Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, quyida “Tomonlar” deb ataladilar,
ikkala mamlakat oʻrtasida avtomobilda yoʻlovchi va yuk tashishni hamda ularning hududlari orqali tranzit qatnovini oʻzaro hamjihatlik asosida rivojlantirishni istab, shuningdek bunday qatnovni yengillashtirish istagini bildirib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimga muvofiq ikkala mamlakat oʻrtasida va ularning hududlari orqali, xalqaro avtomobil qatnovi uchun ochiq boʻlgan yoʻllar orqali Oʻzbekiston Respublikasida yoki Gruziya Respublikasida roʻyxatga olingan avtotransport vositalarida yoʻlovchilarni, shu jumladan turistlar hamda yuklarni muntazam va nomuntazam ravishda tashish amalga oshiriladi.
Yoʻlovchilarni tashish
2-modda
1. Yoʻlovchilarni avtobuslarda muntazam tashish Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha tashkil qilinadi.
2. Bunday tashishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflar Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan barvaqt bir-birlariga yetkaziladi. Ana shu takliflarda yoʻlovchi yoki yuk tashuvchining nomi, borayotgan yoʻnalishi, harakat jadvali, tarifi, yoʻlovchi tashuvchi yoʻlovchilarni oladigan va tushiradigan joylarning nomi, shuningdek yoʻlovchi tashish moʻljallanayotgan davr va uning muntazamligi haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
3-modda
1. Ikkala mamlakat hududi orqali yoʻlovchilarni tranzit tashish ruxsatnomalarsiz amalga oshiriladi.
2. Ikkala mamlakat oʻrtasida yoʻlovchilarni nomuntazam tashish chogʻida, shuningdek nosoz avtotransport vositasini boshqasiga almashtirish chogʻida ruxsatnomalar talab qilinmaydi.
Yuklarni tashish
4-modda
1. Yuklarni uchinchi mamlakatlarga (MDH mamlakatlaridan tashqari) tranzit tashib oʻtish Tomonlar oʻrtasida kelishib olingan kvotalar doirasida Tomonlarning vakolatli organlari beradigan ruxsatnomalar asosida avtotransport vositalari yordamida amalga oshiriladi.
2. Ikkala mamlakat oʻrtasida yuklarni tashishga ruxsatnoma talab qilinmaydi.
5-modda
1. Ushbu Bitimning 4-moddasida koʻrsatilgan ruxsatnomalar quyidagi yuklarni tashishda talab etilmaydi:
a) yarmarka va koʻrgazmalarga moʻljallangan eksponatlar, uskunalar va materiallar;
b) sport tadbirlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan transport vositalari, hayvonlar, shuningdek turli anjomlar va mulklar;
v) kinoga olish, radioeshittirish va televizion koʻrsatuvlar uchun moʻljallangan teatr dekoratsiyalari va rekvizitlari, musiqa asboblari, uskunalar va anjomlar;
g) vafot etganlarning jasadlari va hoklari;
d) pochta;
e) shikastlangan avtotransport vositalari;
j) koʻchib ketish chogʻida koʻchirib boʻladigan mulk;
z) tabiiy ofatlar roʻy bergan hollarda yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan yuklar;
i) insoniylik yordami koʻrsatish uchun moʻljallangan yuklar.
Texnikaviy yordam avtomobillarining oʻtishi uchun ham ruxsatnoma talab qilinmaydi.
2. Ushbu moddaning 1-bandidagi “a”, “b”, “v” kichik bandlarida koʻzda tutilgan istisnolar, agarda yuk avtotransport vositasi roʻyxatga olingan mamlakatga qaytadigan, yoki yuk uchinchi mamlakat hududiga tashib oʻtiladigan boʻlsagina, amal qiladi.
6-modda
Yuk tashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlariga beradigan maxsus ruxsatnomalar asosida yuklarni boshqa Tomon davlati hududidan uchinchi mamlakat hududiga, shuningdek uchinchi mamlakat hududidan boshqa Tomon davlati hududiga tashib oʻtish huquqiga egadir.
7-modda
1. Xavfli yuklarni Tomonlardan birining avtotransportida boshqa Tomon davlati hududi boʻylab tashish ikkinchi Tomonning vakolatli organi beradigan maxsus ruxsatnomalar boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Yuk ortilgan yoki boʻsh transport vositasining vazni va gabariti ikkinchi Tomon davlatining milliy qonunlarida belgilangan doiralardan oshib ketgan taqdirda yuk tashuvchi mazkur Tomonning vakolatli organlaridan maxsus ruxsatnoma olishi lozim.
3. Bitim ushbu moddasining 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan ruxsatnomalarda yuk tashishning muayyan yoʻnalishlari belgilab qoʻyilgan boʻlsa, yuklar ana shu yoʻnalishlar boʻyicha tashiladi.
8-modda
Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan yuklarni tashish shakli hamma tomonidan qabul qilingan xalqaro nusxaga mos kelishi lozim boʻlgan (yuk xati) nakladnoylar boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
9-modda
Tomonlardan birining yoʻlovchi va yuk tashuvchilari ikkinchi Tomon davlatining hududi orqali yoʻlovchilar va yuklarni mazkur Bitim asosida tashiydilar. Ana shunday tashish ishlarini bajaruvchi avtotransport vositalari ruxsatnomalar mavjud boʻlgan taqdirda, kvotalarga muvofiq, yoʻllardan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bogʻliq soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinadi, pul toʻlanmaydigan muqobil yoʻl mavjud boʻlganda pulli yoʻllar va koʻpriklardan foydalanganlik uchun olinadigan yigʻimlar bundan mustasnodir.
10-modda
Xalqaro yoʻlovchi va yuk tashuvchi avtotransport vositalari oʻz mamlakatining roʻyxati va farqlovchi belgisiga ega boʻlishi kerak. Pritseplar va yarim pritseplar, agarda yuk avtomobillari yoki shatakchi avtomobillari Oʻzbekiston Respublikasining yoki Gruziya Respublikasining roʻyxati va farqlovchi belgilariga ega boʻlgan taqdirda boshqa mamlakatlarning roʻyxati va farqlash belgilariga ega boʻlishi mumkin.
11-modda
Yoʻlovchi va yuk tashuvchiga boshqa Tomon davlatining hududida joylashgan ikki manzil oʻrtasida yoʻlovchilar va yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi.
12-modda
Mazkur Bitim asosida yoʻlovchilar va yuklarni tashish fuqarolik masʼuliyati majburiy sugʻurta qilingan taqdirdagina amalga oshiriladi. Yoʻlovchi va yuk tashuvchi shunday tashish ishlarini bajaradigan har bir avtotransport vositasini barvaqt sugʻurtalab qoʻyishi shart.
13-modda
1. Ushbu Bitim qoidalari buzilgan hollarda avtotransport vositasi roʻyxatga olingan Tomonning vakolatli organlari hududida qoidabuzarlik sodir boʻlgan boshqa, Tomon vakolatli organlarining iltimosiga binoan, amaldagi qonunlardan qatʼi nazar quyidagi chora-tadbirlardan birini bajarishlari shart:
a) yoʻlovchi va yuk tashuvchini ogohlantirishlari;
b) yoʻlovchi va yuk tashuvchini ogohlantirish bilan birga qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda yoʻlovchi va yuk tashishga berilgan ruxsatnoma muayyan muddatga bekor qilinishi yoki ushbu moddaning “v” kichik bandiga muvofiq mutlaqo bekor qilinishini bayon etishlari;
v) mazkur Bitim asosida berilgan ruxsatnomani muayyan muddatga bekor qilishlari yoki mutlaqo bekor qilishlari zarur.
2. Tomonlarning vakolati organlari koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
14-modda
Chegara, bojxona va sanitariya nazoratiga nisbatan har ikkala Tomon qatnashchisi boʻlgan xalqaro Bitimlarning qoidalari qoʻllaniladi, ana shu bitimlar bilan tartibga solinmagan masalalarni hal etish chogʻida esa har bir Tomon davlatining ichki qonunlari qoʻllaniladi.
15-modda
Ogʻir bemorlarni tashish, yoʻlovchilarni avtobuslarda muntazam tashish, shuningdek hayvonlarni va tez buziladigan yuklarni tashish chogʻida chegara, bojxona va sanitariya nazorati navbatdan tashqari amalga oshiriladi.
16-modda
1. Ushbu Bitim asosida yoʻlovchi va yuklarni tashish chogʻida ikkinchi Tomon davlati hududiga olib kelinadigan quyidagi mahsulot va buyumlar bojxona yigʻimlaridan, boj haqi va ruxsatnomalardan oʻzaro ozod qilinadi:
a) avtotransport vositasining har bir modeli uchun koʻzda tutilgan, texnologiya va konstruksiya jihatidan motorning taʼminot tizimi bilan bogʻliq boʻlgan idishlardagi mavjud yonilgʻi.
Bu qoida mashinalarni tayyorlagan zavod tomonidan faqat avtomobillarga va shatakchi avtomobillarga oʻrnatilgan idishlardagi yonilgʻiga, shuningdek pritseplar va yarim pritseplarda oʻrnatilgan hamda refrijeratorlarning muzlatgich qurilmalari ishlashi uchun moʻljallangan idishlardagi yonilgʻigagina taalluqlidir;
b) tashish vaqtida isteʼmol qilish uchun zarur boʻlgan miqdordagi moylash materiallari;
v) xalqaro tashish ishlarini bajaruvchi avtotransport vositasini tuzatish uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
2. Foydalanilmagan ehtiyot qismlar qaytarib olib ketilishi, almashtirilgan ehtiyot qismlar esa mamlakatdan olib ketilishi yoxud tegishli Tomon davlati hududida belgilangan tartibda topshirilishi lozim.
17-modda
1. Avtobus yoki yuk avtomobilining haydovchisi milliy yoki xalqaro nusxadagi haydovchilik huquqini beradigan guvohnomalarga, u boshqarayotgan avtotransport vositasiga muvofiq boʻlgan toifalarga hamda avtotransport vositalarining milliy roʻyxatga olish hujjatlariga ega boʻlishi zarur.
2. Milliy yoki xalqaro nusxadagi haydovchilik huquqini beradigan guvohnomalar yoʻl harakati toʻgʻrisidagi xalqaro Konvensiyada belgilangan nusxaga mos kelishi kerak.
3. Mazkur Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar qaysi avtotransport vositasiga taalluqli boʻlsa oʻshanda turishi hamda nazorat qiluvchi vakolatli organlarning talabiga binoan taqdim etilishi lozim.
18-modda
Ushbu Bitim doirasida amalga oshiriladigan toʻlovlar Tomonlar oʻrtasida toʻlov kuni amalda boʻlgan toʻlovlar toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq bajariladi.
19-modda
Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan transport vositalarining yuk tashuvchisi va ekipajlari avtotransport vositasi qaysi mamlakat hududida boʻlsa oʻsha mamlakatning yoʻl harakati qoidalariga va qonunlariga rioya etishlari shart.
20-modda
Ushbu Bitim bilan hamda ikkala Tomon qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalar har bir Tomon davlatining ichki qonunlariga muvofiq hal etiladi.
21-modda
Tomonlar mazkur Bitimni talqin etish va qoʻllanish munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha masalalarni muzokaralar olib borish va maslahatlashuvlar yoʻli bilan, shuningdek ikkala Tomon vakillaridan iborat aralash komissiyani tuzish yoʻli bilan hal qiladilar.
22-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning ular tuzgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
23-modda
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan qonuniy tadbirlar har bir mamlakatda bajarilgani toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini diplomatik yoʻllar orqali xabardor qilgan kundan boshlab 30 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
2. Mazkur bitim cheklanmagan muddatga tuzilgan boʻlib, Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish istagini diplomatik yoʻllar orqali ikkinchi Tomonga xabar qilgan kundan boshlab to 90 kun oʻtgunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida, ikki asl nusxada tuzildi, matnlarning hammasi bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin etish maqsadlari uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)