Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimining
Qarori
Muzrabot tumanining 2014-yilgi mahalliy budjeti parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori va Surxondaryo viloyat hokimining ushbu mazmunda 2013-yil 31-dekabrdagi 246-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 99-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi va Surxondaryo viloyat hokimining ushbu mazmundagi 2013-yil 31-dekabrdagi 246-son qarorlari maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Muzrabot tuman mahalliy budjetining 2014-yilgi parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetining daromadlari, xarajatlari hamda davlat budjetidan mahalliy budjetga ajratiladigan maqsadli subvensiyalarning cheklangan miqdori 2-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlari tushumlaridan ajratmalar normativlari 3-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjeti aylanma kassa mablagʻining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 4-ilovaga* muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 5-ilovaga* muvofiq;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 6-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman hokimligi moliya boʻlimi (A. Xudoynazarov)ga:
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni ularning manbalari kesimida toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan toʻliq va sifatli monitoring amalga oshirish;
tuman mahalliy budjetining ijro etilishi jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlashda faol ishtirok etish;
tuman mahalliy budjetining mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirish;
mahalliy budjet ijrosining budjet hisobini yuritish va tuman hokimligiga har chorak yakuni bilan budjet ijrosi boʻyicha hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etish;
mahalliy budjetlar ijrosi jarayonida hududlardan tushadigan barcha soliq va toʻlovlarning toʻliq tushishini taʼminlash maqsadida tumanga beriladigan maqsadli subvensiya va ssudalar (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa tafovutlarini qoplash uchun) hajmiga oʻzaro hisob-kitoblar orqali aniqlik kiritib borish topshirilsin.
4. Tuman hududidagi barcha budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar:
muddati oʻtgan debitorlik va kreditorlik qarzlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tegishli hujjatlarni sudlarga, gʻaznachilik boʻlinmalariga oʻz vaqtida taqdim etsin;
shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini oʻz vaqtida, toʻliq taʼminlasin.
5. Tuman mahalliy budjetining xarajatlariga va xarajatlari yoyilmasiga oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksida belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Q. Karimov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. XOʻJAMQULOV
Muzrabot t.,
2014-yil 27-yanvar,
73-son