va eksportga moʻljallangan tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishni shuningdek, chetdan keltiriladigan mahsulotlar oʻrnini bosadigan tovarlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantiruvchi kreditlar va sarmoyalar berish shartlarini kelishib oldilar.
13-modda
Tomonlar quyidagi muammolarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etib, bu muammolarni hal qilishni manfaatdor vazirliklar va idoralarga topshiradilar:
marketing, lizing tadqiqotlari oʻtkazish va koʻrgazmalar tashkil qilish, xizmatlarni bajarish;
mamlakatlar oʻrtasida mijozlarni qidirib topishda, shartnomalar (Bitimlar)ni tayyorlash, tuzish va bajarishda koʻmaklashadigan zamonaviy axborot aloqalarini rivojlantirish;
mutaxassislar tayyorlash boʻyicha qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish.
14-modda
Mazkur Bitim tomonlarning oʻzaro roziligiga muvofiq oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
15-modda
Mazkur Bitimni talqin etish yoki qoʻllanish bilan bogʻliq bahslar avvalo Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
16-modda
Ushbu Bitim tomonlarning har biri bu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tadbirlari bajarilgani toʻgʻrisida yozma xabarnoma olgan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bitim Tomonlardan biri ikkinchi Tomonning mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma olgan kundan boshlab olti oydan soʻng oʻz kuchini yoʻqotadi.
1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida, tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Talqin qilish maqsadlari uchun rus tilidagi matn afzalroq kuchga egadir.
(imzolar)