Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, kuyida Ahdlashuvchi “Tomonlar” deb ataladilar,
ikkala davlatning oʻzaro manfaati yoʻlida oʻrtadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga koʻmaklashish istagida,
bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi investitsiyalari uchun foydali shart-sharoitlar yaratish va ularni saqlab qolish maqsadida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish zarurligini eʼtirof etib,
investitsiyalarning barqaror negizi iqtisodiy resurslardan imkon qadar samarali foydalanish va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishni taʼminlashiga rozilik bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
Ushbu Bitimning maqsadi yoʻlida:
1. “investor” atamasi:
I) Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlarini;
II) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining yuridik shaxslarini;
III) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xalqaro tashkilotlarini;
IV) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari fuqarolarining birlashmalari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarini;
V) Ahdlashuvchi Tomonlarning doimiy ravishda xorijda istiqomat qiluvchi fuqarolarini anglatadi va oʻz ichiga oladi.
2. “Investitsiyalar” atamasi har qanday turdagi mulkiy boyliklarni va ularga boʻlgan huquqlarni, shuningdek, mualliflik huquqi, patentlar, foydali modellar, sanoat namunalari va modellari, tovar belgilari, firma nomlari, ishlab chiqarish va tijorat sirlari, texnologiyalar, “gud vil” va “nou-xau” kabi intellektual, savdo va sanoat mulklariga boʻlgan huquqlarni ham anglatadi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining hududlarida investitsiyalar:
I) investorlarga toʻliq qarashli boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalar tashkil etish yoki ularda paychilik asosida ishtirok etish;
II) mol-mulk, aksiyalar va boshqa qiymatli qogʻozlar sotib olish;
III) mulkiy huquqlarni, shuningdek, yerga va tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqlarini qoʻlga kiritish (erdan ijara asosida foydalanish huquqi ham shunga kiradi);
IV) investitsiya amalga oshirilayotgan joydagi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida amalda boʻlgan qonun hujjatlariga zid kelmaydigan investitsiyalarni amalga oshirish borasidagi boshqa faoliyat yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Dastlabki yoki takroriy tarzda boyliklar sarflash shaklining biror-bir tarzda oʻzgarishi ularning investitsiya sifatidagi mohiyatining oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.
4. “Yuridik shaxslar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonun hujjatlariga binoan yuridik shaxs maqomini olib, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida investitsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarni anglatadi.
5. “Fuqarolar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonun hujjatlariga binoan fuqarolikka va huquq qobiliyatiga ega hamda doimiy ravishda mazkur davlat hududida yoki xorijda istiqomat qilib, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida investitsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarni anglatadi.
6. “Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida doimiy ravishda istiqomat qilib, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun shu Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq roʻyxatga olingan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida investitsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarni anglatadi.
7. “Daromadlar” atamasi ushbu moddaning 2, 3-bandlarida foyda, foizlar, dividendlar, royaltlar, litsenziya va komission haqlar, texnikaviy yordam, texnika xizmati uchun toʻlovlar va taqdirlashning boshqa shakllarida belgilangan investitsiyalar natijasida olingan summalarni anglatadi, biroq atamaning mazmuni shu bilangina chegaralanib qolmaydi.
8. “Hudud” atamasi tegishincha Ahdlashuvchi Tomon davlati oʻzining suveren huquqlari va xalqaro huquqqa muvofiq yurisdiksiyasini amalga oshiradigan Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududini anglatadi.
2-modda
Bitimning tatbiq etilishi
Bitimning tatbiq etilishi
Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida shu davlatning qonun hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga nisbatan tatbiq etiladi, bunda investitsiyalar ushbu Bitim kuchga kirishidan oldin yoki keyin amalga oshirilganining ahamiyati yoʻq.
3-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz davlatining qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari oʻz davlati hududiga kiritilishiga yoʻl qoʻyadi va ularni ragʻbatlantiradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz davlatining qonun hujjatlari doirasida oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalarini himoya qilish orqali oʻzaro manfaatli investitsiyalarning turli shakllarini qoʻllab-quvvatlaydi va iqtisodiy hamkorlikni taʼminlaydi.
3. Tomonlar Ahdlashuvchi davlatlarning hududida va istalgan uchinchi davlatning hududida bevosita investitsiyalarni amalga oshirayotganlarida va koʻp tomonli iqtisodiy loyihalarni roʻyobga chiqarayotganlarida Ahdlashuvchi Tomon investitsiyalari mavjud boʻlgan korxonalarga yordam koʻrsatish zarurligiga asoslanadilar.
4. Basharti. Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitim doirasida oʻz davlati hududiga investitsiyalar kiritilishiga yoʻl bergan boʻlsa, bu Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga bunday investitsiyalar bilan bogʻliq zarur ruxsatnomalar beradi.
4-modda
Milliy rejim va eng maqbul rejim
Milliy rejim va eng maqbul rejim
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz davlatining hududida va uning qonun hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari toʻliq va muqarrar huquqiy himoya qilinishiga kafolot beradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari va daromadlariga oʻz investorlari va/yoki har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlariga yaratib berilgan rejimdan nomaqbul boʻlmagan adolatli va teng huquqli rejim yaratib beradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari amalga oshirayotgan investitsiyalarga nisbatan oʻz milliy qonun hujjatlari va ushbu Bitimdan kelib chiqadigan har qanday majburiyatga rioya etadi.
4. Ushbu Bitimning eng maqbul sharoit yaratib berish prinsipiga doir qoidalari, bir Ahdlashuvchi Tomon:
I) oʻzi qatnashchisi boʻlgan yoki qatnashchisi boʻlishi mumkin boʻlgan mavjud yoki ehtimol tutilgan boj, valyuta va toʻlov ittifoqlarida, erkin savdo va yagona tarif tegralarida, umumiy bozor yoki har qanday shakldagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi bitimlarda;
II) ikki tomonlama soliq solishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi bitimlar yoki soliq solish masalalariga doir boshqa xalqaro bitimlarda nazarda tutilgan preferensiya imtiyozli rejimi yoki imtiyozlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga yaratib berishi shart deb talqin etilmasligi lozim.
5-modda
Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarni tatbiq etish
Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarni tatbiq etish
Basharti, bir Ahdlashuvchi Tomon davlati qonun hujjatlarining qoidalarida yoki xalqaro huquqda hozir mavjud boʻlgan yoxud kelgusida xalqaro huquq bilan bogʻliq holda ushbu Bitimga qoʻshimcha sifatida kiritiladigan majburiyatlarning qoidalarida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalariga ushbu Bitimda nazarda tutilganiga qaraganda umumiy yoki maxsus nusxadagi maqbulroq rejim nazarda tutilsa, bu qoidalarning barchasi ushbu Bitim qoidalariga nisbatan ustuvorlikka ega boʻladi.
6-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining investorlari investitsiyalarni amalga oshirgan davlat hududidagi boshqa Ahdlashuvchi Tomon ana shu investorlar tegishli soliqlar va yigʻimlarni toʻlab boʻlganlaridan keyin ularning shu investitsiyalari bilan bogʻliq toʻlovlarni, xususan:
I) ushbu Bitim 1-moddasining 7-bandida belgilanganidek foizlar, dividendlar, foyda va boshqa joriy daromadlarni;
II) har ikkala Ahdlashuvchi Tomon investitsiya sifatida eʼtirof etgan qarzlarni qoplashga sarflanadigan summalarni;
III) investitsiyalarni boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga sarflanadigan summalarni;
IV) ushbu Bitim 1-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan kelib chiqadigan litsenziya tushumlari va boshqa toʻlovlarni;
V) kapital summalari va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirilayotgan investitsiyalarni saqlash yoki rivojlantirish, shuningdek, ularning menejmenti uchun zarur qoʻshimcha summalarni;
VI) investitsiyalarni oʻzgalashtirishdan, qisman yoki toʻla tugatishdan, shu jumladan, kapitalning oʻsishidan keladigan tushumlarni;
VII) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarolarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirayotgan investitsiyalari bilan bogʻliq holda oladigan ish haqini;
VIII) ushbu Bitimning moddalariga muvofiq lozim boʻlgan kompensatsiyalar va ushbu Bitim doirasidagi investitsiyaga doir har qanday nizolar bilan bogʻliq boshqa toʻlovlarni moneliksiz oʻtkazishni taʼminlaydi. Biroq, bu roʻyxat shu bilangina chegaralanib qolmaydi.
2. Toʻlovlarni oʻtkazish investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada yoki toʻlov oʻtkazilayotgan kun qoʻllanilayotgan kurs boʻyicha erkin almashtiriladigan valyutada ortiqcha kechikishlarsiz va hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Ushbu modda 1, 2-bandlarining qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining qonun hujjatlarini qoʻllash asosida adolatli ravishda, kamsitmagan holda:
I) bankrotlik, toʻlov qobiliyatini yoʻqotganlik yoki kreditorlarning huquqlarini himoya qilishga;
II) qiymatli qogʻozlar emissiyasi, savdosi yoki operatsiyalariga;
III) jinoiy yoki maʼmuriy jinoyatlarga;
IV) tartibotga yoki sud qarorlariga nomuvofiqlik yuzaga kelgan hollarga daxldor toʻlovlarni oʻtkazishni man etib qoʻyishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirish natijasida investitsiya amalga oshirilgan joydagi manbalardan olgan, ushbu moddada uqtirib oʻtilgan har qanday valyutadagi daromadlari va boshqa summalari investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning qonun hujjatlariga muvofiq reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
5. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining valyutasini va boshqa davlatlarning valyutasini, toʻlov hujjatlarini, qiymatli qogʻozlarni bir davlatdan boshqa davlatga olib kirish va olib chiqish investitsiyalar amalga oshirilgan hududdagi Ahdlashuvchi Tomon davlatining valyutani tartibga solishga doir qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
7-modda
Yoʻqotishlar uchun ekspropriatsiya va kompensatsiya toʻlash
Yoʻqotishlar uchun ekspropriatsiya va kompensatsiya toʻlash
1. Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga qarashli investitsiyalarga nisbatan bevosita yoki bilvosita tortib olish, milliylashtirish yoki shu kabi boshqa yoxud shunga oʻxshash oqibatlarga olib keladigan xatti-harakatlar sodir qilmaydilar. Basharti, bunday xatti-harakatlar:
I) jamiyat manfaatlarini koʻzlab, qonun tartibida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan bogʻliq boʻlmasa;
II) kamsitish tusidagi yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon xatti-harakatlariga javob tariqasidagi chora-tadbirlar bilan bogʻliq boʻlmasa.
2. Ushbu moddaning 1-bandi I, II-kichik bandlarida nazarda tutilgan vaziyatlar tufayli investitsiyalarni tortib olib qoʻygan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga koʻrgan ziyoni uchun adolatli va nafli tovon toʻlanishini taʼminlaydi. Bunday tovon (qaysi biri avval sodir boʻlishiga qarab) investitsiyalar tortib olinishiga yoki tortib olinishi toʻgʻrisidagi qaror barchaga ayon boʻlgan vaqtga qadar mavjud boʻlgan ahvolga qarab belgilanadigan tortib olingan investitsiyalarning bozor qiymatiga muvofiq boʻlib, tortib olingan kundan eʼtiboran “Libor” stavkasi boʻyicha tortib olingan investitsiyalar qiymatining foizlarini oʻz ichiga oladi va u erkin oʻtkazilishi lozim. Tovon summasi investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada yoki erkin almashtiriladigan valyutada belgilanishi va investorning qayerda turganligi yoki istiqomat qilayotganligidan qatʼi nazar, ortiqcha kechikishlarsiz toʻlanishi kerak. Toʻlov uni oʻtkazish bilan bogʻliq rasmiyatchilik xatti-harakatlari bajarilishi uchun talab qilinadigan normal vaqt davomida amalga oshirilsa. “ortiqcha kechikishlarsiz” oʻtkazilgan hisoblanadi. Toʻlov oʻtkaziladigan davr hisobi ariza taqdim etilgan kundak boshlab 3 oydan oshmasligi kerak.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida yuz bergan urushlar yoki boshqa qurolli ziddiyatlar, inqiloblar, favqulodda holatlar, toʻntarishlar, fuqarolarning gʻalayonlari yoki boshqa shunga oʻxshash voqealar tufayli boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investitsiyalari ziyon koʻrgan investorlariga ushbu Bitim 4-moddasining 1, 2, 3-bandlariga muvofiq shartlarda kompensatsiyalar, restitutsiyalar, tovonlar yoki boshqa qiymatli haqlar toʻlanadi.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ana shu Tomonning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarining investitsiyalar amalga. oshirilgan joydagi davlat qonun hujjatlariga zid keluvchi xatti-harakatlari natijasida, shuningdek bunday organlar yoki mansabdor shaxslarning birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga yoki investitsiyalar kiritilgan korxonalarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni lozim darajada bajarmasligi oqibatida oʻzlari koʻrgan zararni undirish huquqiga egadirlar.
8-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki ular vakolat bergan institutlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida oʻz investorlari amalga oshirgan notijorat tavakkalchilik uchun moliyaviy kafolot berib, shu kafolot uchun toʻlov amalga oshirgan boʻlsalar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon subrogatsiya prinsipi asosida bu investorlarning huquqlari, shu jumladan, talab qilish huquqlari investorlarning shu tariqa sugʻurta qilgan investitsiyalari bilan bogʻliq majburiyatlariga nisbatan izohotlar bergan holda toʻla hajmda birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki u vakolat bergan institutlarga oʻtishini eʼtirof etadilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida belgilangan subrogatsiya amalga oshirilgan taqdirda, basharti, Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolat bergan instituti investorni vakil qilmagan boʻlsa. u talab bilan chiqmaydi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investori bilan kelib chiqqan nizoning tarafi hisoblangan boshqa Ahdlashuvchi Tomon nizo hal etilishining butun jarayoni davomida yoki nizo boʻyicha chiqarilgan qarorning bajarilishi davomida. himoya sifatida oʻz immunitetini vaj qilmasligi yoki birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoxud u vakolat bergan institutlar kafolot berishini nazarda tutmaydigan sugʻurta kontraktlari boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlib, koʻrilgan zarar yoki yoʻqotishning toʻla hajmini yoki muayyan qismini qoplaydigan tovonlarni investor olishini vaj qilmasligi kerak.
9-modda
Maslahatlashuv
Maslahatlashuv
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitimni talqin etish yoki tatbiq etish bilan bogʻliq har qanday masala yuzasidan maslahat oʻtkazishni taklif qilishi mumkin. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon taklifga hayrixohlik bilan yondashib, maslahatlashuvlar uchun tegishli imkoniyat yaratadi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarning hal etilishi
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarning hal etilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitim qoidalarini talqin etish va tatbiq qilish bilan bogʻliq holda kelib chiqadigan nizolar diplomatiya yoʻli bilan hal etiladi.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar nizo kelib chiqqan kundan eʼtiboran olti oy ichida murosaga kelolmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan nizo uch aʼzodan iborat tarkibdagi hakamlik Sudiga oshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri bittadan hakam tayinlaydi, tayinlangan hakamlar esa Rais saylaydilar. Rais har ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlari bilan diplomatiya munosabatlari bogʻlab turgan uchinchi davlatning fuqarosi boʻlishi kerak.
3. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻz hakamini tayinlamasa va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ikki oy ichida hakam tayinlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozi boʻlmasa, bunday taklif kiritgan Ahdlashuvchi Tomon hakam tayinlash iltimosi bilan Xalqaro Sud Prezidentiga murojaat qilishi mumkin.
4. Basharti, ikkala hakam ham oʻzlari tayin etilganlaridan keyin ikki oy ichida Rais saylash masalasida murosaga kela olmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri bunday tayinlashni amalga oshirish iltimosi bilan Xalqaro Sud Prezidentiga murojaat qilishi mumkin.
5. Basharti, ushbu moddaning 3, 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda Xalqaro Sud Prezidenti uqtirib oʻtilgan vazifani bajara olmasa yoki uning oʻzi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining fuqarosi boʻlsa, bunday tayinlash Prezident oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi. Agar Prezident oʻrinbosari tegishli vazifani bajara olmasa yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining fuqarosi boʻlsa, tayinlash martabasiga qarab Xalqaro Sud aʼzolarining navbatdagisi tomonidan amalga oshiriladi, u Ahdlashuvchi Tomon davlatlaridan hech qaysi birining fuqarosi boʻlmaydi.
6. Sud qonunga hurmat asosida qaror qabul qiladi. Sud qaror qabul qilishdan oldin ishning har qanday bosqichida Ahdlashuvchi Tomonlarga nizoni doʻstona yoʻl bilan hal etishni taklif qiladi. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar bunga. koʻnsalar, yuqoridagi qoidalar nizoning hal etilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
7. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi boshqa shartlashuvlarni buzmagan holda sud oʻzining tartib-qoidalarini belgilaydi. Sud koʻpchilik ovoz bilan qaror chiqaradi.
8. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻzi koʻrsatgan Sud aʼzosiga ketgan xarajatlarni, shuningdek, hakamlik jarayonida ketgan xarajatlarning oʻziga tegishli qismini oʻzi koʻtaradi. Hakamlik sudi Raisini mablagʻ bilan taʼminlash va boshqa maqsadlarga sarflangan xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida teng baravar qoplanadi. Biroq, sud oʻzining hal qiluv qarorida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri xarajatlarning koʻproq qismini koʻtarishi lozim deb belgilashi mumkin. Bunday qaror Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri uchun majburiydir.
9. Sudning qarori uzil-kesil boʻlib, Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri uchun ham majburiydir.
11-modda
Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu (Bitim) orqali Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investori oʻrtasida mazkur investor birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalar yuzasidan kelib chiqadigan har qanday qonuniy nizo Investitsiyalarga doir nizolarni hal qilish boʻyicha xalqaro markazning muhokamasiga topshirish taklifiga rozilik beradi. Xalqaro markazda nizo kelishtirish yoki 1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolash uchun ochilgan “Davlatlar bilan boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsiyalarga doir nizolarni hal etish boʻyicha Konvensiyaga muvofiq sud yoʻli bilan hal etiladi. Nizo kelib chiqqunga qadar bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorining nazoratida boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investori Konvensiyaning 25 (2-b) moddasiga muvofiq Konvensiya maqsadlarining ijrosi yoʻlida birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari ega boʻlgan huquqlarga ega boʻladi.
12-modda
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma roziligiga binoan ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Bitimning kuchga kirishi, amal qilish muddati va toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi, amal qilish muddati va toʻxtatilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning kuchga kirishi masalasi xususida Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining milliy qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqiy tartiblarning bajarilishi toʻgʻrisida notalar almashadilar.
Soʻnggi nota olingan kun ushbu Bitim kuchga kirgan sana hisoblanadi.
2. Ushbu Bitim oʻn yil davomida amal qiladi. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysi biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tugashiga oʻn ikki oy qolguniga qadar ushbu Bitimni amaldan toʻxtatish niyati haqida xabardor qilmasa, Bitim navbatdagi besh yillik davrga oʻz oʻzidan uzayaveradi.
3. Ushbu Bitim denonsatsiya qilingan taqdirda, uning 1—11-moddalari qoidalari ushbu Bitim amaldan toʻxtatilgan paytga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan keyingi oʻn yillik davr ichida oʻz kuchida qoladi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitimni talqin qilish maqsadlari uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)